Kutubxona > O'zbek adabiyoti

XIII-XXI asr adabiyoti

<< < (2/16) > >>

Muhammad Amin:
LUTFIY (1366-1465)
Chorshanba, 10 Yanvar 2007
 

 
 

 
Lutfiyning asl ismi Lutfulla bo`lib, u Hirot yaqinidagi Dehikanor qishlog`ida tug`ilgan.
Lutfiy Alisher Navoiyga ustoz martabaasida turgan va u kishi ham g`azal janrida ijod qilgandir. Navoiy ustozi haqida quyidagilarni yozib ketgan: "Mavlono Lutfiy o`z zamonining malikul kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo`q erdi, ammo turkiyda shuxrati ko`prak erdi va turkcha devoni ham mashhurdir..."
Xondamir "Makorimul ahloq" asarida Lutfiyni turkiy tilda Navoiygacha bo`lgan davrda ijod qilgan eng yirik shoir sifatida ta`riflaydi.
Lutfiy nafaqat shoir, balki iste`dodli tarjimon ham bo`lgan. U Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asarini Shohruh mirzoning taklifiga ko`ra she`riy tarzga tarjima qilgan.
Lutfiydan bizga katta adabiy meros qolgan. Manbalarda shoirning 20 dan ortiq asar yozgani aytiladi. Biroq bizgacha shoirning ikkita devoni yetib kelgan. Ulardan biri Turkiyaning Ko`niyo shahrida saqlanmoqda.

Nashr qilingan asarlari:
Lutfiy. Devon. — T.: 1965.
Lutfiy. Sensan sevarim. — T.: 1987.
 

Muhammad Amin:
DURBEK
 
 
Durbek haqida bizga ma`lumotlar deyarli yetib kelmagan. Faqat "Yusuf va Zulayho" dostoni uning nomi bilan bog`lanadi. Asar muqaddimasida ta`kidlanishicha, ushbu doston Balxda yozilgan. Shoir Balx haqida quyidagicha yozadi:

Balx erdi dahrga ummul bilod,
Mazhari islom taqi adlu dod.
Jumla akobirning edi manzili,
Sokin erur anda nabi-yu vali.

Ummul bilod - shaharlarning onasi demakdir. Shoir bu bilan o`z shahri nufuzini ta`kidlamoqda. Shu misralar yordamida biz shoirning Balx shahridan ekanligini bilib olishimiz mumkin. Lekin Durbek haqida boshqa ma`lumotlar saqlanmagan.
 

 

Muhammad Amin:
HUSAYN BOYQARO (1438-1506)
 

 
 

 
Taniqli shoir va davlar arbobi Husayn Boyqaro 1438-yilda Hirotda tug`ilgan. Uning otasi Mansur va onasi Firuzabegim ham Temuriylar avlodidan bo`lgani uchun Zahiriddin Muhammad Bobur Boyqaroga "karimu-t-tarafayn" ("ikki tomonlama ulug`") deb ta`rif bergan.
U 1469-yildan umrining oxirigacha Xurosonga podshohlik qilgan. Husayn Boyqaro davrida mamlakatda ilm-ma`rifat, adabiyot rivojlandi. U poytaxtga ko`plab ziyoli kishilarni to`plagan. Madrasalar ochib, u yerda ta`lim berish uchun o`z davrining ko`zga ko`ringan mudarrislarini jalb etgan. Bu davrda ushbu madrasalarga xorijdan ham ko`plab talabalar kelib saboq olishgan. Uning hukmdorligi yillarida iqtisodiy va madaniy hayot yaxshilangan. Ko`plab chet el mamlakatlari bilan do`stlik va hamkorliklar yo`lga qo`yilgan. Masalan, 1490-yilda u Moskvaga elchi yuborib, do`stlik va inoqlik to`g`risida shartnoma tuzishni taklif etgan.
Husayn Boyqaro "Husayniy" taxallusi bilan she`rlar yozgan. Uning bizgacha "Devon" va "Risola" asarlari yetib kelgan. Devondagi she`rlarning ko`pchiligi ishq va may mavzusidadir.
Husayn Boyqaro Alisher Navoiyning eng yaqin do`sti bo`lgan.U "Risola" asarida Navoiy ijodiga keng va obyektiv baho bergan. Husayniy asarlari O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasida saqlanmoqda..
Nashr qilingan asarlari:
Husayn Boyqaro. Devon, risola. (nashrga tayyorl. S.G’aniyeva) — T.: 1968;
Shoh va shoir: Husayniy (nashrga tayyorl. A.Erkinov). — T.: 1993;
 

