Qur'oni karim. Abdulaziz Mansur tarjima va sharhi  ( 598738 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 63 B


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:00:29



15. Ularga Bizning aniq oyatlarimiz o'qilsa, muloqotimizni kutmaganlar: "Bundan boshqa qur'on keltir yoki uni (oyatlarini) o'zgartir!"- deydilar. Ayting: "Uni o'z tomonimdan o'zgartirish menga mumkin emas. Men faqat, menga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman. Men, agar Rabbimga itoatsizlik qilsam, ulug' Kun (qiyomat) azobidan qo'rqaman".

16. Ayting: "Agar Alloh xohlaganda edi, men uni (Qur'onni) o'qimas edim va sizlarga ham (Alloh) uni bildirmagan bo'lur edi. (Axir) undan oldin ham umr bo'yi sizlarning orangizda (yashab) turdim-ku! Bas, aql yurgizmaysizlarmi?!".

17. Alloh nomidan yolg'on to'qigan yoki oyatlarini yolg'onga yo'ygan kimsadan ham zolimroq kishi bormi?! Zotan, jinoyatchilarga tole yor bo'lmas.

18. Allohni qo'yib, ularga zarar ham, foyda ham keltira olmaydigan narsalarga ibodat qiladilar va "Ana shular Alloh huzurida bizni shafoat qiluvchilarimizdir", - deydilar. Ayting: "Allohga osmonlar va Yerdagi U bilmaydigan narsalarni bildirib qo'ymoqchimisizlar?! Alloh ularning shirklaridan pok va yuksakdir!"

19. Odamlar yagona ummat (bir dinda) edilar*. So'ngra turli xil bo'lib ketdilar. Agar Rabbingizdan (qiyomatgacha qo'yib berish haqida) so'z kechmaganida, tortishayotgan narsalari haqida hukm qilingan bo'lur edi.


Izoh: Ya'ni Odam Ato yoki Nuh (a.s.) davridagi to'fon voqeasidan keyingi vaqt.

20. "Unga (Muhammadga) Parvardigoridan biror mo''jiza tushirilsa edi!" - deyishadi. Bas, ayting: "Albatta, g'aybiy ishlar Allohga xosdir. Kutinglar! Men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman".

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:08:38



21. Odamlarga yetishgan zarar (qahatchilik) ketidan rahmat (mo'lchilik)ni tottirsak, nogoh ularda oyatlarimizga nisbatan makr (inkor) namoyon bo'ladi. Ayting: "Alloh tezroq "makr" qiluvchidir." Rasul (farishta)larimiz qilayotgan makringizni yozib qo'yurlar.

22. U sizlarni quruqlik va dengizda sayr qildirur. Sizlar kemada bo'lgan paytingizda va u mayin shamol bilan ularni (sizlarni) olib ketayotganida va ular bundan shodlanib turganlarida, qattiq shamol kelib hamda har tomondan to'lqin kelganda, ular qurshovda qolganlarini bilib: "Agar shundan bizni xalos qilsang, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lurmiz!" - deb ixlos bilan Allohga iltijo qilurlar.


Izoh: "sizlarni" so'zi o'rniga "ularni" deb ikkinchi shaxsdan uchinchi shaxsga o'tish, balog'at ilmida "iltifot" deb ataladi. O'zbek tilida ham "men" o'rniga "biz", "siz" o'rniga "ular". so'zi qo'llaniladi. Haj safaridan kelgan kishiga: "haj qilibsizda" o'rniga "Haj qilibdilar-da!" - deyilishi kabi.

23. Alloh ularni xalos etganda esa, bexos (yana) Yer yuzida nohaqdan tajovuzkorlik qilurlar. Ey, odamlar! Bu tajovuzingiz faqat o'zingizga zarardir. (Bu) dunyo hayotining matohi (ovunchog'i)dir. So'ngra qaytish joyingiz Bizning huzurimizdir. Bas, (o'shanda) qilgan ishlaringiz xabarini sizlarga berurmiz.

24. Haqiqatan, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan (yog'dirgan) suv bo'lib, odamzot va hayvonot yeydigan narsalardan iborat yer giyohlari u bilan aralashib, to yer yasanib va ziynatlangach, yer egalari o'zlarini unga qodir deb bilgan bir paytda yerga tunda yoki kunduzi Bizning amrimiz kelib, uni kechagi kuni obod bo'lmagandek (yig'ib olingan) hosilga aylantirib qo'yganimizga o'xshaydi. Tafakkur qiluvchi qavm uchun (Biz) oyatlarni shu tarzda batafsil bayon qilurmiz.

25. Alloh (odamlarni) salom diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to'g'ri yo'lga hidoyat etadi.

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:27:55



26. Ezgu ish qilganlarga chiroyli (savob-jannat) va ziyodalik (Allohning diydorini ko'rishlik) bordir. Ularning yuzlarini qoralik ham, xorlik ham qoplamas. Aynan o'shalar jannat ahlidirlar, ular u yerda mangudirlar.

Izoh: Ezgu ish - Allohni yakka bilib, solih amal qilishdir.

27. Gunoh ishlarni qilganlarga esa, har bir gunohga o'shaning barobarida jazo (bordir) va ularni xorlik qoplar. Ular uchun Alloh tarafidan saqlovchi yo'q. Ularning yuzlari go'yo zulmatli tunning bir bo'lagi bilan qoplangandekdir. Ana o'shalar do'zax ahlidirlar. Ular u yerda mangudirlar.

28. Hammalarini o'sha kun (qiyomat)da to'plab, so'ngra shirk keltirganlarga: "Sizlar va (Allohga) sherik qilib olgan (but)laringiz, joyingizda turingiz!" - deb ularning oralarini ajrim qilamiz. (Sig'inilgan) sheriklaringiz: "Bizga sig'ingan emassizlar.


Izoh: Ya'ni soxta ma'budalar: "Biz sizlarning ibodatlaringizni sezmadik", - deb iqror bo'lurlar.

29. Bas, Allohning o'zi biz bilan sizlarning o'rtamizda guvohlikka kifoyadirki, sizlarning (bizga qilgan) ibodatingizdan g'ofildirmiz", - derlar.

30. Ana o'sha yerda har bir jon (egasi) qilib o'tgan ishini sinab ko'rar va (hammasi) haqqoniy egalari - Allohga qaytarilur. To'qib yurgan (but)lari ham ulardan g'oyib bo'lur.

31. Ayting: "Sizlarga Osmon va Yerdan rizq berayotgan kim yoki quloq va ko'zlaringizga egalik qilayotgan kim?! O'likdan tirikni chiqaradigan va tirikdan o'likni chiqaradigan va ishning tadbirini ko'radigan kimdir?!" Ular, albatta: "Alloh", - deydilar. Shunda ayting: "Bas, qo'rqmaysizlarmi?!"

32. Bas, ana shu Alloh haqqoniy Rabbingizdir. Haqiqatdan o'zgasi esa gumrohlikdir. Bas, qayoqqa og'ib ketayapsizlar?!

33. Shunday qilib imon keltirmaganlari sababli fosiqlik qilganlar ustidan Rabbingizning (azoblayman degan) so'zi haq bo'lib chiqdi.

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:32:33



34. Ayting: "Sherik (but, sanam)laringiz ichida oldin yaratib, (o'lgandan keyin) yana (hayotga) qaytara oladigani bormi?!" Ayting: "Alloh oldin yaratib, so'ngra qaytara oladi. Bas, qayoqqa og'ib ketmoqdasizlar?!"

35. Ayting: "Sherik (but, sanam)laringiz ichida haq yo'lga soladigani bormi?!" Ayting: "Alloh haq yo'lga soladi. Haq yo'lga sola oladigan Zot ergashilishga haqliroqmi yoki yo'lga sola olmaydigan, balki o'zi yo'lga solinishga muhtoj narsami?! Bas, sizlarga ne bo'ldi?! Qanday hukm qilmoqdasiz (o'zi)?!"

