Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485387 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 128 B


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:23:29

14/2. Ag‘ar ibn Yasar al-Muzaniydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ey insonlar, Allohga tavba qilib istig‘for aytinglar. Chunki men bir kunda yuz marta tavba qilaman», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:23:40

15/3. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam xodimlari Abu Hamza Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo bandasining tavbasidan sizlardan biringiz cho‘lda yo‘qolgan tuyasini topib olganidagi xursandchiligidan ham ziyoda shod bo‘lur», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Muslimning boshqa bir rivoyatlarida: «Alloh taolo bandasi tavba qilganida, shu qadar xursand bo‘ladiki, sizlardan biringizning minib turgan tuyasi qo‘lidan chiqib qochsa, ovqati va suvi tuyada bo‘lsa, u kishi tuyasidan umidini uzib, daraxt soyasi ostida yotganida, qarasaki, tuyasi oldida turgan bo‘lsa, uning tizginidan ushlab: «Allohim, Sen mening bandamdirsan. Va men Sening robbingdirman», deb qattiq xursand bo‘lganidan mana shu tariqa xatoga yo‘l qo‘yadi. Banda tavba qilsa Alloh taoloning xursandchiligi bandasinikidan ortiqroq bo‘ladi», deyiladi.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:23:51

16/4. Abu Muso Abdulloh ibn Qays al-Ash’ariydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo kunduzi gunoh qilganlar tavba etishlari uchun kechqurun rahmat qo‘lini yozadi. Va kechasi gunoh qilganlar tavba etishlari uchun kunduzi rahmat qo‘lini yozadi. Bu narsa quyosh mag‘ribdan chiqadigan kungacha davom etadi», dedilar. (Quyosh mag‘ribdan chiqadigan kun-Qiyomatdir, ya’ni quyosh mashriqdan chiqar ekan, tavba eshiklari ochiqdir. O’ki ruh xalqumga yetgunicha tavba eshiklari ochiqdir.) Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:24:03

17/5. Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kimki quyosh mag‘ribdan chiqishidan oldin tavba qilsa, Alloh taolo uning tavbasini qabul etadi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:24:15

18/6. Abu Abdurahmon Abdulloh ibn Umar ibn Xattobdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Alloh taolo bandasining tavbasini g‘arg‘ara kelgunicha qabul qiladi», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:24:29

19/7. Zirr ibn Hubayshdan rivoyat qilinadi. «Safvan ibn Assol roziyallohu anhu huzurlariga ikki mahsiga mash tortish xususida so‘rash uchun bordim. U zot: «Ey Zirr, seni nima narsa (bu yerga) olib keldi?» dedilar. Shunda men: «Ilm talabi», dedim. U zot: «Albatta farishtalar tolibi ilmning ilm talab qilganidan minnatdor bo‘lib, qanotlarini unga yozishadi», dedilar. Men: «Katta tahorat va siygandan keyin mahsilarga mash tortish haqida qalbimda taraddudlanish asorati bor. Siz esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridansiz. Men huzuringizga «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bu haqda biror narsa eshitganingiz bormi?» deb so‘rash uchun keldim», desam, u zot: «Ha, agar safarda yoki musofir bo‘lsak, uch kecha va kunduz mahsilarimizni yechmay, mash tortishimizni buyurdilar. Junublikdan tashqari katta bo‘shanish, bavl qilish hamda uyg‘ongandan keyin mash tortar edik», dedilar. Men: «Siz muhabbat to‘g‘risida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror narsa eshitganmisiz?» desam, u zot: «Ha, biz Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga edik. Bir payt huzurlarida o‘tirsak, baland ovozli bir sahroyi arab kelib: «Ey Muhammad», deb chaqirdi. U zot uning ovoziga o‘xshatib: «Ha, nima deysan?» dedilar. Men esa unga: «Sening holingga voy bo‘lsin, ovozingni pastlatgin, chunki Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlarida ovozni balandlatishdan hamma qaytarilgan», dedim. Sahroyi arab: «Allohga qasamki, ovozimni pastlatmayman», deb Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: «Kishi bir qavmni yaxshi ko‘radi-da, ularga ergashmagan bo‘ladi, shunda nima bo‘ladi?» deb so‘raganida, u zot: «Kishi Qiyomat kuni yaxshi ko‘rgan kishilari bilan birga bo‘ladi», dedilar. U zot gapirishda davom etib, bir darvozani zikr qildilar. U darvozaning kengligida otliq qirq yoki yetmish yil yuradi. Roviylardan biri Sufyonning roziyallohu anhu aytishlaricha, u darvoza Shom tomonda bo‘lib, Alloh taolo osmon va Yerni yaratgan kuni xalq qilgandir. U darvoza tavba qiluvchilar uchun doimo ochiq bo‘lib, quyosh mag‘ribdan chiqmagunicha yopilmaydi», dedilar». Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:24:43