Muhammad Amin:
MUHAMMAD SHAYBONIY (1451-1510)
 

 
 

 
Muhammad Shayboniy Temuriylar davlati o`rnida yuzaga kelgan Shayboniylar sulolasi asoschisidir. U o`z zamonasining donishmandlaridan va harbiy sarkardalaridan ta`lim oldi. Buxoroda ikki yil madrasada o`qidi.
90-yillarning so`ngida taxt uchun kurashlar boshlanib ketdi. U 1499-1504-yillarda Movaraunnahrni Abdusaid avlodlaridan tortib oldi. 1505-yilda Xorazmni, 1507-yil Xurosonni egalladi. Va shu bilan Temuriylar hukmronligiga barham berdi. 1510-yili 10-sentabrda Ismoil Safaviy qo`shinlari bilan Murg`ob daryosi bo`yidagi janglarda halok bo`lgan.
Shayboniy ko`p jihatdan Amir Temur tutumiga ixlos bilan qarar va rioya qilardi. U saroyga ko`plab olimlar va ijod ahlini to`plab, ijodga tashviq qilar edi.
O`zi esa turkiy va forsiyda she`rlar bitar, surat chizar, xushovoz qiroatxon va musiqa bilan shug`ullanar edi.
Shayboniyxondan bizga "Devon" va "Bahru-l-hido" ("Hidoyat dengizi") dostonlari yetib kelgan.
Uning devoni Istambuldagi To`pqopi saroyi muzeyida, dostoni esa Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Shayboniyxonning devonidan ko`chirma nusxa "O`zbekiston Milliy universiteti" "O`zbek mumtoz adabiyoti kafedrasi qo`lyozmalar jamg`armasi"da mavjud.
Uning she`rlaridan ayrim namunalar unga bag`ishlab yozilgan asarlarda ham keltirilgan. Masalan, Nisoriyning ma`lumotlariga ko`ra, Shayboniyxon mo`g`ullar istilosida shahid ketgan Najmiddin Kubroga bag`ishlab "Shahi Shuhado" ("Shahidlar shohi") degan tarixiy she`r yozgan.
Shoir "œhazrati imomu-z-zamon xalifatu-r-rahmon" (zamona imomi va xalifasi) unvoniga erishgan.
 

Muhammad Amin:
ALISHER NAVOIY (1441-1501)
 

 
 

 
Alisher Navoiy 1441-yilning 9-fevralida Hirotda, G`iyosiddin Kichkina xonadonida dunyoga kelgan. Uning otasi Temuriylar saroyida e`tiborli shaxslardan bo`lgan. Onasi esa amirzoda Shayx Abusaid Changning qizi bo`lgan.
Alisher saroy muhitida yashagani uchun alohida tarbiya va nazorat ostida o`sdi. Kichkinaligidanoq she`r va musiqaga ishqi tushgan. Olim-u fozillar davrasida ulg`aydi.
1447-yilda Shohruh Mirzo vafot etib, taxt uchun kurashlar boshlanib ketadi. Alisherlar oilasi esa bu davrda Iroqqa yo`l oladi. Yo`lda, Taft shahrida Navoiy o`z davrining mashhur tarixchish Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi.
Alisherlar xonadoni 1451-yilda Hirotga qaytadi.
1452-yilda Abulqosim Bobur Mirzo Xuroson taxtiga o`tiradi va notinchliklar ham bosiladi. Alisherning otasi G`iyosiddin Muhammad esa Sabzavorga hokim etib tayinlanadi. Alisher o`qishni davom ettiradi. Maktab yosh Alisherni she`riyat bilan oshno qilib qo`yadi. U Sa`diy Sheroziyning "Guliston" va "Bo`ston", Farididdin Attorning "Mantiqu-t-tayr" asarlarini kuchli ishtiyoq bilan o`qib chiqadi.
"Mantiqu-t-tayr" asari Navoiyga bir umrlik hamroh bo`lib qoladi. Keyinchalik u "Lisonu-t-tayr" nomli asarini yozdi.
1453-yilda G`iyosiddin Muhammad vafot etdi. Alisher Abulqosim Bobur xizmatiga kirdi. Avval Sabzavorda, keyin Mashhadda yashadi. Ikki maktabdosh do`st - Husayn va Alisher yana birga bo`ldilar. Bu yillar ham Navoiy uchun ilm olish bilan o`tdi. U shu munosabat bilan 50 ming bayt, 100 ming misrani yod olganini aytib o`tgan.
She`rga mehr Alisherni ijodga undadi. U turkiy va forsiyda she`rlar bita boshladi. U turkiydagi she`rlariga "Navoiy", forsiydagi she`rlariga esa "Foniy" taxallusini qo`llardi.
1457-yilda Abulqosim Bobur vafot etgach, Xuroson taxtiga Abusaid Mirzo o`tirdi. Husayn Boyqaro esa taxt uchun kurashlarga kirishib ketdi. Bu paytda Navoiy Mashhad madrasalarida bilimini oshirish bilan band edi.
Shoir 1464-yilda Hirotga qaytadi. Lekin bi yerda uni qiyinchiliklar kutib turar edi. Sababi, Abusaid Mirzo Abulqosim Bobur yaqinlaridan hisoblangan Alisherning tog`alari Mirsaid Kobuliy va Muhammad Ali G`aribiylarni qatl etgan bo`lib, Alisherning mol-mulki ham davlat hisobiga musodara etilgan edi. Shuning uchun u shaharda uzoq qola olmadi.
Bu davrda Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Muhammad va Sayyid Hasan Ardasher kabi do`stlarining ko`magiga tayanadi.
Abdurahmon Jomiyni Navoiy "Nuran Maxdum" deb e`zozlagan. U kishi o`zini siyosatdan uzoq tutar edi. Hatto shahar tashqarisida Sa`diddin Qoshg`ariy (1456-yilda vafot etgan mashhur shayx, Jomiyning ustozi) mozori yonidan joy olib, o`sha yerda yashar edi.
Alisher do`stlari Pahlavon Muhammad va Sayyid Hasan Ardasherlar haqida kitob ham yozgan. U Pahlavon Muhammadni "shamsu-l--millat" (millat quyoshi) deb atagan bo`lsa, Sayyid Hasan Ardasherni esa "bu faqir turk va sart orasida ondin tamomroq (mukammalroq) kishini ko`rmaydurmen" deb ta`riflagan.
Navoiy 60-yillarning ikkinchi yarmida Samarqandda yashadi. Uning Samarqandga kelishi to`g`risida ham turlicha qarashlar mavjud. Tarixchi Xondamir uni o`qish maqsadida kelgan deb aytadi. To`g`ri, u Samarqandda din huquqshunosi va faylasuf Fazlulloh Abullays qo`lida o`qidi. Zahiriddin Muhammad Bobur esa uning Samarqandga kelishi sababini Abusaid surgun gilishi bilan bog`laydi. Chunki Abusaidning Alisherga nisbatan munosabati yomon edi.
