Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154776 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 ... 31 B


Muslimа  05 Noyabr 2008, 15:25:51

ABU ISROIL

      Bir kuni Rasuli akram (s.a.v.) suhbat berib o’tirar edilar. Sal naridagi bir odam e’tiborlarini tortdi. So’zni yarmida kesib:
       - Bu odam kim? Nima qilyapti u? — deb so’radilar.
       - Ey Allohning payg’ambari, u odam Abu Isroildir.
    Oyoqda turishga, o’tirmaslikka, quyoshda turishga, soyaga o’tmaslikka, so’z so’zlamaslikka va doim ro’za tutishga nazr qilgan, — deb javob qilishdi.
Abu Isroil balki Alloh roziligiga erishish umidida shunday yo’l tutgandir. Ammo quyoshda tik turishdan insonga nima foyda? Niyati Allohning roziligini qozonish bo’lsa, bunday rozilik qanday qozonilishini eng yaxshi bilguvchi buyuk hidoyat yo’lboshchisi janobi Rasululloh (s.a.v.) bunaqa ishlarni qilmaydilar, nimaga kelib so’ramaydi-da, bunaqa g’alati yo’llarni tutib oladi?.. Holbuki, janobi Rasululloh (s.a.v.) har doim Mavlo rozi bo’ladigan yo’l va amallarni tushuntirib keladilar.
     Do’stlarining javobini eshitgach, Payg’ambar (a.s):
     — Unga aytinglar: gaplashsin, soyaga o’tsin, o’tirsin va boshlagan ro’zasini tamomlasin, — deb amr qildilar.
Abu Isroil o’ziga yetgan bu amrni o’rniga qo’ydi. Shaxsiga aziyat etishdan boshqa hech bir ma’nosi va foydasi bo’lmagan nazr shu tariqa to’xtatib qolindi*.* Imom Buxoriy, 7/234.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:35:21

DASTURXONGA TASHLANGAN BADAVIY

Rasuli akram janobimiz bir guruh sahobalari bilan birga mehmondorchilikka taklif etilgan edilar. Kelishdi, dasturxon yoyig‘liq ekan, o‘tirishdi. Lekin hali bir luqma olinmagan edi. Ashobi kirom qachon birga ovqatlanishsa, Payg‘ambarimizdan oldin dasturxonga qo‘l uzatishmasdi. Shu payt bir badaviy shosha-pisha kelib qoldi. Xuddi orqasidan birov itargandek, kelasolib ovqatga tashlandi. Janobimiz darrov uning qo‘liga cho‘zildilar va bilagidan ushlab to‘xtatdilar. Ketidan hovliqib kelgan bir cho‘ri ham darrov ovqatga qo‘l uzatgan edi, uni ham to‘xtatib qoldilar. So‘ngra ashobga o‘girildilar:
- Ollohning ismi bilan boshlanmagan ovqatga shayton sherik bo‘ladi. Hech shubha qilmanglar, shayton shu badaviy bilan keldi. Bu ovqatdan yeyishni o‘ziga halol hisobladi. Badaviyning qo‘lidan tutdim. Keyin bu cho‘ri keldi, yana o‘ziga halol qilmoqchi bo‘ldi, endi cho‘rining ham qo‘lidan tutdim. Jonimning egasi Ollohga qasam, shaytonning qo‘li ham bularning qo‘llari bilan birga mening qo‘limga tushdi.
So‘ngra Rasululloh (s.a.v.) «bismilloh» deya ovqatni boshladilar. Ko‘ngillarni g‘arib tuyg‘ular chulg‘adi. Shu badaviy bilan cho‘rining quvalashganga o‘xshab otilib kelishlari aqlga sig‘adigan ish emasdi. Buyuk Payg‘ambar (s.a.v.) o‘tirgan dasturxonga shaytonning burun suqishi ham bekorga bo‘lmadi-yov. Uning qo‘lini sahobalar ko‘rishmadi, lekin ko‘rib turgandek ishonishar edi.
Mehmondorchilikda hozir bo‘lganlar janobi Rasulullohning ilgariroq: «Har kim ovqat yeyishda Ollohning ismini zikr etsin. Agar boshlashda «Bismillohir rohmanir rohiym» deyishni unutsa, esiga tushgan zahoti «Bismillahi avvalahu va axiraxu» desin», degan o‘gitlarini eslashdi.
Ulug‘ Mavlo Qur’oni karimda kofirlarni ta’riflar ekan, ular «Chorva hayvonlari yeganidek yeb-ichurlar», degan. Bunday yemaslikning ilk sharti bu ne’matni berganni eslash emasmi?!
Bu voqeadan necha zamon o‘tsa o‘tsin, keyin kelganlar ham bu dasturxon xotirasini ko‘ngillarida yod etishi mumkin, «basmala»siz uzangan qo‘li shaytonning qo‘li bilan birga bo‘lishini o‘ylar, ammo, qaniydi mening dasturxonimda Ollohning habibi (s.a.v.) janobimiz bugun mehmon bo‘lsalar, degan tilak bilan dasturxonga o‘tirgan va kamoli odob-la u hayotni yashash orzuini ruhlariga joylaganlar uchun yo‘l doimo ochiq. Kun keladi, Ulug‘ Mavlo bunday qulini habibi adibining oliy jannatlardagi dasturxonlariga qo‘noq qildirsa, hech ajablanmaslik kerak. Olloh har narsaga qodirdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:36:39

OLLOHGA QOVUSHISHNI ORZU ETISH

Rasululloh (s.a.v.) janobimiz xotinlari bilan suhbatlashib o‘tirarkanlar, gap orasida:
-   Kim Ollohga qovushishni orzu qilsa, Olloh ham unga qovushishni orzu qiladi. Kim Ollohga qovushishdan xushlanmasa, Olloh unga qovushishdan xushlanmaydi, - deb marhamat qildilar.
Bu muborak so‘z inson ruhini titratadigan bir o‘lchovni keltirgan edi. Ollohga oxirat olamida qovushiladi. Demak, oldin o‘limni orzu qilish lozim bo‘ladi. Holbuki, o‘limning yuzi sovuq. O’lim haqidagi o‘y odamning etini junjiktiradi.
Bu mavzuda Rasululloh (s.a.v) oldin ham bir-ikki ibratli voqea so‘zlab bergan edilar. Shulardan biri hazrati Musoga (a.s.) oid bir xotira:
«O’lim farishtasi Musoga (a.s.) kelib:
-   Qani, Parvardigoringizning da’vatiga ijobat qiling, - dedi.
Hazrati Muso birdan jahllari chiqib, qattiq bir musht tushirib, uning ko‘zini chiqardi. O’lim farishtasi osilib qolgan ko‘zi bilan Janobi Mavloga bordi.
-   Ollohim, meni o‘limni orzu qilmaydigan bir kishiga yuboribsan, ko‘zimni bu holga tushirdi, - dedi.
Ulug‘ Mavlo uning ko‘zini joyiga o‘rnashtirdi va:
-   Yana u qulimning oldiga bor-da, unga: «Sen hayotni yaxshi ko‘rasanmi? Agar haqiqatan hayotni orzu qilsang, qo‘lingni bir sigirning tanasiga qo‘y. Qo‘ling necha dona jun yopsa, ularning sonicha yil yashash haqqing bor», deb ayt, - deya buyurdi.
O’lim farishtasi kelib, hazrati Musoni topdi. Janobi Mavloning farmonini yetkazdi. Hazrati Muso:
-   Keyin nima bo‘ladi? - deb so‘radi.
-   Keyin yana o‘lim...
-   U holda, ey Parvardigorim, hoziroq o‘lishni xohlayman. Ey Parvardigorim, mening jonimni iloji boricha tezroq ol, - deb duo qildi».
Rasululloh (s.a.v.) janobimiz bularni aytgach: «Qaniydi o‘sha yerda bo‘lsam, sizlarga qirmizi bir tepa yonidagi qabrini ko‘rsatar edim», degan edilar*.
Turli-tuman mo‘‘jizalar berilgan, ismi Qur’onda eng ko‘p zikr etilgan va besh buyuk payg‘ambardan biri bo‘lgan hazrati Muso (a.s.) ham o‘limdan jirkangan bo‘lsalar, hazrati Muhammad (s.a.v.) ummatlaridan birovining xushlanmasligi ham juda unaqa ajablanadigan ish emas.
Yana bir gal Janobimiz (s.a.v.): «Hech kim boshiga tushgan musibatlar tufayli o‘ziga o‘lim tilamasin. Agar juda majbur qolsa, «Ollohim, yashashim xayrli bo‘lgan muddatcha meni yashat, o‘lim xayrli bo‘lgan payt meni o‘ldir», deb duo qilsin», deb marhamat qilganlar**.
Bu mavzuda Payg‘ambarimizdan eshitilgan yana boshqa xotiralar ham bor edi. Oyisha onamiz (r.anho) butun bu xotiralarni xayolidan kechirdi va Janobimizdan:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, biz o‘limni yoqtirmaymiz. Ichimizda o‘limni yoqtiradigan kimsa yo‘q (u holda holimiz nima bo‘ladi)? - deb so‘rab qoldi.
Janobi Payg‘ambar (s.a.v.) bunday deb tushuntirdilar:
-   Ollohga qovushishni orzu qilish sizlar tushunayotganday emas. Mo‘min odamga o‘lim kelganida Ollohning undan roziligi xabari mujdalanadi. Unga ikromlar hozirlangani bildiriladi. O’sha payt unga qarshisidagi oxirat hayotidan ham sevimli narsa bo‘lmaydi. Ana o‘sha paytda u mo‘min Ollohga qovushishni orzu etadi, Olloh ham unga qovushishni orzu qiladi. Kofir esa, o‘lim oni kelganida Ollohning azobi va jazosidan xabardor etiladi.
U kimsaga qarshisidagi hayotdan ham sevimsiz narsa bo‘lmaydi. Mana shu kishi Ollohga qovushishni orzu etmaydi, Olloh ham unga qovushishishni orzu qilmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:37:32

HABASH SULTONI — NAJOSHIY

Hijratning to‘qqizinchi yili rajab oyi edi. Bir kuni janobi Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sahobalariga:
-   Bugun Ollohning solih qullaridan biri o‘ldi. O’lgan birodarlaringiz uchun mag‘firat tilanglar, - dedilar.
So‘ngra ashobi kirom u solih qulning kimligini aniqlashdi, u Habash najoshiyi (podshohi) Ashama edi. Janobimiz bu xabarni Ulug‘ Mavlodan kelgan vahiyga tayanib berdilar. Keyin hammalari birgalikda Baqi’ qabristoniga borishdi. Janoza namozi uchun saf olishlarini buyurdilar. O’zlari oldga turib, to‘rt takbir ila najoshiy Ashamaning janoza namozini o‘qidilar.
Shu kungacha payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) ashoblaridan boshqa hech kimga bunaqa ish qilmagan edilar, undan keyin ham qilmayajaklar.
-   Ollohim, najoshiyning gunohlarini kechir... Ollohim, najoshiyga rahmating-la, mag‘firating-la muomala qil...- kabi duolar birla orqaga qaytishdi.
Najoshiy Ashama Rasuli muhtaramni (s.a.v.) ko‘rmasdan vafot etgan qadrli bir odam edi. Yillarcha avval hali o‘zi imon keltirmagan zamonda yurtiga qochib kelgan musulmonlarga yaxshi mezbonlik qilgan, mamlakatida tinch va rohatda yashashlariga sharoit yaratib bergan edi. Islomga da’vat maktubi yozilgan podshohlar ichida hech taraddudlanmay imonga kirish sharafi unga nasib etdi. Ummu Habibani (r.anho) g‘oyibona janobi Rasulullohga (s.a.v.) nikohlab qo‘ygan va bu nikohda Payg‘ambarimizning vakillari bo‘lgan ham udir. Janobimiz nomlaridan nikoh mahrini ham u o‘tagan, nikoh ziyofatini ham u qilib bergan.
Nabiyyi muhtaram janobimizga yozgan xatida: «Ey Ollohning payg‘ambari, agar yonimga kel desangiz, boraman», degan, tojini, taxtini osongina tark eta olishini, sahobai kirom orasida sharafli o‘rnini ola bilish uchun har fidokorlikka tayyor ekanini u xati bilan isbotlagan edi.
Najoshiy top-toza niyati evaziga Janobimizning ko‘ngil birodarliklarini qozondi, ma’no olamida u zotning ashoblaridan bo‘lish sharafi va baxtiga erishdi. Yuragida Payg‘ambar afandimizga g‘uborsiz, top-toza sevgi va hurmat borligi, haqiqiy do‘st, haqiqiy birodar bo‘lgani vafoti munosabati bilan juda go‘zal namoyon bo‘ldi. O’zi rasuli kibriyoning (s.a.v.) ovozlarini eshitmagan, yuraklarga huzur beradigan suhbatlarida bo‘lmagan, hech bir mo‘‘jizalarini ko‘rmagan, ammo u zotning barmoqlaridan suv buloqday otilib chiqqanini, dasturxonlarida yemak-ichmaklarga baraka kirganini, yurolmaydigan tuyalarning dirkillab yurib ketganini ko‘rib guvoh bo‘lganlarchalik kuchli imoni bor edi.
Najoshiy Islomni qo‘lga mol-mulk kiritish uchun tanlamadi. Hatto janobi Rasululloh (s.a.v.) «Yonimga kel», deganlarida bor mol-mulki ham qo‘ldan ketar, saltanatidan ham judo bo‘lar edi. Rasulullohning yonlarida yurib, tushayotgan vahiylarga guvoh bo‘lib, mo‘‘jizalarini ko‘zlari bilan ko‘rib ham fitna va fasod chiqarib yuruvchi bir guruh badbaxt munofiqlar safarlarga faqat qo‘lga o‘lja kiritish, hatto fitna chiqarish uchungina qo‘shilayotgan bir paytda najoshiyning bu yo‘ldagi fidokorligini faqat taqdirlash va tabriklash lozimdir.
Rasululloh (s.a.v.) uning yurtini tashlab kelishini to‘g‘ri topmadilar. Chunki Habash mulkining boshida mushrik amir o‘rniga bir mo‘min amir tursa, foydaliroq bo‘lardi.
Ha, najoshiy yurtida sulton o‘laroq qolsa, payg‘ambarlar Sultonini ko‘rmaydi, qattiq sevgan Janobining gul jamolini ko‘rmasdan ketadi, lekin bu dard emasdi. Har narsaga qodir Ulug‘ Mavlo buning ajrini, mukofotini beradi. Sevikli Payg‘ambarini najoshiy qanday rozi qilgan bo‘lsa, o‘zi ham uni rozi qilajak, havasga arzigulik holatlarda huzuriga olajak.
 
Rasuli kibriyo (s.a.v.) Jabroili amindan (a.s.) najoshiyning vafoti xabarini olganlari zahoti unga dunyoda qo‘llaridan kelgan ikromni ko‘rsatish uchun g‘ayb namozini o‘qidilar, mag‘firat tilab duo qildilar. Unga oxiratda ko‘rsatiladigan ikromlarning ilki hech bir kimsaga nasib bo‘lmagan bu g‘ayb namozi bilan boshlandi. Oxirat olamida bu ikromlar albatta katta o‘lchovlarda davom etajak. Undan Olloh rozi edi, Ollohning rasuli rozi edi - bir solih qul uchun bundan ortiq yana nima kerak! Yana qanaqa tashvishi bo‘lishi mumkin!..
U dunyoda olishi mumkin bo‘lgan har narsani olib, abadiy saodat yurtiga ko‘chgan, dunyodagi saltanatini soyada qoldirib ketadigan buyuk bir baxtga erishgan edi. Beixtiyor xotiraga: «Diqqat qiling, Ollohning (shunday) do‘stlari bor, ularga hech bir qo‘rquv yo‘q, ular maxzun ham bo‘lmaslar...» oyati karimasi keladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:38:16

