Halima Xudoyberdiyeva sherlaridan  ( 68423 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 B


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:24:05

Shoir yashay bilmas...
Shoir yashay bilmas tilini tishlab,
Ko'rib, ko'rmaslikka solib o'zini.
Nomard ketar ekan vaqtini xushlab,
Mushfiq tasalli deb bilsa to'zimni,
Shoir yashay bilmas.

Tinch qaray bilmas u tog'u tosh qolib,
Insonning yuragi qular chog'larga,
Osmonning o'rniga insonni olib,
Ko'nglin to'ldirsalar qaldiroqlarga,
Shoir yashay bilmas.

Yasholmaydir ermas, dil qolsa muzlab,
Ko'rib payhon bo'lgan ishq iqbolini.
Bolariga gulmas, inson bo'lsa daf,
So'rib tugatsalar shira bolini,
Shoir yashay bilmas.

Yashay bilmas qay bir fahmi ko'ru kar,
Taroqni sochgamas fikrgsha ursa,
Chetlab sho'x, qiyqiriq nafasli qushlar,
To'ti savlat to'kib bog'larda yursa,
Shoir yashay bilmas.

U yashay bilmaydir o'tmas, qay bir on,
Oq-oydin tuyg'ular ketsa o'rilib.
Shilliqurt misoli sip-silliq yolg'on,
Haqiqat yonida tursa kerilib,
Shoir yashay bilmas!

Tug'yon ko'tarar ul bo'lib bag'ri qon,-
Mayli, usiz ham mo'l beg'amlar, go'llar,
Ishqilib, uzunroq umr ko'r, isyon,
Tug'yon tugagan kun shoir ham o'lar.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:24:24

Sadoqat
Otani mahzun g'am, xastalik yutdi,
Farzand yuksak-yuksak avj uchar fasli.
Uchmay, tashvishlarga ko'milib o'tdi,
Bu otaga yuksak sadoqat asli.

Mayli, ishq haqida chekmasa ham oh,
Balki bu ham so'zsiz ishq toqatidir.
Ammo o'zin unga sinarmi panoh,
Bu erning ayolga sadoqatidir.

Yuragi haqida ochib yurmang fol,
Buni tekshirmasdan, his etgan ma’qul.
Silab, ko'ylagiga urdimi dazmol,
Ayolning erkakka sadoqati shul.

Boshga ko'taringiz, tortmasdan hadik,
Chidab tanbehlari ko'pu oziga.
Kelin boqolmasmi ko'zlariga tik,
Sadoqati shuldir qaynonasiga.

Shunday, sadoqatga o'lchov bormi, bas,
Insonni ham inson qilgan shu his, kuch.
Inon, baxt qushining qanoti sinmas,
Bu xil belgilarga kelib tursak duch.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:24:42

Begonalar...
Bu o'g'il meniki emas aslida,
Garchand eng so'nggi dam ko'zlarim yopar.
Men uni topgandim ishqim faslida,
Ishq faslida u ham o'zgani topar.

Bu qiz ham birovga ketadigan gul,
Ushlab qololmagay na zar, na tillo.
Mendan-da mehribon kimsa bo'lar ul-
Mendan-da vafodor chiqar ul illo.

Bu she’rmi, she’rni ham o'zgalar oldi,
Rashku gumondan goh ranglarim somon,
She’rku bu, boshimga ming g'avg'o soldi,
Kelib- kelolmayman o'zimga hamon.

Voajab, bul qadar yolg'izlik nega,
G'aroyib bu hayot-biz o'tar yo'lak.
Hech kim, hech narsaga men bo'lmam ega,
Sevgilim, Sizga o'z ishqimdan bo'lak.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:25:15

Bir qadam
(ballada)

