Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485243 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 128 B


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:41:39

4/4. Abu Abdulloh Jobir ibn Abdulloh al-Ansoriydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga g‘azotlarning birida edik. Shunda u zot: «Madinada bir qancha odamlar qoldilarki, qaysi yerdan yursangizlar yoki qaysi maydondan o‘tsangizlar, ular sizlar bilan birgadirlar. Chunki ularni (bu yerga sizlar bilan birga kelishdan) bemorliklari to‘xtatib qo‘ydi», dedilar». Boshqa bir rivoyatda esa: «Ular ajr va savobda sizlarga sherikdirlar», deyiladi. Imom Muslim rivoyatlari.

Anasdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Biz Tabuk g‘azotidan Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga qaytib kelayotgan edik. U zot: «Madinada biz bilan birga kela olmay qolgan bir qancha kishilar bor. Biror dara yoki vodiydan o‘tsak, ular ham biz bilan birga bo‘lurlar. Chunki (biz bilan g‘azotga chiqishdan) uzrlarigina to‘xtatib qo‘ygan, xolos», dedilar». Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:41:56

5/5. Abu Yazid Ma’n ibn Yazid ibn Axnasdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. (U zot, otalari va bobolari sahobalardan edi). U kishing otasi Yazid sadaqa qilish niyatida bir qancha dinorlarni chiqarib, masjidda bir kishi huzuriga qo‘ydi. «Men kelib, u dinorlarni olib, uyga qaytdim. Otam: «Allohga qasamki, men (bu sadaqaning) senga berilishini niyat qilmagan edim», dedilar. Bu haqda janjallashib, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga bordik. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ey Yazid, sen niyat qilganingga savob olasan. Ey Ma’n, olgan narsalaring sening haqqingdir», dedilar». Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:42:13

6/6. Sa’d ibn Abu Vaqqosdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. (Bu zot jannatga kirishi bashorat qilingan Asharai mubashsharaning biridirlar.) «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam hajjatu vado’da kasalim og‘irlashganda, holimni so‘ragani keldilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli, ko‘rib turganingizdek, kasalim shu darajaga yetdi. Men badavlat kishiman. Bitta qizimdan boshqa merosxo‘rim yo‘q. Molimning uchdan ikki qismini sadaqa qilaveraymi?» desam, u zot: «Yo‘q», dedilar. «Ey Allohning rasuli, yarmini sadaqa qilaveraymi?» desam, u zot yana: «Yo‘q», dedilar. «Ey Allohning rasuli, uchdan birini sadaqa qilaveraymi?» desam, u zot: «Uchdan biri! Uchdan biri ham ko‘pdir. Sen o‘z merosxo‘rlaringni badavlat qoldirib ketishing, boshqalarga boqimanda, tilanchi qilib ketganingdan yaxshiroqdir. Albatta sen Allohning roziligi uchun biror narsani infoq qilsang, unga ham savob olasan. Hattoki, o‘z xotiningning og‘ziga taom solsang, shunga ham ajr olasan», dedilar. «Ey Allohning rasuli, do‘stlarimdan keyin qolamanmi?» desam, u zot: «Ey Sa’d, agar sen do‘stlaringdan keyin qolib, Alloh roziligini talab qilib biror amal qilsang, darajang yanada ziyoda bo‘ladi. Men umid qilamanki, sen yashaysan. Bir toifa kishilar sendan foydalanib va yana bir qanchasiga sendan nuqson yetadi», deb quyidagicha duo qildilar: «Allohim, sahobalarim hijratlarini oxiriga yetkazgin, ularni orqalariga qaytarmagin». Lekin bechora Sa’d ibn Xavlaga Rasululloh sollalohu alayhi vasallam rahm-shafqat qiladilar. Bu kishi Makkada vafot etadilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:42:22

7/7. Abu Hurayra Abdurahmon ibn Saxrdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Albatta Alloh jismlaringiz va suratlaringizga qaramaydi. Lekin U zot qalblaringizga qaraydi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:42:35

8/8. Abu Muso Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Bahodirlarcha urushgan va qavmining himoyasi uchun kurashgan hamda odamlar ko‘rishi uchun jang qilgan kishilarning qaysi biri Alloh yo‘lida bo‘ladi?» deb so‘ralganda, u zot: «Kimki Allohning kalimasi oliy bo‘lishi uchun urushsa, bas, u Allohning yo‘lidadir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:42:52

9/9. Abu Bakra Nufay’ ibn Horis as-Saqafiydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Agar ikki musulmon bir-biriga qilichlari bilan duch kelsalar, o‘ldiruvchi ham, o‘ldirilgan ham do‘zaxdadir», dedilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli, o‘ldiruvchi-ku tushunarli. O’ldirilgan nimaga (do‘zaxga tushadi)?» desam, u zot: «Chunki u do‘stini o‘ldirishni xohlar edi», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:20:59

10/10. Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining jamoat bilan o‘qigan namozi bozorda va uyida o‘qigan namozidan yigirma necha barobar ziyodadir. U shunday bo‘ladiki, biror kishi tahorat qilsa va uni chiroyli ado etsa, so‘ng masjidga kelsa, ana shu kelishi faqat namoz uchungina bo‘lsa hamda namozgina uni joyidan turg‘izsa, to masjidga borgunicha har bir qadami uchun bir daraja berilib, gunohlari o‘chiriladi. Agar masjidga kirsa, namoz ichida turganlik savobini oladi. Sizlardan biringiz namoz o‘qigan yerida o‘tirib qolsa, farishtalar uning haqqiga quyidagicha duoda bo‘lishadi: «Allohim, unga rahm qil. Allohim, uning gunohlarini kechir. Allohim, bu bandaning tavbasini qabul et, modomiki, bu bandang u yerda biror kishiga ozor bermasa va tahorati ketmasa», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Bu hadis lafzi Muslimniki.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:21:14

11/11. Abdulloh ibn Abbos ibn Abdulmuttalibdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Alloh taolodan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: «Albatta Alloh taolo yaxshi va yomon amallarni yozib, uni quyidagicha bayon qildi: kimki bir yaxshi amalni qasd qilsa-yu ado eta olmasa, Alloh taolo uning uchun O’z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb yozib qo‘yadi. Agar qasd qilsa-yu ado etsa, Alloh taolo unga o‘n yaxshi amaldan yetti yuz yoki undan ham ziyodagacha ajr berur. Agar biror yomon amalni qasd qilsa-yu uni bajarmasa, Alloh taolo o‘z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni qasd qilsa-yu bajarsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:21:47

12/12. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattobdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi so‘zlarni eshitdim: «Sizlardan avval o‘tgan odamlarning uch nafari yo‘lga otlanishdi. Yura-yura, bir g‘ordan panoh topdilar. Ular ichkariga kirishgan edi, tog‘dan bir xarsang tosh ko‘chib tushib, g‘or og‘zini to‘sib qo‘ydi. Shunda ular: «Bu xarsang toshdan faqatgina solih amallarimizni vasila qilib, Alloh taologa duo qilishimizgina najot beradi», deyishdi.

Ulardan biri: «Allohim, mening juda qari ota-onam bor edi. Ulardan oldin xotinim va bolalarimga sut bermas edim. Kunlarning birida giyoh izlab uzoqroqqa ketib qoldim. Qaytib kelsam, ota-onam uxlab qolishibdi. Ularni uyg‘otishni va xotinim hamda bolalarimga ulardan oldin sut berishni karih ko‘rdim. Qadahni qo‘limga ushlab, ota-onamning uyg‘onishlarini kutib turdim, hattoki tong o‘z nurini taratdi. Bolalar ochlikdan oyog‘imga yopishib baqirishardi. Oxiri ota-onam uyg‘onib, sutlarini ichishdi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu tashvishni bizdan aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu, lekin undan chiqib bo‘lmas edi.

Ikkinchisi: «Allohim, bilasan, bir amakimning qizi bor edi. U menga barcha insonlardan sevimli edi. (Boshqa bir rivoyatda: «Kishi xotinini yaxshi ko‘rgandan ham ko‘ra uni qattiqroq yaxshi ko‘rar edim», deyiladi.) Bir bor men uni o‘zimga chaqirdim (ya’ni, qo‘shilish niyatida). U qabul qilmadi. Qachonki, qahatchilik bo‘lgan yillarning birida uning o‘zi huzurimga keldi. Men o‘zi bilan mening oramni xoli qoldirish (ya’ni, xohlaganimni qilaverish) sharti bilan bir yuz yigirma tillo berdim. U bu shartga ko‘ndi. Men undan xohlagan narsamni hosil qilishga qodir bo‘lgan chog‘imda (boshqa bir rivoyatda: «Ikki oyog‘i orasiga o‘tirganimda...» deyiladi), u menga: «Allohdan qo‘rq. Bokiraligimni haq bilan (ya’ni, nikoh bilan) buz!» deganini eshitib, u menga odamlarning eng mahbubi bo‘lishiga qaramasdan, o‘zimni undan tortdim va bergan tillolarimni unda qoldirdim». Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu kulfatni bizdan aritgin», deganida xarsang tosh biroz ochildi-yu lekin undan chiqib bo‘lmas edi.

Uchinchi odam: «Allohim, men bir qancha mardikorlarni yollab ishlatdim. Ularning hammalariga haqlarini berdim. Faqatgina bir kishi haqqini olmay, tashlab ketdi. U qoldirgan haq samara berib, ko‘p mol-davlat keltirdi. Bir muncha vaqt o‘tgandan keyin u kelib: «Ey Allohning quli, haqqimni ber», dedi. Men: «Mana bu ko‘zing oldida turgan tuya, sigir, qo‘y va g‘ulomlar sening haqqing», dedim. U: «Ey Allohning quli, meni masxara qilma!» dedi. Men: «Seni masxara qilmayapman», dedim. U biror narsani qoldirmay, barchasini oldi. Allohim, agar buni Sening roziliging uchun qilgan bo‘lsam, bu balodan bizni qutqargin», deganida xarsang tosh butunlay yo‘l ochib, hammalari g‘ordan chiqishdi». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:22:36

2-BOB
Tavba bayoni


Ulamolar aytishlaricha, har bir gunohga tavba qilish vojibdir. Agar gunoh biror insonga taalluqli bo‘lmasdan Alloh bilan banda orasida bo‘lsa, uning uchta sharti bor: 1) Gunohdan chekinish. 2) Qilgan ishiga pushaymon bo‘lish. 3) Unga aslo qaytmayman, deb qasd qilish. Agar bu uch shartdan biri bo‘lmasa, tavbasi durust bo‘lmaydi.

Agar gunoh insonga taalluqli bo‘lsa, to‘rtta shart bordir: uchtasi yuqorida bayon qilingan shartlardir. To‘rtinchisi - u insonning haqqidan qutilsin. Agar mol yoki shunga o‘xshash narsalar bo‘lsa, egasiga qaytarsin. Agar had lozim bo‘lgan tuhmat va shularga o‘xshashlarni qilsa, uni tortsin, avf hosil qilsin. Agar g‘iybat qilgan bo‘lsa, u kishidan (uzr so‘rab) halollab olsin. Har bir gunohidan tavba qilmog‘i vojibdir. Agar ba’zisidan tavba qilsa, haq ahllari huzurida o‘sha gunohlaridan tavbasi hosil bo‘ladi. Qolgan gunohlari (gardanida) qolaveradi. Bunga Qur’ondan, sunnatdan, ummat ijmo’sidan kelgan dalillar bir-birini quvvatlaydi.

Alloh taolo aytadi:
«Barchalaringiz Allohga tavba qilinglar, ey mo‘minlar! Shoyadki (shunda) najot topsangizlar» (Nur surasi, 31-oyat);

«Parvardigorlaringizdan mag‘firat so‘ranglar, so‘ngra Uning O’ziga tavba qilinglar» (Hud surasi, 3-oyat);

«Ey mo‘minlar, Allohga xolis tavba qilinglar» (Tahrim surasi, 8-oyat).

13/1. Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Allohga qasamki, men bir kunda yetmish martadan ko‘p Alloh taologa istig‘for aytib, Unga tavba qilaman», deb aytganlarini eshitdim». Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan