Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 109367 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:17:50

Hech shubhasiz Ollohning vahiyiga tayanadigan bu xabar o‘sha yerda turganlarni ancha-muncha sarosimaga solib qo‘ydi. Bunaqa holga tushish, Kavsar hovuzi yonidan quvilish uchun imon keltirishdimi ular? Bunaqada ertaga nima bo‘ladi? Payg‘ambarimizdan keyinga qolganlarni qanaqa qora kunlar kutyapti?
Janobimizning hovuzga doir bergan xabarlari zehnlarda g‘imirlab qoldi. Hovuzning uzunligi haqida gap ketganida ba’zan Ka’ba bilan Bayti Maqdis orasicha ekanini aytgan bo‘lsalar, ba’zan Madina bilan San’o orasicha deb tushuntirdilar. Sutdan oq, asaldan totli, ichganlar hech qachon suvsamasliklarini, ayni choqda, ko‘kdagi yulduzlar sonicha rango-rang idishchalari borligini so‘zlab berdilar.
Bir gal bunday marhamat qildilar:
-   Qiyomat kuni mahshar maydoniga bir payg‘ambar keladi, yonida unga imon keltirgan ikki kishigina bo‘ladi. Boshqa payg‘ambar keladi, yonida uch kishi bo‘ladi. Bundan ko‘p, bundan oz ummati bilan kelganlar bo‘ladi. U payg‘ambardan: «Sen qavmingga payg‘ambarligingni yetkazdingmi?» deb so‘raladi. «Ha, yetkazdim», deydi. So‘ngra qavmi chaqiriladi va ulardan: «Bu payg‘ambar sizlarga dinni yetkazdimi?» deb so‘raladi. «Yo‘q», deyishadi. Payg‘ambardan ikkinchi marta: «Senga guvohlik beradigan odam bormi?» deya so‘raladi. «Payg‘ambar Muhammad va uning ummati guvohlik beradi», deb javob qiladi. Mening ummatim guvohlikka chaqiriladi. «Bu payg‘ambar ummatiga dinini yetkazganmi?» deb so‘ralishadi. «Ha», deb javob qilishadi. So‘rovchi bu gal: «Sizlar buni qaerdan bilasizlar? Axir, uning davrida yashamagan bo‘lsalaring?» deydi. «Buni bizga Payg‘ambarimiz bildirganlar, u kishini tasdiqlagan odamlarmiz biz», deyishadi.
Janobi Rasululloh (s.a.v) so‘zlarini bunday yakunladilar:
-   Bu narsa Ollohning: «Shuningdek (ya’ni, to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilganimiz kabi), sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va Payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik» oyatiga tayanadi.*
Payg‘ambar janobimizning do‘zaxdan eng oxirida chiqqan odam haqidagi hikoyalarini ham eslamasdan sira iloj yo‘q:
«Odam yiqilib-turib yuradi. Ba’zan do‘zax olovlari uning yuziga uriladi, yondiradi-qovuradi. Nihoyat, sal muddatga uzoqlashadi. Keyin qaytib do‘zaxga qaraydi:
-   Meni sendan qutqargan Ollohning sha’ni juda ulug‘dir. Olloh menga dunyoga kelib-ketgan odamlarning hech biriga bermagan ne’matni berganiga aslo shubha yo‘q,- deydi. Bu orada unga bir daraxt ko‘rsatiladi. Shunda odam Janobi Mavloga iltijo qiladi: - Ey Egam, meni shu daraxtga yaqinlashtir, tagida salqinlanaman, suvidan ichaman.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:18:53

