Muhammad yusuf she`riyati.  ( 60483 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 B


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:33:41

Assalomu alykum men o`zim to`plagan Buyuk shoirimiz Andijonning faxri bo`lmish Muhammad Yusuf she`riyatini sizlarga taqdim qilmoqchiman. Undan oldin esa hayoti haqida qizqacha ma`lumot bermoqchiman.
1954 yil 26 aprelda Andijonning Marhamat tumanida tug'ildi. Toshkentdagi rus tili va adabiyoti institutini tamomladi (1978). Respublika kitobsevarlar jamiyatida (1978-1980), ' Toshkent oqshomi' gazetasida (1980-1986), Adabiyot va san'at nashriyotida, 'O'zbekiston ovozi' gazetasida (1986-1993) ishladi.

Umrining oxirgi 4-5 yilida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi bo'ldi. U 'Tanish teraklar' (1985), 'Bulbulga bir gapim bor' (1987), 'Iltijo' (1988), 'Uyqudagi qiz' (1989), 'Halima enam allalari' (1989), 'Ishq kemasi' (1990), 'Ko'nglimdagi yor' (1991), 'Bevafo ko'p ekan' (1991), 'Erka kiyik' (1992), 'Yolg'onchi yor' (1994), 'Osmonimga olib ketaman' (1998) to'plamlarining muallifi. 1998 yilda unga 'O'zbekiston xalq shoiri' unvoni berildi. U II chaqiriq O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga deputat qilib saylandi. 2001 yilda 'Saylanma' asarlari chop etildi.

M. Yusuf 2001 yil 29 iyulda vafot etdi, tug'ilgan qishlog'idagi qabristonga dafn etildi.

Qayd etilgan


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:39:06

ONAJON

Topmoq - yo‘qotmoqdir,
Yo‘qotmoq — topmoq,
Sen so‘lib,
Men yashab,
To‘lishimga boq.
Sensiz topganimdan
Ko‘proq yo‘qotdim —
Sen meni yupatding,
Seni yig‘latdim,
Sen meni yaratding,
Seni tugatdim.
Uyalmay ONA deb,
Kelishimga boq!..
Sog‘inch haqda she’rlar
Yozdim o‘zimcha,
Mendan peshonangda
Dog‘lar tizimcha.
O‘g‘il bo‘lmay o‘lay,
Attangb ming attang.
Qiz tug‘sang netardi,
Ko‘proq qiz tug‘sang!..
Tirgak bo‘lolmadim
Bitta qizingga
Uyalmay shoirman
Deyishimga boq.
Joningdan aylanay,
Turgil jonajon,
Yo‘l qarab bo‘ldimi
Jigarginang qon?
Boqma, ko‘zlarimga
Bemajol, xasta,
Mening topganlarim
Gulmi bir dasta,
Yo‘qotganim senmi
Endi ONAJON?..
O‘z etimni o‘zim
Yeyishimga boq.
Bilsang yuragimni
Bir alam elar.
Buyursang qo‘limdan
Kelmaydi nelar,
Ayt,
Pichan yig‘aymi,
O‘tin yoraymi,
Yerni haydayinmi,
Ko‘k ag‘daraymi?..
Itdek oyog‘ingga
Suykalgim kelar —
Uchib-uchib, mana
Qo‘nishimga boq.
Hech narsa kerakmas,
Bolam, hech deysan.
Endi kech deysan-da,
Endi kech deysan.
Yuzimni bosaman
Muzday yuzingga,
ONAJON,
Zor qilib ketma izingga!
O‘lim oldida ham
G‘amimni yeysan,
Men-chi, jim, taqdirga
Ko‘nishimga boq.
She’rim bitdi,
Xayir,
Do‘stlar xush qoling.
Bedil yashamakka
O‘rganmang menday
Boring,
Volidangiz
Ko‘nglini oling,
Ertaga
Kech qolib
O‘rtanmang menday.

UYQUDAGI QIZ

Qaro yerga qo`yib bosh,
Bir qizgina uxlaydi.
Ko`zlariga to`lib yosh,
Hur qizgina uxlaydi.

Yotar qurib darmoni,
Mangu uxlar gul yanoq.
Ko`ngli to`la armoni,
Qo`yni to`la qizg`aldoq.

Bu dunyo hech sendek
Qiz yo`q edi tur singlim,
O`zing orzu qilgandek,
To`y qilamiz, yur singlim.

Oy yuzingga bir nafas,
Harir ro`mol o`rarsan.
Gulgul yonib muqaddas
Chimildiqqa kirarsan.


Qayd etilgan


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:41:11

BIZ BAXTLI BO`LAMIZ

Mayli-da, kimgadir
Yoqsa,
Yoqmasa,
Ularga qo`shilib
Yig`lasharmidik.
Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa
Uchrasharmidik"¦

Rayhon hidlaringni
Yo`llarimga sep,
Kut meni,
Har oqshom,
Ko`kka oy chiqqan.
Faqat,
Yig`lamagin,
Gunohim ne deb,
Aybing —
Onang seni
Chiroyli tuqqan!..

Menga
Bir tabassum
Hadya et, ey yor,
Nur tomsin
Lablaring
Sohillaridan.
O`zing ayt,
Senday qiz
Yana qayda bor,
Kipriklari uzun —
Kokillaridan?..

Iymanib yashama
Xayol pinjida,
Yoyil,
Yayra jonim,
O`rtanma g`amda.
G`iybatlarga chida,
Tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir,
Yorug` olamda.

Men esa
Oshig`ing sening —
Eng g`arib.
Tundan so`z
Qarz olib,
Tongga tutguvchi.
Sening yonimda ham
Seni axtarib,
Sening yoningda ham
Seni kutguvchi.

Ista,
Tiz cho`kaman
Hozir oldingda.
Sevdim,
Sevganimdan
Uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar
Sening qalbingda
Ijarada turgan
Qizlar men uchun!..

Biz baxtli bo`lamiz
Xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa,
Uchrasharmidik?!


MENING DARDIM

Tuzalmaydi dardim mening,
O`lsam kerak.
Tuproq bilan og`a-ini
Bo`lsam kerak.

O`lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O`g`ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona"¦

Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo`q.
Xira shamdek ko`zlarimda
So`nmoqda cho`g`.

Cho`g nimadir? Cho`g` ham tutab,
Kul bo`ladi.
Inson bir kun o`z mayliga
Qul bo`ladi"¦

Yuragimni tamom qildim,
Yig`layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.

Men hayotda o`limga tik
Boqib o`sdim"¦
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do`stim!


Qayd etilgan


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:43:56

LOLAQIZG`ALDOQ
Shavkat Rahmon xotirasiga

Mendan nima qolar:
Ikki misra she’r,
Ikki sandiq kitob,
Bir uyum tuproq.
Odamlar ortimdan
Nima desa der,
Men seni o`ylayman
O`zimdan ko`proq —
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Men ketsam, yomondan
Yiroq bo`l, ohu,
Chunki sen chiroyli,
Ko`rkli bir juvon.
Yomon kunlar bir kun
Yaxshi bo`lar-u,
Yomon odam yaxshi
Bo`lmas hech qachon"¦
Yasha chegarada
Turgandek ogoh,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Uyda yotibman-u,
Sezib turipman,
Ko`kda kelayotir
Qushlar qaytishib.
Xayrlar yog`dirib
Qanotlaridan,
Xasta shoiriga
Vido aytishib.
Bor, mening uchun ham
Ularga qo`l qoq —
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ularni men yana
Ko`rarmanmi-a,
Ayvondan odamdek
Kuzatolmadim.
Kuz. To`ylar boshlandi.
Yuragim pora —
Bitta qizimni ham
Uzatolmadim"¦
Demak, taqdir ekan
To`y ko`rmay o`lmoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Biroq, ko`nglim sezar,
Mendan keyin ham,
Bir kun bu hovliga
Odam to`ladi.
Hali to`ylar qilib
Charchaysan, erkam,
Mening qizlarim eng
Baxtli bo`ladi!
Kelinlar ko`ylagi
Ruhimday oppoq —
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Gulim, yaqinroq kel,
Qara, ne savdo,
Bu ajib ishlarni
Dil lavhiga yoz:
Kimga qasr yetmas,
Kimga mol-dunyo,
Menga esa havo
Yetmaydi, xolos.
Tiriklar mudroqda,
O`liklar uyg`oq —
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ko`ksim kuyib borar,
Ko`krak yonmoqda,
Ayting do`xtirlarga,
Yorishsa yorsin!
Jism o`z ulfati —
Jondan tonmoqda.
Bechora jon endi
Qayerga borsin.
Endi osmon yiroq,
Endi yer yumshoq —
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Bunu xayot derlar,
Unutma aslo,
Bir kun ochilasan,
Bir kun so`lasan.
Qalbimda-ku, faqat
Sen eding tanho,
Qabrim ustida ham
O`zing bo`lasan.
Sen bizning sevgidan
Xotira — bayroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ayol qalbing bilan
Suv kech, olov kech,
G`am kelsa boshingdan
Xushing uchmasin.
Xudodan so`radim:
Mendan keyin hech,
Nomard kimsalarga
Ishing tushmasin.
Ularning qo`lida
Hamisha tuzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Ishing tushsa, inim
Muhammadga bor,
Shoirlar ichida
Ishonganim shu.
Biroz ichishini
Aytmasa agar,
Ko`ksi tiniq bola,
Halol bola u.
Faqat sal soddaroq,
Faqat sal yoshroq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!

Jon so`ngi boshpana
Toparkan ongda,
U yurak ostida
Derdim men bo`lsam.
Ajablanma agar
Ertaga tongda
Seni o`pib, O`shni
Quchoqlab o`lsam!..
O`tinchim — tepamda
Yig`lama uzoq,
Lola, lolajonim,
Lolaqizg`aldoq!


XAVOTIR

Qo`rqaman, ertaga men o`lib ketsam,
Yotar bo`lsam 1qumga botib ko`zlarim,
Ko`nglimni ko`chkiday bosadi bir g`am —
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Eng yaqin do`stlarim g`iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o`zlari bilar,
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Shoir o`lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhoyaboz hozir suvarakday ko`p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to`kilar to`p-to`p"¦

Tildan qolsam ko`zda qotib yoshlarim,
Ko`nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig`lashni ham bilmas mening qizlarim"¦

Ular yosh. O`limdan qo`rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig`lasin debon,
Qizlarim ko`zyoshin asray olmadim!


Qayd etilgan


JaviK  02 Dekabr 2007, 08:48:33

SEVGI BU"¦

Sevmoq bu
Kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam bo`lgin sen menga, dilbar.

G`iybatlar tingladim, aylandi boshim,
Ho`l tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda ko`nglimni yulqib
Ko`mdim beor do`stdek gumonlarimni.

O`ylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga to`lganda ko`zim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim o`zimni o`zim"¦

Sevmoq bu o`zingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga ko`milgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor bo`l sen menga, dilbar.

Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
G`amgin ko`zing, hadik to`la ko`zingni.
Sevmoq, bu kunda bir ko`rmoq baxtidir
Ozg`in qo`llaringni, sepkil yuzingni"¦


ONAMGA XAT

Men sizni o`ylayman shomu saharda,
Ona, sog`insam ham bora olamayman,
Tunlari charog`on shunday shaharda
Hech kimga ko`nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammabni sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O`z do`stim uyiga ko`mildi sevgim,
Kun bo`lib ko`ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o`tgani ko`kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men —zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman"¦

Mana, men ketayapman tosh yo`lda ko`zim,
Qadamim moshinlar yo`rg`asiga mos.
Yig`lasam yupatib o`zimni o`zim,
Pishqirib qo`yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o`ylayman shomu saxarda,
Ona, sog`insam ham bora olmasman.
Tunlari charog`on shunday shaharda
Hech kimga ko`nglimni yora olmasman"¦

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha Siz sog` bo`ling deb,
Sog`ingan o`g`lingiz — Muhammad Yusuf.


HAZIL

Mening haqimdagi g`iybatlar yolg`on,
Ixtiyor o`zimda bo`lsa qaniydi.
Sharob ichish menga Xayyomdan qolgan,
Ichmasam ul zotning ko`ngli ranjiydi.

O`zim boshladimmi, o`zim qilgum bas,
Do`stlarim behuda zavolim izlar,
Agar qirqqa kirmay o`lsam, may emas,
Meni xarob etgan bevafo qizlar!..


Qayd etilgan


JaviK  06 Dekabr 2007, 03:32:12

SODDA MUHAMMADMAN

Sodda Muhammadman,
Sodda Muhammad.
Turkman qizni maqtab baloga qoldim.
Ko`ylagiga xavas qilgandim faqat,
Toabad tuganmas g`avg`oga qoldim"¦

Nedan ranjidingiz jon singillarim,
Qaboqlar uyuldi, chimrildi qoshlar.
Turkman tushunmay tosh otsa, chidadim,
Ammo yomon botdi siz otgan toshlar.

Yorug` dunyoda-ku bari qiz go`zal,
Millat tanlamas-ku husn degani,
Nigohim Jayhundan sakrab o`tsa sal,
Qaydan bilay sizga malol kelganin.

Yurtim suluvlari sizga yo`q ta’rif,
Qoshingizda o`sma yursa sirg`alib,
Uzun sochingizni o`rsangiz tarab,
Boqsa degan edim oy ham suqlanib.

Asli turkman qiz bir bahona xolos,
Izlaganim edi sizlar kabilar,
Qo`msaganim hayo — momomlarga xos,
Sog`inganim edi Kumushbibilar"¦

Yonsam hajringizda mening yonishim,
Kuysam siz tufayli ko`nglimdagi cho`g`,
Turkman qizlarda yo`q mening tanishim,
Qalinga tuyam ham tushib qolgan yo`q!


SURAT

Mening kimligimni
Bilmaydi hech kim.
Men bir g`alatiman,
Men alohida.
Ko`zimning yoshini
Keladi ichgim,
Tilimni chaynagim,
Kelar gohida.

Oy mening yelkamga
O`tirib olgan,
Oftob g`avg`o solar
Yurgan yo`limga.
Xayol tushovidan
Chiqolmay qolgan
Umrimni topshirib
Qo`ydim ko`nglimga.

Endi toshni tepsam,
O`par izimni,
Yerga ag`anasam —
Yer ham devona.
Barmog`im o`pgandim
Suygan qizimni,
Qo`li yonib ketdi
Gurillab, mana.

Yondi,
Yonaverdi
Kokillari, so`ng,
Charsillab yuragi
Yondi bearmon.
Yarmi yonim bo`lgan
Ko`ylagi bir yeng
Ishqning bayrog`iga
Aylandi alvon!..

Va o`pdim bayroqni
Men o`sha alvon,
Olov tan,
Olov jon,
Qizil cho`g` to`shalgan
Chimildiq tomon
Otdim men o`zimni
Misli o`tparast.

Uyg`onsam — ko`rpam kul,
Yig`lar sevgilim.
Men seni yig`la deb
Quchgan edimmi?
Ayiq bosgan gulday
Ezildi ko`nglim,
Yovvoyi o`rdakka
Berdim sevgimni!..

O`rdak uchdi-ketdi,
Mung`ayib qoldim.
Hayratim opketdi
Qanotida u.
Kim meni aldasa —
Xudoga soldim,
Mayli aldanmasin,
Xayotida u.

Qoldim kulko`rpamda
To`shagim — tuproq,
Yumalab yotaman
Ilonlar bilan.
Ularga ishondim
Bir yordan ko`proq.
Ilon chaqar,
Ammo
Gapirmas yolg`on!..

Mening kimligimni
Bilmaydi hech kim.
Men bir g`alatiman,
Men — alohida.
Kiyiklar qonini
Keladi ichgim,
Chayonni chaynagim
Kelar gohida.


Qayd etilgan


Y_U_R_I_S_T  17 Fevral 2008, 17:28:32

 Quyoshga qarab oqqan suv...


Quyoshga qarab oqqan suv,
Dardimni aytgan edim-ku,
Dodimga yetmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Qanday yuzsiz do'stimsan,
Ohlar to'la ko'ksimdan
Oh urib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Suvingga qarab yoshimni,
Qiblaga qaratib boshimni
Yotqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?..

Men kimman? Bir yolg'izman,
Suv bo'yida bir yalpizman.
Oqizib ketmaysan nega,
Quyoshga qarab oqqan suv?

Quyoshga qarab oqqan suv.
Onamdek meni boqqan suv...

Qayd etilgan


Y_U_R_I_S_T  17 Fevral 2008, 17:35:57

Shukr deysan sen qachon...



Ta'magirni tortqilab,
Nafsi qo'ymas deydilar.
Nokas o'zi to'ysa ham,
Ko'zi to'ymas deydilar.

Boq bir yorug' olamga —
Kimlar zo'rg'a kun ko'rar.
Odamlar bor, bog'dagi
Bulbuldan ham pul so'rar.

Yolg'on dunyo — bu dunyo,
Arzon dunyo — bu dunyo.
Ne-ne hokim, beklardan
Qolgan dunyo — bu dunyo.

Kiprikdan ham qisqadir
Molu dunyo yo'llari.
Ibrat bo'lsin Iskandar
Ochiq ketgan qo'llari!..

Uzat deysan, ber deysan,
Hech qo'ymading odamzod.
Tuya to'ydi, fil to'ydi,
Sen to'ymading, odamzod.

Shukr qilar hattoki
Qumursqa-parrandalar.
Shukr deysan sen qachon,
Xom sut emgan bandalar?..
Bu uch kunlik dunyoda
Savlatigga kerilma.
Qasr qurma, bog' qoldir,
Davlatingga kerilma.

O'z elingni qaqshatsang,
Xor bo'lasan o'zing ham.
Bir kun shu el mehriga
Zor bo'lasan o'zing ham!..

Qayd etilgan


AL_laziz87  24 Avgust 2010, 00:30:51

MENING DARDIM

Tuzalmaydi dardim mening,
O`lsam kerak.
Tuproq bilan og`a-ini
Bo`lsam kerak.

O`lim nima? Bu ham bitta
Sayr, Ona.
O`g`ling qaro yerga ketdi,
Xayr ona"¦

Tuzalmas bu dardim mening,
Umidim yo`q.
Xira shamdek ko`zlarimda
So`nmoqda cho`g`.

Cho`g nimadir? Cho`g` ham tutab,
Kul bo`ladi.
Inson bir kun o`z mayliga
Qul bo`ladi"¦

Yuragimni tamom qildim,
Yig`layverib.
Huzurimda ajal turar,
Qoshin kerib.

Men hayotda o`limga tik
Boqib o`sdim"¦
Qani menga atalgan joy,
Ketdik, do`stim!

Qayd etilgan


yoqutxon  27 Sentyabr 2010, 07:00:09

Assalam aleykum.Muhammad Yusufni  men ijodi bilan tanish bo'lgan shoirlar ichida inson qalbidagi eng nozik tuyg'ular haqida qalam tebratib, qalbni jumbushga keltiradigan sherlarni eng sodda, samimiy so'zlar bilan  bitgan shoir hisoblanadi. Muhammad Yusuf ijodiga bo'lgan hurmatim cheksiz. Olloh rahmatiga olgan bo'lsin ushbu insonni.

Qayd etilgan