Men bag'rim yoqib bo'ldim, sel kabi oqib bo'ldim,
Necha bor qayta o'ldim bu holat tasviridan.
Naqd ber deb yig'lamagan, taxt ber deb yig'lamagan-
Baxt bergin deb yig'lagan Bodomgul taqdiridan.
Uy oldida mashina, yuk ortishar qo'shnilar,
"žBu qiyomat qoyim"œ deb, g'am tortishar qo'shnilar.
Eri chetda hangu mang, eri chetda holi tang,
Balki oralariga tag'in tushar qo'shnilar.
Bodom ham bir chekkada yaralangan qush iyanglig'.
Goh hushiga kelganday goh ma’yus, behush yanglig'
Qo'sh go'dagi pinjiga suqiladi jovdirab,
Kechagi baxt, go'daklik bo'ldi bugun tush yanglig'.
"žBalki oralariga... tushmasin yo'q, Bodomjon,
Sen ko'ksimda ishq eding, endi sen o'q, Bodomjon.
Ertak edim men Senga, poymol bo'ldi ertaklik,
Erkak edim men Senga, poymol bo'ldi erkaklik.
Derlar-ku axir: "žGulni uzsin qo'sha-qo'shgani"œ,
Hayhot, qandoq kechiray uzganini boshqani"œ.
Yurak-bag'ri to'kilib Bodom betus yig'laydi.
Ul sho'rlikka tikilib bor el-ulus yig'laydi.
Hasan-Husan zorlaydi, otasini chorlaydi,
Ota borolmas, sim-sim atrofda kuz yig'laydi.
Yuklar tayyor. Yo'l oldi Bodom qaddin tutdi g'oz:
"žTuzingizni ko'p ichdim, xizmatlarim bo'ldi oz,
Rozi bo'ling, begim"œ, deb bir-bir xayru xo'sh qilar.
"žBu qay kun"œ,- deb yoqasin ushlar qo'ni-qo'shnilar.
Katta-kichik tikilib qolgan qirda-piyoda,
Qo'sh go'dagi qo'lida, Bodom oldda, piyoda.
Orqada yuk mashina, bu yo'l shunday boshlandi.
Qarab turib keksayu yoshning ko'zi yoshlandi...
* * *
Qancha o'tdi, bilmaydi, er kelganda o'ziga,
Bitta-yarimta yulduz chiqib ko'kning yuziga,
Shom qorong'usi o'tib quyuq tun tushar edi;
Uning bo'm-bo'sh qalbiga o'chmi-xun tushar edi.
Chap ko'kragi sanchidi, Hasan-Husan joyimi,
Suvda oy chil-chil sindi, uning ko'ngil oyimi?!
Keyin kechagi tunni eslab ketdi hovliqib...
Yarim tunda qaytardi u shahardan toliqib,
Uyga yaqin kelganda eshitildi qichqiriq-
Lang ochiq derazadan uyga o'zin otdi tik,-
Hayhot, kolxoz raisi, ko'p ardoqli do'st uyda!
Xotiniga kanadek chippa yopishgan ko'yda,
Quchog'idan chiqarmas, o'pardi so'rib-so'rib,
Xotini jonhoatda yulqinib, o'zin urib,
Jilolmas, uy ichiga sochilgan bir dasta pul,
O'zi ham sezmay qindan pichoqni sug'urdi ul!
Mana senga raisning muruvvati, boyaqish,
Tug'ishganday, o'rtoqday kuyib-qo'llaganlari.
Ko'ngling ovlabu avrab topib biror zarur ish,
Ikki kunning birida shahar yo'llaganlari,-
Hayhot, mening ko'nglimga g'oyat yaqin edi u, SHul yaqinlikdan turib, yuragimni edi u!
Unga ham omonlik yo'q! Pichoq aytdi so'ng so'zni,
"žEding"œ ushbu so'z bilan rais ham yumdi ko'zni.
* * *
Yolg'iz qari onasi ko'z yosh qildi kuyunib,
Sho'rlik Bodom ham oldi bevalikni kiyinib.
Qo'sh go'dagim etim, deb etti bukilar edi,-
Ich-ichidan kun-bakun tutday to'kilar edi.
"žRais bosqinchi bo'lsa, mening aybim nimadir,
Nahot sevgi oqibat toshga tegar kemadir.
Begim uchun tumanli ishonch bo'ldim oqibat,
Tuhmat balolariga nishon bo'ldim oqibat.
Farishtam-derdi, mana, farishta ham xor, ona,
Qo'sh olchaday yashaymiz degani bekor, ona"œ.
Hasan-Husan ko'ziga jovdiramoqdan toldi,
Guldaygina kelinchak silga chalinib qoldi.

