666/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Boshlig‘ingga qiyinchilikda ham, yengilchilikda ham, xursandlikda ham, xafalikda ham, haqqingni bermaganida ham, eshitib itoat qil!» dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
667/6. Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga safarda yurib, bir manzilga tushdik. U yerda kimdir kapasini tuzatayotgan edi. Va kimdir o‘q otish musobaqasi ila mashg‘ul edi. Va yana kimdir hayvonlarini o‘tlatayotgan edi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) jarchilaridan biri jar solib, jamoat namoziga chaqirdi. Biz u zot huzurlariga jamlandik. U zot: «Mendan oldin biror payg‘ambar kelgan bo‘lsa, bilgan yaxshilikka o‘z ummatini dalolat qilib, bilgan yomonlikdan o‘z ummatini ogohlantirish uning zimmasidadir. Albatta, bu ummatning avvalgi avlodiga ofiyat nasib qilingandir. Ummatning oxirgi avlodiga esa balolar va inkor qilinadigan ishlar bo‘ladi. Shunaqa fitnalar bo‘ladiki, ba’zisi (katta bo‘lganidan) ba’zisini tekislab ketadi. Va yana bir fitna paydo bo‘ladiki, mo‘min kishi uni ko‘rganda mana shu halok qiladi, deydi. Keyin undan bu fitna ketadi. Va yana har xil fitna bo‘ladi. Mo‘min kishi: «Bu meni halok qiladi. Bu meni halok qiladi», deydi. Kim do‘zaxdan uzoqlashib, jannatga kirishni istasa, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirib o‘lsin. Va o‘ziga qanday muomala qilinishini yaxshi ko‘rsa, odamlarga ham shunday muomala qilsin. Kim bir imomga qo‘lini berib, chin qalbdan bay’at qilgan bo‘lsa, qodir bo‘lgunicha itoat etsin. Agar ikkinchi imom chiqib, o‘sha bay’at qilgan birinchi imomi bilan nizo qilsa, o‘sha ikkinchisining gardaniga uringlar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari.