Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154777 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:50:22

Ularning istaklariga ko‘ra bir farmon yozildi. Bu farmonda Toif qal’asida o‘rnashgan Saqif qabilasi Olloh va rasulining himoyasida ekanlari, Vaj vodiyi ular uchun dahlsiz bir joy qilib berilgani ta’kidlandi. Urushga chiqishmayajagi, ushr olinmayajagi va chetdan voliy tayin etilmayajagi hukmi ham farmondan joy oldi. Saqif xalqining jon va mol omonligi tan olindi, tan olmaganlarga qarshi Olloh va rasuli yordamchi bo‘lajagi eslatildi. Ilgaridan beri o‘rganilgan foizdan asosiy dastmoya qismi egasiga tegishli ekani va eng kechi bilan Ukoz bozorida qarz qaytarib berilishi kerakligi batafsil tushuntirildi.
Saqifliklar Payg‘ambar janobimizning amrlari bilan Xolid ibn Said yozgan ushbu farmonni olishgach, oxirgi istak sifatida:
-   Bizga bir voliy bilan imom tayinlang endi, - deyishdi.
Qur’onni eng yaxshi bilganni boshliq qilish Janobimizning odatlari edi. Shu bois, kelganidan beri Islom diniga havas bilan yopishgan, Qur’on o‘rganishga alohida g‘ayrat ko‘rsatgan Usmon ibn Abul Osni ularga imom va amir qilib tayinladilar.
Shunday qilib, elchilar Madinani tark etishdi. Lotni yiqitadiganlar bir necha kun keyin ortlaridan boradigan bo‘lishdi.
Toif xalqi Madinaga yuborgan hay’atni kunlarcha kutdi. Nihoyat, bir kuni uzoqdan chang-to‘zon ko‘tarib, elchilar yetib kelishdi. Odamlar ularni qurshab olib:
-   Nimalar qildilaring? Nimaga kelishdilaring?..- deb savollar yog‘dirib tashlashdi.
-   Jangga hozirlaninglar! Qal’ani tuzatinglar, manjaniqlar qal’a devorlariga chiqarilsin! - deb javob qilishdi elchilar.
Tayyorgarlik boshlandi. Bir-ikki kun jiddiy g‘ayrat bilan ishlashdi. So‘ngra yuraklarga qandaydir qo‘rquv oraladi.
-   Ularga qarshi urushishga kuchimiz yetmaydi, - deydiganlar ko‘paydi.
-   Kelishish kerak. Bitim tuzilsin, - deyishdi.
Shunda elchilar:
 
-   Biz ham ularga qarshi tura olmasligimizni bilardik, shuning uchun bitim tuzib kelaqoldik, - deyishdi.
-   Uqanaqa bitim ekan?
-   Ya’ni, uning diniga kirdik, musulmon bo‘ldik, - deya u yoqda bo‘lib o‘tgan ishlarni boshidan oxirigacha so‘zlab berishdi.
-   Lotni yiqitishga tayinlangan odamlar orqamizdan kelishadi, - deb qo‘yishdi.
Shunchasi o‘zi yetarli edi, hammasiga mayli, ammo Lotning yiqilishiga odamlar nima
deydi?..
Har kalladan har xil sas chiqardi. Kim uni yiqitishga chiqqanning boshiga balolar yog‘ilajagini so‘ylasa, kim agar Lot bunday ishni qilmasa, unda iloh emasligi ma’lum bo‘ladi, der edi.
Bir kuni Mug‘ira bilan Abu Sufyon Rasulullohning buyruqlariga binoan safarga otlanib, uzoq yo‘lchilikdan keyin Toif qal’asi atroflariga yetib kelishdi.
-   Qani, oldin sen kir va buyruqni bajar, - dedi Mug‘ira.
Abu Sufyon bu taklifni qabul etmadi.
-   Yo‘-o‘q, - dedi. - Shaharga sen oldin kirishing kerak. Chunki toifliklar sening qavming va qabilangdir.
Mug‘ira e’tiroz bildirmadi, birga yurishga ham zo‘rlamadi. Yo‘lga tushib, kecha vaqti Toifga kirdi. Yaqinlarini topdi, tunni ularning yonida o‘tkazdi.
Erta bilan erkak-xotin bo‘lib ancha odam Lotning tevaragiga to‘plandi. Mug‘ira Lotning ustiga chiqdi, qo‘lidagi metinni shiddat bilan soldi. Bu soldirish ko‘p yuraklarni tipirchilatdi, tuklar tikan kabi dikkaydi. Lekin... bu ne hol? Metinni tutgan qo‘llar qandaydir bo‘shashdi, metin tushdi. Ortidan Mug‘ira ham, xuddi kaltak yegan odamday, yerga quladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:52:01

Ko‘zlar kattalashdi. Kutilajak ish bo‘lganday edi. Bir paytlar Makkada Uzzo yo Hubal qilmagan ishni, Isof yo Noila qilolmagan ishni endi Lot amalga oshirgan edi go‘yo.
Xalqni ikkinchi va yangi bir xavotir chulg‘ab oldi. Yiqilgan odamni yaxshiroq ko‘rish uchun uzanganlar uni jonsiz holda yotganini ko‘rishdi.
-   Lot o‘zining iloh ekanini isbotladi!
-   Bu odam Lotning g‘azabiga uchradi. Ilohlarning g‘azabi mana shunaqa bo‘ladi! -
degan sadolar chiqdi. O’ngda-so‘lda bu gaplarni tasdiqlagan ovozlar eshitildi.
Mug‘ira ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas birdan jonlandi, oyoqqa qalqdi, va:
-   Ey Saqif xalqi! - deya baqirdi. - Sizlarni arablarning eng aqllisi deyishardi. Lekin sizlardan ko‘ra nodoni yo‘q ekan. Ko‘rib turibsiz, menga hech narsa bo‘lgani yo‘q, hammasini atay qildim. Sizlar iloh deyayotgan Lot parcha-parcha etilishga loyiq bir narsa, xolos. Sizlar unga ibodat qilasizlarmi, yo‘qmi - shuniyam farqlayolmaydi. Endi, qani, qarab turinglar-chi... - deya Lotni metin bilan takror urdi. Yana, yana urdi. Ketma-ket solingan metinlar bechora Lotning ishini bitirdi.
Mug‘ira endi oyoqlari ostida sochilib yotgan parchalar uzra g‘olib xo‘rozday bir qiyofada turardi. «Yana biror gaplaring bormi?» ma’nosida to‘planganlarga bir-bir nigoh tashlab chiqdi. Ikki daqiqa oldin Lotni haqiqatan ustun bir qudrat egasi deb o‘ylab turgan odamlar zehnlari alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib tarqalishdi. Necha zamonlardan beri sig‘inib kelishgani Lotning endi Lotligi qolmagan, eng sog‘lom deb suyanib kelishgani asli chirik bir narsa bo‘lib chiqqan edi. Bu holni ko‘rgan odamlar endi Islom dinini qabul etishdan boshqa yo‘l qolmaganini his etishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:53:31

Qabila ahlining istar-istamay Islomni qabul qilayotganini bir kishi hadik-xavotirda kuzatib turardi. Qora yuzli bu kishi zimiston o‘y-xayollar bosqini ostida ruhan ezilardi. Yuzi qay daraja qora bo‘lsa, zehni shu daraja qayg‘u va g‘amga to‘la. Makka fath etilgan kuni «Ka’ba yopinchig‘iga o‘ralgan bo‘lsa ham o‘ldirilsin!» farmoni ila hukm qilingan odam, albatta, g‘amgin bo‘ladi-da.
Uhud jangidan beri musulmonlar oladigan o‘chni kutib, bir kun kelib ensasiga urilajak qilich qo‘rquvi ostida yashagan edi u. Arabistonda asrana olajagi eng oxirgi qal’a ham bugun qo‘ldan ketyapti. Bu yerdan ham qochib, qaydasan, Shom, deya uzoqlarga, juda uzoqlarga ketib yuborsinmi yo?
Shu payt kimdir unga murojaat qilib qoldi:
-   Ha, buncha o‘ylanib qolibsan, Vahshiy?
Qora yuzli kishi - Vahshiy boshini ko‘tardi. «Shuyam gap bo‘ldimi?» degan ma’noda qaradi.
-   Albatta-da, albatta, o‘ylanaman-da. Chunki ichimga qo‘rquv solyapsizlar, - dedi
Vahshiy.
-   Qanday qilib?
-   Chunki sizlar ham Muhammadning dinini qabul qilyapsizlar.
-   Sen ham qabul et!
-   Ularning oldida kechirilmas aybim borligini bilmaganday gapirasan-a. Hamzaning qotilini unutib yuborishmagandir axir.
-   Meniyam o‘sha unutmaganlar qatorida deb bil. Men unutmabmanmi, madinaliklar u xotirani bugunday eslarida tutishlari aniq. Ammo Muhammad huzuriga musulmon bo‘lib kelgan kimsani orqaga qaytarmaydi. Ikrima, Safvon ham xuddi sen kabi izlanayotgan odamlar edi, kechirdi-ku.
-   Mening vaziyatim ularniki kabi emas. Men boshim omon qoladigan ellarga chiqib ketmasam bo‘lmaydi.
-   Aksincha, men boshqacha o‘ydaman. Muhammadning shafqati sening kabihligingni
qavat-qavat yopadigan darajada kengdir.
Vahshiy boshi xam holda picha o‘yga toldi. Nihoyat:
-   Gaping to‘g‘ri, - deb shivirladi.
Rasululloh (s.a.v.) qarshilarida shahodat kalimalarini keltirayotgan odamga boqdilar. Muborak chehralarini birpasda g‘amginlik qopladi. Ayni choqda atrofda:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu odam Vahshiydir, izn bering, bo‘yniga qilich solay! - degan saslar chiqdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:54:13

Vahshiyning peshonasidan muzday terlar chiqib ketdi. O’zi ne bir qo‘rquv ichida kelgan edi, ustiga yana qo‘rquv tushib, joni bo‘g‘ziga keldi. Endi hayoti Payg‘ambarning (s.a.v.) lablari orasidan chiqadigan birgina so‘zga bog‘liq bo‘lib qoldi. Oxiri Janobimiz:
-   Bir odamning Islomni qabul qilishi mingta mushrikning o‘ldirilishidan yaxshiroqdir, - deya marhamat qildilar.
Bu muborak so‘z Vahshiy uchun tiriklik mujdachisi bo‘ldi. Shu bilan masala hal. Janobimiz undan:
-   Vahshiymisan? - deb so‘radilar.
-   Ha, ey Ollohning payg‘ambari, Vahshiyman.
-   O’tir va menga Hamzani qanday o‘ldirganingni gapirib ber.
Vahshiy o‘tirdi. Bo‘lib o‘tgan ishlarni boshdan-oxir tafsiloti bilan gapirib berdi. Rasuli muhtaram janobimiz uning hikoyasini chuqur qayg‘u ichida eshitdilar. Ehtimol, Vahshiyning so‘zlab berayotganlari ma’no olamida xuddi bo‘lganidek qilib tasvir etilayotgandir va payg‘ambarlar sarvari bu hodisani qaytadan, go‘yo ko‘z oldilarida ro‘y
berayotgandek ko‘zyoshlari ichra ko‘rib turgandirlar. Vahshiy gapini tugatgach, Janobimiz boshlarini ko‘tardilar.
- Afsuslar bo‘lsin senga! - dedilar. - Lekin ko‘zimga ko‘rinmay yur. Chunki seni ko‘rsam, Hamza amakimni eslayveraman... - dedilar.
Payg‘ambarimiz hech bir mo‘minga bunaqa talab qo‘ymagan edilar. Hayotlari bo‘yicha hech kimga bunaqa so‘zlar aytmaganlar.
Vahshiy o‘rnidan turib, tashqari chiqdi.
Bundan buyon endi Vahshiy ozgina bo‘lsa-da payg‘ambarlar sayyidini ko‘rib yuradi, ammo doimo o‘zini saqlab, doimo yashirinib va o‘zini ko‘rsatmasdan... Payg‘ambarlar sultoni uni endi hech qachon ko‘rmaydilar, duch kelmaydilar...
Vahshiy janobi Rasululloh (s.a.v.) vafotlaridan keyin bo‘lgan Yamoma jangida qatnashajak hamda hazrati Hamzani shahid etgan o‘sha nayzasi bilan o‘zini payg‘ambar deb olamni fasodga to‘ldirgan yolg‘onchi Musaylamani o‘ldirajak. Hamzaning badbaxt qotili Musaylamaning baxtiyor qotili bo‘lish bilan ozmi-ko‘pmi ko‘ngli tasalli topajak*...