36. Aksariyati faqat gumon ortidan ergashadilar. Gumon esa, biror narsada haqiqat o'rniga o'tmaydi. Albatta, Alloh ularning ishlaridan ogohdir.

37. Ushbu Qur'on Allohdan boshqa kimningdir tomonidan to'qilgan bo'lishi mumkin emas. Balki, u (butun) olamlar Parvardigori tomonidan (kelgan), shubhasiz, o'zidan oldingi narsa (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi va batafsil (bayon etilgan) kitobdir.

38. Yoki: "Uni (Muhammad) to'qigan", - deydilarmi?! Ayting: "U holda, agar rostgo'y bo'lsangizlar, unga teng birgina sura keltirib, Allohdan boshqa imkoningiz boricha kishilarni (yordamga) chorlangiz!"

39. Balki, (ular Qur'on) ilmini egallamay turib va uning ta'vili (tafsiri) kelmay turib, yolg'onga yo'ydilar. Ulardan oldingilar ham (payg'ambarlarini) xuddi shunday yolg'onchiga chiqargan edilar. Zolimlarning taqdiri qanday bo'lganiga boqing!

40. Ular ichida (unga) imon keltirganlari bor va ular ichida unga imon keltirmaydiganlari ham bor. Rabbingiz esa buzg'unchilarni biluvchiroqdir.

41. Agar Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, ayting: "Mening ishim - menga. Sizlarning ishlaringiz - sizlarga! Cizlar mening qilayotgan ishimga daxlsizdirsizlar, men sizlarning ishlaringizga daxlsizdirman".

42. Ular ichida Sizga (beparvolik bilan) quloq soladiganlari ham bor. O'zlari aql yurgizmaganlaridan keyin Siz "karlar"ga (gap) eshittira olarmidingiz?!

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:38:37



43. Ular ichida Sizga (shunchaki) nazar tashlab turadiganlari ham bor. O'zlari ko'rmasalar, ko'rlarni yo'lga sola olarmidingiz?!

44. Albatta, Alloh odamlarga biror narsada zulm qilmaydi. Lekin odamlar o'zlariga zulm qiladilar.

45. Ularni (qiyomatda) to'playdigan kunda (o'zlarini bu dunyoda) go'yo kunduz kunning bir soaticha turgandek sezishib, bir-birlarini taniy boshlaydilar. Alloh bilan muloqotda bo'lishni inkor etganlar ziyon ko'rdilar va hidoyat topganlardan bo'lmadilar.

46. Agar Biz ularga va'da qilayotgan (azob)ning bir qismini Sizga ko'rsatsak yoki (oldinroq) Sizni vafot ettirsak ham, baribir ularning qaytib boradigan joyi Bizning huzurimizdir. So'ngra (qolganiga) Alloh ularning kirdikorlariga guvohdir.

47. Har bir ummat uchun payg'ambar (bordir). Bas, payg'ambarlari kelganda, ularga zulm qilinmagan holda o'rtalarida odilona hukm qilinur.


Izoh: Isro' surasining 14-oyatida ham shu mazmun talqin etiladi.

48. "Agar rostgo'y bo'lsangizlar, bu va'da (azob) qachon (bo'ladi)?" - deydilar.

49. Ayting: "Alloh xohlamas ekan, men (hatto) o'zimga (ham) na zarar va na foyda yetkazishga aslo ega bo'lmasman. Har bir ummat uchun (muayyan) ajal (muddat) bordir. Ajallari yetganda, biror soat kechiktira olmaydilar ham, oldinga ham sura olmaydilar".

50. Ayting: "Ko'rdingizmi, agar Uning azobi sizlarga kechasi yoki kunduzi kelsa, jinoyatchilar u (azob)ning nimasini shoshiltiradilar?!"

51. Qachon (o'sha azob) ro'y bergandan so'ng unga imon keltirasizlarmi?! Endimi?! Uni (qachon bo'ladi deb) qistagan edingiz-ku!

52. So'ngra zulm qilganlarga: "Mangu azobni totingizlar! Qilgan qilmishlaringiz sababligina jazolanursizlar", - deyiladi.

53. Sizdan: "U (azob) haqmi?" - deb so'raydilar. Ayting: "Rabbimga qasamki, ha, u albatta haqdir. Sizlar esa ojiz qoldiruvchi (undan qutuluvchi) emassizlar".

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:42:14



54. Zulm qilgan har bir jon (egasi)da Yerdagi bor narsa bo'lgan taqdirda (azobdan qutulish uchun), albatta, uni to'lagan bo'lur edi. Azobni ko'rishgach, armonlarini ichlarida saqlaydilar. O'rtalarida ularga zulm qilinmasdan odilona hukm qilinur.

55. Ogoh bo'lingizki, osmonlar va Yerdagi narsalar, albatta, Allohnikidir. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning va'dasi haqdir, lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar.

56. U tiriltirur va o'ldirur hamda Uning huzurigagina qaytarilursizlar. 

57. Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (shirk illati)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi.

58. Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! U to'plagan (boyliklari)dan yaxshiroqdir.


Izoh: Bu oyatda Allohning ikki ulug' ne'mati zikr qilinayotir. Biri fazli. Ya'ni, Islom dini. Ikkinchisi rahmati. Ya'ni, Qur'oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, "kimgakim Alloh taolo Islom dini va Qur'on ilmini nasib etgan bo'lsayu, u kambag'alman deb koyinsa, Alloh to qiyomat kunigacha uning ikki ko'zi o'rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg'asini bosib qo'yar".

59. Ayting: "Ko'rdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan (birini) harom, boshqasini halol qilib oldingiz". Ayting: "Ko'rdingizmi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga tuhmat qilyapsizlarmi?!"

60. Alloh sha'niga yolg'on to'qiydiganlarning qiyomat kuni haqidagi gumonlari nimadan iborat ekan?! Albatta, Alloh odamlarga (nisbatan) fazl sohibidir, lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar.

61. Qaysi bir mashg'ulotda bo'lmang, undan (Qur'ondan) biror (oyat) tilovat qilmang, (umuman) qanday ish qilmang, illo o'shanga kirishganingizdayoq sizlarga shohid bo'lurmiz. Yerda, xoh osmonda biror zarra miqdorida yoxud unda kichikroq narsa ham Rabbingizdan chetda qolmaydi, balki (u) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da bordir.

Qayd etilgan


Muslimа  27 Dekabr 2007, 11:47:03



62. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning valiy (do'st)lariga (oxiratda) xavf yo'qdir va ular tashvish ham chekmaslar.

63. Ular imon keltirgan va taqvoli bo'lganlardir.

64. Ularga dunyo hayotida ham, oxiratda ham bashorat (xushxabar) bordir. Allohning so'zlarida o'zgartirish yo'qdir. Ana shu buyuk yutuqdir.

65. Ularning (kofirlarning) gapi Sizni xafa qilmasin! Kuch-qudratning hammasi Allohdadir. U eshituvchi va biluvchidir.

66.  Ogoh bo'lingizki, albatta, osmonlar va Yerdagi barcha jonzotlar Allohnikidir. Allohni qo'yib, sherik (but-sanam)larga ergashib, iltijo qiladiganlar faqat gumon (narsa)ga ergashadilar va ular faqat taxmin qiladilar.

67. U sizlarga orom olishlaringiz uchun kechani va (yashash uchun) yorug'lik beradigan qilib kunduzni yaratgan zotdir. Albatta, bunda eshituvchi qavm uchun alomatlar bordir.

68. "Alloh farzand tutdi", - dedilar. U (bu tuhmatdan) mutlaqo pokdir. U boydir. Osmonlar va Yerdagi narsalar Unikidir. Sizlarning huzuringizda bu to'g'rida (Allohning farzandli ekanini isbotlaydigan) hech qanday hujjat yo'qdir. Alloh sha'niga bilmaydigan narsalaringizni gapirasizlarmi?!

