50-bob. Bir odam nafl ro‘za tutgan boshqa bir odamga «og‘iz ochasan!», deb turib olsa-yu, lekin uning og‘iz ochganligi uchun o‘zi bir kun ro‘za tutib berishi zarur ekanligini bilmasa, ammo, ro‘za tutgan kishiga ogiz ochishdan ko‘ra, ro‘za tugan afzalroq bo‘lsa...
Abu Juhayfa rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam Salmon bilan Abuddardo’ni o‘zaro aka-uka tutintirib qo‘ydilar. Shundan so‘ng, Salmon Abuddardo’ni ko‘rgani uylariga borsalar, Abuddardo’ning xotinlari Ummuddardo’ eski kiyim kiyib olgan erkanlar. Salmon: «Sizga ne bo‘ldi, bunchalik xarob kiyim kiyib olibdirsiz?»-deb so‘radilar. Ummuddardo’: «Birodaringiz Abuddardo’ning dunyoni suv bossa, to‘piqlariga chiqmag‘aydir»,- dedilar. Salmon gap nimada ekanligini fahmlab, Abuddardo’ kelganlarida u kishiga ovqat tutib edilar: «Men ro‘zaman, yemasmen»,- dedilar. Salmon: «Agar siz bu taomdan yemasangiz, men ham yemasmen»,- dedilar, Abuddardo’ nochor yedilar. Kechasi Abuddardo’ uyqudan uyg‘onib, ibodat qilmoqchi bo‘lib erdilar, Salmon: «Yotingiz!»- dedilar, u kishi yotdilar, bir ozdan keyin yana turmoqchi bo‘lib edilar, yana: «Yotingiz!»-dedilar, u kishi yana yotdilar. Tong otay deb qolganda, Salmon: «Mana endi turingiz!» -dedilar-da, o‘zlari ham turib, birgalashib namoz o‘qidilar. So‘ng, Salmon Abuddardo’ga: «Sizda rabbingizning ham, o‘zingizning ham, oilangizning ham haqqi bordir, sizning ularning birortasining ham haqqiga xiyonat qilmoqqa haddingiz yo‘qdir!» - dedilar. Keyin, Abuddardo’ bu voqeani Janob Rasulullohga aytib berganlarida, ul kishi: «Salmon to‘g‘ri aytibdir»,- dedilar».