Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 485010 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 ... 128 B



Laylo  17 Noyabr 2007, 13:36:21

Mutarjim muqaddimasi

Butun olamlarning Yaratguvchisi va Parvardigori Alloh taologa behisob hamd-shukrona bo‘lsin, Uning rasuli Muhammad sollalohu alayhi vasallam u zotning ashobi hamda ahli baytiga ko‘pdan-ko‘p salovotu durudlar yog‘ilsin!

Qo‘lingizdagi ushbu kitob Islom olamining mo‘‘tabar va mashhur olimlaridan imom, faqih, muhaddis, hofiz Abu Zakariyo Yahyo ibn Sharaf an-Navaviy qalamiga mansub bo‘lib, o‘zining sahihligi, ishonarliligi, daqiqligi, Qur’oni karim va Sunnati nabaviyya asosida mo‘min-musulmonlarni hidoyatga chorlash, imonini yuksaltirish, axloqini o‘nglashda katta xizmati tufayli islomiy o‘lkalarda ma’lum va mashhur. Bu mo‘‘tabar asarni mashhur yurtdoshimiz Sayyid Mahmud ibn Sayyid Nazir at-Taroziy al-Madaniy (Oltinxon to‘ra) o‘tgan asr boshlarida o‘zbek tiliga mohirona tarjima qilib, arab imlosida nashr ettirgan edilar. Sho‘rolar tuzumi barham topganidan keyin kitob ana shu tarjima asosida joriy imloga tabdil qilinib, Namangan va Marg‘ilon nashriyotlarida ko‘p nusxada chop etildi. Ammo Oltinxon to‘ra tarjimalaridagi ayrim so‘zlar hozirgi kitobxonlarga tushunarsiz yoki izohtalab bo‘lgani, buning ustiga arab imlosidan kirill imlosiga tabdil qilish chog‘ida ko‘plab imloviy xatolarga yo‘l qo‘yilgani, qolaversa, u tugal tarjima qilinmagani bois musulmonlar o‘rtasida uncha ommalashmadi.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:36:37

Ana shu bo‘shliqni to‘ldirish, bu mashhur asarni talabchan o‘quvchiga tushunarli holda yetkazish umidida Imom Navaviyning «Riyozus-solihiyn» («Solihlar gulshani») kitobi bevosita arab tilidan o‘zbekchaga tarjima qilindi va nashrga tayyorlandi. Bunda Oltinxon to‘ra hazratlarining tarjimalaridan ham bir qadar foydalanildiki, buning uchun bu zotning haqlariga duoda bo‘lishga burchlimiz. Shuningdek, hozirgi kitobxonga tushunarli bo‘lishi uchun tarjima chog‘ida ayrim ibora va istilohlarga sharhlar berildi, hadislar raqamlar bilan tartiblab chiqildi. Yana asl manbadagi «muttafaqun alayh» iborasi o‘rniga shu ma’noni anglatuvchi «Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari» lafzi qo‘llanildi. Kitobning qolgan jildlari ham tez orada kitobxonlarimiz qo‘liga tegadi, inshaalloh!
 
Alloh taolo barchamizni O’zining hidoyat yo‘lidan adashtirmasin, har bir ishda Sarvari koinot Muhammad alayhissalom sunnatlariga amal qiluvchilardan etsin. Solihlar bog‘ida sayr etish, uning anvoyi, muattar bo‘ylaridan bahra olishimizni nasib etsin, Omin, yo Robbal olamiyn! Muallif va uning ushbu asari haqida Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy Islom olamining mo‘‘tabar olimlaridan sanaladi. Kunyalari - Abu Zakariyo, laqablari-Muhiddin. Ammo Allohga tavozu’ qilib, Muhiddin, deb laqablanishni karih ko‘rganlar. Chunki din doimiy hayot va sobit bo‘lgan narsadir, tiriltiruvchi kishiga muhtoj emasdir, deb aytardilar. {«Muhiddin» - dinni tiriltiruvchi, degan ma’noni anglatadi.) Lahmiy u zot haqida: «Meni Muhiddin deb ataydiganlarni do‘st tutmayman, deb aytdilar», deydilar.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:37:00

Muallif va uning ushbu asari haqida

Imom Navaviy hijratning 631 yili muharram oyida Damashqdagi Navo shahrida dunyoga keldilar. Yoshliklaridayoq Qur’onni yod oldilar. O’n to‘qqizga kirganlarida otalari Damashqqa olib bordilar va «Ravohiya» madrasasiga joylashtirdilar. Maqsad ilm tahsilini yanada kuchaytirish edi. Bu yerda Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon Mag‘ribiy al-Maqdisiydan fiqhni ta’lim oldilar, Sheroziyning «Muhazzab» nomli kitoblarini o‘qib chiqdilar. Ishoq ibn Ahmad u zotning fiqh ilmidagi birinchi ustozlari bo‘ldi. Navaviy hazratlari har kuni 12 xil dars bilan mashg‘ul edilar. Orada tib bilan ham mashg‘ul bo‘lishga qasd qildilar. Lekin Alloh taolo u zotni bu ilmdan burib qo‘ydi. Balki Damashqdagi «Dorul hadis al- Ashrafiya»da dars berishni nasib qildi. Bu hodisa hijratning 665 yili ro‘y berdi.

