Turkistonning onalarini...
O'n ikki oy birday ishlaydi,
Faqat ishlab ko'ngil xushlaydi,
Imoratning loyin mushtlaydi,
Bolalarin tishda tishlaydi,
Go'daklari toqmas, qo'shlaydi.
Turkistonning onalarini...
O'g'li Bobur Hind sori bosdi,
qaytarmoqqa etmadi dasti,
Nodirasin jaholat osdi,
Jaholatga bor erur qasdi.
Yuragini armon nishlaydi,
Turkistonning onalarini...
Mashrab Balxda, dorda salanglar,
Usmon qah-qah urib, alanglar,
Hamzasini tilkalar sanglar,
Tushlari ham ahvolin tanglar,
Tushlari ham toshlab, g'ishtlaydi.
Turkistonning onalarini...
Amir Temur yodi o'stirar,
Kenagasning dodi o'stirar.
Sirtmoq, kunda, jodi o'stirar,
Yassaviyning oti o'stirar.
Xudo suyar, ruhlar ushlaydi,
Turkistonning onalarini...
Afg'on mulki bo'ldi minglab er,
Harbiy ketgan yuzlab yigit-er,
Bir bolaning dog'i qilar sher,
Qodir Olloh, o'zing toqat ber,
Yuragida arslon qishlaydi.
Turkistonning onalarini...
Olgani shu elidan duo,
Tilovati, selidan duo,
Har qo'llovchi elidan duo,
Qo'lidan ish, tilidan duo,
Boshidan oq ro'mol tushmaydi.
Turkistonning onalarini!