69. Ayting: "Albatta, Alloh nomidan yolg'on to'qiyotganlar najot topmaslar".

70. (Ular uchun) bu dunyoda ozgina bahramandlik bor. So'ngra, qaytishlari Biz saridir. (Shundan) so'ng kofir bo'lganlari uchun ularga qattiq azobni tottirurmiz..

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 13:20:55



71. (Ey, Muhammad!) Ularga Nuh haqidagi xabarni o'qib bering! U (o'z) qavmiga aytgandi: "Ey, qavmim! Agar sizlarga (mening orangizda) turishim va Allohning oyatlarini (sizlarga) eslatishim og'irlik qilgan bo'lsa, bas, Allohga tavakkul qildim. Sherik (but va sanam)laringiz bilan bir bo'lib ishlaringizni qilaveringizlar! Keyin ishlaringiz sizlarga g'am-tashvish bo'lmasin, tag'in! So'ngra hukmingizni menga ijro etaveringizlar, meni kutib o'tirmangizlar!

Izoh: "Ishlaringiz sizlarga g'amtashvish bo'lmasin" — jumlasidagi "g'am-tashvish" boshqa ma'noda ham tafsir qilingan. Masalan, "maxfiy bo'lmasin", - degan ma'noda. Bunga qaraganda, jumlaning ma'nosi Nuh (a.s.) o'z qavmiga: "Meni halok qilish niyatlaring maxfiy emas, oshkora bo'lsin", -degan bo'ladilar.

72. Bas, agar yuz o'girsangizlar, sizlardan (men xizmatim uchun) haq so'raganim yo'q. Mening (tegishli) haqqim (savobim) Allohning zimmasidadir. (Men Allohga) taslim etuvchilardan bo'lishga buyurilganman".

73.  Bas, uni (Nuhni) yolg'onchiga chiqarishgach, Biz uni va u bilan kemada birga bo'lganlarni xalos etdik va ularni (Yerda) o'rinbosarlar qildik. Oyatlarimizni yolg'onga yo'yganlarni esa (to'fon suviga) g'arq qildik. Ogohlantirilganlarning oqibatiga (taqdiriga) boqing!

74. So'ngra undan keyin (bir qator) payg'ambarlarni (o'z) qavmlariga yubordik. Bas, ularga hujjatlarni keltirdilar. Ular oldin yolg'onga yo'ygan narsalariga (endi ham) imon keltirmadilar. Tajovuzkorlarning dillarini shu tarzda muhrlab qo'yamiz.

75. So'ngra, ularning ortidan Muso bilan Horunni Fir'avn va (uning) zodagonlari huzuriga mo''jizalarimiz bilan birga yubordik. Bas, (ular) kibrlandilar va jinoyatchi qavm bo'ldilar. 


Izoh: Bu yerda zikr etilgan mo''jizalar adadi to'qqizta bo'lgan: Qo'llaridan taraluvchi nur, asolari, to'fon, chigirtka, bit-burga, qurbaqa, qon, qahatchilik. Tafsiloti tarix va siyratga doir manbalardan mutolaa qilinur.

76. Bizning huzurimizdan ularga haqiqat kelganida esa, "bu aniq sehr", - dedilar.     

77. Muso dedi: "Sizlarga haqiqat kelganda (uni inkoriga) so'z qilasizlarmi?! Sehrmi shu?! Sehrgarlarning omadi yurishmaydi-ku!"

78. Aytdilar: "Ota-bobolarimizning biz unda topgan narsa (dinlari)dan bizni burish va ikkovingizga Yerda kattalik (hukmronlik) bo'lishi uchun bizga keldingmi? Biz ikkingizga (ham) ishonuvchi emasmiz".


                 

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 13:25:11



79. Fir'avn: "Barcha bilimdon sehrgarlar ni menga keltiringiz!" - dedi.

80. Bas, sehrgarlar kelgach, Muso ularga: "Tashlamoqchi bo'lgan narsangizni tashlangiz!" dedi.

81. (Qo'llaridagi narsalarni) tashlaganlarida, Muso dedi: "Sizlar keltirgan narsa — bu sehrdir. Alloh, albatta, uni botil (barbod) qilur. Zero, Alloh buzg'unchilarning ishini tuzatmaydi.

82. Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalar-da, Alloh o'z so'zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro'yobga chiqarur.

83. Musoga qavmidan faqat bir guruh kishilar Fir'avn va uning zodagonlarining fitna qilishlaridan xavfsiragan holda imon keltirdilar. Zero, Fir'avn Yerda "oliy" va u isrofgar (tajovuzkor)lardandir.

84. Muso dedi: "Ey, qavmim! Allohga imon keltirgan ekansizlar, bas, Unga tavakkul ham qilingizlar, agar musulmon bo'lsangizlar, albatta".

85. Bas, ular dedilar: "Allohgagina tavakkul qildik. Ey, Rabbimiz! Zolimlar qavmiga bizni fitna (aldanuvchi) qilib qo'ymagin!

86. O'z rahmating bilan bizni kofirlar qavmidan xalos etgin!"

87. Muso va uning birodariga vahiy orqali: Qavmlaringiz uchun Misrda uylar hozirlangiz va uylaringizni qibla (namozgoh) etib, namoz o'qingizlar va mo'minlarga esa (ey, Muso,) xushxabar bering!" - deb aytdik.


Izoh: Bu yerdagi "xushxabar" Fir'avn ustidan qilinadigan g'alabadir.

88. Muso dedi: "Ey, Rabbimiz! Sen Fir'avn va uning zodagonlariga bu dunyoda zebu ziynat va mol-mulk ato etding. Ey, Rabbimiz! (Bu esa, odamlarni) Sening yo'lingdan ozdirishlariga sabab bo'ldi. Ey, Rabbimiz! Mol-mulklarini barbod et va dillarini qattiq qil, toki (qiyoatda) alamli azobni ko'rmagunlaricha imon yeltirmasinlar".

Qayd etilgan


Muslimа  28 Dekabr 2007, 13:35:34



89. (Alloh) dedi: "Ikkingizning duoingiz ijobat etildi. Endi, to'g'ri bo'lingizlar! Bilmaydiganlarning yo'liga zinhor ergashmangizlar!"

90. Isroil avlodini dengizdan o'tkazdik. Fir'avn va uning lashkarlari ular ortidan zo'ravonlik va zulm yuzasidan ergashdilar. Unga (Fir'avnga) g'arq bo'lish (soati) yetishganda aytdi: "Imon keltirdimki, Isroil avlodi imon keltirgan Zotdan o'zga iloh yo'qdir. Men ham musulmonlardanman".

91. (Alloh dedi): "Endimi?! Axir, sen ilgari itoatsizlik qilganding va buzg'unchilardan eding-ku!

92. Mana bugun sendan keyingilarga belgi (ibrat) bo'lishing uchun jasadingni qutqarurmiz. Haqiqatan, odamlarning aksariyati oyatlarimizdang'ofildirlar."

93. Albatta, Isroil avlodini qulay joyga (Misr va Shomga) joylashtirdik va ularga pok narsalardan rizq qilib berdik. Ularga, to ilm (Tavrot) kelmaguncha, ixtilof qilmadilar. Albatta, Rabbingiz qiyomat kuni ixtilof qilgan narsalari haqida o'rtalarida hukm chiqaradi.

94. (Ey, Muhammad!) Agar Sizga nozil etgan narsa (tarixiy voqealar) xususida shubha qilsangiz, Sizdan oldingi Kitobni o'qiydiganlardan so'rang! Rabbingizdan Sizga haqiqat (vahiy) kelgandan keyin (endi) sira shubhalanuvchilardan bo'lmang!

95. Allohning oyatlarini yolg'onga yo'yadiganlardan ham bo'lmangki, (aks holda) ziyon ko'ruvchilardan bo'lib qolursiz!

96. Albatta, (taqdirlarida) Allohning (kofir bo'lurlar degan) so'zi muqarrar bo'lganlar imon keltirmaydilar.

97. Ularga barcha mo''jizalar kelsa ham, to (qiyomatda) alamli azobni ko'rmagunlaricha (o'zgarmaydilar).

Qayd etilgan