Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485266 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 122 123 124 125 126 127 128 B


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:36:54

ISTIG’FOR KITOBI

371-bob
Istig‘for xususida


Alloh taolo:
«Allohdan mag‘firat qilishini so‘rang» (Niso surasi, 106-oyat);

«Darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (U zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va U zotdan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi bo‘lgan Zotdir» (Nasr surasi, 3-oyat);

«Taqvodor kishilar uchun Parvardigorlari huzurida ular abadiy qoladigan, taglaridan daryolar oqib turguvchi jannatlar, pokiza juftlar va Allohning Rizoligi bor. Alloh bandalarini ko‘rib turguvchidir. Ular: «Parvardigoro, bizlar Senga iymon keltirganmiz, endi O’zing gunohlarimizni mag‘firat ayla va bizni jahannam azobidan asra!» deydilar. Ular sabr-qanoatli, iymonlarida sodiq, ibodat-itoatli, infoq-ehsonli bo‘lgan va saharlarda Allohdan mag‘firat tilaydigan kishilardir» (Oli Imron surasi, 15-17-oyatlar);

«Kim biron yomon ish qilsa yoki (Allohning buyruqlariga itoat etmasdan) o‘z joniga jabr qilsa, so‘ngra Allohdan mag‘firat so‘rasa, Allohni mag‘firat qilguvchi va mehribon ekanini topar-ko‘rar» (Niso surasi, 110-oyat);

«Modomiki, siz ularning oralarida ekansiz, Alloh ularni hargiz azoblamas va ular mag‘firat so‘rab turgan hollarida ham Alloh ularni azoblaguvchi emasdir» (Anfol surasi, 33-oyat);

«(U taqvodor zotlar) qachon biron-bir fahsh-gunoh qilib qo‘ysalar yoki (qandaydir noloyiq ish qilish bilan) o‘zlariga zulm qilsalar, darhol Allohni eslab, gunohlari uchun mag‘firat - kechirim so‘raydigan, - har qanday gunohni yolg‘iz Allohgina mag‘firat qilur, - bilgan hollarida qilgan gunohlarida davom etmaydigan kishilardir» (Oli Imron surasi, 135-oyat), deb aytgan. Bu bobga tegishli oyatlar ko‘pdir.

1868/1. Ag‘arrul Muzaniydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Mening qalbim ham (zikrdan to‘xtab) to‘silib turadi. Albatta men ham har kuni Alloh taologa yuz marta istig‘for aytaman», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1869/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Allohga qasamki, albatta men Alloh taologa bir kunda yetmish martadan ko‘p istig‘for aytib tavba qilaman», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:37:19

1870/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Allohga qasamki, agar sizlar gunoh qilmasangizlar, Alloh sizlarni ketkazib, (o‘rningizga boshqa) gunoh qiladigan qavmni olib keladi. Bas, ular (gunohlariga) istig‘for aytishadi, Alloh esa ularning gunohlarini kechiradi», dedilar. Imom Muslim rivoyati.

1871/4. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasulullohning (s.a.v.) bir majlisda yuz marta «Robbig‘firliy va tub ‘alayya innaka anta tavvobur rohiym», deb aytganlarini hisobladik». Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:37:25

1872/5. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh taolo har bir tanglikdan chiquvchi yo‘l va har turli g‘amdan yengillik hamda uni hech bir o‘ylamagan tomonidan rizqlantirib qo‘yadi», dedilar. Abu Dovud rivoyati.

1873/6. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Astag‘firulloh allaziy la ilaha illa huval hayyul qayyum va atubu ilayhi, deb aytsa, (Alloh) urushdan qochgandagi gunohini ham kechirib yuboradi», dedilar. (Ma’nosi: «Barhayot, tirik Allohdan avf etishini so‘rayman va Unga tavba qilaman».) Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari. Imom Hokim bu hadis Buxoriy va Muslimning shartlariga binoan sahihdir, deganlar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:37:34

1874/7. Shaddod ibn Avsdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Kim sayyidul istig‘for - «Allohumma anta robbiy la ilaha illa anta xolaqtaniy va ana ‘abduka va ana ‘ala ‘ahdika va va’dika mastato’tu a’uzu bika min sharri ma sona’tu, abu‘u laka bini’matika ‘alayya va abu‘u bizambiy fag‘firliy fainnahu la yag‘firuz zunuba illa anta»ni kechki payt aytib, shu kuni vafot etsa, jannatga kiradi. Kim tongda aytib, shu kuni vafot etsa, unda ham jannatga kiradi», dedilar. (Ma’nosi: «Allohim, Sen Parvardigorimsan, Sendan boshqa iloh yo‘q. Meni xalq qilding va men Sening qulingman. Men Senga bergan va’damda va Senga bergan ahdimda qodir bo‘lganimcha turibman. Qilgan narsalarimning yomonidan Sening noming bilan panoh tilayman. Menga ato qilgan ne’matlaringga iqror bo‘ldim. Va yana gunohlarimga ham iqror bo‘ldim. Mening gunohlarimni kechir. Chunki Sendan boshqasi gunohlarimni kechira olmaydi».) Imom Buxoriy rivoyati.

