Rauf Parfi. Ona Turkiston (sh'erlar to'plami)  ( 36335 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


AbdulAziz  19 Noyabr 2007, 09:07:39

Ona Turkiston (sh'erlar to'plami). Rauf Parfi



Muallif: Rauf Parfi
Hajmi: 111 Kb
Fayl tipi: PDF
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:23:56

Rauf PARFI
O‘ZTURK



ONA TURKISTON

Turon. Turkiston. Vatan. Ko‘z o‘ngimizda turkiylarning qadimiyatdan Ona Yeri, Turk dunyosining tarixiy Vatani — salobatli jug‘rofiy hudud namoyon bo‘ladi. Turkiston g‘oyasi xalqlarimizning azaliy muqaddas orzusi, milliy mafkurasidir.
Bukun Turkiston mavzuida izchil ijod qilayotgan shoir — Rauf Parfi O‘zturkdir.
Ushbu to‘plamdagi she’rlarining aksariyati bir paytlar, zamona zayli bilan «tuzatilgan» holda chop etilgandi. Shoir asl matnni tiklab diqqatingizga havola qilmoqda. 1993 yil 27 sentyabrda R.P.O‘zturk o‘zining ellik yoshini nishonladi. Shu munosabat ila «Ona Turkiston» (qirq she’r) to‘qqizinchi kitobi chin yurakdan O‘zbekiston Istiqloliga, o‘z o‘quvchilariga, Sizga bag‘ishlaydi.


Bir umr Turkiston istiqloli uchun kurashib yashayotgan muhtaram ustod    BOYMIRZA HAYIT
                                                                                           
Sharafiga ta’zim ila
Iymonidir turkning Turkiston.                                                            Ahmad YaSSAVIY
                                                                                         
Go‘zal Turkiston, sanga na bo‘ldi?                                                      Abdulhamid ChO‘LPON
                                                                                       
Tushummu yo o‘ngimmu bilmadim xalqim ado bo‘ldi,
Halokat maydoninda Turkistonimdan ayrildim.                                       Abdurahmon VODILIY
                                                                                           

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:26:36

1. OG‘RIQ

1.

O, Ona Turkiston, qora dunyoda,
Qismat yelkasida yugurdim, yeldim,
Goh shavq qanotida, goho piyoda,
Yukinib, men senga sig‘inib keldim.

Men seni sog‘indim haddan ziyoda,
G‘amli xotirangga borlig‘im to‘ldi.
Bu uzluk ummonda, bu ahgar bog‘da
Sirpandim. Men qattiq chirpandim. So‘ldim.

O‘tkinchi g‘amlardan tanamda titroq,
Rostmi shu? She’r tug‘ar emish alamlar?..
Goho xo‘rlab, tishlab o‘tdilar, biroq

Sen bilan kechgan ey ilohiy damlar...
Balkim, ilhomingni sudradi ko‘proq
Shon-shuhrat burjida yongan sanamlar.

Sohir yuragingni chaqmoq urdi-ku,
Ortiq kulfatlarga doimo shaysan.
Ko‘zingda qotgan nur porlab turdi-ku,
Sen axir tiriksan, yonib yashaysan.

Tugatib bo‘lmas hech bu dardni ichib,
O’rilgan yaradan chechaklar o‘sdi.
Yuragingning yirtiq ko‘ylagin yechib
Bag‘ringga bosarsan — bormisan, do‘stim?

Dunyoni shopirar yolg‘onga, chinga,
Birov rohat qilar ezg‘ib, kuldirib,
Iztirob urug‘in separ ichingga.
Hay, deysan, ne topar meni o‘ldirib,
Qaraysan, ko‘zingga nurni to‘ldirib.
Balli, qobog‘ingning ulug‘ kuchiga.


2.

Hech narsa yupatmas, shoir, hech narsa,
G‘arib baxtiyorlik endi yupatar.
Yulib vujudimni titib axtarsam
Dunyoviy alamning toshlari yotar.
Har kim o‘z qalbiga o‘zidir hoqon.
Baribir, men seni sevib sizlarman.
Ehtimol, nohaqman, ehtimol haqman —
Muqaddas Turkiston so‘zin izlarman.

So‘z mening ko‘ksimga sanchilar, hayhot!..
Shovulla, gurkira, hayot nafasi.
Ruhga iymon bergil, ey qodir hayot,
Qizg‘onma samoviy sehrning sasin...
Yurak deb atalgan og‘riq bu — najot.
Ko‘krak qafasimiz — najot qal’asi.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:27:23

2. SIYOVUSH FARYODI

Sudrar oyog‘imdan qaro yer qa’ri,
Muz tog‘lari o‘sar ko‘zim yoshidan.
Dardi yo‘qdir ko‘k yuzining, yo‘q bag‘ri —
Inson yuraklarin qahr toshidan.

Nahot parchalanmas, bu toshlar sinmas,
Kimsan, o‘zligingdan qil meni ogoh,
Silohlar, zanjirlar olami tinmas,
Qayon oqmoqdasan, ey olampanoh?

To‘xta, Siyovushman, unutding, nahot?
Qonlarga botdim-ku, yondim, qirildim,
Sendan, Damovanddan tiladim najot.

Ko‘z ochib ochunga qayta urildim.
To‘xta, Siyovushman, men yana hayot —
Qayta o‘lish uchun qayta tirildim.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:28:00

3. TURKISTON YODI

Naqadar uzundir, og‘irdir bu yo‘l,
Dalalar yastanib yotar ko‘k kabi.
Tig‘lab xotiramni osmon — cheki yo‘q,
Tizginsiz bu shiddat kenglik asabi.

Bu kenglikda o‘ylar meni g‘ijimlar,
Ul o‘z qofiyasin sudrab keladir.
Qancha qochsang shuncha qilgay hujumlar,
O‘q singari xotiramni tiladir.

Tegramda zich havo — ona Turkiston,
O’rgay tomirimni ko‘r hayajonim.
Bu maydon ichinda men to‘kmagan qon,
Mening uni deya ayagan jonim.

Yana yiroqlarga chorlaydir moziy,
Vatan tushunchasi kelar yetaklab
Ayrilgan, xo‘rlangan ulus ovozin,
Shoirning beshigi aytar ertaklar.

Yassaviy maqbari mung‘aymish mag‘rur.
Tovushga aylandi har bir g‘isht rangi.
«Dunyo mening deganlar...» Nido kelur.
«Karkas qushdek...» Qadim so‘zlar jaranggi.

«O’lg‘on da’vo qilganlar...» So‘zlar shoir.
«Oqni qaro deganlar...» Ayting, kimlar?!
Maqbara boshimga yiqilar hozir,
Yana tovush: «Harom yegan hokimlar...»

Parchin-parchin bo‘ldi yodim simlari,
Simlar — ko‘zlarimga mil tortgan chizgu.
O‘tgan ulug‘larni eslayman barin,
Xotirot mozori — Turkiston mangu.

Kecha sodiq o‘g‘ling o‘tdi dunyodan,
Saxiy inson edi, u shoir edi.
Sanchilib yashaydi bir umr yodda,
Ketayotib, men yig‘lab, bo‘ldim, dedi.

Yig‘la endi ko‘zim, sen-da yig‘lab ol,
To‘ysin ko‘z yoshingga bu turkiy stam.
To‘ysin, Vatan yodi chidar bemalol.
O, sabr daraxti, qutlug‘ Turkiston.
Naqadar uzundir, og‘irdir bu yo‘l.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:29:29

4.

Xayr, dada, biz endi ko‘risha olmaymiz yorug‘ dunyoda. Bilamanki, siz tuproqda, bilamanki siz, qalbimning bag‘rida ochilgan yaproqda. Bilamanki, mumkin emas sizni bir bor ko‘rmoq baxtini tuta bilmay ko‘krakda, yer o‘pmoq. Armonim qoldi xolos. Turkistonimga — armonimga sig‘inaman. Sizni sog‘inaman. Bilamanki, mumkin emas.



5.
TAVFIQ FIKRAT KITOBIGA O’ZUV

                                                                        Nechun yo‘lning so‘ngida jarlik...
                                                                                         T.Fikrat


Men uxlayman, men uxlayman,
Ro‘yolarga botaman.
Tushlarimda men yig‘layman,
Bulutni uyg‘otaman.

Boqmam yerlik navolarga,
Bilmam qachon qaytaman.
Men dardimni havolarga,
Shamollarga aytaman.

Men uxlayman, men uxlayman.
Asta yumgayman ko‘zim.
Tushlarimda men yig‘layman,
Sen kulib tur, Yulduzim.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:36:17

6.
ABDULHAMID SULAYMON ChO‘LPON
                                                                                                                                Shu ojiz holimda shoirmanmi men?
                                                                                                                                                                Cho‘lpon


1.Ona tilim, sen ruhimning qanoti,
Abutturk nafasi, Oltoy chechagi.
Xun davridan omon keldi G‘iroting,
Qutlug‘ Enasoyning ezgu ertagi.

O‘rxun bo‘ylarida toshga aylanding,
Ko‘klarga sanchilding, Turon bo‘lding Sen,
Mangulik safarga qachon shaylanding?
Qachon bu alamga — kuchga to‘lding Sen?

Porloq osmoningda quzg‘unlar uchdi.
Evoh, yog‘iylaring soldi yag‘moni.
O’g‘iylaring jigar qoningni ichdi.

Jigar-qon jaranggi tutdi jahonni,
Onasen. Kechirding, qonidan kechding,
Biroq kechirmading aslo yolg‘onni.

2.Dunyo oq emasdir, yo‘q, qora bardosh,
Kuyib yodimizdan kechganlar aytsin.
So‘zlarida zahar, ko‘zlarida tosh,
Elidan, tilidan kechganlar aytsin.

Tunlar bosib kelar dunyo hasrati
Kunlar gizli tug‘yon, bosib kelar she’r.
Nechuk qismat erur, shoir qismati?!
Tushlarimni buzar hazrat Alisher...

Yillar bahorimni uchirdi chalqib,
Muzlarga ko‘chirdi o‘tluq yozimni.
Axtardim muhitda xas kabi qalqib —

Men o‘z Yulduzimni, o‘z Quyoshimni...
Yulduz sen, Quyosh sen, sen ona xalqim,
Sen uchun sindirdim sinmas sozimni.

3.Oh, shoir qismati, yarqiroq, gulgun,
Zavqlarga to‘lar u, bir so‘zni izlar.
Dunyoda hech bir zot bilmas, ne uchun,
Ayricha kular u, ayricha bo‘zlar.

Yo‘lsizlik yo‘ldoshi, tolei nigun
Hech qachon to‘yarmi axir yovuzlar.
Bu xalq dushmani, deb tutsalar bir kun,
Baribir, u xalqning nomidan so‘zlar.

Boshida qora qish, oppoq bahorlar,
Yuragi yarimu butun iymoni,
Talotum olamni shivirlab chorlar.

Tani omonatdir, naqd erur joni,
Ko‘krak qafasida lovullab porlar
Buyuk muhabbatning qonli nishoni.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:39:44


7.
OMON AZIZ. «KANDAKORLAR»

O‘ltirishar ikki jununvash,
Ikki jahon bilmagan jahon —
Ikki shoir ma’yus, xayolkash,
O‘rtalikda olov — Turkiston.

Mangu yonar lahzalik otash,
Qotib qolgan xayol bepoyon:
Asriy hasrat, yurakdagi tosh,
Bir lahzalik shodlik namoyon.

Titrar olam bir parishonhol,
To‘rt tarafda zulmatdir g‘arib,
To‘rt tarafni go‘yo bosmish yov.
Kelajakka yog‘dirar savol,
Go‘yo tunda imkon axtarib
Chorlar misda muzlagan olov.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:43:11

8.
SHAMOLLAR

Shamollar boshimda aylanur, daraxtlar tebranur shamollarda, daraxtlarning mevasi larzon, soyasi larzon. Xususan daraxtlar... Dor: Yuvilgan kiyimlar osilsin, tomosho ko‘rsatsin dorbozlar. Cho‘yan-oshxonada qozon. Daryo: nur. Temir: avtomat barmoq, Qabriston: gulzordir. Boshimda aylanur shamollar. Boshimda odamlarning, vatanlarning shamollar shaklida hayqirgan ovozi. Men beparvo bo‘la bilmasman, ey «baxtli» diyorning, ey beparvosi. Qalbimni asrimning tomiriga ularman: Mayli, oshsin qon bosim, shart portlasin kardiogramma. Ko‘zlarimning devoriga qarab o‘larman.
Sendan ayamasman umrimni asrim. Bu umrim nimadir?! O, ona Turkiston, bir varaq qog‘oz kabi o‘zimni yirtmasam... narsalar narsa emas men uchun. Narsalarda bor mening o‘chim, kesilgan daraxtlar-to‘ngakdir kesilguvchi boshlarga. Dor: Eng go‘zal fikrlar osilgan — Cho‘yan: oskolka. Qaylarga quyular bu daryo, bu daryo tinarmi?.. O’ki yana qaytadan bizning ibtidomiz boshlanajakmi? Bu temir: Bu G‘e emas, tarkibi jon, shahidlar qabriga husn-gajakdir. Quyosh foje’ xotira, asrdosh. Yo‘llar. Ikki odam yo‘l o‘rtasida, bir-biriga boqar, sirdosh, suhbat qurishar ular. Ikkovi ham ketdi bir tomon, lekin xayrlashib olishdi asli. Narsalarga narsaday qaray bilmasam, yolg‘iz sen sabab, shamollar onasi, hey, asrim. Derazamni ochadi bo‘ron, bo‘ron ochar eshiklarni. Menga bir dam bermaydi orom ko‘rganlarim, eshitganlarim.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 12:43:45

9.

Shamol, sochlarimni tarama,
Oqarsa oqarsin azobdan.
Qismat, hayron bo‘lib qarama,
Axir ayirmading g‘azabdan.

Ketmakdaman endi. Tong otar.
Alvido, ey, Turon diyori.
Ketmakdaman, axir, birodar,

Dunyo qolur, dunyo g‘ubori...
Oldinda ko‘rinur bahorlar,
Bu — Turkiy Dunyoning Bahori.
Pichoqlar bo‘g‘zimga yetganda
Qaltirab to‘kmasman yoshimni,
Hech narsa yo‘q mening yelkamda,
Men senga baxsh etdim boshimni.

Qayd etilgan