SHOLCHAGA O’RANGAN ODAM

Muzayna qabilasida bir yetim bor edi. Ismi Abdul Uzzo edi. Juda kambag‘al bir otasi bo‘lgan, orqasidan hayot yukini yengillatadigan hech narsa qoldirmagan, shu bois Abdul Uzzoni oldinda parishon bir hayot kutar edi. Bu holda qornini to‘ydirishi ham u uchun katta masala edi. Lekin omad bu yetimning yuziga kulib boqdi: rosayam boy amakisi gul yuzli jiyanining qo‘lidan tutib, boy-badavlat oilalarning bolalari ham ko‘rmagan darajada rohat-farog‘atli hayot og‘ushiga olib kirdi. Ota meros qoldirgan faqirlik va muhtojlik hayoti endi orqalarda qoldi.
Shu taxlit oradan yillar kechdi. Abdul Uzzo bir kuni Makkada chiqqan bir diniy harakat xabarini eshitdi. Butlarning jonsiz maxluqlar ekanini, yagona iloh borligini e’lon etgan bir payg‘ambar haqida gap yurib qoldi. O’tgan-ketgandan so‘ray boshladi, vaqti-vaqti bilan bu ma’lumotlarni hayotiga tatbiq qilib ko‘rardi. Shu taxlit yana yillar o‘tdi. Bu orada Abdul Uzzo bir qarorga keldi, musulmon bo‘ldi.
Undan yaxshiligini hech ayamagan suyukli amakisining ham bu dinga havas qo‘yishini, «Qani, jiyanjonim, endi saodat yo‘lini ushlaydigan vaqt keldi», deyishini kutdi. Lekin amakisidan sado chiqavermadi. Nihoyat, bir kuni o‘zi bu haqda og‘iz ochdi:
-   Amakijon, yangi chiqqan din haqida siz nima deb o‘ylaysiz? - deb so‘radi.
-   Nima deb o‘ylashimni istaysan?
-   Anchadan beri sizning bu dinni qabul qilishingizni kutdim.
-   Sening bunaqa ishlarga aralashishingni xohlamayman! - deb cho‘rt kesdi amaki.
-   Lekin men bu dinni qabul qilmoqchiman.
-Hay-hay, ko‘zingni och! Bunaqa ishlarga boshingni suqma, keyin pushaymon bo‘lasan.
Amakining rosmana jahli chiqdi. Shuncha yillardan beri tuzini ichib yurgan odam, o‘zining kimligini unutib, aqli yetmaydigan ishlarga aralashishi jig‘ibiyronini chiqarib yubordi. Gapni cho‘zib o‘tirmadi:
-   Menga qara, Abdul Uzzo, agar bu dinni qabul qilsang, qo‘lingdagi bor mol-mulkni qaytarib olaman! Bir mirisiz, qip-yalang‘och qolasan. Chunki ular mening mollarim! — deb o‘qraydi.
-   Shunday qilsangiz ham, men bu dinni qabul qilaman!
-   U holda, molimda sening zarracha haqing yo‘qligini bilasan. Hatto egningdagi ko‘ylakni ham men berganman.
Abdul Uzzo ko‘ylagini yechib uzatdi.
-   Ich kiyimlarni ham yech.
-   Unda qip-yalang‘och qolaman-ku, amakijon!
-   U yog‘i meniqiziqtirmaydi.
 
Abdul Uzzo uniham yechdi.
Qo‘llari-la oldi-orqasini to‘sganicha onasining oldiga bordi. Onasi unga eski bir sholcha parchasini topib berdi. Abdul Uzzo sholchani ikkiga bo‘lib, unga o‘randi. Yangi chiqqan payg‘ambarning bir necha yil ilgari Yasrib (Madina)ga ko‘chganini eshitgan edi. Qaerdasan, hijrat yurti Madina, deya yo‘lga chiqdi.
Rahmat payg‘ambari (s.a.v.) janobimiz bomdod namozini o‘qib berib bo‘lgach, muborak yuzlarini qator o‘tirgan odamlarga qaratdilar. Jamoat orasida tanish bo‘lmagan bir kishiga ko‘zlari tushdi.
-   Sen kimsan? - deb so‘radilar.
-   Muzayna qabilasidan Abdul Uzzo bo‘laman, - deb javob qildi yigit. — Sizning diningizni qabul qilish uchun keldim.
Kelgani yaxshi, ammo ismi yoqimsiz edi. Rost-da, insoniyatni butlarga qullikdan qutqarish uchun kelgan Payg‘ambar bunaqa ismni eshitib: «Juda chiroyli ism ekan!» dermidilar?!
-   Sening isming bugundan boshlab Abdulloh Zulbijadayn bo‘lsin, - deb marhamat qildilar Rasululloh (s.a.v.).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:38:47

Egnidagi libos shunday ism berilishiga sabab bo‘ldi. Ya’ni, «Ikki sholchali Abdulloh» degani edi.
Abdulloh payg‘ambarlar buyugining qo‘llaridan tutdi, tillar ichra eng qiymatli tillar aytib turgan shahodat kalimalarini yuragining eng chuqurlaridan kelgan tuyg‘ular-la takrorladi.
Abdullohning yuragida samimiyat bor edi, qarashlarida samimiyat asarlari hokim edi. Ko‘zlarida porlagan top-toza tuyg‘ular har sirdan xabardor Ulug‘ Mavloning inoyati bilan payg‘ambarlar sarvarining (s.a.v.) yuraklarida aks etar edi. Ruhidagi bu yorqinlik shu zahoti mevasini berdi - Janobimiz unga:
-   Yonimga kel, ey Abdulloh, - deb marhamat qildilar, - menga yaqinroq joyda tur.
Biladigan odam uchun, ikki parcha sholchaga o‘ralib kelgan va hali oyog‘idagi changni
artib tozalashga ham fursat topmagan bu yigitni qidirsa topilmaydigan baxt chulg‘ay boshladi. Ularning oyog‘ining changini ming to‘rt yuz yil berisidan sog‘inadiganlarga ham bunday nasibalar berishga qodir Ulug‘ Mavlo suyukli habibiga bularni albatta bekorga so‘ylattirmaydi. Mayli, amakisi uni ship-shiydam qilib yechintirsin, bu yerda olamlarga rahmat mujdachisi Muhammad Mustafo (s.a.v.) vositalarida Ulug‘ Mavlo unga taqvo ko‘ylagini kiydira olmaydimi?! «Menga yaqin joyda tur», degan buyuk Payg‘ambarning yonida olinajak birgina nafas Abdulloh uchun amakisi beradigan butun boylikdan necha-necha barobar ustun!
-   Ey Ollohning rasuli, men uchun duo qilishingizni xohlayman. Janobi Haqdan so‘rab bering, menga shahidlik nasib etsin, - dedi Abdulloh.
Qo‘llar samoga ko‘tarilib, duoga ochildi:
-   Ollohim, uning qonini kofirlarga harom qil! Abdullohhayron bo‘ldi:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, men shahid bo‘lishni orzu qilardim.
-   o‘azotga chiqqaningda haroratli bir xastalik senga yopishadi-da, o‘lasan va shahid bo‘lasan. Uloving seni yiqitadi-da, bo‘yning sinib o‘lasan va shahid bo‘lasan...
Abdulloh bir kuni bu ikki yo‘ldan biri-la keladigan shahidlikni kutib, kunlarini payg‘ambarlar sultonining (s.a.v.) yonlarida kechira boshladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:39:11

UMMU GULSUMNING VAFOTI

Hijratning to‘qqizinchi yili Rasululloh (s.a.v.) uylarida bir o‘lim shabadasi yana esdi. Bu gal hazrati Usmonning (r.a.) xotini Ummu Gulsum (r.a.) dunyo hayoti bilan vidolashdi.
Ummu Gulsum opasi Ruqayyaning (r.a.) o‘limidan keyin Hazrati Usmonga tekkan edi. Otasiga payg‘ambarlik kelgan paytlari unashtirib qo‘yilgan, ammo Abu Lahabning o‘g‘li Utayba otasining zo‘ri bilan bu unashuv bog‘ini uzgan, boshiga qo‘nayotgan tole’ qushini haydagan edi. Yanayam to‘g‘risi, Ulug‘ Mavlo suyukli payg‘ambarining qizlarini Ollohning dushmani bo‘lgan oilada yashashdan qutqargan edi.
Ummu Gulsum olti yilga yaqin vaqt opasidan bo‘sh qolgan yostiqni to‘ldirib yashadi. Farzand ko‘rmadi. Opasidan yodgor qolgan farzand esa, bir xo‘roz cho‘qilab, yuzini-ko‘zini odam tanimas holga keltirishi natijasida olamdan o‘tdi.
Ummu Gulsum janobi Rasulullohning (s.a.v.) Madinadagi hayotlari davomida yo‘qotgan uchinchi qizlari edi. Bu yoqda endi birgina katta qizlari Fotima (r.a.) bilan yangi tug‘ilgan o‘g‘illari Ibrohim qoldi.
Payg‘ambarimizning xolalari Sofiya, hazrati Abu Bakrning (r.a.) yangi xotini Asmo binti Umays hamda Ummu Atiyya birgalikda Janobimizning ko‘z nurlarini yuvishdi. Oldingi qizlari Zaynabda bo‘lgani kabi, buni ham uch marta yoxud besh marta yoxud, lozim ko‘rilsa, undan ham ko‘proq yuvishlarini tayinladilar. Amr ado etildi.
Janoza namozi uchun qarshilariga keltirilgan gul yuzli farzandlarining kafanlangan jasadiga boqarkanlar, yuraklaridan toshgan shafqat va marhamat tuyg‘ulari muborak ko‘zlaridan nur donalari bo‘lib tomchilay boshladi. Zaynabning vafotidan hali bir yil o‘tmasidan ikkinchi qizni ham tuproqqa berish osonmi, axir?!
Baqi’ qabristonida opalarining shundoq yonidan ochilgan qabr Ummu Gulsumni ham qo‘yniga oldi. Shunday qilib, keyingi uch-besh yil ichida olamlarga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarning uch nafar nur yuzli dilbandlari ketma-ket yerga qo‘yilishdi.
Janobimiz u yerda hozir bo‘lganlardan (ehtimol, go‘rkovlardan), bu kecha qaysi birlaring xotinlaringga qo‘shilmadilaring, deb so‘radilar. Abu Talha:
-   Men, - dedi.
-   U holda sen qabrga tush, - deb buyurdilar.
Hazrati Ali, Fazl, Usoma ham qabrga tushishdi, qo‘llariga uzatilgan nozanin vujudni yuzini qiblaga qaratgan holda yotqizishdi.
Ustiga tuproqlar tortilgan bu vujud bir paytlar suyukli ota quchog‘ida katta bo‘lgan, Olloh yaratgan eng pokiza lablar uni o‘pgan, hidlagan, eng qiymatli qo‘llar uni silagan, bag‘riga bosgan edi.
Bugun Baqi’ qabristoniga kirib borganlar eshikdan yigirma odimlarcha yurishsa, oldilaridan yozuvsiz uch dona qabr chiqadi. Bular oldingi va keyingi barcha payg‘ambarlarning sayyidi Janobimizning uch nafar jigarporalarining go‘rlaridir. Zaynab, Ruqayya va Ummu Gulsum. Ularning o‘ng tomonlarida do‘mpaygan va yonma-yon tizilgan toshlar bilan belgili qilib qo‘yilganlar esa, hazrati Rasulullohning sevikli xotinlarining nurli go‘rlari...

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:40:30

SAQIF HAY’ATI

Toifdagi Saqif qabilasi bir necha oy ilgari Urva ibn Mas’udni Islom dinini qabul etgani uchun o‘ldirishgan edi. Makka fath etilgan, qurayshliklar zo‘r ostida bo‘lsa ham, shirk hayotiga nuqta qo‘yishgan. Islomga eng qattiq qarshilik qilgan bu qabilaning maydondan chekinishi natijasida har joy-har joydan ancha-muncha qabila Madinaga oqar va u yoqdan yurtlariga musulmon bo‘lib qaytar edi. Kundan-kunga musulmonlar quvvat topib, dushman taraf kuchini yo‘qota boshladi. Toif xalqi bu holni hadik-xavotir bilan kuzatib turardi.
Lashkar bilan kelib qal’ani qamal qilgan Rasulullohga qarshi qilich yalang‘ochlab jang qilishga jasorat topmagan qabila endi Madinaga askar tortib borib u yerda urush qila olarmidi? Atrofdagi qabilalarga do‘q urib: «Agar Islomni qabul qilsalaring, sizlarni yo‘q qilamiz!» deyishga endi imkon qayda? Shunday ekan, oldilarida bir yo‘l qolgan edi: masala ustida jiddiy bosh qotirishlari, butun qabila xalqi foydali bir qarorga kelishlari lozim.
To‘planishdi, vaziyatni atroflicha muhokama qilishdi. Qabila asta-sekin musulmon qabilalar qurshovida qolayotganini ham e’tibordan qochirishmadi. Nihoyat, ichlaridan biri Toif xalqining peshvolaridan biriga bunday xitob qildi:
-   Ey Abdi Yalil, sen oramizda aqlli va tajribali bir odamsan. Bor va bizning
nomimizdan madinaliklar bilan ko‘rish. Sening qaroring bizning ham qarorimiz bo‘lsin.
Abdi Yalil bu taklifni darhol rad etdi.
-   Nimalar deyapsan o‘zi? Urvaning boshiga tushgan savdo mening ham boshimga
tushsinmi?! Bir necha kishi qo‘shib bersalaring, borarman, aks holda, mendan bu ishni
qilishni talab etmanglar, - dedi.
Bu so‘zlarga hech kimsa e’tiroz bildira olmadi. Taklif qabul qilindi. Yana besh kishini saylashdi.
Shu tariqa olti kishilik elchi hay’ati bir tongning erta soatlarida Toif qal’asini tark etib, kunlarcha davom etajak safarga chiqdi.
Janobi Rasulullohga (s.a.v.) va sahobalariga qarashli tuyalar shahardan tashqaridagi o‘tloqlarda navbatma-navbat boqilar, o‘sha kuni tuyalarni o‘tlatish gali Mug‘ira ibn Shuaybda edi. Uzoqdan to‘zon ko‘tarildi. Bir guruh yo‘lchilar kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Yo‘lchilar yaqinlashganlarida Mug‘ira ularni tanidi. Toiflik qarindoshlari edi ular.
-   Xush kelibsizlar, ey hamshaharlar! - deb kutib oldi.
-   Xush ko‘rdik, ey Mug‘ira, - deb javob qilishdi yo‘lchilar.
Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas Mug‘ira hamshaharlarini tuyalar yonida qoldirib, Madina sari yo‘l oldi.
Shoshilishga haqli edi. Bir yil ilgari qilingan qamalga ko‘ksini qalqon etib, oxirigacha turib bergan qabila endi o‘z oyog‘i bilan kelgan bo‘lsa, buni mujdalash uchun albatta shoshiladi-da.
Yo‘lida hazrati Abu Bakr (r.a.) uchradi.
-   Qayoqqa buncha shoshyapsan, ey Mug‘ira? - deb so‘radi Abu Bakr.
-   Rasulullohning oldilariga.
-   Nimaga buncha shoshilinch?
Mug‘ira voqeani anglatdi. Hazrati Abu Bakr eshitganlaridan nihoyatda mamnun bo‘ldi.
-   U holda, ey Mug‘ira, Olloh uchun bu ishni menga topshir, bu mujdani men yetkazay.
-   Xohishing, mayli boraqol, ey Abu Bakr.
Hazrati Abu Bakr muhtaram Payg‘ambar janobimizning huzurlariga keldi. Toif vakillari Islomni qabul qilish uchun kelishganini xabar qildi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) buyurdilar, masjidda uch chodir qurildi.
Bu orada Mug‘ira o‘tlog‘iga qaytib borgan, hamshaharlarini olib, Rasululloh huzurlariga keltirgan edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:44:39

* * *

O’n yilcha ilgari suyukli amakilarining vafotidan keyin Islom dinini yetkazish maqsadida Toifga borgan Payg‘ambar (s.a.v.) u yerda hayotlarining eng alamli kunini yashagan, eng og‘ir haqoratlarni eshitgan, olomon otgan toshlar natijasida oyoqlaridan qon oqqan holda qaytgan edilar. «Olloh payg‘ambarlikka sendan boshqa odam topmabdimi?» kabi so‘zlar bilan masxara qilgan uch aka-uka mana shu Kinona ibn Yalilning oila a’zolaridan edi. Necha kunlab yo‘l yurib kelgan nur yuzli insonni bir kecha mehmon qilish, odamgarchilik ko‘rsatish tugul, aksincha, bemalol qaytib ketishlariga ham yo‘l qo‘yishmagan edi.
Endi esa, rasuli kibriyo (s.a.v.) ularni mo‘minlarga eng qadrli bo‘lgan, «Olloh uyi» deb nom olgan masjidda hurmat bilan kutib olishga hozirlik ko‘rardilar. Yomonlikka yaxshilik bilan javob berishga bundan yaxshi o‘rnak topilmasa kerak.
Toif elchilarini Rasuli akram izzat-ikrom bilan qo‘noq qildilar, ularga ovqat yubordilar, ammo elchilar bu ovqatga qo‘l cho‘zishmadi ham.
-   Marhamat qilinglar, bemalol yeyaveringlar, - deya oldilariga ovqat solingan tovoqni qo‘ygan Xolid ibn Saidga ichlaridan bittasi:
-   Oldin o‘zing yeganingni ko‘raylik, ey Xolid, - dedi.
Ularda bir qo‘rquv bor edi. Shuncha yildan beri davom etib kelgan dushmanlikka oldilariga qo‘yilgan zaharli taom bilan nuqta qo‘yilishi ham mumkin edi-da. Ularning bu shubhalariga qarshi Xolid ko‘nglini ochdi:
-   Biz mehmonlarimizga xiyonat qilmaymiz. O’rtamizda dushmanlik bo‘lsa, uni mardlarcha hal etish yo‘lini tutamiz.
So‘ngra «bismilloh»ni aytib, yemakdan totindi. Endi toifliklarning xavotiriga o‘rin qolmadi. Ammo ular bundan bu yog‘iga har yemak keltirilganida u yemakni keltirgan Xolidning yuziga: «Qani, ichimizni kemiradigan shubha va qo‘rquvni ketkaz!..» degan ma’noda boqajaklar, Xolid ham har gal o‘tirib, ularning ko‘z o‘nglarida yemakni tatib berajak.
Toifliklar ba’zan janobi Payg‘ambarimizga ham: «Oldin bu yemakdan o‘zing yeb ko‘rsat, ey Muhammad», deyishdan ham tiyila olishmadi.
Nihoyat, muzokaralar boshlandi.
-   Biz urushda senga qo‘shilmaymiz, ey Muhammad, - deyishdi. Bu shart qabul etildi.
-   Ushr bermaymiz, - deyishdi. Rozi bo‘lindi.
-   Ustimizga bizdan bo‘lmagan birontasini amir qilib qo‘ymaysan, - deyishdi. Xo‘p, javobi berildi.
-   Namoz o‘qimaymiz, - deyishdi. Shunda Payg‘ambar janobimiz:
-   Namozi o‘qilmagan dinda yaxshilik yo‘q, - deb javob qildilar.
Elchilar o‘zaro kengashishdi, tortishishdi, nihoyat, qarorlarini Payg‘ambar janobimizga bildirishdi:
-   Bizni bu ish kamsitsa ham, qabul qilamiz, - deyishdi. - Namoz o‘qiymiz, ro‘za ham tutamiz.
Shu tariqa ilk odim otildi. Lekin bu odimlar istar-istamas otildi. Ollohning rasuli ilgari surgan shartlarni qabul etish sharafimizga ko‘lanka soladi, degan hadikda edi ular.
Toifliklarning urushda ishtirok etmaslik va ushr bermaslik takliflariga Payg‘ambarimizning mayli deganlaridan ajablanganlar buning sababini so‘rashdi. Janobimiz:
-   Islomni qabul qilganlaridan keyin urushga ham qo‘shilishadi, ushrni ham berishadi, - deb marhamat qildilar.
Toifliklarning yana bir qancha xavotirlari bor edi. Ularni ketkazish uchun hamma narsani so‘rab olishlari kerak.
-   Zinoga nima deysan, ey Muhammad? Bilasan, zino bizning hayotimizning ajralmas bir parchasi. Bundan bir chetda tura olmaymiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:46:51

Janobimiz darhol e’tiroz qildilar:
-   Zino Olloh harom qilgan ish. Ulug‘ Mavlomiz: «Zinoga yaqinlasha ko‘rmanglar! Chunki
bu buzuqlikdir - eng yomon yo‘ldir»* degan.
Keyin ichkilik bilan foiz haqida savollar berishdi. Hech orzu qilishmagan javoblarni eshitishdi. O’zaro kengashib olishdi. Natijadan mamnun emasliklari ko‘rinib turardi. Abdu Yalil:
-   Sharmandagarchilik!.. Yurtimizga borib ichkilik, zino, foiz taqiqlangani xushxabarini yetkazamizmi?! Vallohi, Saqif xalqi na ichkilikdan tortiladi, na zinodan. Biznikilar bu ishlar bo‘lmasa, chidamaydi, - dedi.
Boshlar egildi. Aytiladigan gap qolmaganday edi. Abdu Yalilning so‘zlari bejiz emas. Birovga ovqat yemaysan deyish qay daraja g‘alati bo‘lsa, Saqif xalqiga, zino qilmaysan, ichkilik ichmaysan, deyish ham shu darajada g‘alati va og‘ir edi. Oralarida ozgina jimlik hukm surdi. Nihoyat, Sufyon ibn Abdulloh so‘zlay boshladi:
-   Olloh bir odamning yaxshiligini ko‘zlagan bo‘lsa, u ham bu ishlarga chidaydi. Mana bu odamlarni ko‘rmaysizlarmi?! Ular ham bir paytlar bizdaqa bo‘lishmaganmi? Ular tashlagan ishni bizning xalqimiz ham tashlay oladi. Hech unutilmaydigan bir haqiqat bor bo‘lsa, u ham qabilamizning Muhammadga ishongan qabilalar qurshovida qolganidir. Ertaga bu ishlarni bizga zo‘rlik bilan qabul ettiradigan, qabul etmasak, boshimizga balolar yog‘diradigan bosqindan emin emasmiz. Yana qamal qilishsa, bir oydan uzoq dosh berolmaymiz. Makkaliklar kabi yengilib musulmon bo‘lgandan ko‘ra, hozir o‘z xohishimiz bilan bu dinni qabul etishimiz kerak.
Sufyonning bu mulohazalari ta’sirini ko‘rsatdi. Abdu Yalil ham javob bera olmay qoldi. Takror Payg‘ambar janobimizning yonlariga kelishdi.
-   Mayli, sening diningni qabul qilamiz. Lekin Robba nima bo‘ladi? - deb so‘rashdi.
«Robba» deganlari mashhur Lot ismli butlari bo‘lib, arablar orasida juda qadrli
edi. Rasuli akram (s.a.v.):
-   Uni ham yiqitasizlar, - deb marhamat qildilar.
Elchilar bir muddat es-hushlariga kelolmay turishdi. Necha zamonlardan beri iloh deb ulug‘langan, uni deb ko‘p fidokorliklar ko‘rsatilgan, qurbonliklar qilingan Lotni yiqitish hech ham oson ish emas. Bir devorni yiqitgan kabi, bir daraxtni qulatgan kabi Lotni qulatib bo‘ladimi?
Abdu Yalil so‘z oldi:
-   Hayhot!.. Bajarib bo‘lmaydigan ishni taklif etyapsan! Agar Lot uni yiqitajagimizni bilib qolsa, Toif qal’asini boshimizga qulatadi. Cho‘lig‘imizni-jujug‘imizni qoldirmaydi. Bu ishni sen qilish niyatida ekaningni bilsa, seni ham, oila a’zolaringni ham yo‘q qilib yuboradi, - dedi.
Bu gaplarni u ishonch bilan gapirardi. Yana chorasiz qolishdi.
-   Bu masalada bizga uch yil muhlat berishing kerak,- deyishdi. Janobimiz taklifni qabul etmadilar.
-   Mayli, ikki yil o‘z holimizga qo‘y.
-   Yo‘q.
-   Bir yilgina so‘rashga ham haqqimiz yo‘qmi?
 
-   Mumkin emas.
-   Hech bo‘lmasa, bir oygina muhlat... Bungaham rad javobini olgach:
-   Unda o‘zimizning qo‘limiz bilan yiqitishdan bizlarni ma’zur ko‘r. Yiqitiladigan
bo‘lsa, bu ishni boshqa birov qilsin, - deyishdi.
Bu oxirgi istaklari qabul etildi. Mashhur Lotni qurayshliklarning ulug‘i Abu Sufyon bilan Mug‘ira ibn Shu’ba yiqitadigan bo‘lishdi.
Saqif qabilasi vakillari ichida eng yoshi Usmon ibn Abul Os edi. U muzokaralarga qatnashmadi. Sheriklarining ulovlari bilan narsalariga poyloqchilik qilib turdi. Ayni choqda, u allaqachon musulmon bo‘lishga qaror qilib qo‘ygan edi. Shuning uchun sheriklari ulovlarining oldiga kelib tushki uyquga yotishlari bilan u Payg‘ambarimizning oldilariga shoshilar, Qur’ondan ta’lim olar, Islom dinining asoslarini o‘rganar edi. Bordiyu Rasulullohni topmasa, biron sahobiydan ta’lim olib qaytardi.
Saqifliklar endi namoz o‘qiy boshlagan va madinalik musulmonlar bilan birga ro‘za ham tutishayotgan edi. Saharlik va iftorlik yemaklarini Payg‘ambar janobimiz keltirardilar.

Qayd etilgan