O'q haqida olti she’r
1
Yo'q, men sog' qalb bilan kuylaganim yo'q,
Dardi yo'q ko'ngilning kuylashi qiyin.
Ko'ksimga sanchildi bir kun qizil o'q,
Men alvon qo'shiqlar kuyladim keyin.
Yurolmadim doim kimnidir suyib-
Bu ko'ngil gohi but, goh chil-chil sindi.
Sariq o'qdan ko'ksim ketgandi kuyib,
Hijron qo'shiqlari maysaday undi.
Ko'zlarimda o'tday yonmoqda bashar,
Garchand men- bir o'tday so'nar o'tkinchi.
Bu o'qlardan qolgan qo'shiqlar yashar-
Ko'ksim qaro o'qdan qolganda tinchib.
2
Onam egilib naq kamon,
Otdi, aylanib o'qqa-
Uchyapman, bilmam qay tomon-
Tungami yo yoruqqa.
Bilganim "žtegadi shu o'q"œ,
Onam ichgandir qasam.
Unda ortiq boshqa o'q yo'q,
Men mo'ljalga tegmasam.
3
Oshkor aytganlarning ko'ksi bo'lsin tog',
Oshkor aytganlarga mening hurmatim.
Chorak asr yashab nomardning, biroq,
Bir oshkor qilmishin ko'rmadim.
Men shohona bazmga boraman kirib,
Charx urib, shohona qo'shiqlar to'qib.
Yo'lda otmasa gar yashrinib biri,
Yo'lda o'ldirmasa nomardning o'qi.
4
O'zgalarga omad tilayman bu choq,
O'zgalar sinchiklab otsin o'qini.
Ovlagan qushidan ko'ngli bo'lib tog',
Boshlarida ko'ray tole tug'ini.
O'zim tan olaman yuzga qon urib,
Bukilmas dilimni bukib, etib yoy,
Arzimas qushlarga o'q otib yurib,
Umrimning yarmini berib qo'ydim boy.
5
Aldangan ishonchdir senga tekkan o'q,
O'q- bu o'z qadrini topmagan qadr.
Achchiq o'q azobin bermasmi to'liq-
Yozganda yuraging kuymagan satr.
Men ham horg'in, g'olib ancha yo'l yurdim,
Doim ham kuyinib kuylamadi tor.
Uch marta ko'ksimni sinchiklab ko'rdim-
Yarador, yarador, tag'in yarador...
6
Yana u ko'ksimga uchar xuddi o'q,
Yana u men uchun dalli-devona.
Uning sanchilmog'i uchun bo'sh joy yo'q,
Buni unga Sen ayt, hayot, ey Ona!
Men she’rga aytaman ko'ksimdagi sir,
Sonsiz yaralardan sachraganda qon.
Ko'ksimga qancha o'q singib ketgandir,
Ko'ksimda qancha o'q bo'lgandir qurbon.