Alisher Samarqandda dastlab moliyaviy qiyinchiliklar ichida yashadi. Keyinchalik shahar hokimi Ahmad Hojibek unga rag`bat va homiylik qila boshladi.
Navoiy shu yillarda shoir sifatida shuhrat topa boshladi. 1465-1466-yillarda uning muxlislari she`rlarini to`plab, "Devon" tuzdilar. Bu kitob bugungi kunda "Ilk devon" nomi bilan mashhurdir.
1468-yilda Abusaid Mirzo Eronni egallash uchun bo`lgan jangda halok bo`ladi va taxtga Husayn Boyqaro o`tiradi. U do`stiga maktub yo`llab, uni Hirotga chaqiradi. Alisher Hirotga qaytib, Ramazon hayiti kunlarida do`stiga "Hiloliya" qasidasini taqdim etadi.
Husayn Boyqaro Alisherni davlat ishlariga jalb etib, unga muhrdorlik vazifasini topshiradi. Alisher 1469-1472-yillarda muhrdor, 1472--1476-yillarda esa vazir bo`lib ishladi. 1487-1488-yillarda esa Astrobod hokimi bo`lgan.
Alisher vazir bo`lib ishlagan kezlarida "amiri kabir" ("ulug` amir"), "amiru-l-muqarrab" (podshohga eng yaqin amir) kabi unvonlarga ega bo`ldi.
1480-1500-yillar mobaynida o’z mablag’lari hisobidan bir necha madrasa, 40 rabot (safardagi yo’lovchilar to’xtab o’tish joyi), 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko’prik, 20 ta hovuz qurdiradi. Husayn Boyqaro Alisher Navoiyga "œmuqarrabi hazrati sultoniy" ("œsulton hazratlarining eng yaqin kishisi") degan unvonni beradi. Unga ko’ra Navoiy davlatning barcha ishlariga aralasha olardi.
Alisher Navoiy tarjimayi holi o’z davrida Xondamir, Vosifiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabi tarixchi va davlat arboblarining asarlarida aks etgan.
Lirik merosi.
Navoiy ijodi ixlosmandlari uning she’rlarini yig’ib, "œIlk devon" (1464-1465) tuzgan edilar, birinchi devoni "œBadoye`u-l-bidoya" ("œGo’zallikning boshlanishi") asarini shohning taklifiga ko`ra 1472-1476-yillarda kitob qildi. Ikkinchi devoni "œNavodiru-n-nihoya" ("œNodirliklar nihoyasi")ni 1476-1483-yillarda yozib tugatgan. 1481-1482-yillarda "Vaqfiya" asarini yozadi. Bu asari bilan u vaqf qonun-qoidalarini tartibga solishni ko`zlagan edi.
1483-1485-yillar mobaynida esa beshta dostondan iborat "Xamsa"ni yozib tugatdi. U ish kunlari hisobida 54 ming misradan iborat asarni olti oy ichida yozgan edi. Bu asar turkiy tildagi birinchi "Xamsa"dir. Navoiyni "Xamsa" yozishga undagan va unga bu ishda oq fotiha bergan ustozi va do`sti Abdurahmon Jomiy shunday yozadi: "Bu qalamga falakdin ofarinlar yog`ilsin. Bu qalam forsiy til egalariga, forscha nazm durlarini terguvchilarga rahm qildi: u ham shu forsiy tilda yozganida, boshqalarda so`z aytishga majol qolmasdi. Uning mo`jizali she`ri oldida Nizomiy kim-u, Xisrav kim bo`lardi?!"
1480-1490-yillar Navoiy ijodi uchun nihoyatda samarali keladi. U shu yillar davomida ketma-ket nasriy kitoblar yaratdi. 1488-yilda yaratilgan "Tarixi mulki Ajam" ("Ajam shohlari tarixi") shulardan biri edi. Bu asar "Muhokamatu-l-lug`atayn" asarida "Zubdatu-t-tavotix" (Tarixlar qaymog`i) deb ham ataladi.
Navoiyning "Tarixi anbiyo va hukamo" (Anbiyolar va hokimlar tarixi), "Siroju-l-muslimin" (Musulmonlik nuri) asarlari ibrat va pand mazmunida yozilgandir.
