Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485467 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 94 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:29:19

240-bob
Oldi-sotdi, oldi-berdi va qarz berish-qarz olishda muloyim bo‘lish hamda o‘lchash va tortishda ko‘paytirib berishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz, Alloh uni bilguvchidir» (Baqara surasi, 215-oyat);

«Ey qavmim, o‘lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yerda buzg‘unchilik bilan sanqib yurmangiz» (Hud surasi, 85-oyat);

«(O’lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir. Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda - barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?» (Mutaffifun surasi, 1-6-oyatlar) deb aytgan.

1366/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohdan (s.a.v.) qarzini qo‘pollik bilan talab qildi. Bu narsani ko‘rib sahobalar (uni jazolashga) qasd qilishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Qo‘yinglar, chunki haqdor kishining so‘zlashga haqqi bor», dedilar. Keyin u zot: «Tuyaga teng tuya beringlar», degan edilar, sahobalar: «Ey Allohning rasuli, uning tuyasi kabi kichigi yo‘q ekan, undan kattasi bor ekan, xolos», deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Beraveringlar, sizlarning yaxshilaringiz qarzini chiroyli tarzda to‘lovchilaringizdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1367/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oldi-sotdida va qarzni talab etishda muloyimlik qilgan kishiga Alloh rahm etsin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:29:25

1368/3. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «qiyomat kuni kimni Allohning qiyinchiliklardan xalos etishi xursand qilsa, qarz bergan bo‘lsa, uni tez to‘lashga majburlamasin yoki bergan qarzini kechib yuborsin», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1369/4. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir kishi odamlarga qarz berib yurar edi. Va o‘z yaqinlariga: «Agar qarzdor kishi qarzini bera olmasa, undan olmay kechib yuborgin. Shoyadki, Alloh bizdan ham qilgan gunohlarimizni kechib yuborsa», der ekan. Qachonki, u vafot etib Allohga yo‘liqqanida, Alloh ham uning gunohini kechib yubordi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:29:36

1370/5. Abu Mas’ud al-Badriydan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan avval o‘tganlardan bir kishi hisobga chaqirildi. Uning nomai a’molida biror yaxshilik topilmadi. Lekin bu kishi hayotlik paytida badavlat bo‘lib, odamlarga aralashib yurardi. Va o‘ziga qarashli bolalarga qiynalib qolgan kishilarning qarzidan kechib yuborishni buyurardi. Alloh taolo: «Kechib yuborishga undan ko‘ra Biz haqlimiz. Uning gunohini kechirib yuboringlar», dedi», de dil ar. Imom Muslim rivoyati.

1371/6. Huzayfadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Alloh taolo huzuriga bir badavlat kishi olib kelindi. Alloh taolo unga: «Dunyo hayotida nima qilding?» deydi. (Huzayfa (r.a.) «qiyomatda Allohdan hech bir so‘zni yashirmaslar» oyatini o‘qidilar.) Bu kishi: «Ey Rabbim, menga mol-dunyoni berding. Men odamlar bilan oldi-sotdi qilar edim. Odatlarimdan biriga ko‘ra, o‘ziga to‘qlarga qarz bergan bo‘lsam, muloyim muomala qilar edim. Agar qiynalib turgan kishiga qarz bersam, to‘lash uchun uzoq muhlat berar edim», dedi. Shunda Alloh taolo: «Sendan ko‘ra kechib yuborishga Men haqlidirman. Uning gunohini kechirib yuboringlar», deydi.

Uqba ibn Omir va Abu Mas’ud Ansoriylar: «Biz Rasululloh (s.a.v.) og‘izlaridan mana shunday eshitdik», deyishdi (Imom Muslim rivoyati).

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:29:44

1372/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim qarzini to‘lashga qurbi yetmagan kishiga to‘lashi uchun muhlat bersa yoki kechib yuborsa, Alloh taolo biror soya yo‘q kunda (qiyomat kunida) Arshdagi O’z soyasi ila soyalantiradi», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1373/8. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bu kishidan bir tuya sotib oldilar. Va pulini ko‘paytirib berdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1374/9. Abu Savfon Suvayd ibn Qaysdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Men va Mahrama Abdiy ikkovimiz Bahrayn yaqinidagi Hajar nomli shahardan kiyimlar olib keldik. Rasululloh (s.a.v.) huzurimizga kelib ishtonlarni baholashdilar. Mening bir tarozibonim bor edi. U haq olish evaziga narsalarimni tortib berar edi. Rasululloh (s.a.v.) o‘sha tarozibonimga: «Tortgin va biroz og‘irlatgin», dedilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:06

ILM KITOBI

241-bob
Ilmning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Va ayting: «Parvardigorim, ilmimni yanada ziyoda qilgin» (Toha surasi, 114-oyat);

«Ayting: «Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat);

«Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja-martabalarga ko‘tarur» (Mujodala surasi, 11-oyat);

«Allohdan bandalari orasidagi olim-bilimdonlarigina qo‘rqur» (Fotir surasi, 28-oyat), deb aytgan.

1375/1. Muoviyadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, dinda faqih qilib qo‘yadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1376/2. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki kishiga hasad qilish joiz. Birinchisi - Alloh taolo bir kishiga mol-dunyo bersa, u kishi o‘sha mol-dunyoni haq yo‘lda infoq qilsa. Ikkinchisi - Alloh taolo bir kishiga hikmat (ilm) ato etsa, u kishi o‘sha ilmi bilan hukm qilib va o‘sha ilmidan odamlarga ta’lim bersa», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: bu hadisdagi hasad havas ma’nosidadir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:17

1377/3. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh men bilan yuborgan hidoyat va ilmning misoli xuddi yerga tushgan yomg‘irga o‘xshaydi. U yer yaxshi bo‘lib, suvni o‘zida qabul qiladi, o‘t-o‘lan va o‘simliklarni o‘stiradi. Uning ba’zi joylari qattiq bo‘lib, o‘zida suvni to‘playdi. Bu suv bilan Alloh insonlarni naflantiradi. U suvdan ichib, boshqa narsalarini sug‘orib, ekinlariga ham quyadilar. Yana boshqa joylari tekis bo‘lib, o‘zida suv to‘plamaydi hamda o‘t-o‘lan o‘stirmaydi. (Avvalgi) misol xuddi Allohning dinida faqih bo‘lgan kishiga o‘xshaydi. Alloh men bilan yuborgan narsa unga manfaat berib, o‘zi o‘rganib, boshqalarga ham o‘rgatadi. (Ikkinchisining) misoli beparvo bo‘lib, boshini ham ko‘tarib qo‘ymagan kishiga o‘xshaydi. (Uchinchisi) menga yuborilgan Allohning hidoyatini qabul qilmagan kishiga o‘xshaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1378/4. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Aliga (r.a.): «Allohga qasamki, Alloh sen sababli bir kishini hidoyat qilmog‘i senga beriladigan qizil tuyadan ham yaxshiroqdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: qizil tuya o‘sha paytda arablarning eng qimmatbaho mulki edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:24

1379/5. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mendan agar bir oyat eshitsangizlar ham, uni kishilarga yetkazinglar. Bani Isroil haqidagi narsalarni gapiraveringlar. Buning zarari yo‘q. Kim men aytmagan so‘zni naql qilsa, o‘zi uchun jahannamdan joyini tanlab qo‘yaversin», deb aytdilar. Imom Buxoriy rivoyati.

1380/6. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim ilm talabida bir yo‘lga qadam qo‘ysa, Alloh taolo u bandaga jannat yo‘lini oson qiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:31

1381/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) : «Kim biror kishini hidoyatga chaqirsa, chaqiruvchiga ergashuvchining savobidek ajr beriladi. Bu bilan ergashuvchining savobidan hech narsa kamaytirilmaydi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1382/8. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar inson vafot etsa, uning amali to‘xtab qoladi. Faqat uch narsada to‘xtamaydi, ya’ni nomai a’moliga yozilib boradi: 1. Sadaqai joriya, ya’ni kishilarga manfaati yetadigan yo‘lda qilingan sadaqa, ehson. 2. Manfaatli ilm, ya’ni ta’lim berilgan ilm va yozib qoldirilgan asar. 3. Ota-onasiga duo qiluvchi solih farzandning ortda qoldirilishi», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:41

1383/9. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ogoh bo‘ling, albatta dunyo va undagi narsalar la’natlangandir. Faqatgina Allohning zikri, shunga yaqin narsalar hamda ilm beruvchi va ilm oluvchilar bunday emas», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1384/10. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim ilm talabida (ko‘chaga chiqsa), toki qaytib kelgunicha Alloh yo‘lida, ya’ni toatidadir», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:30:52

1385/11. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min kishi oxiri - nihoyasi jannat bo‘lmaguncha yaxshilikka to‘ymaydi», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1386/12. Abu Umomadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Obidga qaraganda olimning fazli xuddi men bilan ichingizdagi past toifali kishi fazli kabidir», deb aytdilar. Keyin yana: «Albatta Alloh, Uning farishtalari, yeru-osmon ahllari, hatto inidagi chumoli hamda baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi muallimga duoi xayrda bo‘lishadi», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan