AYYOR QIZ
Kulib qarab, kulib ko‘zin obqochgan,
O‘rgatvolib, keyin o‘zin obqochgan,
Quchoqlasam, titrab yuzin obqochgan,
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.
Huv, deydi-yu, o‘ylar yostiq-ko‘rpasin,
Ko‘zda yosh yo‘q — ayaydi-da surmasin,
Eshitsinu lekin birov ko‘rmasin"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.
Kuydirmajon edi, qurg‘ur, sho‘x edi,
Ko‘nglim unda edi, ko‘nglim to‘q edi.
Qosh terganda yig‘lagani yo‘q edi"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.
Erta pishar edi qo‘qon gilosi,
Yuragimdek qop-qora qon gilosi.
Allaqachon bo‘lgan talon gilosi"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.
Tengdoshini sevgan bo‘lar teng tentak,
To‘yda bildim, ancha ekan deng tentak.
O‘sha kuni sal yig‘labman men tentak"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.
To‘y buzishga etarmidi jur’atim?
Un tortgani tegirmonga jo‘nadim.
Tuguniga sig‘magandir suratim"¦
Tugunchagin tugib qo‘ygan tayyor qiz,
Yolg‘on yig‘lab, erga borar ayyor qiz.