20/8. Abu Said Sa’d ibn Molik ibn Sinon al-Xudriydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Sizlardan avval o‘tgan ummatlardan bir odam to‘qson to‘qqiz kishini o‘ldirgan edi. Vaqtiki, u odamlardan yer yuzidagi eng olim kishini so‘radi. Ular bir rohibni ko‘rsatishdi. U rohib huzuriga borib to‘qson to‘qqizta odam o‘ldirganini aytib, tavba qilsa, tavbasi qabul bo‘ladimi-yo‘qmi, shu haqda so‘raganida, rohib: «Yo‘q», dedi. U rohibni ham o‘ldirib, o‘ldirgan odamlar sonini yuztaga yetkazdi. So‘ngra yana: «Yer yuzida barchadan olimroq kishi kim?» deb so‘radi. Unga yana bir olim kishi ko‘rsatildi. Olimning oldiga borib u: «Yuz kishini o‘ldirdim, tavbam qabul bo‘ladimi?» deganida, olim: «Ha, kim U bilan tavbang orasini to‘sa olar edi? Sen falon-falon yerga bor. U yerda kishilar Alloh taologa ibodat qilishadi. Sen ham ular bilan birga ibodat qil. O’z yeringga qaytmagin. Chunki u yomon joydir», dedi. Bu so‘zlarni eshitgan bechora yo‘lga tushdi. Yarim yo‘lga yetganida unga o‘lim xabari kelib, rahmat va azob farishtalari janjallasha boshlashdi. Rahmat farishtalari: «U qalbi bilan Allohga yuzlanib tavba qilgan holda», deyishdi. Azob farishtalari esa: «U hech ham yaxshi amal qilmagan», deyishdi. Shunda odam suratidagi farishta kelib, ularning oralarida hakamlik qila boshladi. U: «Shu joydan turib ikki yer orasidagi masofani o‘lchanglar. Qaysi biriga yaqin bo‘lsa, u ham o‘shalardandir», dedi. Ikki yer oralig‘i o‘lchandi. Xohlab (ketib) turgan tarafi yaqin edi. Shunday qilib, uning jonini rahmat farishtalari olishdi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Boshqa bir sahih rivoyatda: «Yaxshi yurtga bir qarich yaqin ekan. U o‘sha shahar ahlidan sanalibdi», deyiladi.

Yana bir boshqa sahih rivoyatda esa quyidagicha aytiladi: «Alloh taolo kelgan tarafdagi yerga uzoq bo‘l deb, borayotgan tarafdagi yerga yaqin bo‘l, deb vahiy qildi. Va: «Ikkovining orasini o‘lchanglar», dedi. Natijada borayotgan tomoniga kelayotgan tarafidan ko‘ra bir qarich yaqin ekan. So‘ng u mag‘firat qilindi».

Boshqa rivoyatda: «Ko‘kragi bilan sudralib, o‘zini o‘sha tomonga oldi», deyilgan.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:35:47

21/9. Abdulloh ibn Ka’b ibn Molikdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. (Abdulloh otalari Ka’b ibn Molikning ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganida yetaklab yurardilar.) Ka’b ibn Molik Tabuk g‘azotida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga bormay qolganlarini quyidagicha so‘zlab beradilar: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam qatnashgan g‘azotlarning Tabukdan boshqa hammasidan qolmadim. Lekin Badr g‘azotiga ham bormasdan qolgandim. Biroq unda bormay qolganlardan biror kishi itob qilinmadi. Chunki Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va musulmonlar Quraysh karvonini to‘sish niyatida chiqishgan edi. Hatto, Alloh taolo ular bilan dushmanlarining orasini va’da qilmagan holda bir yerga jam qilib qo‘ydi. Men Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan «Aqaba» kechasida birga bo‘ldim. Bu kun biz Islomga mustahkam ahd-paymon qildik. Agar Badr voqeasi kishilar orasida mashhur bo‘lsa ham, men Tabuk voqeasini undan kam, deb bilmayman. Tabuk g‘azotida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bilan birga bormay qolganimning boisi bu vaqtda nihoyatda kuchli va badavlat edim. Allohga qasamki, bundan avval tuyamni ikkita qilmagan edim. Bu g‘azotda ikki tuyam bor edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bir g‘azotga borishni xohlasalar, boshqa biriga boradigandek qilib ko‘rsatardilar. Bu g‘azotda boradigan taraflarini aniq qilib ko‘rsatdilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam unga nihoyatda qattiq issiqda chiqdilar.

Safar uzoq bo‘lib, cho‘l yerlardan o‘tish kerak edi. So‘ng ko‘p sonli dushmanga ro‘baro‘ bo‘lish kerak edi. Musulmonlar yaxshi tayyogarlik ko‘rib, g‘amlarini yeb olishlari uchun ularga qaysi tomonga ketayotganlarining xabarini berdilar. Musulmonlar ham ko‘p jamlanishdi. Ularning sonlari yozilmagan edi. Ammo berkinib qolay, deydigan kishi deyarli yo‘q edi. Agar bo‘lsa ham, bilar ediki, uning berkingani Alloh tomonidan vahiy tushmasa, mahfiyligicha qolib ketar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu g‘azotlari mevali daraxtlar soya solib, bu manzara kishiga yoqadigan paytga to‘g‘ri keldi. Menda bunday rohatlarga moyillik bor edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va musulmonlar tayyorgarlik ko‘rishdi. Men ham erta tongda u zot bilan tayyorgarlik qilish uchun borardim-da, lekin biror narsa qilmasdan qaytib kelar edim. Lekin xohlasam, men ham ana shunga qodir edim. Xizmatda bardavom bo‘ldim. Kishilar jiddiy tayyorgarlikda davom etishdi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam va u zot bilan birga musulmonlar jo‘nashdi. Men esa biror narsaga tayyorlanmagan edim. So‘ngra yana erta tongda kelib biror narsa qilmay, qaytdim. Oxiri ular tezlab ketishdi, men esa g‘azotni qo‘ldan boy berib qo‘ydim. Safarga chiqib, ularga yetib olishni qasd qildim. Bu menga nasib qilmadi.

Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ketganlaridan keyin odamlar oldiga chiqdim, biror sog‘ musulmon kishini ko‘rmadim. Ko‘chada faqat munofiqlar va Alloh uzrli qilgan zaiflarni ko‘rardim, xolos. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Tabukka yetib borgunlaricha meni eslamabdilar. Qachonki, Tabukda odamlar orasida o‘tirib: «Ka’b ibn Molikka nima bo‘ldi?» deb so‘rasalar, Bani Salamadan bir kishi: «Ey Rasululloh, uning kiyimlari hamda ikki yoniga nazar solishi (ya’ni, boyligi) bu yerga kelishidan to‘sib qo‘ydi», dedi. Muoz ibn Jabal unga: «Muncha ham yomon so‘z aytding! Allohga qasamki, ey Rasululloh, biz undan faqat yaxshilikni bilamiz», dedilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sukut qilib shu holda turgandilar, bir oqqa burkangan kishini ko‘rdilar. Uni sarob yo‘qqa chiqarib turardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Abu Xaysama bo‘lmagin yana?» dedilar. U haqiqatda Abu Xaysama al-Ansoriy edi. Bu kishi bir so’ xurmo sadaqa qilganida munofiqlar ayblashgan edi». Yana Ka’b aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Tabukdan qaytganliklari xabari kelganida meni g‘am bosa boshladi. Va yolg‘on (uzrlar) o‘ylay boshladim. «Nima bilan ertaga u zotning g‘azablaridan chiqaman?» deb o‘zimga aytar edim. Va xonadonimdagi aqlli kishilardan yordam so‘rar edim. Qachonki, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam kelganliklari xabari tarqalganida mendan botil tadbirlar ketdi. Bildimki, men bu zotdan aslo qutula olmas ekanman. Oxiri rost gapirishga qasd qildim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam erta tongda yetib keldilar.

