Ayollarni yuksaklarga ko’targan va sharaf tojini kiydirgan Islom dini oila masalasiga ham jiddiy e’tibor beradi. Naslni saqlash, nafsni tiyish, jamiyatni turli axloqiy buzuqliklar va fahshdan asrash, tinch va farovon hayotni vujudga keltirish uchun kurashadi. Islomiy tarbiya er-xotin va farzandlar o’rtasida chinakam muhabbat va mehr-oqibat rishtalarini bog’lash asosiga qurilgan. Payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.): «Uylaninglar va ko’payinglar. Chunki haqiqatan men boshqa payg’ambarlar oldida ummatimning ko’pligi bilan faxrlanaman», deganlar. Boshqa bir hadisda Rasuli akram (s.a.v.) shunday buyuradilar: «Kimki uylanishi uchun sharoiti bo’laturib uylanmasa, u bizdan emasdir».
Madaniyat haqida qoloq tushunchaga ega bo’lganlar dunyoning rohati-yu, nafs istaklarini ma’bud darajasiga ko’targanlar. Unday odamlar bir tarafdan huzur-halovatini buzmaslik, boshqa tomondan esa boylik orttirish xayolida oila qurishni ortiqcha ish, deb biladilar. Bunday kishilar koshonalarda yashaydilar. Xalq oldida biologik ochlik haqida gapiradilar, nufusni ozaytirmoq yo’llarini talqin qilib, oilaga qarshi chiqadilar. Holbuki, bu Shaytoni lain tavsiyasidir.
Dunyo nufuzi har qancha ortmasin, ozuqa javhari tuganmasdir.
Yaratgan Alloh rizq berishga ham qodir. Quruqlikdagi butun ozuqa tugagan taqdirda ham, dengizlardagi ozuqa insoniyatni boqishga yetarli.
Bugungi kunda Ovro’pa diyorlarida nufuzning ko’p qismi keksayib qolganligidan, aholining navqiron qismi ozligidan xavotirga tushish kuzatilmoqda.
Bugun Amriqo Qo’shma Shtatlarida har soniyada bir jinoyat sodir etilayotir. Har olti soniyada bir ayolga tajovuz qilinayotir. Faranglar ham eng ko’p xavfsiraydigan hodisalari tajovuzdir.
Islom oila masalasiga jiddiy e’tibor bilan qarar ekan, begona erkak va ayolning bir-birlari bilan iloji boricha yuzlashmasliklarini talab qiladi. Zero, musulmon banda nasli va nafsini asrash bilan butun dunyo lazzatlariga - huzur-halovatga erishadi.
Turli din va qavmlarning qonun-qoidalariga e’tibor qilsak, ayol inson qatoriga qo’shilmaganligini ko’ramiz. Masalan, Hindistonda ayol kishi harom va u poklanishi mumkin emas, deb talqin qilinadi.
Islomda esa ayol hassos do’st va turmushda rafiqadir. Biz jannatni onalarning oyog’i ostidan qidiramiz. Ayolni tuzatishga harakat qilar ekanmiz, unga qattiq ozor yetkazishdan ehtiyotlanamiz.
Yangigina oila qurgan yoshlarimiz o’z oilalarining mustahkam va barqaror bo’lishi uchun kurashmoqlari zarur. Solih yigitimizga bir soliha qizni izlar ekanmiz, uning go’zalligi, mol-mulki, martabasini emas, balki taqvosini, axloqi va tarbiya topgan oilasini hisobga olishimiz lozim. Kuyov tanlashda ham xuddi shu xususiyatlarga e’tibor berishimiz zarur. Bir onlik go’zallikka, martabaga uchmoq halovatni buzadi, oxir-oqibatda oila inqirozga yuz tutadi.