Navoiyning yaqin do`stlari va ustozlari Sayyid Hasan Ardasher (1489), Abdurahmon Jomiy (1492) va Pahlavon Muhammad (1493) birin-ketin vafot etishadi. Navoiy ularga bag`ishlab "Holoti Sayyid Hasan Ardasher", "Xamsatu-l-mutahayyirin", "Holoti Pahlavon Muhammad" asarlarini yozadi. Bu asarlar nasriy bo`lib, ular shoirning ulug` zamondoshlari haqidagi memuar-xotiralaridan tashkil topgandir.
1491-yilda shoir muammo janrida yozilgan "Risolayi muammo" (ikkinchi nomi "Mufradot") asarini yozadi. Bu asar bilan Navoiy o`zbek tilida muammo janrida yozgan ilk shoir bo`ldi.
"Xazoyinu-l-maoniy"ga uning 52 muammosi kiritilgan. Forsiyda yozilgan muammolarini esa 500 ta chamalaydilar. Shoir muammoni tuzish va yechish qoidalarini o`z ichiga olgan ushbu asarini forsiyda yozgan.
Hadislar asosidagi 40 ruboiyni o`z ichiga olgan "Arbain", mashhur hazrat Alining "Nasru-l-laoliy" asarining she`riy tarjimasi, 266 ta ruboiydan tashkil topgan "Nazmu-l-javohir" asarlari ham shu yillarda yaratilgan.
Navoiyning 1490-yillardagi eng katta asari, shubhasiz, "Xazoyinu-l-maoniy"dir. 1492-1498-yillarda tartib qilingan bu asar to`rt qismli devondir. Bu devonga shoirning turkiyda yozilgan deyarli barcha lirik she`rlari kiritilgandir. U devonni tabiat fasllariga qarab to`rtga bo`ldi va har biriga shunga ko`ra nom berdi. Uning birinchi qismi "G`aroyibu-s-sig`ar" (Yoshlik g`aroyibotlari), ikkinchi qismi "Navodiru-sh-shabob" (Yigitlik nodirliklari), uchinchi qismi "Badoye`u-l-vasat" (O`rta yosh badialari) va nihoyat to`rtinchi qismi "Favoyidu-l-kibar" (Keksalik foydalari) deb nomlanadi.
Navoiy forsiy va arab tillarini ham mukammal bilgan. Va bu tillarda ham she`r yozish qobiliyatiga ega edi. Uning fors tilida bitilgan "Devoni Foniy" asarida uchrab turadigan arabiy matnlar bunga isbot bo`la oladi.
Navoiy turli sohalardan xabardor kishi edi. U o`q otish haqida "Risolayi tir andoxtan", lug`atshunoslik borasida esa "Sab`atu abhur" (Yetti dengiz) asarlarini yozib qoldirgan. Navoiy adabiyotshunoslik va adabiyot nazariyasi borasida ham asarlar yozgan. Bular jumlasiga "Risolayi muammo" asarini keltirish mumkin. 1490-yillarda yaratilgan "Majolisu-n-nafois" (Nafis majlislar) asari esa o`zbek tazkirachiligining ilk namunasidir. "Mezonu-l-avzon" (Vaznlar o`lchovi) asarini yozib, o`zbek aruz she`rining bir necha asrlik tajribasini umumlashtirdi.
Navoiy she’riyatining mavzular doirasi keng, janrlar ko’lami (16) xilma-xil. G’azallari "œoshiqona, orifona, rindona" (Shayxzoda) sifatlar bilan o’rganiladi. G’azallarida insoniy muhabbat ilohiy ishq bilan uyg’un holda ulug’lanib, "œmajoz - haqiqat ko’prigi" aqidasiga amal qilingan. Alisher Navoiy she’riyatidagi zohiriy ma’no yangiliklari bilan birga botiniy sifatlarni ham o’rgangandagina ularni idrok etishga erishish mumkin.
O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasida Navoiy qalamiga mansub 24 asarning 254 qo’lyozmasi saqlanadi, undan ko’pchiligi devonlarning nusxalari. Navoiy devonlari prof. H.Sulaymon tomonidan yig’ilib, tasnif etilgan. "œIlk devon" Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shedrin kutubxonasida (inv.564) saqlanadi. "œNavodiru-n-nihoya" O’R FA ShI (inv.1995) dagi nusxalari nihoyatda nodir bo’lib, ular Navoiy davrida Hirotda Sulton Ali Mashhadiy (1487), Abdujamil kotib (1487-88) tomonidan ko’chirilgan.

 

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

[*] Previous page

Go to full version