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:56:16

YAXSHI UYLANGAN BIR YOSH

Abdulloh ibodatga berilgan yigit edi. Uylanish yoshiga yetishi bilan otasi Amr ibn Os uni uylantirib qo‘ydi.
Kelin obro‘li oiladan, chiroyli qiz edi. Ammo uning nasl-nasabli ekani ham, chiroyli ekani ham Abdullohning hayotida biror-bir o‘zgarish yasamadi. Kechalari soatlarcha Qur’on o‘qir, namoz o‘qir, har kuni ro‘za tutar edi. Nikohlanganiga bir oy o‘tganiga qaramay kelin bu uyga xuddi mehmonday yashar, eri bilan birga bo‘lolmas edi. O’g‘lining tabiatini juda yaxshi bilgan Amr bir kuni kelinidan hol so‘radi:
-   O’g‘lim bilan hayoting qanday o‘tyapti, qizim. Turmushing yaxshimi?
Kelin o‘zidan hol so‘rashganidan xursand bo‘ldi. Chuqur bir nafas oldi.
-   Abdulloh juda yaxshi yigit. Quraysh yoshlari orasida yaxshi bir xususiyati bor. Shu bilan birga, bu uyga tushganimdan beri hech yotog‘imga kirmadi. Hech holimni so‘ramadi. Biron ehtiyojim bor yo yo‘qligini surishtirmadi, - dedi.
Amr esankirab qoldi. O’g‘li ishni bu darajaga bordirajagini hech kutmagan edi. Darhol uni topib, bir chekkaga olib o‘tdi va hayotning haqiqatlarini tushuntirishga tushdi.
Abdulloh otasining so‘zlarini chiroyli eshitdi. Eshitdi-yu, ammo bu so‘zlar bir qulog‘idan kirib ikkinchi qulog‘idan chiqib ketaverdi. Bundan keyin ham hayotida zarracha o‘zgarish bo‘lmasligi aniq edi.
Abdulloh ertangi hayoti uchun sarmoya hozirlash lozimligiga ishonar, namoz, ro‘za, zikr va Qur’on o‘qish kabi, oxirat hayotining sarmoyasi bo‘lgan ibodatlarga vaqtini sarflar edi. Bir vaqtlar rahmatli Usmon ibn Maz’un qaysarlik bilan yuritgan hayot tarzini endi Abdulloh davom ettirishga harakat qilardi.
Oradan kunlar kechdi. Amr ibn Os kelinidan takror hol so‘radi. Javob o‘sha-o‘sha bo‘ldi. Demak, Abdulloh otasining nasihatini eshitgan xolos, quloq solmagan, maslahat yaxshi, ammo o‘zimning ishimni o‘zim yaxshi bilaman, degan edi. Buning boshqacha ma’nosi yo‘q. Endi masalani yuqoriroq saviyada hal etmasa bo‘lmaydi.
-   Xo‘p, sabr qilib tur, qizim, - dedi-da, Rasulullohni axtarib masjid sari ketdi.
-   Ey Abdulloh, men sening tonggacha ibodatlar qilib chiqishingni, kunduzlari ro‘za tutishingni eshitdim, shu rostmi?
-   Ha, ey Ollohning payg‘ambari, men shunaqa qilaman.
-   Bunday qilma! Kechalari ibodat uchun tur, dam olish uchun uxla ham. Ba’zi kunlari
ro‘za tut, ba’zisida tutma. Chunki sening badaningning senda haqqi bor, mehmonlaring-
ning senda haqlari bor, xotiningning senda haqqi bor.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:57:52

Rasullarning oxirgisi (s.a.v.) bularni aytib-aytib, so‘ngra:
-   Ro‘zani qanday tutasan? - deb so‘radilar. -Har kun.
-   Qur’onni qanday va qancha o‘qiysan? -Har kecha o‘qib tugataman.
-   U holda har oyning uch kunida ro‘za tut, oyda bir marta Qur’onni xatm qil.
Bu bilan Rasululloh janobimiz o‘zlari orzu qilgan o‘rtacha musulmon hayotining me’yorlarini o‘rgatdilar. Bir musulmonning eng maqbul hayot nizomida Qur’on va ro‘zaning o‘rnini bildirgan bo‘ldilar. Abdullohga yoshlikda ham, keksalikda ham og‘ir botmasdan qilsa bo‘ladigan ibodat tarzi va yo‘l-yo‘riqlarini tavsiya etdilar. Bundan ilgariroq: «Ibodatlarning Ollohga eng sevimlisi, oz bo‘lsa-da, davomli bo‘lganidir», deganlarini hamma eshitgan.
Aslida, Abdulloh bilan bu xil ibodat orasida o‘tib bo‘lmas cho‘qqi bor edi. Lekin u olgan tavsiyasi zararlimi yo foydalimi - bir soniya o‘ylab o‘tirmadi:
-   Ey Ollohning rasuli, men bundan ham ko‘prog‘ini ado etishga kuchim yetadi, - dedi.
-   Undahaftada uch kun ro‘za tut.
-   Men bundan ham ko‘proq qila olaman.
-   Unday bo‘lsa, ikki kun og‘zing ochiq bo‘lsin, bir kun ro‘za tut.
-   Men yanayam ko‘proq qila olaman.
-   Unda ro‘zalarning eng fazilatlisini tut. Bu ro‘za payg‘ambar Dovudning (a.s.) ro‘zasidir. Bunda bir kun ro‘za tutasan, bir kun og‘zing ochiq bo‘ladi.
Ro‘za masalasi shu tariqa hal bo‘ldi. Endi navbat Qur’onni xatm qilish masalasiga keldi.
-   Haftada bir marta Qur’onni xatm qil, - dedilar.
Abdullohning bulardan oshirib qilgan iltimoslari foyda bermadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir haftadan ilgari qilingan xatmda yaxshilik yo‘qligini bildirish bilan masalani uzil-kesil yopdilar.
Abdulloh uyiga qaytdi. Endi oila hayotiga ozmi-ko‘pmi rang kiradigan, o‘zi ham ichida yashayotgan hayot bilan bog‘lanadigan bo‘ldi. Ammo-lekin Rasulullohning (s.a.v.): «Ey Abdulloh, bundan ham ko‘p ibodat qilishga g‘ayrat ko‘rsat», deyish o‘rniga, oyda uch kun ro‘za tutishni tavsiya etishlari ajablanarli. Ha, Abdulloh Payg‘ambar huzurlaridan chiqarkan, haliyam men bulardan ko‘pini qila olaman, degan fikrida qolganmidi?..
Oradan yillar o‘tajak, anchagina qarib qolgan Abdulloh yoshlikdagi g‘ayrat bilan ustiga yuklab olgan og‘ir vazifa ostida ezilarkan, «Koshki Rasulullohning ilk tavsiyalariga rioya qilganimda edi», deyishga majbur qolajak*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 07:59:51

