O'rtoqlarim
Ketsam oldin men ketay.
Vladimir Sokolov.
O'rtoqlarim, mening yoshlik jigarbandlarim,
Bugun nogoh yurak urib, "žqanisiz"œ deyman.
O'tgan har kunimga tutash bandu bandlarim,
Siz qaydasiz, bu kun sizning g'amingiz eyman.
O'rtoqlarim, bir davraga yig'ilaylik, bas,
Bir nafasga yig'ilaylik hech bo'lmaganda.
Bugun hatto yulduzlarga etganida dast-
Shu yulduzlar suhbatini biz qilib kanda.
Bir nafas bir-birimizga ajrataylik vaqt-
Bir nafasga to'yib-to'yib tikilishaylik.
Yillar qilib qo'ymadimi bizni ko'r, karaxt-
Chiqib olgan cho'qqilardan bir dam tushaylik.
Pastni kuzatar ekansan, cho'qqidan turib,
Chumoliday ko'rinadi dup-durust odam.
Bir nafasga sirlashaylik yonma-yon yurib,
Tamom-tamom unutilsin serg'avg'o olam.
Aytgil, Usmon, baxting seni siylayotirmi,
Mukarrama, sen do'stlarni yangi uyda kut.
O'g'il bilan qutlaymizmi bugun Botirni?
Odil qani, Odil qani? Javob yo'q. Sukut.
Qani Odil, boshlar egik, tortajakmiz "žuh"œ,
Jingalak soch, qora ko'zli sho'x yigit qani?
Do'stlar, chorlang davramizga qo'shilsin u ruh,
Bizlar bilan kuylagani, qah-qah otgani.
Davra nuray boshladimi, yo'q-yo'q, nuramas,
Qani, kuylang, bilinmasin Odilning o'rni.
Sochimizga qor yog'sa gar kurak kuramas,
Sho'r yoshimiz o'chirolmas iztirob, qo'rni.
Bir daraxti qulasa ham alamzada bog',
Bir do'stni yo'qotib biz ham "žoh"œlar uramiz.
Davramizni to'ldira qol, kech qolgan o'rtoq,-
Bir mayizni qirqqa bo'lib baham ko'ramiz.
O'rtoqlarim, shodmon qo'shiq boshlaylik endi,
Shodmon qo'shiq seli yuvsin dillar zangini.
Azal-abad g'am-anduhni shod qo'shiq engdi-
Men chizayin chizib bo'lmas quvonch rangini.
O'rtoqlarim, boshingizda so'nmasin quyosh,
Barchangizni tole suysin, baxt qolmasin kech.
Biringizning g'amingizda ko'zga olib yosh-
Kuyar damga duch kelmayin, duch kelmayin hech.
O'rtoqlarim, har biringiz men suyangan tog',
Do'st deganda jon bermoqqa fikrim mutlaqdir.
Ketar bo'lsam men oldinroq ketayin, biroq,
Do'stlarimning qora kunin ko'rsatma, taqdir.
O'rtoqlarim, mening yoshlik jigarbandlarim.