Muhtaram Payg’ambarimiz (s.a.v.): "œHadrai dimandan uzoq turing", deb buyurganlarida, sahobalar "œhadrai diman"ning ma’nosini so’raydilar. U kishi: "œZalolatda o’sgan go’zal ayol", deb javob beradilar. Yaxshi, islomiy tarbiya olmagan moddiy go’zallik zil ketadi. Bizdan biror yigit yoki qizning axloqi so’ralsa, u haqdagi haqiqatni aytish burchimizdir. Zero, to’g’ri so’zlamaslik, haqiqatni yashirish hollari ham uchrab turishi tabiiy. Go’yo bu bilan biz yaxshilik qilmoqchi bo’lamiz. Holbuki, bu yolg’onchilik hayot bilan o’ynashishdir. To’g’ri, kishi bilganni yashirmaydi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) "œSoliha bir ayolga uylangan kishi diniy vazifasining yarmini bajargan hisoblanadi, endi dinning yarmini ham bajarsin", deb buyuradilar.
Zamonamizda ayrim musulmon oilalar sep, qalin va boshqa sarf-harajatlarni haddan oshirib, turmushni mushkullashtiradilar. Rasuli Akram (s.a.v.): "œNikohning eng xayrlisi oson bo’lganidir", deb marhamat qiladilar.
Shuni ham unutmaylikki, balog’at yoshidan o’tgan har bir yigit-qizning turmush qurishiga ota-ona javobgardirlar. Payg’ambarimizning qizlari Fotima (r.a.)ning seplari ko’rpacha, yostiq, ko’za, mesh, piyola, elak, sochiq, po’stin, gilam, ikki kiyim va bir ko’rpadan iborat bo’lgan. Ro’zg’oriy ashyolar ehtiyojga ko’ra keyinchalik asta-sekin xarid etilaverishi mumkin.
Dinimiz ijozatiga ko’ra, nikoh marosimida uzuk taqilib, hadyalar berilishi mumkin. To’ylarimizda ziyofat berilishi Allohga shukrona aytishday sunnat amallar bilan bir qatorda dinimizda bo’lmagan turli odatlar ham qorishtirib o’tkazilmoqda.
Erkakning o’zi ayoli oldidagi vazifalari — yedirmoq, kiydirmoq, salomatligini saqlamoq, boshpana bilan ta’minlamoq, kelishib ziyorat va xorijga chiqmoq, nomusini himoya qilmoq, ayolini begona ko’zdan asramoq. Ayolning o’z eri (turmush o’rtog’i) oldidagi burchi esa Islomdan chiqmaslik sharti ila itoatli bo’lmoq, hatto, ibodat qilishida ham izn olmoq, unga mutashakkir bo’lmoq, begonalar bilan gaplashmaslik, bolalarni tarbiya qilmoq va erining mol-mulkini qo’riqlamoqdan iboratdir.
Musulmon ayolga xushxabarlar ko’pdir. Allohning Habibi (s.a.v.): "œBir ayol o’z eriga itoat etsa, Allohning oldidagi burchini ado qilsa va vazifalarini bajarsa, unga shahidning savobi qadar savob yoziladi", deganlar. Yana Payg’ambarimiz (s.a.v.) boshqa bir hadisi shariflarida: "œUchta qizni shar’iy qonunlardan chiqarmay, tarbiya qilib voyaga yetkazgan ona jannatda men bilan birgadir", deb marhamat qiladilar.
G‘arb hazorasining ayolga bo’lgan munosabati ayollarga hurriyat, baxt-saodat berish niqobi ostida uni bir hovuch puldorlar va buzuqlarning ermagiga aylantirib qo’ygani, dunyo sarmoyadorlari ayolning Alloh ato etgan go’zalligidan g’arazli maqsadlarda, nari borsa, o’z molini reklama qilish uchun foydalanayotgani haqida ko’p yozish mumkin. Hurlik, chiroyli hayot va’da qilish bahonasida ayollarning fitriy mashg’ulotlaridan, oila farog’atidan, farzand tarbiyasidan uzib olib, erkaklar bajarishga erinadigan og’ir, mashaqqatli, xo’rlovchi yumush va mehnatlarga solinayotgani haqida ham ko’plab misollar keltirish mumkin. Ammo bu bilan ayolni baxtli qilolmaymiz, o’ksik dillariga taskin berolmaymiz. Asosiy gap ayolning asl maskani — oilasi bag’riga, farzandlari quchog’iga qaytarishda! Unga onalik baxtini, ayol mukarramligini, uning go’zalligi va nazokatini, hayo va iffatini qaytarib berishda qoldi!