Ikrom OTAMUROD (1951)
Ikrom Otamurod 1951-yili Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida tavallud topgan. O'rta maktabni tugatgach, 1969-1974-yillarda Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil olgan. 1974-1975-yillarda "œO'zbekiston Davlat qomusi" nashriyotida muharrirlik qilgan. 1975-yildan to shu kunga qadar "Sharq yulduzi" jurnalida avval adabiy xodim, so'ng she'riyat bo'limining mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Ikrom Otamurod o'z tengdoshlari orasida falsafiy mushohadasining kengligi, minbar shoirligi, notiqligi bilan ajralib turadi. Uning she'r va dostonlarida ustoz Maqsud Shayxzoda nafasi ufuradi.
Shoirning 1982-yilda "Vaqt ranglari", 1983-yili "Janub qushlari", "To'rg'ayli manzillar", 1987-yilda "Ufqlar orti bepoyon", 1992-yilda "Xaritaga tushmagan joylar" va "Uzoqlashayotgan og'riq" she'riy kitoblari chop etilgan.
Ikrom Otamurodning Falastin shoiri Muin Bsisuga bag'ishlangan "Yarador umid otlari" dostoni (1986) 80-yillar o'zbek she'riyatida sezilarli voqea bo'lgan. Dostonda xorijlik ijodkor obrazi orqali inson qalbining po'rtanalari, mustaqillik haqidagi orzular, ona-yurt obrazi kuchli his-hayajon bilan badiiy ifodalangan.
Shoir falsafiy mushohada bilan yo'g'rilgan she'riy uslubiga sodiq qolib, 1990-yili "œUzoqlashayotgan og'riq" dostonini yaratdi. Bu asarda zamondoshlarimizni tobora tark etib borayotgan e'tiqod, burch, insoniylik tushunchalari qalb tug'yoni, vijdon azobi, yurak qoni bilan badiiy tadqiq etilgan.
So'nggi yillarda shoirning yana ko'plab ajoyib she'rlari, dostonlari yaratildi. "Sopol siniqlari" (1994), "Sen" (1996), "Ichkari va tashqari" (1997) dostonlari shoir qalbida uyg'ongan pokiza va ezgu tuyg'ular bilan limmo-lim. "Ruhimning qayg'usi" (1997) she'rlar to'plamida esa shoir insoniy haqiqat izlaydi.
Ikrom Otamurod taniqli tarjimon hamdir. U Mahmud Darvish, Muin Bsisu, Uold Uitmen, Pablo Neruda, O`ljas Sulaymon, Evgeniy Evtushenko kabi mashhur shoirlarning she'r va dostonlarini o'zbek tiliga tarjima qilgan. Ayni paytda Ikrom Otamurodning ham she'r va dostonlari turk, arab, bulg'or, rus, moldovan, ozorboyjon, qirg'iz, qozoq, tojik, gruzin tillariga tarjima qilindi. Ikrom Otamurod katta ilhom bilan qalam tebratmoqda.