...So'ng ham uzoq yotmadi, bir choshgohda ro'yi rost,
Mushtipar onasidan shundoq qildi iltmos:
-Ona, ko'p bo'lguchiydi Sizning g'azal, baytingiz-
Go'dak chog'imdagiday bugun alla aytingiz.
Faqat g'azalingizda bo'lmasa alam-angiz,
Keyin...mening yuzimga doka yopib qo'ysangiz...
Faqat uzoq aytasiz, ir eshitay miriqib.
Keksa onaning rangi bu gaplardan siniqib,
Hayot bebaxt qiziday motamsaro tuyuldi,
Alla aytdi, joladay ko'z yoshlari quyildi,
O'ttiz yashar go'dagi qancha istasa aytar,
Uning ma’yus allasi nayday ingragan paytlar.
Ona yuragi bilan sezdi, qizi silkindi,
Yo uh tortdi, har qalay, bir zum nafasi tindi. Ul dokani tortganda bir titroq sezib tizda,
Qizi tinchib qolgandi, o'tin bo'lib o'ttizda.
Yorab, gullab-gullamay nuraganni ko'rdim men,
O'lim oldi "žalla"œni so'raganni ko'rdim men!

Bitta qadam, ne uchun shoshilamiz qo'ymoqqa,
Bitta qadam va lekin bo'ladi-ku tiyilsak.
Faqatbiz birovlarni o'rganolsak suymoqqa,
Faqat biz birovlarga birozgina qiyilsak,
Goh qanoatda sobit, daho bo'ladi inson,
O'z nafsin yo'lida goh yuho bo'ladi inson.
Odamzod-ku aslida bu dunyoga mard keldi,
Bir qadamidan goho tig'i parron-dard keldi!
* * *
...qo'sh go'dakni etaklab kampir ketib boradi-
Qulagan ustunini ziyorat qilmoq uchun-
Ona bu xil o'ylarni unga eltibboradi,
Bolam, shunday gaplar, deb unga egilmoq uchun.
Hasan-Husanlar bo'lsa tushunmas bu gaplarga,
Hasan-Husanlar bo'lsa go'dak dili qonagan,
Qachon ona sut bermas bu achchiq alaflarga.
Qachon bu xil qotillar tug'ilmaydi onadan,-
Yigitmisan yigit er bir o'qdan o'ldi ma’nan,
Bodom guliday Bodom bo'ldi shu o'q qurboni.
Rais shu bir qadamda bu dunyoi gulshandan,
Olib ketdi o'ziyu o'zgalarning ham jonin.
Bodom, garchand, tuhmatning toshiga bermading tob,
Garchand nohaqliklardan ado ketgan bir jonsan.
Ammo o'shal qora kun el ko'zidan o'chdi xob,
O'shal kundan dillarda uchqundangan isyonsan.
Mayli, garchand sendan bir ma’yus ovoza qoldi,
Ammo ishqni bukmading, ammo ishq toza qoldi.
Men bugun xotirlayman seni oppoq o'lim deb,
Ishq, nomusga jon nisor shahid qizil gulim deb.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:25:36

Xalqona ohanglarda
Yig'lasangiz yig'lang hushyor, sergak uchun,
Ne bir yaxshi, yomon kunda tirgak uchun.
Opam, singlim, ko'z yosh to'kmang sira-sira,
Ayolga baxt berolmagan erkak uchun.

Erkak o'zi kimligini bilamakan,
Bir sirli, tilsimligini bilamakan,
Ishq gavharin ayoliga asrolmasa,
Sho'rpeshona, shumligini bilamakan.

Yo'lga chiqsang yo'ling bersa, boylanmasa,
Xayollaring tiniyversa, loylanmasa.
Erkak erkakmidir ayol jilg'a bo'lib,
Uni aylanib oqmasa, aylanmasa.

Dupur-dupur tulpor kelar tog'lar bilan,
Erkak kelar dupurlab o'ng-sog'lar bilan,
Ayol qo'li yollarini silamasa,
Tulpor ketar ko'kayida dog'lar bilan.

Tulporlarim, ukam-akam, otalarim,
Ming-ming uyli xalqqa ehson, atolarim,
Hali munglug' ayol ko'nglin topmapsizmi,
Bosgan izi xatolarim, xatolarim!

Bekor jangu xunlar uchun aza oching,
Yolg'iz o'tgan tunlar uchun aza oching.
Hatto tog'ning ayiqlari juft axtarar,
Siz so'qqabosh kunlar uchun aza oching!

Yo'qsa avval Sizga qarg'ish tegar bir kun,
Yov yoprilib kelib Sizni egar bir kun.
Hali munglug' ayol ko'nglin topmapsizmi,
Ko'paymagan el kamayib tugar bir kun.

El qolmaydir, faqat boylik, erlar bilan,
Odam topib ko'r-chi na sim, na zar bilan.
Gumonim yo'q, qay el qolsa yashab qolar,
Ayolini elim degan erlar bilan!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:25:59

Qirchillama qirq yigit
Bu jang asli suv bilan olovning jangi bo'ldi,
Eskirgan jarohatlar qaytalab yangi bo'ldi.
Tunlar bevaqt sarg'ayib hijronning rangi bo'ldi,
Bellarin ko'tarolmay yo'llar belangi bo'ldi,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Endi deganlarida qarchig'ay yigit bo'pdi,
Asta egilib qizni yo o'pmadi yo o'pdi.
Ammo uchib ketdilar lochini bo'lib ko'pdi,
Ammo yurt qon qaqshadi, yurtda qiyomat qo'pdi,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Qaytmadilar va lekin "žnoma’lum"œ deb yozdilar,
Qayda nihon yururlar shuncha qishu yoz ular?
Onalari goh hushli, goh aqldan ozdilar,
Qondoshlar goh ko'nglida go'rlarin ham qazdilar,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Yuragimda achchiq o't, na ginayu na zarda,
Erga sig'may qolaman faqat ba’zan kechlarda.
Leningradda o'lgan balki, qamal,o'chlarda,
Balki Buxenvalddadir, odam yoqar pechlarda,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Qirq yigitni qirq asov toy desam ot bo'lmadi,
Qaytgan turnalar ichra qirq qo'sh qanot bo'lmadi.
Ular qirqta shon bo'ldi, biror isnod bo'lmadi.
Qirchillama bu hayot ammo hayot bo'lmadi,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Qirq yigitni do'l urgan qirqta boqqa mengzadim,
To'fon kelib o'chirgan qirq chiroqqa mengzadim.
Yuragimda o'yilgan qirqta doqqa mengzadim,
Tiklanar choq qulagan qirq bayroqqa mengzadim,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar.

Yigirma million bayroq go'rli-go'rsiz qo'zg'olsa,
Soviyotgan o'choqlar qo'rli-qo'rsiz qo'zg'olsa,
Munkaygan kelinchaklar erli-ersiz qo'zg'olsa,
Bugungi urushqoqlar, Siz ne dersiz qo'zg'olsa,
Qirchillama qirq yigit uyga qaytmagan kunlar!

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:26:18

Qamal kunlarida
Qamal kunlar shahar jim-jim yig'lar odatda,
Sal sharpadan har bir qarich tuprog'i dodlar.
Har eshikdan chiqaverar ko'zlari katta,
Eti borib suyagiga yopishgan zotlar.

Xayolimda kimdir betin qo'ng'iroq chalar,
Qarg'a murda ko'zin cho'qib kelaveradi.
Tobutu go'r etishmagan go'daklar, chollar,
To'p-to'p bo'lib go'rdan chiqib kelaveradi.

Kim chidab jon saqlar ozg'in mushugini eb,
Kim chidamas, aqldan ozib qah-qah solar kim.
Shoir she’rda "žBiz g'alaba qilajakmiz"œ deb,
Muk tushib ish stolida qilar jon taslim.

Tushlarimda qichqiraman, hech kim bermay sas,
Arvohday sob, dardin ichga yutib turadi.
Mevalarmas, o'liklarni tashib ulgurmas,
Jasad ortgan mashinalar o'tib turadi...

Yo'q, fashistlar ostonada qolarlar turib,
Bilolmay bu ado erning kuch, sirlarini,
Mingdan qolgan o'n qasoskor tishin botirib,
Ulug' shahar uzar qamal zanjirlarini!

Qamal kunlar shahar jim-jim, yig'lar odatda...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:26:52

Xato takrorlanmas
Xirosimadagi atom bombasining qurbonlari sharafiga qo'yilgan haykal poyida: "œTinch uxlang, xato mangu takrorlanmaydi!"œ-degan yozuv bor.

Xato takrorlanmas, takrorlanmaydi,
Odam o'ylab, ko'rib tursa har lahza.
Kim alahlab kelgan joyiga qaytdi,
Badanin kuydirib o'q lahcha, lahcha.

Ayol, bolalarni podaday haydab,
Bir saroyga qamab fashist o't qo'ydi,
Sen vaqt topib tez-tez bor o'sha joyga,
Sen shu kultepani yurakka o'ygin.

Komandirning avval bir ko'zin o'yib,
Qo'llarin ustunga mixlab qoqdilar.
Keyin boshdan-oyoq kerosin qo'yib,
Tovonidan oshlab gugurt chaqdilar.

Ko'z oldida suygun eri otildi,
Suygun go'dagiga sanchildi pichoq.
Ayolning gunohi afu etildi,
Ayolga ochildi ishq bilan quchoq.

Shu tun qaro kechdi ayolning tuni,
Bolta bilan fashist boshini uzdi.
Va aqli ham uchdi boshidan uning,
Shodmon qah-qahqasi dunyoni buzdi!

So'ng bor kiyimlarin echinib otdi,
Yovni izlab ketdi, soch yoyib, daydib!
Agar... shu lahzalar chiqmasa yoddan,
Urush-mash’um xato takrorlanmaydi...

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:27:14

Vatan baxti
Urushdan qaytganlar, yo qaytolmagan,
Bevaqt qo'porilgan daraxt otalar.
Qaytib dardin aytgan, yo aytolmagan,
Gung otalar, soqov, karaxt otalar.

Tutun bo'lib qochib chiqqanlar- Vatan,
Buxenvaldning qora mo'rilaridan.
Go'daklarin erga ekkanlar — Vatan,
Qamal kunlarida. Ochlik zo'ridan.

Yupun, och, qamalning izg'irinida,
O'pkasini sovuq olganlar haqqi,
Har xanjarlar hali chiqmay qinidan,
Yov tuprog'i aro qolganlar haqqi.

Yigitga ko'rpaday yopilgan qorlar,
Ochiq ko'zigacha to'lgani haqqi.
Tunda o't-o'lan eb shishgan bemorlar,
Tongda qatorlashib o'lgani haqqi.

Vatan, bul yaralar ketmaydi bitib,
Vatan, Sening noming qon aralash Shon.
Senga kelgan o'qqa ko'ksini tutib,
Farzandlaring shunday bergandilar jon.

Shundan Vatan desam, desam men bayroq,
Ko'ksim og'rir, og'ir, ko'p og'ir bu baxt.
Ko'ksimga o't tushib yonaboshlar bog',
Qo'porila boshlar daraxtlar bevaqt...

Menam bir fidoyi ruh ila bir tan,
Yoz kunlaring yozlab, qishingni qishlab.
Ketyapman, Sen bilan qovushib, Vatan,
Achchiq, aziz baxting tishimda tishlab.

Qayd etilgan


Muhammad Amin  21 Noyabr 2007, 18:27:40

Qaytmayman
"žQaytmayman, burchimni o'tab o'laman"œ-
Qirq ikkinchi yildan yozdim ko'chirib.
Men bugun to'laman, jomday to'laman-
Kechmish to'fonlarni qayta kechirib.

"žQaytmayman, burchimni o'tab..."œ, vo darig',
Qog'ozning qolgani ketgan titilib.
Qirq yilki bu ko'm-ko'k olam sap-sariq,
Yashayman qog'ozday bag'rim sitilib.

Qaysi to'zim bilan o'tkazdim boshdan,
Qirq yil qaytalagan ko'klam, yozni men.
Ko'kragimda yong'in chiqqanda toshday-
Toshday bosdim unga muz qog'ozni men.

Istasang ko'p narsa amalga oshar,
Istadim, shu qog'oz menga yer bo'ldi.
Faqat qo'msagan chog' yigirma yashar,
Istagim yer bo'ldi, ko'nglim yer bo'ldi.

Qaytmayman...ha, men ham qaytmadim faqat,
Umr o'tdi hijronning tutunin yutib.
Ketyapman, ko'ksimga muhrlangan xat,
Sarg'aygan shu qog'oz qo'limdan tutib.

Qaytmadim...mard turib tugayotir jon,
Qaytib, Senga yum-yum yosh quysam, qani?!
Mo'’jiza bo'lsa-yu tirilsang bir on,
Qaytib ko'kragingga bosh qo'ysam, qani?

Qaytmayman, burchimni o'tab o'laman.

Qayd etilgan