YUNUS SURASIYunus - payg'ambar nomi.
Surada payg'ambarlar qissasi, imon, e'tiqod, ilohiy kitoblar, qiyomat, qayta tirilish, mukofot, jazo, jannat, do'zax kabi muhim masalalar bayon etiladi. Unda asosan tavhidga da'vat, shirk va kufrdan nafrat g'oyalari olg'a suriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Alif, Lom, Ro. Ushbular hikmatli Kitob oyatlaridir.
2. O'zlaridan (bo'lmish) bir kishiga (Muhammadga), odamlarni ogohlantiring, imon keltirganlarga Parvardigorlari huzurida sodiq qadamlik (to'g'ri yo'ldan yurishlik darajasi) borligi haqida xushxabar bering, deb vahiy yuborganimiz odamlarga ajablanarli bo'ldimi?! Kofirlar esa: "Albatta, bu (Muhammad) aniq sehrgardir", - dedilar.
3. Albatta, Rabbingiz osmonlar va Yerni olti kunda yaratib, so'ngra Arsh uzra mustaviy bo'lgan Allohdir. Ish tadbirini (puxta) ko'rar. Uning iznisiz biror shafoat qiluvchi bo'lmas. Ana o'sha Alloh Rabbingizdir, Unga ibodat qilingiz! (Bundan) eslatma olmaysizlarmi?!
4. Barchangizning qaytish joyingiz Uning huzuridir. Allohning va'dasi haqdir. U yaratishni boshlaydi, so'ngra imon keltirib, ezgu ish qilganlarni adolat bilan mukofatlash uchun uni (barcha yaratganlarini) yana (hayotga) qaytaradi. Kofir bo'lganlarga esa, qaynoq suvdan iborat ichimlik va kofir bo'lganlari sababli alamli azob bordir.
5. U quyoshni ziyo (taratuvchi) va oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt o'lchovlaridagi) hisobni bilishlaringiz uchun uni (oyni) manzil (burj)larga (bo'lib) o'lchab qo'ygan zotdir. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur.
6. Albatta, tun va kunning almashib turishida hamda osmonlar va Yerdagi Alloh yaratib qo'ygan narsalarda Allohdan qo'rqadigan qavm uchun alomatlar bor.