Odati shariflari-agar safardan kelsalar, avval masjidga kirib ikki rakat namoz o‘qir, so‘ngra kishilar bilan muloqot qilish uchun o‘tirardilar. Bu safar ham shunday qildilar. O’tirganlarida Tabukka bormasdan qolganlar kelib, u zotga uzr aytib qasam icha boshlashdi. Ular sakson necha kishi edilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ularning zohiriy uzrlarini qabul qilib, ulardan bay’at olib, ularga istig‘for aytdilar. Va ichki holatlarini Allohga havola qildilar. Men ham u zot huzurlariga kelib salom berdim. U zot esa menga g‘azabnok holatda tabassum qildilar. So‘ngra: «Kel», dedilar. Men yurib kelib, oldilarida o‘tirdim. U zot menga «Nima sababdan biz bilan bormay qolding yoki borishga ulov sotib olmadingmi?» deganlarida, men: «Ey Allohning rasuli, Allohga qasamki, sizdan boshqa dunyo ahlidan birortasining huzurida o‘tirgan bo‘lsam-ku, uning g‘azabidan uzr bilan chiqib ketar edim. Chunki men fasohatli so‘zamol kishiman. Lekin bilaman, Allohga qasamki, agar bu kun sizga yolg‘on gapirsam, mendan rozi bo‘laverasiz. Biroq tez fursatda Alloh mendan sizni g‘azablantirib qo‘yadi. Agar sizga rost gapni aytsam, o‘zim sizni g‘azablantirib qo‘yaman. Albatta, men Allohdan yaxshi oqibat umididaman. Allohga qasamki, menda uzr yo‘qdir. Siz bilan birga bormay qolgan paytimda har galgidan kuchli va badavlat edim», dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bu kishi haqiqatda rost gapirdi. Turgin, to Allohning hukmi kelguncha kutib tur», dedilar. Bani Salamadan bo‘lgan kishilar mening orqamdan ergashib, «Allohga qasam, biz seni bundan oldin gunoh qilganingni bilmaymiz. Sen boshqa g‘azotga bormaganlar kabi uzr aytmading. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning istig‘forlari sening gunohingga kifoya qiladi», deyishdi. Ular meni malomat qilishda davom etishdi, hatto men Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga qaytib borib yolg‘on gapirishni xohladim.