BIR FOSIQ KELTIRGAN XABAR

Bani Musta’liq qabilasi chin yurakdan Islom dinini qabul qilgan edi. Payg‘ambar janobimizning (s.a.v.) pok ayollaridan biri Juvayriya shu qabiladan. Qabila raisi Xoris ibn Diror Rasulullohga qaynota bo‘lish baxtiga erishgan edi.
Odatda Rasuli akram (s.a.v.) zakot to‘plash uchun qabilalarga odam yuborar edilar. Lekin bu yil zakot to‘plovchi odam hadeganda kelavermadi. Horis qabila ahliga bu
kechikish yaxshilikka olib bormasligini tushuntirdi. Zakotlarini o‘zlari to‘plashga va o‘zlari olib borib berishga qaror qilishdi. Harakat boshlandi.
Bu yoqda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Valid ibn Uqbani zakotchi qilib tayinladilar. Bani Musta’liq qabilasiga borishni buyurdilar. Valid eng ashaddiy mushriklardan Uqba ibn Abu Muoytning o‘g‘li edi. Darhol hozirlik ko‘rib, yo‘lga chiqdi.
Qabilaga yaqinlashib qolganida qarshisidan bir to‘p odamlar kelayotganini ko‘rdi. Ichiga qo‘rquv oraladi. Bu odamlar uni osongina o‘ldirib ketishlari mumkin edi. Tez orqasiga qaytdi va to‘g‘ri Rasululloh yonlariga keldi:
-   Zakotlarini berishmadi. Buning ustiga, jonimga qasd qilishdi. O’zimni zo‘rg‘a qutqardim, - dedi.
Bu xabar yaxshi emasdi. Mo‘minlar, ayniqsa, Juvayriya onamiz bu xabardan g‘amga botishdi. Qabilasi bunaqa noxush ish qilib tursa, u xursand bo‘larmidi axir...
Rasuli akram (s.a.v.) buyurdilar, «Ollohning qilichi» deb nom olgan Xolid ibn Valid kichik bir guruh bilan darhol yo‘lga chiqdi. Boradi, Bani Musta’liq qabilasiga kerakli darsni beradi, Payg‘ambarning elchisiga ko‘rsatgan chirkin ishlarining hisobini so‘raydi.
Qabilaga yaqinlashganlarida azon ovozini eshitib, Xolid hayron bo‘lib qoldi. Agar bular zakotni to‘lashdan bosh tortishgan bo‘lsa, nimaga azon chaqirishyapti, nimaga namoz o‘qishyapti? Bu ishda bir ishkal bordek tuyuldi. Shoshilmasdan ahvolni o‘rganishni, urushishsa, shunga qarab urushishni dilga tugib qo‘ydi. Yurishda davom etib, qabila xalqiga o‘zini tanitdi. Valid olib borgan xabar yolg‘on ekanini bilish uchun ko‘p vaqt ketmadi. Hatto hech kim Validni ko‘rmagani, u bilan gaplashmagani ma’lum bo‘ldi.
Bu yoqda Juvayriyaning otasi Xoris, Xolid ibn Validning qabilaga kelayotganidan xabarsiz, Madinaga kelgan edi. Harakatga hozirlik ko‘rayotgan ikkinchi bir askariy guruhga duch keldi.
-   Qaysi tomonlarga otlandilaring, g‘azotlaring muborak bo‘lsin, - dedi.
-   Ey Xoris, bizning safarimiz sening qabilang tomonlarga, - deb javob qilishdi.
-   Nima sababdan, bilsak bo‘larkanmi?
-   Sabab ko‘p... qay birini aytay? Zakot yig‘uvchini o‘ldirishga urinishdan ham kattaroq sabab bo‘ladimi?
Shunda Xoris:
-   Baribir hech narsani tushunmadim, - dedi va to‘g‘ri Rasuli akramning huzurlariga bordi.
Masalani tushuntirgandek bo‘ldi. Ammo ko‘p so‘zga hojat qolmadi. Chunki Rasuli mukarram janobimiz Ulug‘ Mavlodan vahiy ola boshlagan edilar. Besh daqiqalar keyin o‘qilgan oyatlar mo‘minlarning ko‘zlarida Xorisga nisbatan yanada samimiy, yanada qizg‘in boqishlarning porlashiga sabab bo‘ldi. Janobimiz vahiy kotiblariga ushbu oyatlarni yozdirdilar: «Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!»*
Nihoyat, masala kundek ravshan bo‘ldi. Valid ochiqchasiga fosiqlik qilgan edi. Uzoqdan odamlarni ko‘rganda tushgan vasvasaga yana yolg‘on xabarni tirkadi, musulmonlarni bir-biriga qarshi gij-gijlab qo‘yay dedi. Agar vahiy yo‘li bilan vaziyat oydinlashmaganida bir fojia yuzaga kelishi ehtimolli edi.
Bu orada Xolid ibn Valid ham qaytib keldi, qabilada faqat Islom dini ahkomi hukmron ekanini, bunga ters holat yo‘qligini tushuntirdi. Endi Payg‘ambar janobimiz Abbod ibn Bashirni zakot yig‘uvchi qilib jo‘natdilar. Odamlarning mollarining eng yaxshilaridan olishdan saqlanishini ayniqsa qattiq tayinladilar.
Abbod u yerda bir muddat qoladigan, ularga Qur’on o‘rgatib, qaytishda zakot mollarini ham ola keladigan bo‘ldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:02:07

OYISHA ONAMIZNING (R.ANHO) MEHMONI

Ikki jahonning azizi Janobimiz bir kuni Oyishaning hujrasiga kirdilar. Yonida bir xotin o‘tirardi. Nabiyyi muhtaram (s.a.v.) kirganlarini ko‘rgan xotin turishga chog‘landi.
-   Bu xotin kim? - deb so‘radilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu xotin Xavla binti Tuvayt bo‘ladi. Madinalik xotinlar ichida bu xotinchalik ibodatga berilgani yo‘q. Kechalari uyqu nimaligini bilmaydi...
Janobi Payg‘ambarimiz Oyishaning so‘zini kesdilar:
-   Yetar! Kuchlaring yetadiganini qilishga e’tibor beringlar. Qasam ichaman, sizlar ibodatdan charchashlaring mumkin, ammo Olloh uning mukofotini berishdan charchamaydi. Olloh dargohida amallarning eng qadrlisi va sevimlisi, oz bo‘lsa-da, davomli bo‘lganidir, - deb marhamat qildilar.
Xavla u yerdan xayrlashib chiqdi. Bu dinni eng yaxshi biladigan, hayotiga eng yaxshi tatbiq etadigan buyuk Payg‘ambardan olishi mumkin bo‘lgan eng go‘zal darsni olgandek bo‘ldi.
Oyisha onamiz Rasulullohni eng yaqindan biladigan xotinlari edi. Janobimiz ortiqcha ibodatga berilishni xushlamasliklarini, o‘rtacha bir odam qiynalmay davom eta oladigan darajada ibodat hayotini yashaganlarini bilar edi. Bu borada hech kim hazrati Oyishachalik bilimga ega emasdi. Shunday ekan, nega unda haligi xotinning bu xususiyatini bilaturib, o‘ziga tushuntirmadi?
Buning javobi Rasululloh janobimiz shaxsan guvoh bo‘lgan bir necha voqeadan chiqishi mumkin. Bir paytlar ayni dardning mubtalosi bo‘lgan Usmon ibn Maz’un necha martalab Rasulullohdan tanbeh eshitgan. Dunyoda yashayotganini ham unutar darajada ibodatga berilib ketgan Abdulloh ibn Amr ko‘p ibodat qilish iznini undirish uchun qancha talashib-tortishdi. Yana bir paytlar uylariga kelib Rasuli akramning ibodat tarzlarini o‘rgangan uch kishi Janobimizning ibodatlarini kam bilib, o‘zlariga og‘ir ibodat usulini tatbiq etajaklarini aytishgani ham xotirda.
Shuning uchun agar Oyisha onamiz bu xotinga o‘zi tanbeh bersa, bir qulog‘idan kirib ikkinchi qulog‘idan chiqib ketishi mumkin edi. Bu holatni misollari bilan juda yaxshi bilgani bois ham o‘zi bir narsa demagan, fursat topib Payg‘ambar janobimizning muborak og‘izlaridan unga bu haqiqatni yetkazish imkonini hozirlagan edi.
Yuksak zakosi ila Muhammad (s.a.v.) ummatiga haqiqatda «Mo‘minlarning onasi» ekanini isbotlagan qadrli onamizdan - Janobimizning bu qiymatli qoidani so‘ylashlariga sababchi bo‘lgan bu ayoldan Olloh rozi bo‘lsin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:04:22

UMMU RUMON

Hijratning to‘qqizinchi yili hazrati Abu Bakrni (r.a.) chuqur qayg‘uga botirdi: necha yillar bir yostiqqa bosh qo‘yib yashagan xotini Ummu Rumon Haqning rahmatiga qovushdi.
Ummu Rumon hazrati Oyishaning onasi edi. Rasulullohga payg‘ambarlik kelgan ilk kunlariyoq imon keltirish baxtiga erishgan qiymatli ayollardan biri. Islomga va musulmonlarga qarshi yuritilgan chirkin harakatlarning achchig‘ini yelkalarida tashigan hazrati Abu Bakrga uyida dastak va suyanchiq bo‘lish vazifasi Ummu Rumonga tushgan edi.
Payg‘ambarlar imomi eng yaxshi ko‘rgan, qadrlagan xotinlarining onasi bo‘lish shunchaki bir holat emasdi. Buning ortida metinday mustahkam imon va Payg‘ambar janobimizga nisbatan cheksiz sevgi uning ruhini chulg‘ab olgan edi. Orada kuyovlik-qaynonalik kabi muhim bir bog‘ bor edi. Shuning uchun Ummu Rumon to o‘lgunicha Payg‘ambar bilan nikohlanishi taqiqlangan xotinlardan biri edi. Shuning uchun Janobimiz bor joylarga bemalol kirib-chiqaverar, suhbatlashish imkonini ham topar edi.
Rasuli akram (s.a.v) qimmatli qaynonalarining vafoti munosabati bilan to Baqi’ qabristonigacha bordilar. Qabrga qo‘yilmasidan oldin ichiga tushdilar va bir muddat duo qilib turdilar. Ummu Rumon uchun qabr eng kamida huzur va sukun uyi edi. Janobimiz bu harakatlari bilan unga bo‘lgan sevgi va bog‘liliklarini ko‘rsatdilar, dunyoda undan ko‘rgan xizmat va yaxshiliklar mukofotini shu tariqa boshlab bergan bo‘ldilar. Janobi Mavlo karim zot, suyukli payg‘ambariga yillar davomida eng xolis niyatlar bilan xizmat qilgan bu oilaning Ummu Rumonnini albatta mamnun etajak, loyiq bo‘lganidan ham ortiq ikromlar ko‘rsatajak.
Bir zamonlar payg‘ambarlar sarvari (s.a.v.) ayni shunday e’tiborni hazrati Alining (r.a.) onasi Fotimai Asadiyaga ham ko‘rsatgan, ota-onadan yosh ajralganlarida yetimlik azobini chektirmaslik uchun jonini fido etgudek xizmat qilgan bu ayolga oxirat azobini ko‘rsatmasligini so‘rab Ollohga duolar qilgan edilar.
Oyisha onasiz qolgan bo‘lsa, hazrati Abu Bakr xotinsiz tul qoldi. Endi Ummu Rumonning o‘rnini Ja’far ibn Abu Tolibning tul qolgan xotini Asmo binti Umays to‘ldirajak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:09:37

QABRISTON ZIYORATI

Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) sahobalari bilan birga Baqi’ qabristoniga kirdilar.
-   Ey mo‘minlarning yurti, ey bu yurtda sokinlik topgan zotlar, sizlarga salom bo‘lsin... Inshaolloh, biz ham sizlarga qovushajakmiz, - dedilar.
Bu so‘zlarni Janobimizdan ashobi kirom oldin ham eshitishgan, ziyorat uchun qabristonga borishsa, shunday salom berishga odatlanishgan edi. Janobimiz (s.a.v.) hamrohlariga o‘girildilar:
-   Do‘stlarimni ko‘rishni juda orzu qilaman, - dedilar.
Bu orzu hali ko‘rilmagan, lekin g‘oyibona sog‘inilgan sevgililarga oid bo‘lishi kerak.
-   Biz sizning do‘stlaringiz emasmizmi, ey Ollohning rasuli?
Bu savolni bir kishi so‘radimi yo bir necha kishi birvarakay so‘radimi?.. Shubhasiz bo‘lgan jihat - ko‘plar shu savolni so‘rashni istagan edi.
-   Sizlar mening birodarlarim (ashobim)sizlar, do‘stlarim esa, hali dunyoga kelishmagan.
Yuz yillar keyin dunyoga keladigan va Payg‘ambari bilan bir davrda yashamaganidan ko‘ngli cho‘kadigan va u zotga xizmat qilmaganining iztirobini yuraklarida his etadiganlarga eng buyuk mujda (xushxabar) bor bu yerda! Demak, Ollohning suyuklisi Janobimiz faqat o‘zlari bilan birga yashagan, huzurlarida bo‘lgan odamlargina fayz va baraka oladigan, u davrga yetishmaganlar bebahra qoladigan rahmatning timsoli emasdilar. Yana asrlar bo‘yi davom  etadigan insoniyat, agar orzu etsa, bu yo‘lda bebaho nasibalar olajak, U zotga do‘st bo‘lish saodatiga yetishganlar ham topilajak.
-   Ey Ollohning rasuli, siz ummatingizdan hali dunyoga kelmagan odamni qanday taniysiz? - deb so‘rashdi.
O’rinli savol edi bu. Janobimiz bu savolga bir o‘xshatish bilan javob qildilar:
-   Bir odamning chiroyli oti bo‘lsa... peshonasi ola, oyoqlari oq... egasi otini bo‘zrang, oddiy otlar orasida ko‘rsa, o‘sha zahoti tanimaydimi?
-   Ha, ey Ollohning payg‘ambari, taniydi.
-   Ular ham qiyomat kuni tahorat olingan a’zolari yarqiragan holda kelishadi. Men Hovuzga ularning yo‘lboshlovchisi sifatida boraman, - dedilar. So‘ngra so‘zlarini bunday davom ettirdilar: - Ba’zi kishilar mening hovuzimdan quvlab yuborilgan shoshqaloq tuyalar kabi orqalariga qochishadi. Men ularga: «Kelinglar!.. Bu yoqqa kelinglar!.. - deb ovoz beraman. - Ey Egam, bular mening ummatim...» deb iltijo qilaman. Javobiga bir farishta: «Ularning nima ishlar qilishganini bilasizmi? Ular sizdan keyin hollarini o‘zgartirishdi va hammalari shu odatlarida qolishdi!» deydi. Shunda men: «Uzoq bo‘lsinlar, uzoq bo‘lsinlar», deyman.

Qayd etilgan