Rauf Parfi. Ona Turkiston (sh'erlar to'plami)  ( 36396 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:25:22

30.

Uyg‘onar Turkiston, uyg‘onar Dunyo,
Porloq umidlarga to‘lib kun botar.
Baxt singari olis yulduzlar go‘yo
Azal go‘zallikning sha’mini yoqar.

Ko‘nglim osmon yanglig‘, yorishdi osmon,
Kelur ot o‘ynatib Xaloskor Sarboz.
O’rqin saharlarda Sen, Ruhim, omon
Yuksak-yuksaklarga qilaber parvoz.

Ey Samo, ey Zamin, ey Inson — qodir,
Gullar, chechaklarga to‘lsin oydin yo‘l,
Nafosatga axir chidamli odam.

Bu kun Sen boshqasan, Dunyo boshqadir.
Sen-da Hur tug‘ilding. Bir so‘zla. Bir o‘l,
Va bilgil qaylarda sarsondir Alam...

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:25:57

31.

Pochta. Telegraf. Telefon. Kirdim.
Bazo‘r olib keldim oyoqlarimni.
Tanbal, erinchak bir vujudki bu, eh,
Oyog‘im ma’yuslikning oyog‘idir.

Goh shunday bo‘lurki, miyamda g‘ashlik,
O‘zim bir chelak qon, suv va boshqalar,
Na Vetnam, na Isroil, na AQSh,
Dunyo o‘z yo‘liga, men o‘z yo‘limga.

Shohkursiga tashlab qo‘ydim o‘zimni,
Yumshoq, shilimshiq shohkursiga cho‘kib
Kuta boshladim rag‘batnomalar,
Do‘stlarimning yozmagan maktublarin.

Boshin zo‘rg‘a tutar og‘ir ustunlar
Zalda uymalashgan jonlarga qarab,
Bu yer g‘ovuriga beparvo, behis
Pochta qutilari turishar uzun.

Qopqoqli og‘zini ocharu yopar
Bu yerda yelim va siyoh hidlari.
Bu yerda qog‘ozlar bo‘lmoqda nobud,
Garchi voqif erurlar har narsadan.

Ey, bechora varaq, qafasga tushding,
Telefonchi qizning ovozi chiqar,
Jaranglar sovuq: «Falon Falonchiev,
Javob bermayotir... allo, Farg‘ona...

Turkiston?! Oltinchi xonaga kiring...
Bu yerda so‘rrayib turmang, azizim...»
Omonat kassasin qulog‘i tirband
O‘likning og‘zidek ochiq daricha.

Birov pul qo‘yishga shoshar, baxtiyor,
Birov olar so‘nggi so‘min parishon.
Mening unga rahmim kelmaydi. Ajab.
Bu yerda o‘yin tushar shodlik va g‘am.

Oyoqlarin kerib ohang purkaydi
Taxtalar. Qandillar jo‘r bo‘lar shoshqin.
Bulg‘anib mast holda yozg‘ichlar yotar
G‘ijim qog‘ozlarga boqishib hayron.

Telefonxonaning birida kulgu,
Birida kulguning teskarisidir.
Bunda suvratlar ham qandaydir dardli,
To‘g‘risi, dardlarning shaklidir bular.

Goh shunday bo‘lurki miyamda g‘ashlik,
Burchakda oq, jiddiy tufdonlar faqat
Tufuklarin sochib turar iljayib,
Nofelet. Fargelet. Atchop. Ketaman...

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:26:46

32.
ONA TURKISTON

                                                                                                                                 Abdulla Qodiriy xotirasiga

1.Xotiramning qa’r-qa’rida ta’rix
Doim so‘zlab turar ezgin hikoya.
Tutqin qush singari qolurman g‘arib
Ruhimga bulutlar tashlaydir soya.

Bot-bot xayolimdan chekindi mubham,
Fikrimdan yulqindi Vatan qorasi.
Olisda miltirab so‘nayotgan sha’m
Ko‘hna hasratimning mash’um yarasi.