So‘ngra ularga: «Bu kabi so‘z bilan mendan boshqa ham biror kishi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga keldimi?» desam, ular: «Ha, ikki kishi kelib, sen aytgan so‘zlarni aytdi. Senga aytilgan javob ularga ham aytildi», deyishdi. «Ular kim ekan?» desam, ular: «Murora ibn Rabiy’ al-Amriy va Hilol ibn Umayya al-Voqifiylar», deyishdi. Menga ikki solih kishini zikr qilishdiki, har ikkovi ham Badr ishtirokchilari bo‘lib, iqtido qilishga munosibdir, deb qilgan qarorimdan qaytmadim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam g‘azotga bormay qolganlar orasidan biz uch kishi bilan so‘zlashishni man qildilar. Va bu hukm ila xalq bizdan chetlandi. Hatto, yer ham men bilgan yerdan o‘zgacha bo‘lib qoldi. Biz mana shu holatda ellik kecha turdik. Ammo ikki sherigim ojizlashib ketishdi. Ular uylarida o‘ltirib olib faqat yig‘lashardi. Men esa qavmning yoshi va bardoshlisi bo‘lganim uchun (ko‘chaga) chiqib, musulmonlar bilan birga namozda ishtirok etar edim. Va yana bozorlarni aylanardim. Hech kim men bilan gaplashmas edi. Yana Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga borar edim. U zot namozdan keyin bo‘ladigan majlisda o‘ltirganlarida, borib salom berardim-da, o‘zimga o‘zim: «U zot salomga alik olayotib, lablarini qimirlatdilarmi yoki yo‘qmi?» deb, u zotga yaqin turib namoz o‘qirdim. Shu asnoda o‘g‘rincha nazar solardim. Agar namozga yuzlansam, u zot menga nazar solardilar. Agar u zot tomonga qarasam, mendan yuz o‘girib olardilar. Qachonki, kishilarning jafolari menga nisbatan uzayib ketganda men uchun sevimli bo‘lgan amakimning o‘g‘li Abu Qatodaning bog‘i devoridan tirmashib tushdim-da, unga salom berdim. Allohga qasam, u ham salomimga alik olmadi. Men unga: «Ey Abu Qatoda, Allohning nomi ila sendan so‘rayman, men Alloh va rasulini yaxshi ko‘rishimni bilasanmi?» desam, u sukut qildi. Ikkinchi bor so‘radim. Sukut qildi. Uchinchi bor so‘raganimda: «Alloh va Uning rasuli biluvchiroq», degandi, men ikki ko‘zimdan yoshimni oqizib, devordan tirmashib orqamga qaytib ketdim. Men Madina bozorlarida yursam, Madinaga don sotgani kelgan Shom dehqonlaridan biri: «Kim menga Ka’b ibn Molikni ko‘rsatib qo‘yadi?» dedi. Odamlar menga ishora qilishdi. U mening oldimga kelib o‘asson podshohi tomonidan bitilgan bir maktubni uzatdi. Unda quyidagilar bitilgan edi: «Bizga xabar yetdiki, sening do‘sting (boshlig‘ing) senga jafo qilibdi. Alloh xo‘rlik va zoe bo‘linadigan yerda turishni majbur qilmagan. Bizning huzurimizga kel, biz senga (g‘amxo‘rlik qilib) tasalli beramiz». Bu maktubni o‘qigan paytimda «Bu ham musibat-balolarning bir ko‘rinishidir», dedim. Maktubni tandirga tashlab yoqib yubordim.
 
Qirq kun ham o‘tdiki, vahiy to‘xtab qolgan edi. Nogahon Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlaridan bir elchi kelib: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam xotiningdan alohida bo‘lmoqni buyuryaptilar», dedi. Men: «Taloq qilaymi? Nima qilay?» dedim. U: «Faqat alohida bo‘lib, yaqinlashma», dedi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bu hukmni ikki birodarimga ham yuborgan edilar. Men xotinimga: «Sen o‘z uyingga borib, to Alloh tomonidan hukm tushguncha u yerda turgin», dedim. Hilol ibn Umayyaning xotini Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Allohning rasuli, Hilol ibn Umayya bechora qari kishi bo‘lib, xizmatkori ham yo‘q. Men uning xizmatini qilishimdan norozimisiz?» desa, u zot: «Yo‘q, lekin u senga yaqinlik qilmasin», dedilar. Buni eshitgan xotin: «Allohga qasam, bunga harakat qilishga qudrati ham yo‘q. U bechora ana shu ish bo‘lgandan beri shu kungacha yig‘lash bilan ovora», dedi. Mening ham ahllarimdan ba’zilari: «Sen ham Hilol ibn Umayyaning xotini so‘ragani kabi xotiningning xizmati to‘g‘risida Rasulullohdan sh izn so‘ra», deyishdi. Men: «Izn so‘ramayman. Chunki Rasululloh sollalohu alayhi vasallam nima deb aytishlarini bilmayman. Men yosh yigit bo‘lsam», dedim. Mana shu holatda yana o‘n kun turdim. Gaplashish man qilingan kunning elliginchisida uyimning tepasida bomdod namozini o‘qidim. Ana shu o‘ltirgan holimda Allohni zikr qildim. Yuragim siqilib, yer keng bo‘lishiga qaramay, torayib ketgandek bo‘lib turgan bir paytda nogahon Sal tepaligiga chiqib olib (Abu Bakr Siddiq) baland ovozi ila: «Ey Ka’b ibn Molik, xursandlik xabari», deb baqirayotganini eshitdim. O’sha zahoti xursandchilik soati kelganini bilib, sajdaga yiqildim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bomdod namozini o‘qib bo‘lgach, Alloh bizlarning tavbamizni qabul etganini e’lon qilibdilar. Odamlar men va ikki birodarimga xursandchilik xabarini berishga shoshilishibdi. Bir kishi mening oldimga ot mingan holda chopib keldi. Yana bir kishi Aslam qabilasidan piyoda keldi. Bu kishi tog‘ oshib kelib baland ovoz ila bashorat berdi. Uning ovozi otdan ham tezroq edi. Mening huzurimga xushxabar olib kelib baqirgan kishiga xursand bo‘lganimdan ustimdagi ikki kiyimimni yechib, unga kiygizib qo‘ydim. Allohga qasamki, o‘sha kunlarda u ikki kiyimimdan boshqasiga ega emas edim. Endi men ikki kiyimni qarzga olib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga jo‘nadim. Odamlar yo‘lda to‘da-to‘da bo‘lib tavba qabul bo‘lgani bilan meni tabriklashardi. Ular menga: «Alloh taolo tavbangni qabul qilgani ila tabriklaymiz», deyishar edi. Men masjidga kirdim. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam o‘tirgan ekanlar. Atroflarida esa odamlar o‘tirishibdi. Shunda Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhu men tomon yugurib, men bilan qo‘l berib so‘rashib tabrikladilar. Allohga qasamki, Talhadan roziyallohu anhu boshqa muhojirlardan biror kishi turmadi.

So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salom bersam, u zot xursand bo‘lganlaridan yuzlari yarqirab ketdi. U zot: «Tug‘ilganingdan beri o‘tgan kunlarning yaxshisi bilan xursandlik xabarini beraman», dedilar. «Ey Allohning rasuli, bu xushxabar siz tarafingizdanmi yoki Alloh tomonidanmi?» desam, u zot: «Yo‘q, bu Alloh azza va jalla tomonidan», dedilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam agar xursand bo‘lsalar, shu darajada yuzlari nurlanib ketardiki, guyoki oy parchasiga o‘xshab qolardi. Biz buni bilar edik. Shu payt Rasululloh sollalohu alayhi vasallam oldilarida o‘tirib: «Ey Allohning rasuli, men bu tavbamning qabul etilgani uchun barcha mollarimni Alloh va rasuli yo‘liga sadaqa qilaman», desam, u zot: «Molingning ba’zisini o‘zing uchun olib qo‘y. Bu sen uchun yaxshi bo‘ladi», dedilar. Men: «Xaybardagi ulushimni olib qolaman. Ey Allohning rasuli, albatta Alloh mening rostgo‘yligim sababidan najot berdi. Endi tavbamning natijasi shu bo‘lsinki, umrimning qolgan qismida faqat rost gapiray. Allohga qasamki, rost so‘zlaganim uchun Alloh menga bergan fazl-in’omini hech kimga qilmaganini bilaman», dedim. Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bu so‘zlarni zikr qilganimdan beri bu kungacha biror kalima yolg‘on ishlatishni qasd qilmadim. Alloh qolgan umrimda ham yolg‘ondan saqlashini umid qilaman». Ka’b ibn Molik Allohning quyidagi oyatlarni nozil qilganligini ham aytib o‘tganlar:

«Haqiqatan Alloh payg‘ambarning, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul qildi. Ulardan bir guruhining dillari (g‘azotdagi mashaqqat va tashnalik sababli) toyilayozganidan keyin og‘ir soatda unga (ya’ni, payg‘ambarga) ergashgan edilar. So‘ng ularning tavbalarini (Alloh) qabul qildi. Albatta, U zot mo‘minlarga marhamatli, mehribondir. Yana o‘sha uch kishining (tavbalarini ham qabul qildiki), to ularga keng yer torlik qilib qolguncha va dillari siqilib, Allohning (g‘azabidan) faqat O’ziga tavba qilish bilangina qutulish mumkin ekanini bilgunlaricha (tavbalari) qoldirilgan edi (ya’ni, tavba qilishga muvaffaq bo‘lmagan edilar). So‘ngra (Alloh) tavba qilishlari uchun ularga tavba yo‘lini ochdi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qilguvchi, mehribondir. Ey mo‘minlar, Allohdan qo‘rqingiz va iymonlarida rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz» (Tavba surasi, 117-119-oyatlar).