1875/8. Savbondan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) namozni tugatsalar, uch marta «Astag‘firulloh», deb so‘ngra: «Allohumma antas salom va minkas salom, taborakta ya zal jalali val ikrom», deb aytardilar. (Ma’nosi: «Ey Allohim, Sen salomsan va salom Sendandir. Ey ulug‘ va hurmatli Zot, Sen barakotlisan».) Mana shu hadis roviylaridan biri Avzo’iyga: «Istig‘for nechuk bo‘ladi?» deyilganida, u zot: «(Bunda): «Astag‘firulloha, astag‘firulloha», deyiladi», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:37:45

1876/9. Oishadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) o‘lishlaridan oldin: «Subhanallohi va bihamdihi astag‘firulloha va atubu ilayhi», ya’ni «Allohga hamd aytish ila Uni poklab yod etaman. Allohga istig‘for aytib tavba qilaman», deb ko‘p aytardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1877/10. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytadilar: «Alloh taolo: «Ey Odam bolasi, sen Menga duo qilding va Mendan umid qilding. Men esa sening gunohingni ahamiyat bermasdan kechirib yubordim. Ey Odam bolasi, agar gunohing osmon buluticha bo‘lsa ham, Menga istig‘for aytsang, gunohingni kechiraman. Ey Odam bolasi, agar Menga yerni to‘ldiradigan gunoh bilan kelib, so‘ngra biror narsa bilan Menga shirk keltirmasang, gunohing to‘laligicha mag‘firat bilan senga boraman», dedi». Imom Termiziy rivoyati.

1878/11. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ey ayollar jamoasi, sadaqa beringlar va istig‘for aytishni ko‘paytiringlar, chunki do‘zax ahlining ko‘pchiligini siz ayollardan tashkil topganini ko‘rdim», deganlarida, bir ayol: «Nima uchun do‘zax ahlining aksariyati biz ayollardan tashkil topgan?» deganida, Rasululloh (s.a.v.) «La’natni ko‘p aytasizlar va erlaringizga ko‘p noshukrlik qilasizlar. Men o‘zi aql va dinda noqis bo‘lib, aqllilar ustidan g‘olib keluvchilarni sizlardan boshqalarda ko‘rmadim», dedilar. Haligi ayol: «Aqli va dini noqis, deganingiz nima?» deb so‘ragan edi, Rasululloh (s.a.v.) «Ikkita ayolning guvohligi bitta erkak guvohligiga teng bo‘lishi aqli noqisligidir. Hayz va nifos qoni ko‘rganda namoz o‘qimasligi dini noqisligidir», de dil ar. Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:38:12

372-bob
Alloh taolo jannatda mo‘minlar uchun tayorlab qo‘ygan narsalar haqida


Alloh taolo:
«Taqvodor - parhezkor zotlar esa albatta bog‘lar va chashmalar ustidadirlar. (U zotlarga: «Jannatlar)ga tinchlik bilan sog‘-omon kiringlar», (deyilur). Biz (jannatlardagi) so‘rilarda do‘st-birodar bo‘lib, bir-birlariga ro‘baro‘ o‘tirgan zotlarning dillaridagi har qanday gina-kuduratlarni chiqarib tashladik. U joyda ularga biron charchoq yetmas va ular u joydan chiqarilguvchi ham emaslar» (Hijr surasi, 45-48-oyatlar);

«(U Kunda ularga aytilur): «Ey Bizning oyatlarimizga iymon keltirgan va musulmon bo‘lib o‘tgan bandalarim, bu Kun sizlar uchun hech xavfu-xatar yo‘qdir va sizlar aslo g‘amgin bo‘lmaysizlar. Sizlar jufti halollaringiz bilan birga shod-xurram bo‘lgan hollaringizda jannatga kiringiz!» Ularga oltindan bo‘lgan laganlar (da taomlar) qadahlar (da sharoblar) aylantirilur. U joyda ko‘ngillar tilaydigan, ko‘zlar lazzatlanadigan (barcha) narsa bordir. Sizlar u joyda mangu qolursizlar. Qilib o‘tgan amallaringiz sababli sizlarga meros qilib berilgan jannat mana shudir. Sizlar uchun u joyda ko‘plab meva-chevalar bo‘lib, sizlar ulardan yersizlar» (Zuhruf surasi, 67-73-oyatlar);

«Albatta taqvodor zotlar (U kunda) osoyishta joyda, bog‘lar va chashmalar ustida bo‘lurlar. Ular bir-birlariga ro‘baro‘ bo‘lgan hollarida ipak-shoyidan liboslar kiyib (o‘ltirurlar). Mana shunday! Yana Biz ularga ohuko‘z hurlarni jufti halol qilib qo‘ygandirmiz. Ular u joyda tinch va xotirjam bo‘lgan hollarida (xizmatkorlardan) barcha meva-chevalarni chaqirurlar. Ular (jannatda) birinchi o‘limdan (ya’ni, hayoti dunyodan ko‘z yumganlaridan) boshqa o‘limni totmaslar. (Alloh) ularni do‘zax azobidan saqlagandir. (Bu) Parvardigoringiz tomonidan bo‘lgan fazlu marhamatdir. Mana shu buyuk saodatdir» (Duxon surasi, 51-57-oyatlar);

«Shak-shubhasiz, yaxshilar (ya’ni, mo‘minlar jannat) ne’matlaridadirlar. Ular so‘rilarda (Alloh taolo o‘zlariga ato etgan ne’matlarga) boqib (o‘tirurlar). Siz ularning yuzlarida ne’matlarning jilvasini tanirsiz-ko‘rursiz. Ular (jannatda) muhrlangan maydan sug‘orilurlarki, u (may)ning muhri mushk bo‘lur. Bas, bahslashguvchi-musobaqa qilguvchi kishilar (mana shunday mangu ne’matga yetish yo‘lida) bahslashsinlar. U mayning mijozi-aralashmasi Tasnimdandir. (Tasnim Allohning) yaqin (banda)lari ichadigan bir chashmadir» (Mutaffifun surasi, 22-28-oyatlar), deb aytgan.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:38:25

1879/1. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Jannat ahllari u yerda yeb-ichishadi, lekin xojat qilishmaydi, peshob etishmaydi va burunlarini qoqishmaydi. Ularning yegan ovqatlari mushk hidi kabi xushbo‘y kekirik ila hazm bo‘ladi. Nafas olishganda xuddi havo yutishganidek, tasbeh va takbirlar ila havo yutishadi», dedil ar. Imom Muslim rivoyati.

1880/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Alloh taolo: «Solih bandalarimga jannatda shunday ne’matlarni tayyorlab qo‘ydimki, ularni biror ko‘z ko‘rib, quloq eshitib, inson qalbi his etmagandir», dedi». Rasululloh (s.a.v.): «Agar xohlasangiz, Qur’ondagi «Ular uchun berkitib qo‘yilgan ko‘zlar quvonchini (ya’ni, oxirat ne’matlarini) biron jon bilmas» oyatini o‘qing», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:38:41

1881/3. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Birinchi jannatga kiruvchi jamoat tundagi to‘lin oy ko‘rinishida bo‘ladi. Keyingilari esa nur sochish jihatidan yaltiroq yulduzdan ham kuchli bo‘ladi. Ular peshob ham, katta hojat ham, tupuk ham, balg‘am ham chiqarishmaydi. Ularning taroqlari tillodan bo‘ladi. Terlari mushk kabi bo‘ladi. Tutatadigan narsalari xushbo‘y shoxchalardan bo‘ladi. Xotinlari shahlo ko‘zli hurlar bo‘ladi. Jannatdagilarning shakllari xuddi otalari Odam osmonda oltmish gaz bo‘lgani kabidir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Ikkovlarining boshqa rivoyatlarida shunday keltiriladi: «Jannatdagilarning idishlari tillodan, terlari esa mushk kabi bo‘ladi. Har birlarida ikkitadan xotin bo‘ladi. Ularning chiroylari shundayki, go‘shtlari orasidan oyoq iliklari ko‘rinib turadi. Ularning o‘rtasida ixtilof ham, adovat ham bo‘lmaydi. Qalblari bir kishining qalbiga o‘xshaydi. Ular ertayu-kech Allohga tasbeh aytishadi».

1882/4. Mug‘iyra ibn Sho‘‘badan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: «Muso alayhissalom Rabbilaridan jannatdagi eng martabasi past kishi haqida so‘raganlarida, Alloh taolo: «U shunday bir kishiki, jannat ahli jannatga kiritilgandan keyin keladi. Va unga: «Jannatga kir», deb aytiladi. U: «Ey Rabbim! Qanday kiraman, barcha odamlar o‘z joylarini egallab, oladigan narsalariga erishib bo‘lishibdi-ku?» deydi. Unga: «Dunyodagi podshohlarning mulkidek narsa senda bo‘lishiga rozimisan?» deyilsa, u: «Roziman, ey Rabbim», deydi. Alloh: «Senga o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi, o‘sha kabi», deb beshinchisini aytganida, u kishi bunga rozi bo‘ladi. Alloh: «Bu aytilgan narsalar o‘n barobar qilib berildi», deydi. Va yana: «Nafsing tusagan va ko‘zing zavq oladigan narsalar senga berildi», deydi. U kishi: «Rozi bo‘ldim», deydi. Muso alayhissalom: «Ey Rabbim, jannatdagi eng yuqori martabali kishilar kim?» deganlarida, Alloh taolo: «Ular shunday bir toifa kishilarki, O’zim ularni xohlaganman, ularga ko‘rsatiladigan karam-izzat O’z qo‘lim bilan ekilgandir. U narsaga muhr urib qo‘yganman. U narsalarni ham biror ko‘z ko‘rmagan. Biror quloq eshitmagan. Biror kishining diliga ham kelmagan», deb ayt di». Imom Muslim rivoyati.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:38:50

1883/5. Ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.): «Men do‘zaxdan chiqishda oxiri chiquvchi kishini yoki jannatga kiruvchilar ichida oxirgi bo‘lib kiruvchi kishini bilaman. U kishi do‘zaxdan emaklab chiqadi. Alloh taolo u kishiga: «Borib jannatga kirgin», deydi. U kishi jannatga borib, u yer to‘lib qolgan, deb xayol qilib qaytib ketadi. Va: «Ey Rabbim, u yer to‘lgan ekan-ku?» deydi. Alloh taolo: «Borib jannatga kirgin», deydi. U kishi borib, u yer to‘lib qolgan, deb xayol qilib qaytib ketadi. Va: «Ey Rabbim, u yer to‘lgan ekan-ku?» deydi. Alloh taolo: «Borib jannatga kirgin. Chunki dunyo barobaricha yoki dunyoga o‘n barobar keluvchi maqom beriladi», deydi. U kishi: «Meni masxara qilyapsanmi yoki mening ustimdan kulyapsanmi? Sen O’zing bu narsalarning egasisan-ku», deydi», dedilar. Ibn Mas’ud (r.a.) aytdilar: «Rasululloh (s.a.v.) bu so‘zlarni aytib kulgandilar, tishlari ko‘rinib qoldi. Va: «Mana shu kishi jannatning eng past maqomidadir», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

1884/6. Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Mo‘min uchun jannatda bir chayla bor. U bitta marvariddan qilingan bo‘lib, ichi kovakdir. Uzunligi osmonda oltmish mildir. Mo‘minning u yerda ahllari bo‘ladi. Ular bir-birlarini ko‘rishmaydi. Sohibi hammalarini ko‘rgani borib turadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  20 Iyul 2008, 07:38:57

1885/7. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannatda bir daraxt bor. Uning ostidan tez yuruvchi chopar ot ustidagi kishi yuz yilda ham o‘ta olmaydi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Ikkovlari Abu Hurayradan qilgan boshqa rivoyatlarida «Otliq u daraxt soyasi ostida yuz yil yursa ham, uni kesib o‘ta olmaydi» bo‘lib kelgan.

1886/8. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Jannat ahllari uning ustidagi boloxonada turuvchilarni mashriqdan yoki mag‘ribdan kelgan ufqda uchib yuruvchi yaltiroq yulduzni ko‘rgandek ko‘rishadi. Ularning oralarida farq borligi uchun shunday ko‘rinadi», deganlarida, sahobalar: «Ey Allohning rasuli! Bu payg‘ambarlarning manzillari bo‘lsa kerak-a, ulardan boshqa kishilar u yerga yetisha olmas-a?» deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Ha! Jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zot - Allohga qasamki, (bulardan tashqari) Allohga iymon keltirib, yuborgan payg‘ambarlarni tasdiqlaganlar ham bu maqomga erishishadi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan