Ha endi, har holda inson bu ongli mavjudot, albatta u har qanday vaziyatda fikrlab, shunga yarasha harakat qiladi. Gap uning qay y'osinda tafakkur qilishida. Ta'lim tizimimizga kelsak, unda darhaqiqat shunday islohotlar qilish kerakki, toki o'sib kelayotgan avlod atrofdagi voqealarga teran nazar tashlab, ularga o'z munosabatini bildira olsin. Dunyoqarashi tor, xaritadan Angliyani ko'rsata olmaydigan yoki O'zbekiston Tinch okeanidagi orollarda joylashgan, undagi odamlar kompyuter tugul hali telefon nimaligini bilishmaydi desangiz, "ha, bu haqda eshitgan edim" deb qo'yga o'xshab boshini sarak-sarak qiladigan g'arb yoshlariga o'xshab qolmasligi kerak. Shu bilan birga, yuqorida aytilganidek, maktablarda hozir berilayotgan turli-tuman bilim massasi o'quvchini mayib qilib qo'ymasligi kerak. O'qituvchilar o'quv rejasi qolipiga tushish uchun, aytaylik Qoraxoniylar sulolasi haqida 1 ta darsda gapirib berishlariga to'g'ri keladi. Shu mavzu bo'yicha o'quvchilar (~30 ta) bilimini esa kelasi soatning 1-yarmida 'tekshirib' ko'radi. Agar aksar maktablarimiz bolalari paxta kampaniyasiga jalb etilishini hisobga olsak, vaziyat o'ta bir achinarli holatda ko'z oldimizda namoyon bo'ladi. Kelajagimiz bunyodkorlari har xil fanlardagi katta-katta mavzularni (katta deyishimizga sabab, darsliklardagi mavzular o'ta siqiq holatda; 6-sinf uchun 'Jahon tarixi' darsligini ko'rganmisiz? nafaqat, 6-sinf o'uvchisi, balki katta yoshdagi kishi ham arang tushunadi...) bir o'tirishda 'ho'plab' yuborishlariga to'g'ri kelmoqda. O'zim dars berganman - eng a'lochi, birinchi qatorda o'tiradigan o'quvchilar ham mavzuni yodlab olib, aytib berishadi, xolos... Qo'shimcha adabiyot tavsiya qilaman desangiz, vaqtlari yetmaydi sho'rliklarning - boshqa fanlardan ham tayyorgarlik ko'rishlari, ayrimlari repetitorlarga qatnashlari kerak. "Mening fanimni o'qi, odam bo'lasan", deb bo'lmasa...
Aytilgan gaplar nafaqat maktab ta'limi, balki o'rta-maxsus va oliy ta'lim tizimimizga ham taalluqli masala, deb o'ylayman.
Menga berilgan bakalavr diplomiga ilovada 58 ta fan yozilgan. Bu - maxsus kurslar va amaliyotlardan tashqari. Chet ellardagilar buni ko'rib g'oyatda hayron qolishsa kerak, chunki ularda bunday emas. O'zimizga berilgan ko'pgina fanlarning befoyda ekanligini mana, hozir bildim, ilgari o'zimizcha aytardik, "hay o'qiylik shularniyam, kelajakda asqotib qoladi", deb. Garchi o'sha 2-darajali fanlarning aksar imtihonlarida cho'ntak kavlashga to'g'ri kelgan bo'lsa ham. Shuncha vaqt, harakat, davlatning va talabaning mablag'i, asablar bekorga ketgan va ketmoqda ham.
Gapning po'stkallasi, hozirgi paytda kishilarimizning fikrlash tarzi qay tarafga qarab og'ib borishi ko'pgina omillar qatorida ta'lim tizimiga bog'liq. Hali aytadigan gaplar ko'p, ammo shusiz ham ko'p narsa yozib qo'ydim.
Fikr almashishda davom etamiz...