Ertalab Yunusobod bekatidan metroga chiqdik. Hamma kundalik ish, ro‘zg‘or yumushlari bilan band. Vagon o‘rtasida tik turib olgan uch dugona qizg‘in suhbat qurmoqda. Ular xuddi yon-atrofida hech kim yo‘qdek bemalol, bor ovozda gaplashishardi. Vagondagilarning g‘ashi kelib, qizlarga tez-tez norizo qarab qo‘yishar, ammo hech kim ularga botinib gapirolmasdi. Qizlar esa suhbatni avj oldirishardi.
— Oybekni nima qilding?
— O‘lsin, orqamdan itdek ergashib yuribdi. Oxiri qarasam, bo‘lmaydigan, hoy so‘tak, ovora bo‘lma, men Shohruhni sevaman, yaxshilik qilmoqchi bo‘lsang, sevishimni unga borib ayt, dedim.
Uchinchi dugona «bechora Oybekni armonda qoldiribsan-da», deb kulib yubordi. Majnunni devona qilgan, Farhodni buyuk ishlarga chorlagan, Tohirni suvga oqizgan muhabbatning qadri shunchalar pasayib ketdimi? Bu qanday gap bo‘ldiki, qiz o‘zini sevgan yigitga o‘zgani sevishi haqida oshkora aytib, yana undan o‘rtada vositachi bo‘lishni iltimos qilsa?
Dugonalarning andishasizlarcha suhbatiga o‘rindiqda o‘tirgan o‘rta yoshli ayol chiday olmadi shekilli, o‘rnidan shahd turib gapirdi:
— Qanaqa behayo qizsizlar? Yuzingda ko‘zing bormi demay, shuncha odamning oldida uyalmay-netmay muhabbatni bozorga solib, shang‘illab gaplashasizlar-a?
— Nima ishingiz bor sizning?
— Onang tengi odamman, gapirayotgan gapingni qara. He o‘sha muhabbatingga o‘t tushsin, senlarning, — dedi ayol va dugonalarning javobi og‘zida qoldi. Ayol shu bekatda tushib qoldi. Qizlarning shundan keyingi suhbati o‘sha ayol haqida bo‘ldi.
— O‘zining davri o‘tgan-da.
— Alam qilsin.
— Shunaqa qaynonaga tushib qolsang bormi...
— Bo‘g‘ib qo‘yardim.
Ana xolos! Qizlar hali yo‘q qaynonaga ham «kafan bichishdi».
Men ham manzilimga yetgach, tushib qoldim. Ammo bu qizlar yuragimga solgan og‘riqli o‘ylar menga tinchlik bermasdi.
Eldorbek AKRAMOV,
TATU talabasi