Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485066 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 65 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:22:08

TAOM ODOBLARI KITOBI

100-BOB
Taomning avvalida «Bismillah» va oxirida «Alhamdulillah» deb aytishning fazilati haqida


726/1. Umar ibn Abu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) menga: «Taomning avvalida «Bismillah» degin, o‘ng qo‘ling bilan yegin va o‘z oldingdan yegin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Imom Navaviyning fikrlaricha, ovqat xususida shunday qilish joiz. Lekin mevada esa xohlagan joyidan tanlab yeyaveradi.

727/2. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar sizlardan biringiz (ovqat) yeydigan bo‘lsa, ana shu taomning avvalida Alloh ismini zikr qilsin (ya’ni, «Bismillah»ni aytsin). Agar avvalida Alloh ismini zikr etishni unutsa, «Bismillahi avvalahu va oxirahu», deb aytsin», dedilar. (Ma’nosi: «Ovqatning avvali va oxiriga bismillah») Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:22:16

728/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasulullohdan (s.a.v.) quyidagilarni eshitdim: «Kim uyiga kirayotganida va taom paytida Allohni zikr qilsa, shayton sheriklariga: «Sizlarga yotoq ham, ovqat ham yo‘q», deb aytadi. Kim uyiga kirayotib, Allohni zikr qilmasa, shayton sheriklariga: «Yotoqlaringizga yetishdingiz», deydi. Taom paytida ham Allohni zikr qilmasa, shayton sheriklariga: «Ovqatga ham, yotoqqa ham yetishdingiz», deydi». Imom Muslim rivoyatlari.

729/4. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Agar Rasululloh (s.a.v.) bilan birga ovqat tanovul qilgani o‘tirsak, u zot qo‘llarini uzatmagunlaricha biz uzatmas edik. Bir gal u zot bilan birga taomda bo‘lganimizda bir qiz kelib, ovqatga qo‘l uzatishga shoshayotganida u zot qo‘lidan ushlab chetga olib qo‘ydilar. Keyin bir a’robiy kelib, u ham uzatmoqchi bo‘lganida Rasululloh uning ham qo‘lidan ushlab, chetga olib qo‘ydilar. So‘ngra u zot: «Albatta, shayton Alloh ismi zikr qilinmagan ovqatni o‘ziga halol qilib oladi. U (shayton) ovqatni halol qilish uchun bu qizcha bilan keldi. Men uning qo‘lidan tutdim. So‘ngra ovqatni halol qilish uchun bu a’robiy bilan keldi. Uning ham qo‘lidan tutdim. Mening nafsim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, u (shayton)ning qo‘li ular ikkovining qo‘li bilan mening kaftimdadir», dedilar. Keyin Alloh ismini zikr qilib, ovqat tanovul qildilar». Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:22:25

730/5. Umayya ibn Maxshiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) o‘tirgan edilar. Bir kishi ovqat tanovul qilib, oxirgi luqma qolguncha Alloh ismini zikr qilmadi. Qachonki, oxirgi luqmani og‘ziga solayotganida «Bismillahi avvalahu va oxirahu» (ya’ni, avvali-yu oxiriga Allohning ismi bilan), deb aytdi. Buni kuzatib turgan Rasululloh (s.a.v.) kuldilar, so‘ngra u zot: «Shayton uning ovqatiga sherik bo‘lib tanovul qilayotgan edi. Qachonki, bu kishi Alloh ismini zikr qilganida qornidagini qayt qilib yubordi», dedilar. Abu Dovud va Nasaiy rivoyatlari.

Foyda: Agar ovqat va ichimlik tanovul qilinayotganida Allohning ismi zikr qilinmasa, albatta shayton unga sherik bo‘lishi uqtirilmoqda. Bu hadisning sharhida aytilishicha, Rasululloh (s.a.v.) bu kishining «Bismillah»ni tark qilganini ish oxirida bildilar. Agar avvalda bilganlarida jim turmasdan eslatar edilar.

731/6. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) sahobalardan olti nafari bilan ovqatlanayotgan edilar. Shunda bir a’robiy kelib, o‘sha ovqatdan ikki luqma bilan hammasini yeb qo‘ydi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar u Allohning ismini zikr qilganida, sizlar to‘yar edingiz», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:22:32

732/7. Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) dasturxon yig‘ishtirib olingach: «Alhamdulillahi hamdan kasiran tayyiban muborakan fiyhi g‘oyra makfiyyin vala mustag‘nan ‘anhu Robbana», der edilar. (Ma’nosi: Allohga beadad pok, muborak maqtov bo‘lsinki, Undan o‘zga kifoyatchi yo‘q. Senga muhtoj bo‘lmagan kimsa yo‘qdir, ey Rabbimiz). Imom Buxoriy rivoyatlari.