Ka’b roziyallohu anhu yana davom etadilar: «Alloh taolo meni Islomga hidoyat qilganidan keyingi bergan ne’matlarining eng kattasi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlarida rost gapirishga muvaffaq qilganidir. Agar yolg‘on so‘zlaganimda men boshqa yolg‘on so‘zlab halok bo‘lganlar kabi halok bo‘lardim, chunki Alloh taolo vahiy nozil qilayotgan paytda yolg‘on gapirganlarni biror kishiga aytmaydigan yomon va’idlar ila tilga olyapti:

«Ularning oldiga qaytib borgan vaqtlaringizda ulardan yuz o‘girishlaringiz (ya’ni, ayblamasliklaringiz uchun sizlarga ularning rostdan ham uzrli ekanliklariga) Alloh nomi bilan qasam ichadilar. Bas, ulardan yuz o‘giringlar! Chunki ular nopokdirlar va qilib o‘tgan narsalarining (ya’ni, munofiqliklari) jazosiga joylari jahannamdir. Ulardan rozi bo‘lishlaringiz uchun sizlarga qasam ichadilar. Agar sizlar ulardan rozi bo‘lsangizlar ham, Alloh bu itoatsiz qavmdan hech rozi bo‘lmaydi» (Tavba surasi, 95-96-oyatlar).

Biz uch nafarning ishimiz keyinga surilgan edi. Boshqalar qasam ichib bay’at qilishganida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam ulardan buni qabul qilib, ularga mag‘firat talab qilgandilar. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam bizni keyinga qoldirdilar, hatto Alloh taoloning O’zi: «O’sha uch kishining (tavbalarini qabul qildiki) ...» (Tavba surasi, 118-oyat) so‘zi bilan hukm qildi. Bu so‘zdagi «orqada qolganlar»dan maqsad g‘azotdan orqada qolganimiz emas, balki qasam ichib uzr aytib, uzrlari qabul qilinganlardan avf etilishida orqada qolganimizdir» Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Boshqa bir rivoyatda: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga payshanba kuni chiqdilar, u zot g‘azotga payshanba kuni chiqishni yaxshi ko‘rardilar», deyiladi.

Va yana boshqa bir rivoyatda aytiladi: «Rasululloh sollalohu alayhi vasallam safardan keladigan bo‘lsalar, kunduzi choshgoh vaqtida kelib avval masjidga borar, ikki rakat namoz o‘qib, keyin o‘tirardilar».

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:36:24

22/10. Imron ibn Husayn al-Xuzoiydan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Juhayna qabilasidan bo‘lgan bir ayol zinodan homilador bo‘lib, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga keldi. Va: «Ey Allohning rasuli, menga had (shar’iy jazo) lozim bo‘ldi. U jazoni menda qoim qiling», dedi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uning valiysini chaqirib: «Unga chiroyli muomalada bo‘l. Agar bolasini tug‘sa, mening huzurimga u ayolni olib kelgin», dedilar. Valiysi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam aytganlarini qildi. Ayol keltirilgach, Rasululloh sollalohu alayhi vasallam U xotinning kiyimlarini bog‘lab, toshbo‘ron qilishga buyurdilar, hukm ijro etildi. So‘ngra Rasululloh sollalohu alayhi vasallam unga janoza namozi o‘qidilar. Buni ko‘rgan Umar 4&: «Ey Allohning rasuli, zino qilgan ayolga ham namoz o‘qiysizmi?» deganlarida, u zot: «Bu ayol shu darajada tavba qildiki, agar Madina ahllaridan yetmishtasi orasida bu taqsim qilinsa, ularga mo‘l-ko‘l bo‘lardi. Sen o‘z nafsini Alloh azza va jallaga fido qilgandan ham afzal kishini ko‘rganmisan?» dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 15:36:48

23/11. Ibn Abbos va Anas ibn Molikdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Agar odam bolasining bir vodiy tillasi bo‘lsa, u kishi ikki vodiy tillosi bo‘lishini yaxshi ko‘radi. Uning og‘zini qabr tuprog‘idan boshqa narsa to‘ldira olmaydi. Alloh tavba qiluvchilarning tavbasini qabul qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan