TO'QQIZINCHI JUZ’
*************************
88. Uning (Shuaybning) qavmidan kibrga berilgan zodagonlari aytishdi: "Ey, Shuayb! Qasamki, seni va sen bilan birga imon keltirganlarni shahrimizdan chiqarib yuboramiz yoki dinimizga qaytasizlar!" U dedi: "Diningizni yoqtirmasak hammi?
89. Diningizdan bizni Alloh qutqargandan keyin yana unga qaytadigan bo'lsak, Allohga yolg'on to'qigan bo'lamiz-ku? Illo, Rabbimiz - Alloh xohlagani bo'lur. Rabbimiz har narsaga ilmi kengdir. Allohgagina tavakkul qildik. Ey, Rabbimiz! Biz bilan qavmimiz o'rtasida haqiqiy ajrimlik ato et! Sen ajrim qiluvchilarning yaxshisidirsan".
90. Qavmining kofir bo'lgan zodagonlari: "Qasamki, agar Shuaybga ergashsangizlar, demak, sizlar ziyon ko'ruvchi ekansizlar"- dedilar.
91. Bas, ularni mudhish zilzila tutdi. Natijada o'z joylarida o'tirganlaricha yer bilan yakson bo'ldilar.
92. Shuaybni yolg'onchiga chiqarganlar go'yo u yerda (oldin) yashamagandek bo'ldilar. Shuaybni yolg'onchiga chiqarganlar, ana o'shalar ziyon ko'ruvchi bo'ldilar.
93. (Shuayb) ulardan bezdi va dedi: "Ey, qavmim! Sizlarga (men) Rabbimning topshiriqlarini yetkazdim va sizlarga nasihat qildim. Bas, endi kofirlar qavmiga qanday ham qilib hamdard bo'layin?!"
94. Biror yurtga payg'ambar yuborgan bo'lsak, albatta, uning aholisi tazarru qilar deb, (ularni) qashshoqlik va kasallik (kabi musibatlar)ga tutganmiz.
95. So'ngra (mazkur) yomonlik o'rniga yaxshilikni almashtirgan edik, mo'l-ko'l bo'lib ketishdi va: "Ota-bobolarimizga (ham shu kabi) qashshoqlik va kasallik (kabi musibatlar) yetishib turar (va daf bo'lib ketar) edi", - dedilar. Shundan so'ng bexos ularni o'zlari sezmagan holda (azobga) tutdik.