733/8. Muoz ibn Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim taom yeb, so‘ngra «Alhamdu lillahil laziy at’amaniy haza va rozaqoniyhi min g‘oyri havlin minniy vala quvvatin», deb aytsa, uning avvalgi gunohlari kechiriladi», dedilar. (Ma’nosi: «Mening kuch-quvvatimni ketkizmay, mana bu rizq ila taomlantirgan Allohga hamd bo‘lsin».) Abu Dovud va Termiziylar rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:22:50

101-BOB
Taomni ayblamay, uni maqtashning mahbubligi haqida


734/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) hech vaqt taomni ayblamadilar. Agar ishtahalari bo‘lsa, undan yedilar. Agar ko‘ngillari tusamasa, uni tark qildilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Rasulullohga (s.a.v.) ergashgan holda musulmon kishi taomni ayblamasligi lozim. Chunki taomni ayblash mutakabbirlik va haddan oshishlik belgisidir.

735/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ahliyalaridan nonxo‘rak so‘radilar. Shunda ular: «Bizda faqat sirka bor», deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) uni keltirishni buyurdilar. Va uni yeyaturib: «Muncha ham yaxshi bu nonxo‘rak sirka, muncha ham yaxshi bu nonxo‘rak sirka», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Foyda: Ozgina yegulik narsa olib kelinsa ham uni maqtab qo‘yishning mahbubligi ayon bo‘lmoqda.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:23:02

102-BOB
Ro‘zador kishi taomga taklif qilinsa og‘zini ochishni
xohlamaganda aytadigan narsalar to‘g‘risida


736/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar sizlardan biringiz taomga chaqirilsa, qabul qilsin. Bordiyu ro‘zador bo‘lsa, uning haqqiga duo qilsin. Og‘zi ochiq bo‘lganda esa, ovqatlansin», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:23:12

103-BOB
Biror kishi ovqatga chaqirilsayu u o‘zi bilan boshqa bir kishini
ergashtirsa, aytiladigan narsalar


737/1. Abu Mas’ud al-Ansoriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi besh kishilik taom hozirlab, beshinchisi etib Rasulullohni (s.a.v.) ham chaqirdi. Rasululloh (s.a.v.) o‘zlari bilan boshqa bir kishini olib keldilar. Uning eshigi oldiga yaqinlashganlarida u zot uy egasiga: «Bu kishi menga ergashib keldi. Agar xohlasang, bunga izn ber, kirsin. Agar xohlamasang, qaytib ketadi», deganlarida, uy egasi: «Ey Allohning Rasuli, uning kirishiga izn beraman», deb aytdi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:23:24

104-bob
Taomni o‘z oldidan yeyish hamda beodoblik ila ovqatlanadigan
kishini tartibga chaqirib nasihat qilish haqida


738/1. Umar ibn Abu Salamadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men yoshlik paytimda Rasulullohning (s.a.v.) qaramog‘larida bo‘lganimda, qo‘limni laganning har tomoniga uzatib (ovqatlanayotganimda), u zot: «Bolam, Alloh ismini zikr qilib, o‘ng qo‘ling bilan yeb, o‘zingning tarafingdan tanovul qilgin», deb aytdilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

739/2. Salama ibn Akva’dan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida chap qo‘li bilan taom tanovul qildi. U zot: «O’ng qo‘lingda yegin», dedilar. Haligi kishi: «Bunga qodir emasman», dedi. Rasululloh (s.a.v.) «Qodir ham bo‘lmagin», bunday qilishdan faqat mutakabbirligi man qildi xolos, dedilar. Shundan keyin haligi kishi (o‘ng) qo‘lini og‘ziga ko‘tara olmadi. Imom Muslim rivoyatlari.

Foyda: Bu yerda Rasulullohning (s.a.v.) mo‘‘jizalari sodir bo‘ldi. Bu kishi qo‘lini ko‘tarishga qodir bo‘la olmadi. Ana shu kishining ismi Busr ibn Ro’iydir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:23:48

105-BOB
Jamoat bilan ovqatlanganda xurmo va shunga o‘xshash mevalarni
bir luqmada ikkitadan tanovul qilishdan qaytarish, bu faqat
birodarlari izni bilangina joizligi haqida


740/1. Jabala ibn Suhaym (r.a.) rivoyat qilib aytdilar: «Ibn Zubayr bilan birga (yashaganimizda) bizga ochlik yetdi. So‘ngra rizqlandik. (Yegulik) tanovul qilayotganimizda, oldimizdan Abdulloh ibn Umar (r.а.) o‘tib: «Bir luqmada ikki xurmo yemanglar. Chunki Rasululloh (s.a.v.) ana shunday qilishdan qaytarganlar. Faqat birodaring izn bersa, joiz, deganlar», deb aytdilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:24:00

106-BOB
Yeb to‘ymaydigan kishining aytishi lozim bo‘lgan zikrlar


741/1. Vahshiy ibn Harbdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) sahobalari: «Ey Rasululloh, biz yeymiz-u, ammo to‘ymaymiz», deyishganida, u zot: «Sizlar tafriqa bo‘lib yesangizlar kerak-da», deganlarida, ular: «Ha», deb javob berishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Taomingizni jam bo‘lib yenglar. Alloh ismini zikr qilinglar. Alloh o‘shanda sizlarga baraka ato qiladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

Foyda: To‘planib, jamlanib va «Bismillah»ni aytib yeyish baraka hosil bo‘lishiga hamda qorin to‘yishiga sabab bo‘ladi.

Qayd etilgan