Kishanband qilinar qo‘llarim go‘yo,
Tuproqqa qo‘shila boshlaydi tanim.
Shu qadar yuragi tormidir — dunyo.

Nahot farzandiga — o‘ziga g‘anim,
O‘zi yuragiga jo bo‘ldi, ammo
Nechun sig‘dirmadi, nechun Vatanim?!

2. Ko‘ringiz ta’rixni, ey turkiy xalqim,
Ko‘zimga ertaning sevinchi xolos.
Ul Turondir, Turkistondir? U balkim
Ichimni kemirgan qadimiy qasos.

Ko‘ringiz ta’rixni. Ko‘z oldim parda,
Qo‘limdan uchmoqda bu yer, bu Vatan...
Oshno tutinardim po‘lat xanjarga...
Jang maydoni sari otilardim man...

Vatan, aylanarman bir keskir toshga,
Qoshinga o‘q kabi uchib borarman...
Nahot til boshqadir, nahot dil boshqa?!

Yo‘q! Farmon kutarman, eng so‘nggi farmon,
Shaklanib qararman qalqqan quyoshga.
Baribir, qasos, deb yonarman hamon.

3.Umr deganlari o‘tmakda shoshqin,
Tilla barglarini elab yo‘limga.
Sening manguliging beradir taskin
Erta uzilguvchi mening umrimga.

Oh, Ona Turkiston, kuylayin yonib,
Dunyo jur’atini berding qo‘limga.
Men endi angladim turkiy dunyoni,
Mana men, tayyorman endi o‘limga...

Ey mening zahmatkash, ey qutlug‘ xalqim,
Bergil faqat kuyib kuylamak haqqin.
Ortiq mas’ul etar topilgan bu Baxt.

«Ishq so‘zidan kuydi bulbul maskani»,
Til bilan kuylanmas ona-Vatanim,
Men seni kuylamak istayman faqat.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:28:22

33.

Muallaq qo‘llaridek bulutlar
Sira ravo ko‘rmas quyoshni.
Tashna sahro yomg‘irni kutar
Qo‘ygan kabi kundaga boshni.

Sira ravo ko‘rmas quyoshni
Uchishgan bulutlar sargardon.
Anglamaydir bu qaynoq toshni.
Bu sahro-qontalash jigardan.

Tashna sahro yomg‘irni kutar
Kutar-tug‘ilmagan o‘t, giyoh.
Bulutlar sahroni unutar,
Qaqragan sahroda ne gunoh?!

Qo‘ygan kabi kundaga boshni
Sabrsiz, bu sahro, sabrsiz.
Qayga ko‘msin bu cheksiz loshni,
Qabrsiz, bu sahro, qabrsiz.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:28:53

34.
XUDBIN

Hech kimga inonmadim yorug‘ dunyoda,
Inonmadim otamga, onamga inonmadim,
Bolamga inonmadim, men — sho‘rlik,
Boshqasini tilga olmadim hatto.

Qattiq sevdim o‘zimni —
Yashadim men uning
O‘limin kutib —
Mozorida bir to‘yib yig‘lamak uchun.

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:29:29

35.

Sen ayt. Bukun sening aytganing aytgan, uzun kalomingdan uvishadi jon. Turkiston so‘ziga kimlar ham yotgan, So‘zning hisobiga yetibmiz qachon? So‘zlardan deraza, so‘zlardan eshik. So‘zing ostonadir, koshona so‘zing. Sen ayt. Minnatdormiz. Boshimiz egik. So‘zlar saltanatin sultoni o‘zing. Kimdir buzdi So‘zni; kimlar o‘ngladi. Kim so‘zning jallodi, kimlar qurboni. Olimlar tingladi, yaqin tingladi. Qo‘ynimizga to‘ldi So‘zlar xirmoni. Boshimizga qo‘nib so‘zlar ingladi. Ko‘nglimizga botdi so‘zlar hijroni.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:30:43

36.
 ESKI TURKIYLARDAN

Chiqmasmi quyosh balqib
Boqmasmi qodir xudo!
Alvido, ona xalqim,
Alvido ey, alvido.

O‘zbekmomo avlodi,
O‘zota o‘g‘lonlari,
Rost bo‘ldi yurak dodi,
Qonlarga to‘lg‘onlari.

Dengizi qurib bitdi,
Daryolari oqmasmi,
Nahot bizni yer yutdi,
Qodir xudo boqmasmi?

Turkistonni bo‘ldilar,
Parchalandi bemajol.
Ustimizdan kuldilar
Ul yovuzlar bemalol.

Chiqmasmi quyosh balqib...

Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:31:14


37.
SAYYOD NAVO

Bas ey makkor, g‘ayri iymon istamam,
Bori fitna, bori yolg‘on, istamam,
Menga onsiz ikki jahon istamam,
Insonmanam, o‘zga unvon istamam.

Kezib shoir tinglagay faryodlar,
Shoir tili o‘z elidan dodlar,
O’rab! Bog‘boni yo‘q, elboni yo‘q.
Bori o‘g‘ri, kazzobu jallodlar.

Oncha gunoh, oncha shafqatdurur, yorab,
Oncha ziyon oncha rag‘batdurur, yorab,
Oncha qayg‘u, oncha rahmatdurur, yorab,
Oncha bunyod, oncha g‘oratdurur, yorab.

Kuydi ochun, men uchun faryod qil,
Tutqunmanam, sen meni ozod qil,
Isodin kechadurmen, deyil Sendan,
O‘zni qutqor va Sayyodni sen yod qil.

Manim mulkim, manim so‘zim — javharim,
So‘zimning shu’lasi yongan ahgarim,
Inonmaki, o‘lmas bu mulkni yitib
Dard mulkim, dardi olam mehvarim.

Bu falak bedodidin o‘rtondi dil,
O’ri ag‘yor shevasiga qondi dil,
Ne navo qildi vale Sayyod Navo,
O’ndi Odam, yondi Olam, yondi Dil.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:32:13

38.
O’NAYOTGAN AYOL

Tentirar Kasofat g‘olib Axraman,
Haqorat jar solar bunda bemalol.
Qayon ketmoqdasan yonib, qahramon,
Qayon ketmoqdasan Ey O’ng‘in-Ayol.

Ko‘ksingda Harorat so‘nib bo‘ldimi?
Ko‘zingda so‘nggi sha’m o‘chdimi, nahot?
To‘xta! Qolgan qoldi, o‘lgan-o‘ldimi?
To‘xta, deyman, bordir, bor o‘zga hayot.

O’nayotgan Ayol, shafqat qil, uyg‘on,
O’nayotgan Ayol, Xuruzm panohing,
Bolangga qaragil u tirik Tug‘yon.

Tirik Jasoratdir, tirik Ollohing...
Qani turkiylaring, Turoning qani?!
O’nayotgan Ayol, yondir Dunyoni.


Qayd etilgan


Ansora  27 Sentyabr 2009, 13:32:46

39.

Uxlama, sen, Haqiqat,
Chidam bilan borib qayt,
Oq bo‘lsin bosgan izing
Suyib aytgin, tuyib ayt,
Lovullab tursin So‘zing,
Kuyib aytgin, to‘yib ayt,
Uxlamagin sen o‘zing
Uxlamagin sen faqat.
Mudroq, qo‘rqoq jonlarni
Uyqudagi muvaqqat
Basirlarni uyg‘otgin,
Noraso makonlarni
Qasrlarni uyg‘otgin.
Uyg‘otgin zamonlarni
Asirlarni uyg‘otgin,
Uxlamagin sen faqat.

Chidam bilan borib qayt,
Elni to‘plab uyg‘otgin.
Zahar xo‘plab uyg‘otgin.
So‘zlaringning Quyoshi
Achchiq yoshga aylansin.
Botirlarning ko‘zyoshi
Bir kun toshga aylansin...
Sen-da dam ol o‘sha payt.

Qayd etilgan