MUXABBAT FASLI  ( 101152 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 B


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:34:45

BARCHA SHODLIK SENGA BO`LSIN
Barcha shodlik senga bo`lsin,
Bor sitam zorlik, menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga.
Sen mening jonimni olgin,
Men sening darding olay,
Barcha sog`lik senga bo`lsin,
Barcha bemorlik menga.
Senga bo`lsin barcha husnu
Menga bo`lsin barcha ishq,
Kori xunxorlik senga-yu,
Mehru poydorlik menga.
Bu jahonning rohatin ol,
Bor azobin menga ber,
Senga bo`lsin barcha orom,
Barcha bemorlik menga.
Ol o`zing koshonlarni,
Menga qo`y mayxonani,
Barcha xushyorlik senga-yu,
Barcha hummorlik menga.
Senga bo`lsin nurli kunduz,
Menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo`lsin,
Bor tikanzorlik manga.
Sen shahanshohlikni olgin,
Menga qullik bo`lsa bas,
Bor jafokorlik senga-yu,
Bor vafodorlik menga.
Mayli, ostonangda yotsam,
Mayli, quvsang tosh otib,
Bor dilozorlik senga-yu,
Bor dilafgorlik menga.
Senga she'rni bitsin Erkin,
Yirtib otmoq o`z ishing,
Kasbi inkorlik senga-yu,
Aybga iqrorlik menga

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:35:51

RASHKIM
Seni yotlar tugul hatto —
Qilurman rashk o`zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam
Bo`lurman g`ash ko`zimdan ham.
Ko`zim yongay senga nargis —
Ko`zin tiksa chamanlarda,
Yashirmam, lolaga rashkim
Ayon bo`lgay yuzimdan ham.
Degaylarki, charosu
Ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum
Gilos birlan uzumdan ham.
Seni jonim dedim yolg`iz,
Seni qalbim dedim tanho,
Chimirding qosh, pushaymonman
Qo`pol aytgan so`zimdan ham.
Visol onida ko`z ochsa,
Ne tong, tongdan ko`ngilda ranj,
Judo qilgay meni oy yuz,
Xumor ko`z yulduzimdan ham.
Senga o`n to`rtda bog`landim,
Hanuz erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas,
To`zimsiz o`ttizimdan ham

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:37:15

UMR O'TAR
Umr o'tar,vaqt o'tar,
Xonlar o'tar,taxt o'tar,
Omad o'tar,baxt o'tar,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sening yurishlaring,sening kulishlaring.
Bahorda bog' na go'zal,
Qor tushsa tog' na go'zal,
Bu yoshlik chog' na go'zal,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
So'zsiz qarashlaring,holim so'rashlaring.
Oy chiqar goh zaholi,
Do'stlar ko'pdir vafoli,
Hayot shundan safoli,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
Sokin so'zlashlaring, pinhon izlashlaring.
Umr - yo'l, qayrilish ko'p,
Uchrashish, ayriliq ko'p,
Unutish, aytilish ko'p,
Lekin hech qachon chiqmas yodimdan
O'sha kulishlaring, o'sha kelishlaring           

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:38:12

SUVPARI
Seni hech kim sevolmaydi meningdek:
Vaslingga zor bu oshiqlar, ehtimol,
Poyingga tiz cho`kib yig`lar, ehtimol,
Lekin sodiq bo`lolmaydi meningdek!..
Aldanma yor, aldamchilar makriga,
Malak bo`lma bevafo ishq shahriga,
Ular seni bir bossa bas bag`riga,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Yo`ling kesib o`tsam — o`zim hijolat,
Uzoqdan bir seni ko`rsam kifoyat,
Bir nigohing o`zi menga inoyat,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Joningga jon bo`lmayman-u, sevaman,
Yoningga bir kelmayman-u, sevaman,
Ismingni ham bilmayman-u, sevaman,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek.
Sen ko`kdagi harir ko`ylak, hur-pari,
Ko`k ko`ldagi tinib qolgan suvpari.
Muhammadning ko`nglidagi dilbari,
Seni hech kim sevolmaydi meningdek

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:38:52

SEVGI SADOSI
Gulim, mehr ko`zda degani yolg`on,
Mening dilimda hech o`chmas yolqinsiz,
Qancha ko`rishmasak shuncha qadrdon,
Qancha olis bo`lsak, shuncha yaqinsiz.
Devona oshiqman, men bir devona,
Ayting sizdan bo`lak kimim bor yana?..
Siz yo`q chog`imdagi dunyom begona,
Siz yo`q bog`imdagi gullar yoqimsiz.
Siz achchiq qismatim, siz iztirobim,
Siz shirin dardimsiz, shurin azobim,
Siz mening ko`klardan topgan oftobim,
Yerlarda yo`qotgan ko`zmunchog`imsiz.
Yodimda kechagi sho`xliklaringiz,
Ko`ksimni kuydirgan kipriklaringiz,
Siz o`sha — Orzusi oydan oydin qiz,
Siz o`sha — kulgusi qo`ng`irog`imsiz.
Siz o`sha ko`zimning kiftida turgan,
Siz o`sha ko`nglimga ko`ngli in qurgan.
To`kilay deb tilim uchida turgan
She'rimsiz, bir umr bitmas ohimsiz

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:39:22

MAKTUB
Sevgilim,
Sevgilim,
Og`riydi dilim.
Jonim og`riyverar sizni o`ylasam.
Gulday yuzinggizni silar endi kim,
Meni eslarmisiz — yo`qmi o`shal dam...
Bulutlar ko`k kezar kunda piyoda
Ufqqa oftob botar qizil gulxanday.
Armonim ekansiz yorug` dunyoda,
Sizni o`ylamasdan yasharman qanday?
Ko`nglim ayvonida kuz hushtak chalar,
Ko`zimdan yosh bo`lib yog`adi yaproq.
Do`stlarim — takabbur shoirvachchalar
O`zlarin sevishar yoridan ko`proq.
Kunlarning kaftida sevgi xanjari,
Bag`rimda begunoh bir gul so`ladi.
Toychoqqa aylanib goh kechalari,
Tuproqqa ag`anab yotgim keladi!..
Sevgilim,
Sevgilim,
Og`riydi dilim.
Jonim yomon og`rir sizni o`ylasam.
Sunbul sochingizni silar endi kim,
Meni eslaysizmi-yo`qmi o`shal dam.
Bilmayman,
Bilishni istamayman ham,
Bilganim — menga baxt nasib etmadi.
Yillar o`taverdi, ko`zim o`ngidan,
Sizning oydek ruxsoringiz ketmadi...
Dunyo omon bo`lsin,
Siz bo`ling omon,
Omadli bo`ling siz.
Baxtli bo`ling siz.
Lekin,
Bilib qo`ying,
bilib qo`ying hamon
Sizni unutolmas Muhammadingiz

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:40:40

MUHABBATIM

Muhabbatim, qaydasan qalb ardog`im,
Jayronko`zim, qirlarda qolgan ohum.
Qo`lim tegmay to`kilgan qizg`aldog`im,
Endi seni izlab qaydan toparman...
Kelar bo`lsang, yo`lingga gul to`shardim,
Sen Layliga, men Majnunga o`xshardim,
Bu dunyoda hijron yo`q deb yashardim,
Endi seni izlab qaydan toparman...
Tushlarimda yig`larsan goh bag`ri qon,
Ohlaringdan dud chiqib osmon-osmon,
Menga senu senga men bo`ldik armon,
Endi seni izlab qaydan toparman...
Muhabbatim, qaydasan, qalb ardog`im,
Jayronko`zim, qirlarda qolgan ohum,
Qo`lim tegmay to`kilgan qizg`aldog`im,
Endi seni izlab qaydan toparman

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:42:30

MENING ERTAGIMSAN

Mening shodligimsan, bolaligimsan,
Mening g`ussam o`zing, mening armonim.
Seni osmonimga olib ketaman,
Yerda bizga kun yo`q, kun yo`qdir, jonim!..
Xato qildimmikan men erta kelib,
Yo sen adashdingmi kelib keyinmi?
Goho kimliging ham bo`lmaydi bilib,
Inim deymi seni, sevgilim deymi?
Ket, deb haydolmasam netaman,
Kel, deb aytolmasam netaman.
Seni osmonimga olib ketaman,
Seni osmonimga olib ketaman...
O`ylamay deymanu o`ylamay bo`lmas,
O`tsang sen tomon bir bo`ylamay bo`lmas.
Sen mening hammadan yashirgan sirim,
Mening ertagimsan, so`ylamay bo`lmas.
Ket, deb haydolmasam netaman,
Kel, deb aytolmasam netaman.
Seni osmonimga olib ketaman,
Seni osmonimga olib ketaman

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 17:45:53

O`ZBEK QIZLARI

Bu Momo Havodan ularga odat:
Ushlasa gul ushlar qo`lini faqat,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin
O`psa faqat shamol o`par yuzlarin.
Bu Momo Havodan ularga odat:
Nozik belda qirqta kokili qavat,
Silasa yomg`irlar silaydi faqat,
Ko`rsa faqat osmon ko`rar ko`zlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Jilmaysa nur yog`ar gul yanoqlardan,
Sir yashirar hatto qizg`aldoqlardan.
Oftob botgandan so`ng xilvat bog`lardan,
Behuda izlamang sira izlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Ko`ngli daryoday keng, mehri ulug`vor,
Dugonasi Hayo, dugonasi Or.
Ayting, farishtadan nima farqi bor,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin?..
Bardoshi oldida tog` — oddiy tuproq,
Ular etagidan jannat bir qadam.
Beayb Parvardigor, degandek biroq,
Yoq emas kichkina kamchiligi ham.
Sevadi,
Kuyadi,
Qiladi alam,
Dorga osing, ammo aytmas birovga.
Aytmay sevishini sevganiga ham,
Tegib ketaverar boshqa kuyovga!

Qayd etilgan


Qosimxon  24 Fevral 2009, 18:04:58

YODINGDA QOLMOQCHI EDIM

Fuzuliy lutf etib ketgan bir zamon,
Go‘zallar vafosiz, aldoqchi dedim.
Yoningda qolishga yo‘q edi imkon,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Negadir istardim qiynalishingni,
Yuragingga kamand solmoqchi edim.
Onangga aytolmay qolsang tushingni...
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Do‘stlar kechib qo‘ygan edi bahrimdan,
Kimlardandir qasos olmoqchi edim.
Haydab chiqardilar hayotlaridan,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Alamim, hasadim, ginam tufayli,
Ehtimol ustingdan kulmoqchi edim.
Sog‘insang, o‘rtansang, yig‘lasang mayli,
Men sening yodingda qolmoqchi edim.

Ko‘zingni ko‘zimga bermading sira,
Ishondingmi, yo‘qmi, bilmoqchi edim.
Seni ko‘p o‘yladim. She’r yozdim qara,
Men sening yodingda qolmoqchi edim

Qayd etilgan