Dardim sig’mas dunyoga.
Ona, desam, yig’lar bo’lsa armonlar ham,
Ona, desam, ifor to’ksa rayhonlar ham,
Dardim sig’mas bu dunyoga, ko’zimda nam,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
Yuragiga yetmay qolib toatlarim,
Sevar yor ham tinglamasa hasratlarim,
Yuzni qaro qilib ketsa ulfatlarim,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
Aro yo’lda qolib, baxtga yetolmayman,
Sizsiz hayot yo’llaridan ketolmayman.
Shu so’roqning azobiga chidolmayman:
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
İshq azobi mening uchun qiynoq emas,
Hatto, oftob mehringizdek qaynoq emas,
Yo’q, maqsadim - sizga ta`na qilmoq emas,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
Esga olib sho’xlik - shirin damlarimni,
Artganingiz ko’zimdagi namlarimni.
Jiydalarga so’ylayinmi g’amlarimni,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
Bag’ringizda uxlab qolgim kelar, ona,
Allangizni yodga olgim kelar, ona.
Dunyo menga bo’lib qoldi bir g’amxona,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?
Nahot sizni sog’inganim bilmasangiz?
Erkalatib bag’ringizga olmasangiz?
Qandoq qilay, siz yonimda bo’lmasangiz,
Onajonim, kim oladi dardlarimni?