Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485020 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 95 96 97 98 99 100 101 102 103 104 105 ... 128 B


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:31:06

1387/13. Abu Dardodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim ilm talabida bir yo‘lga qadam qo‘ysa, Alloh taolo u bandaga jannat yo‘lini oson qiladi. Albatta farishtalar tolibi ilm qilayotgan kishidan rozi bo‘lib, (yurayotgan yo‘liga) qanotlarini yozib turishadi. Olim uchun yeru osmondagi narsalar, hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for (gunohining kechirilishini) talab qilishadi. Obidga qaraganda olimning fazli boshqa yulduzlarga qaraganda (to‘lin) oyning fazliga o‘xshaydi. Albatta ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. O’sha payg‘ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaydi. Balki ular ilmni meros qoldirishadi. Kim mol-dunyo o‘rniga ilmni olsa, hammadan ziyoda taqsimni qo‘lga kiritibdi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1388/14. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bizdan eshitgan narsalarning aynan o‘zini yetkazgan kishining yuzini Alloh chiroyli qilsin. Ko‘pgina yetkazilgan kishilar borki, eshituvchidan ko‘ra esida saqlovchidir», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Foyda: haqiqatda ba’zi yetkazilgan tobe’inlar eshitgan ba’zi sahobalardan Rasulullohning (s.a.v.) hadislarini tushunishda bilimdonroq edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:31:15

1389/15. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kimdan ilm so‘ralsa-yu, u o‘sha bilgan ilmini berkitsa, qiyomat kuni olovdan bo‘lgan yugan ila yuganlanadi», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

1390/16. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim Allohning roziligini talab qilmay, balki mol-dunyoga yetishish maqsadida ilm talab qilsa, qiyomat kuni o‘sha kishi jannat hidini topmaydi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

1391/17. Abdulloh ibn Amr Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Albatta Alloh qiyomatga yaqin ilmni kishilar qalbidan tortib olish bilan sug‘urib tashlamaydi. Balki ulamolarni vafot ettirish bilan barham beradi. Hatto olimlar qolmaydi. Odamlar esa johillarni o‘zlariga boshliq qilib olishadi. Keyin ulardan diniy masalalar so‘ralsa, ilmsiz fatvo berishadi. Bu bilan o‘zlari ham adashib, boshqalarni ham adashtiradilar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:31:40

ALLOHGA HAMD VA SHUKR AYTISH KITOBI

242-BOB
Hamd va shukr aytishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Bas, Meni eslasangiz, Men ham sizlarni eslayman va Menga shukr qilingiz va Menga kufr keltirmangiz» (Baqara surasi, 152-oyat);

«Qasamki, agar sizlar (Mening bergan ne’matlarimga) shukr qilsangizlar, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman» (Ibrohim surasi, 7-oyat);

«Hamdu sano ...Alloh uchundir, deb ayting» (Isro surasi, 111-oyat);

«Oxirgi tilaklari esa butun olamlar Parvardigori -Allohga hamdu sano aytishdir» (Yunus surasi, 10-oyat), deb aytgan.

1392/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Isro kechasi Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga ikkita qadah keltirildi. Birida sharob, ikkinchisida sut bor edi. Rasululloh (s.a.v.) ularning ikkoviga qarab turib sutni oldilar. Shunda Jabroil alayhissalom: «Allohga hamd bo‘lsin. U sizni haq bo‘lgan Islom fitratiga hidoyat qildi. Agar sharobni olganingizda, ummatingiz zalolatga ketar edi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1393/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Har bir muhim ish Allohga hamd aytish bilan boshlanmasa, oxiri kesikdir», dedilar. Abu Dovud va boshqalar rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:31:46

1394/3. Abu Muso al-Ash’ariydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar biror kishining farzandi vafot etsa, Alloh taolo farishtalariga: «Bandamning farzandi (joni)ni oldinglarmi?» deydi. Farishtalar: «Ha», deb javob berishadi. Alloh: «Bandam qalbining mevasini oldinglarmi?» deydi. Farishtalar yana: «Ha», deyishadi. Alloh taolo: «Bandam nima dedi?» deb so‘raydi. Farishtalar: «Senga hamd va istirjo’ (ya’ni, «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un», deb) aytdi», deyishadi. Shunda Alloh taolo: «Bandam uchun jannatda bir uy quringlar va uni hamd uyi, deb atanglar», deydi», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1395/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Agar bir banda har luqma tanovul qilayotganida va har ho‘plam ichimlik ichayotganida Allohga hamd aytsa, Alloh taolo o‘sha bandasidan albatta rozi bo‘ladi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:32:23

RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMGA
SALOVOT AYTISH KITOBI

243-BOB
Rasululloh(s.a.v.)ga salovot aytishning fazilati haqida


Alloh taolo:
«Albatta Alloh ham, Uning farishtalari ham Payg‘ambarga duo-yu salovot ayturlar. Ey mo‘minlar, sizlar ham u Zotga salovot va salom aytinglar» (Ahzob surasi, 56-oyat), deb aytgan.

1396/2. Abdulloh ibn Amr ibn Ossdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim menga salovot aytsa, Alloh taolo unga o‘nta salovot aytadi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1397/3. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qiyomat kuni menga eng yaqin bo‘ladigan kishilar menga ko‘p salovot aytadiganlardir», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:32:30

1398/4. Avs ibn Avsdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kunlaringizning eng yaxshisi juma kunidir. Ana shu kunda menga salovotni ko‘paytiringlar. Chunki menga shu kuni salovotlaringiz ko‘rsatiladi», dedilar. Shunda sahobalar: «Ey Rasululloh, sizning suyaklaringiz chirib ketsa, qanday qilib ko‘rsatiladi?» deyishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Alloh taolo payg‘ambarlarning jasadlarini yeyishni yerga harom qilgan», dedilar. Abu Dovud, Nasaiy va Ibn Mojalar rivoyatlari.

1399/5. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir kishining huzurida zikr qilinsam, lekin u menga salovot aytmasa, uning burni yerga ishqalsin», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:32:39

1400/6. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Qabrimni bayram o‘tkaziladigan joy qilib olmanglar. Balki menga salovot aytinglar. Qaerda bo‘lsanglar ham, menga salovotlaringiz yetib keladi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

1401/7. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Biror kishi menga salom aytsa, Alloh taolo ruhimni menga qaytaradi. Men salom aytgan kishiga alik olaman», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:32:46

1402/8. Alidan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir kishining huzurida zikr qilinsam-u, menga salovot aytmasa, ana shu kishi baxildir», dedilar. Imom Termiziy rivoyati.

1403/9. Fazola ibn Ubayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bir kishi namozda duo qilayotganini eshitdilar. U Alloh taologa hamd va Rasulullohga (s.a.v.) salovot aytmas edi. Shunda u zot: «Bu kishi shoshildi», deb haligi duo qilgan kishini (yoki boshqa bir kishini) chaqirib: «Agar sizlardan biringiz namoz o‘qisa, Allohga hamdu-sano, so‘ngra Uning rasuliga salovot aytib, bundan keyin xohlaganicha duo qilaversin», dedilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:32:56

1404/10. Abu Muhammad Ka’b ibn Ujradan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) huzurimizga chiqqan edilar, biz u zotga: «Ey Allohning rasuli, sizga qay tarzda salom yo‘llashni bildik, lekin salovotni qanday qilib aytamiz?» desak, u zot: «(Sizlar) «Allohumma solli ‘ala Muhammadin va ‘ala oli Muhammadin kama sollayta ‘ala oli Ibrohima innaka hamidum majid. Allohumma barik ‘ala Muhammadin va ‘ala oli Muhammadin kama barakta ‘ala oli Ibrohima innaka hamidum majid», deb aytinglar», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1405/11. Abu Mas’ud al-Badriydan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Biz Sa’d ibn Ubodanikida majlis qilib o‘tirsak, huzurimizga Rasululloh (s.a.v.) kirib keldilar. Bashir ibn Sa’d (r.a.): «Ey Allohning rasuli, sizga salovot yo‘llashni bilmadik. O’sha salovotni qay tarzda yo‘llaymiz?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) esa gapirmay jim turib qoldilar. Biz esa: «Qaniydi, Bashir savol bermaganda-ku», dedik. Keyin Rasululloh (s.a.v.) «(Sizlar) «Allohumma solli ‘ala Muhammadin va ‘ala oli Muhammadin kama sollayta ‘ala Ibrohima va barik ‘ala Muhammadin va ‘ala oli Muhammadin kama barakta ‘ala oli Ibrohima innaka hamidum majid», deb aytinglar. Salom esa o‘rgatilgandek bo‘lsin», dedilar». Imom Muslim rivoyati.

1406/12. Abu Humayd as-So’idiydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Sahobalar: «Ey Allohning rasuli, sizga qay tarzda salovot aytamiz?» deyishganida, Rasululloh (s.a.v.) «(Sizlar) «Allohumma solli ‘ala Muhammadin va ‘ala azvajihi va zurriyatihi kama sollayta ‘ala Ibrohima va barik ‘ala Muhammadin va ‘ala azvajihi va zurriyatihi kama barakta ‘ala Ibrohima innaka hamidum majid», deb aytinglar», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  18 Iyul 2008, 07:33:13

ZIKRLAR KITOBI

244-bob
Zikrning fazilati va unga targ‘ib qilish haqida


Alloh taolo:
«Aniqki, Allohni zikr qilmoq (barcha narsadan) ulug‘roqdir» (Ankabut surasi, 45-oyat);

«Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman» (Baqara surasi, 152-oyat);

«Parvardigoringizni ichingizda yolvorib, qo‘rqib, dildan ertayu kech yod qiling va g‘ofil kimsalardan bo‘lmang!» (A’rof surasi, 205-oyat);

«Allohni ko‘p zikr qilinglarki, shoyad, najot topursizlar» (Juma surasi, 10-oyat);

«... Allohni ko‘p zikr qilguvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr qilguvchi ayollar - ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofot (ya’ni, jannat) tayyorlab qo‘ygandir» (Ahzob surasi, 35-oyat);

«Ey mo‘minlar, Allohni ko‘p zikr qilinglar. Va erta-yu kech U Zotni poklab-tasbeh aytinglar» (Ahzob surasi, 41-42-oyatlar), deb aytgan.

Qayd etilgan