Imom Navaviy hazratlari nihoyatda taqvodor, zohid, parhezli kishi edilar. Biror soatlarini Alloh toatidan boshqa ishga sarf qilmasdilar. Kechalarini ibodat va kitob tasnif etish bilan o‘tkazardilar. Haq u kishi uchun hamma narsadan ustun edi. Podshoh Zohir Bibris bilan bo‘lib o‘tgan hodisa u zotning xulqlaridagi ana shu qirrani ochadi. Malik Zohir bir fatvoga imzo chekish uchun u zotni chaqirtirdi. Imom hazratlari boshlariga kichikkina salla o‘rab bordilar. Sallalariga qarab mensimasdan: «Ey shayx! Bu fatvoga imzo chek», dedi. Ammo Imom bosh tortdilar. Podshoh g‘azab bilan: «Nima uchun?» deb so‘radi. Shunda Shayx hazratlari: «Bu fatvoda og‘irlik keltiruvchi zulm bor», dedilar. Podshoh yanada g‘azablanib: «Uni hamma vazifalaridan bo‘shatinglar», deb amr qildi. A’yonlar esa: «Unda hech qanaqa vazifa yo‘q», deb javob berishdi. So‘ng podshoh qatl qilishni qasd qildi. Lekin unga Alloh niyatini amalga oshirishga jur’at bermadi. «Nega o‘ldirmadingiz, bunaqa vaziyat boshqa bo‘lmaydi?» deyishganida, podshoh: «Allohga qasamki, uning vajohati meni qo‘rqitib yubordi», deb javob berdi.
Bu ish Allohning fazlidir. Uni solih bandalaridan xohlaganiga beradi.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:37:59

Imom Navaviy juda ko‘p kitob tasnif etganlar. Misol tariqasida ularning ba’zisini keltirib o‘tamiz.

1. «Sharhi Sahihi Muslim».
2. «Irshod».
3. «Taqrib va Taysiyr fiy ma’rifati sunanil Bashiyr an-Naziyr».
4. «Tahziybul asmo val lug‘ot».
5. «At-Tibyon fiy odobi hamlatil Qur’on».
6. «Minhoji at-Tolibiyn».
7. «Bustonil orifiyn lin-Navaviy».
8. «Xulosatul ahkom fiy muhimmoti sunani va qavoidil islom».
9. «Ravzatut tolibiyn va umdatul muftiyn».
10. «Sharhul muhazzab».
11. «Al-Azkor min kalami sayyidil abror».
12. «Arba’iyn».
13. «Iyjoz».
14. «Jomi’us-Sunna».
15. «Muxtasaru Usdul g‘oba».
16. «Vattarxis fil qiyomi liahlil fazl».
17. «Va tahriyri alfozi tanbeh».
18. «Val-fatovo».
19. «Iyzoh».
20. «Riyozus solihiyn» (qo‘lingizdagi ushbu kitob).

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:38:31

Quyidagi sunnat kitoblarini shayxlaridan eshitganlar:

1. «Jomi’ as-sahih al-Buxoriy».
2. «Sahihi Muslim».
3. «Sunani Abu Dovud».
4. «Jomi’ut Termiziy».
5. «Sunani Ibn Moja».
6. «Sunani Nasaiy».
7. «Muvatto Molik».
8. «Musnadi Shofe’iy».
9. «Musnadi Ahmad».
10. «Musnadi Doramiy».
11. «Musnadi Abu Ya’lo».
12. «Sahihi Abu Avona».
13. «Sunani Bayhaqiy».
14. «Sharhi sunna lil Bag‘aviy».
15. «Amalul yavm val layla li Ibn Sunniy».
16. «Al-jomi’ li odobir roviy vas somi’ lilxatib Bag‘dodiy».
17. «Ansob li Zubayr ibn Bakkor».

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:38:46

Damashqda istiqomat qilganlarida fiqh, hadis, usul kabi har turli ilmlarni quyidagi ustozlardan ta’lim olganlar:

1. Abu Ibrohim Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon al-Mag‘ribiy.
2. Abdurahmon ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Qudoma Maqdisiy al-Hanbaliy.
3. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Nuh Maqdisiy al-Damashqiy.
4. Abu Hafs Umar ibn As’ad ibn Abu G’olib Rub’iy al-Irbiliy.
5. Abul Hasan Sallor ibn Hasan Irbiliy al-Damashqiy.
6. Abu Ishoq Ibrohim ibn Umar al-Vositiy («Sahihi Muslim»ni shu kishidan eshitganlar).
7. Abul Baqo Xolid ibn Yusuf ibn Sa’d Nobilisiy.
8. Abu Ishoq Ibrohim ibn Iso al-Murodiy al-Andalusiy.
9. Imomul muhaddis Ziyo ibn Tammom Hanafiy.
10. Shayx Abul Abbos Ahmad ibn Solim Misriy Nahviy al-Lug‘aviy.
11. Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Molik Jayyaniy.
12. Qozi Abul Fath Umar ibn Bandor ibn Umar ibn Ali Taflisiy.
13. Abul Abbos Ahmad ibn Abduddoim Maqdisiy.
14. Abul Faraj Abdurahmon ibn Shayx.
15. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Solim Abu Yahyo Anboriy.
16. Abu Muhammad Ismoil ibn Ibrohim at-Tanuhiy.
17. Abu Muhammad Abdulaziz ibn Abu Abdulloh Abdul Muhsin Ansoriy.
18. Alloma Abu Shoma Abdurahmon ibn Ismoil Damashqiy.
19. Abdurahmon ibn Abdulloh ibn Muhammad ibn Hasan Bodironiy Bog‘dodiy.
20. Qozi Imoduddin Abul Fozil Abdulkarim ibn Abdussamad Xiristoniy.
21. Fazl Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Fikriy.
22. Abu Zakariyo Yahyo ibn Abulfath Xironiy Sayrufiy.

Imom Navaviy hazratlari 676 hijriy sananing 24 rajabida chorshanba kuni kechasi Navo shahrida dorulbaqoga rixlat qildilar va shu yerga dafn etildilar. Bu zotning vafotlaridan butun Damashq ahli qayg‘uga botdi.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:39:31

1-BOB
Barcha amallardagi so‘zlar va hollarning maxfiy hamda oshkoralarida ixlos bilan niyat zarurligi haqida


Alloh taolo:
«Holbuki, ular faqat yagona Allohga, U zot uchun dinni xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni to‘kis ado etishga hamda zakotni (haqdorlarga) ato etishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri yo‘ldagi (millatning) dinidir». (Bayyina surasi, 5-oyat);

«Allohga (qilgan qurbonliklaringizning) go‘shtlari ham, qonlari ham yetmas. Lekin U zotga sizlarning taqvo-ixlosingiz yetar» (Haj surasi 37-oyat);

«Ayting (ey Muhammad), dillaringizdagi narsani xoh yashiring, xoh oshkor qiling, Alloh bilur» (Oli Imron surasi, 29-oyat), deb aytgan.

1/1. Amirul mo‘minin Abu Hafs Umar ibn Xattobdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Albatta amallar niyat bilandir. Va har kishiga qilgan niyati uchun berilur. Kimning hijrati Alloh va rasuli (rizosi) uchun bo‘lsa, Alloh va rasuliga bo‘ladi. Kimning hijrati dunyo topmoq uchun yoki biror xotinga uylanish uchun bo‘lsa, u kishining hijrati niyat qilgan narsasi uchun bo‘ladi», deb aytganlarini eshitdim», dedilar. Bu hadisni muhaddislar imomi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Mug‘iyra al-Buxoriy va Abul Husayn Muslim ibn Hajjoj ibn Muslim al-Qushayriy an-Nisoburiylar rivoyat qilishdi.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:39:49

2/2. Mo‘minlar onasi Oishadan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Bir toifa askarlar Ka’baga hamla qilish uchun kelishadi. Ular sahroli yerga kelishganida avvalgilari-yu oxirgilarini yer yutadi», dedilar. Shunda men: «Ey Allohning rasuli, ularning avvalgi-yu oxirgilarini qanday qilib yer yutadi? Holbuki, ularning oralarida bozorchilar va ulardan tashqari kishilar ham bor-ku?!» desam, u zot: «Yer barchalarini barobar yutadi. So‘ngra Qiyomat kuni hamma o‘z niyatiga muvofiq tiriltiriladi», dedilar». Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. Lafz Buxoriyniki.

Qayd etilgan


Laylo  17 Noyabr 2007, 13:40:02

3/3. Oishadan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Makka fath bo‘lgandan keyin hijrat yo‘qdir. Lekin jihod va niyat boqiy qoladi. Agar jihod uchun chaqirilsangizlar, unga chiqinglar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Buning ma’nosi shuki, Makkadan hijrat qilish yo‘qdir. Chunki u kufr diyori emas, balki Islom diyoridir.

Qayd etilgan