1502/1. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Abu Bakrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Ahli suffadagi kishilar kambag‘allardan tashkil topgan edi. Rasululloh (s.a.v.) kunlarning birida: «Kimning ikki kishilik taomi bo‘lsa, (ahli suffadagilardan birini olib) uch kishi bo‘lib borsin. Kimning to‘rt kishilik taomi bo‘lsa, besh-olti kishi bo‘lib borsin» (yoki shunga o‘xshash so‘zlarni) aytdilar. Bu so‘zdan keyin Abu Bakr (r.a.) ulardan uchtasini olib keldilar. Rasululloh (s.a.v.) esa o‘ntasini olib ketdilar. Abu Bakr (r.a.) kechki ovqatni Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida tanovul qilib, so‘ngra xufton namozini o‘qib bo‘lguncha o‘sha yerda turdilar. Keyin kechaning Alloh hoxlagancha qismi o‘tganidan keyin kelganlarida xotinlari: «Mehmonlaringiz xizmatida bo‘lishdan nima to‘xtatib qo‘ydi?» dedi. Abu Bakr (r.a.): «Nima, ularga ovqat bermadinglarmi?» dedilar. Xotinlari: «Biz ularga ovqat tortiq etdik, lekin ular (xonadon sohibi) kelmaguncha yemaymiz, deyishdi», dedi. (Shunda) Abdurahmon ibn Abu Bakr (r.a.) aytadilar: «Men borib berkinib oldim. Otam: «Ey pastkash, burni kesilgur», deb dashnom berib meni so‘kdilar. Mehmonlarga: «Olinglar, yenglar. Allohga qasamki, bundan hecham yemayman», dedilar. Allohga qasamki, undan biror luqma olinsa, yana ostidan ko‘payib ziyodalashar edi. Hattoki, ular undan yeb to‘yishdi. Va oldingidan ham taomlari ko‘payib qolgan edi». Abu Bakr (r.a.) taomga boqib xotinlariga qarata: «Ey bani firoslik, bu nima?» deganlarida, xotinlari: «Ko‘zimning quvonchi haqqi! Bu taom avvalgi holatiga qaraganda uch barobar ko‘pdir», dedi. Abu Bakr (r.a.): «Ana shu taomdan yemayman, deb qasam ichishim shaytondandir», dedilar. So‘ngra undan bir luqma yedilar. Keyin Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga olib bordilar. U taom Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida tonggacha turdi. (Yana Abdurahmon ibn Abu Bakr (r.a.) aytadilar): «Shu kunlarda biz bilan bir qavm o‘rtasida shartnoma bo‘lib, uning muddati tugagan edi. O’sha yerdagilar o‘n ikkiga bo‘lindik. Har birimiz bilan bir qancha kishi bor edi. Qancha odam borligini Alloh biladi. O’shalarning hammasi u taomdan yeyishdi».
Boshqa rivoyatda keltirilishicha, Abu Bakr (r.a.) u ovqatdan yemayman, deb qasam ichdilar. Xotinlari ham yemayman, deb qasam ichdi. Mehmonlar ham (xonadon sohiblari) yeyishmaguncha yemaymiz, deb qasam ichishdi. Abu Bakr (r.a.): «Bu qasam shaytondandir», deb ovqatni olib kelishni buyurdilar. Qachonki, ovqat olib kelinganida, undan yedilar. Ular ham yeyishdi. Biror luqma olinsa, ostidan ko‘payib ziyodalashaverar edi. Abu Bakr (r.a.): «Ey bani firoslik, bu nima?» deganlarida, xotinlari: «Ko‘zimning quvonchi haqqi! Hozir bu taom yeganimizning avvalgi holatidan ham ko‘paygandir», dedi. Ular bu taomdan yeyishdi. Hamda Rasulullohga (s.a.v.) bundan yubordilar. Va Rasululloh (s.a.v.) undan yeganlarini zikr qildilar.
Boshqa rivoyatda aytilishicha esa, Abu Bakr (r.a.) o‘g‘illari Abdurahmonga: «Mehmonlaringni uyga olib borgin. Men Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga boraman. Men bormasdan mehmonlarning ovqatlarini bergin», dedilar. Abdurahmon mehmonlarni olib kelib uydagi taomni keltirdi va: «Bundan yenglar», dedi. Mehmonlar: «Xonadon sohibi qani?» deyishdi. Abdurahmon yana: «Olinglar, yenglar», dedi. Mehmonlar: «Xonadon sohibi kelmaguncha yemaymiz», deyishdi. Abdurahmon: «Ziyofatlaringizni bizdan qabul qilib olinglar. Chunki xonadon sohibi kelsalar, sizlar ovqatlanmaganingizni ko‘rib g‘azablari keladi», deganida, mehmonlar qabul qilishmadi. «Bildimki, otam kelsalar, (bu qilgan ishim uchun) mendan xafa bo‘lardilar. Otam kelganlarida, men yashirinib oldim. Otam: «Mehmonlarga nima tayyorladinglar?» deb so‘raganlarida, uydagilar (bo‘lib o‘tgan voqeadan) xabar berishdi. Otam: «Ey Abdurahmon», dedilar. Men jim turdim. Keyin yana: «Ey Abdurahmon», dedilar. Men jim turdim. Otam: «Ey pastkash, qasam ichamanki, agar ovozimni eshitayotgan bo‘lsang, chiq», dedilar. Men chiqib: «Mehmonlardan so‘rang», dedim. Mehmonlar: «O’g‘ling rost gapiryapti. Bizga ovqat olib keldi», deyishdi». Abu Bakr (r.a.): «Sizlar meni kutdinglarmi? Allohga qasamki, men bu kecha ovqatlanmayman», dedilar. Qolgan kishilar ham: «Allohga qasamki, sen ovqatlanmaguningcha biz ham tanovul qilmaymiz», deyishdi. Abu Bakr (r.a.): «Voy bo‘lsin! Nima uchun ziyofatlaringizni bizdan qabul qilmaysizlar?» deb taomni keltirishni buyurdilar. Qachonki, u keltirilganida, ovqatga qo‘llarini qo‘yib «Bismillah», deb avvalgi qasam shaytondandir, dedilar. U zot ovqat yeyishni boshladilar, ular ham yeyishni boshlashdi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.