NAJRONLIKLAR

Janobi Rasululloh (s.a.v.) bir xat yozdirib, Najron xalqiga yubordilar. Najron amiri Usquf u sharafli xatni ochib o‘qidi:
«Ibrohim, Ishoq va Ya’qub Parvardigorining oti ila. Ollohning rasuli Muhammaddan Najron amiri Usqufga:
Salomat bo‘linglar. Men bu xatni yozishim bahonasida Ibrohim, Ishoq va Ya’qubning Parvardigoriga hamd etaman.
Sizlarni qullarning qulligidan Ollohning qulligiga chaqiraman. Qullarning idorasidan Ollohning idorasiga chaqiraman. Agar qabul etmasalaring, jiz’ya berishlaring lozim. Bundan ham qochsalaring, sizlarga qarshi jang ochganimni bilinglar. Vassalom...»
Usqufning ichiga bir qo‘rquv oraladi. Vaqt o‘tkazmasdan, ishongan maslahatchisi Shurahbilni chorladi. Xatni o‘qidi, fikrini so‘radi. Shurahbil:
-   Men bu masalani hal eta olmayman, - deyish bilan kifoyalandi.
Endi maslahatga ruhoniylar chorlandi. Masala keng va atroflicha muhokama etildi. Natijada ko‘pchilikdan iborat bir hay’atni Madinaga yuborishga qaror berildi. Oltmish kishilik karvon hozirlandi. Ichlarida uch kishining - Aqib, Sayyid va Abu Xorisning ovozlari hal qiluvchi bo‘lib, butun hay’at ularning qaroriga ko‘ra bir ish qilardi.
Madinaga kirib borganlarida asr namozi yaqinlashgan edi. Yo‘l kiyimlarini yechib, tozalariga almashtirishdi va masjidga kirishdi. Sharq tarafga o‘girilib, ibodat qila boshlashdi.
Rasululloh afandimiz mo‘minlarga qarab:
-   Ularga e’tibor qilmanglar, - dedilar.
Musofirlar o‘z bilganlaricha ibodatlarini ado etishdi.
Najron hay’ati janobi Rasululloh (s.a.v.) bilan uzundan-uzoq munozara va bahs qildi. Mavzu Ollohning birligi va hazrati Isoning iloh bo‘lgani yo bo‘lmagani ustida edi. Mana, ularning dalillari:
-   Hazrati Iso tug‘ma ko‘rlarning ko‘zini ochardi...
-   Loyga shakl berib, qush yasar, unga ufursa, qush bo‘lib uchib ketardi...
-   O’liklarni tiriltirardi. Xastalar uning qo‘lidan shifo topishardi... Bular bari uning iloh ekaniga dalolat qilmasa, nima ish qiladi?..
-   Hazrati Iso otasiz dunyoga kelgan. Bu hol ham uning otasi Ulug‘ Olloh ekaniga dalolat etadi...
Najronliklar da’volarini shu tarz o‘rtaga qo‘yishdi. Rasululloh (s.a.v.) ularga bergan savollar ichida mana bu muborak so‘zlar ham bor edi:
-   Parvardigorimiz Isoga onasi qornidaligida xohlaganiday surat va shakl bergan, sizlar shuni bilasizlarmi?
-Ha, bilamiz.
-   Parvardigorimiz ovqatlanmasligini, ichmasligini, hojat chiqarmasligini bilasizlarmi?
-Ha, bilamiz.
-   Har qanday ayol bolasini qornida qanday ko‘tarib yursa, Isoni ham onasi shunday ko‘tarib yurganini, bir xotin bolasini qanday tug‘sa, shunday tuqqanini, bolalar qanday emizdirilsa, shunday emizdirilganini va ovqatlantirilganini, keyin Isoning ham o‘zi ovqat yegani, suv ichgani, hojat chiqarganini sizlar bilasizlarmi?
-Ha, bilamiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:19:39

-   Bu ahvolda Iso qanday qilib iloh-rab bo‘lar ekan?
O’zaro savol-javoblar uzayib ketdi. Rasululloh janobimizning qanoatlantiruvchi tushuntirishlari oldida hay’at a’zolari bir narsa deya olishmas, lekin zehnlarini chulg‘agan, yuraklarini to‘ldirgan inonchdan ham osongina voz kecha olishmas edi. Har yoqqa
osilib ko‘rishdi, bo‘lmadi. Nihoyat dalil keltirishdan va to‘g‘risini qabul qilishdan ko‘ra ko‘proq qaysarlikka o‘tib olishdi: «Yanglish bo‘lsa ham, bizning aytayotganlarimiz to‘g‘ri!» degandek turib olishdi. Shu payt Payg‘ambar janobimiz vahiy holatiga tusha boshladilar. Atrofdagi musulmonlar imo-ishora bilan najronliklarni jim qilishdi.
Bir oz o‘tib payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) Oli Imron surasidan indirilgan bir necha oyatni ularga o‘qib berdilar.
«Olloh, farishtalar va ilm egalari ham yolg‘iz Ollohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh o‘zi borligiga guvohlik berdilar. U adolat bilan turguvchi (hukm qilguvchi)dir. Hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh bor. U qudratli va hikmatli zotdir. Albatta, Olloh nazdidagi (maqbul bo‘ladigan) din Islom dinidir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) ularga (Islom haqida, Muhammad to‘g‘risida) aniq bilim-hujjat kelganidan keyin o‘zaro hasad-adovat qilganlari sababligina talashib-tortishishdi. Kim Ollohning oyatlariga kofir bo‘lsa, bas, Olloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir. (Ey Muhammad,) agar siz bilan (din haqida) tortishishsa: «Men va menga ergashganlar o‘zimizni Ollohga topshirdik (bo‘yin sundirdik)», deb ayting! So‘ng ahli kitoblar va (kitob berilmagan) savodsiz (mushrik)lardan: «Islomga kirdingizmi?» deb so‘rang. Agar Islomga kirishsa, demak, to‘g‘ri yo‘lni topishibdi. Endi agar yuz o‘girishsa, u holda sizning zimmangizdagi narsa faqatgina yetkazishdir. Olloh bandalarni ko‘rib turguvchi zotdir»*.
Keyingi oyatlarda Imronning xotini bilan hazrati Isoning katta buvisining Ollohga qilgan duolari, Maryamning tug‘ilishi va voyaga yetishi bayon qilindi. Maryamga qornidagi hazrati Iso haqida belgi berilgani tushuntirildi. Hazrati Isoning hayoti to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uning otasiz dunyoga kelishi mavzuida qiyin ahvolga tushib qolgan nasroniylarga qarata bunday xitob qilindi:
«Albatta, Isoning (otasiz tug‘ilishining) misoli Olloh nazdida xuddi Odamning (a.s.) misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra «Bo‘l!» dedi. Bas, (u jonli odam) bo‘ldi. (Ey Muhammad, bu) Parvardigoringizdan bo‘lgan haq «so‘z»dir. Bas, shubha qilguvchilardan bo‘lmang! Endi sizga kelgan (mana shu haq) ma’lumotdan keyin (nasroniylardan) kim siz bilan talashib-tortishmoqchi bo‘lsa, (unday kimsalarga) ayting: «Kelinglar, o‘g‘illarimizni va o‘g‘illaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni, o‘zlarimizni va o‘zlaringizni chorlab-yig‘aylik, so‘ngra Ollohga tazarru bilan iltijo qilaylik-da, yolg‘onchilarni Olloh la’natlashini so‘raylik». Albatta, bu haq-rost qissadir. (Ya’ni, Iso hech qanday xudo emas, balki Ollohning boshqa hamma payg‘ambarlari kabi oddiy odam zotidandir.) Va hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh bor. Va, albatta, Ollohning o‘zigina qudrat va hikmat egasidir. Endi ham (haqiqatdan) yuz o‘girsalar, bas, albatta, Olloh buzg‘unchilarni (yaxshi) bilguvchidir»*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:21:14

Najronliklar johil kishilar emasdi, so‘zning to‘g‘risini yanglishidan ayira oladigan qobiliyatlari bor edi. Yopishib olgan fikrlari o‘tmasligi ochiq-oydin ko‘rsatildi, o‘zlari ham buni anglab yetishdi. Onadan tug‘ilgan, hamma bolalar kabi katta qilingan, insonning hamma xususiyatini tashigan bir vujudning iloh bo‘lmasligini anglaydigan darajada edilar. Ammo bir qaysarliklari, ichlariga o‘rnashib olgan botil inonchlari bor edi, bu ikkalasini ham yomonlab-itqitib yubora olisholmas va natija o‘laroq qusurni Payg‘ambar janobimizdan axtarishar edi.
Bir qarorga kelishdi: bu kecha muk tushib o‘ylashadi, Payg‘ambarimiz bilan oxirgi marta ko‘rishishadi, yuzma-yuz o‘tirishadi va haqiqatni ko‘ra-bilaturib inkor etganning tepasidan la’nat yog‘dirishini so‘rab Ollohga duo qilishadi. Shu qaror bilan bugungi bahs to‘xtatildi va hay’at Payg‘ambirimiz huzurlaridan chiqdi.
Najronliklar yaxshigina xavotirga tushib qolishdi. Chunki oqibatlari falokat bo‘lishini his qilishar, o‘t bilan o‘ynashayotganlarining farqiga borishgan edi. Bilaturib falokatga otilishga rozi bo‘ladigan siyoqlari yo‘q.
Ammo boshdan dinlarini va da’volarini qattiq turib himoya qilishgan, o‘zlarini xuddi haqning va haqiqatning himoyachisi kabi tutishgan edi. Bu daraja jiddiyat bilan yopishib olgan da’volaridan birdaniga qaytish ham oson emas.
Hammasi jim, hammalarining boshi qotgan. Ammo jim turgan bilan ham masala hal bo‘lib qolmaydi.
-   Ertaga nima qilamiz? - deb so‘radi nihoyat birovi.
Hech kim jur’at qilib: «Qahramonlarcha o‘rtaga tushamiz va da’vomizni himoya qilamiz! Olloh biz bilandir, zafar ham bizga nasib bo‘lajak!» deya olmadi. Bo‘lib o‘tgan munozaralar ularni qo‘rquvga solgan, hech kutilmagan savollar qarshisida ezilib qolishgan edi.
Holbuki, bu savollar adashtiruvchi savollar emasdi. o‘oyat ochiq edi. Najron hay’ati ham, boshqa odam ham har yerda, har vaqt qabul etadigan haqiqatlarga tayanardi. Nihoyat og‘izlar ochildi:
-   Sen qanday xulosaga kelding, ey Abdulmasih? - deb so‘rashdi birovidan.
-   Vallohi, men aytadigan narsa unga kelgan xabarlarning keskin va ishonarli ekanidir. Bir payg‘ambar bilan la’natlashishga chiqqanlarga juda yomon bo‘lishini sizlar ham bilasizlar. Agar tomirlarimizning quritilishini xohlasak, bunday bir mojaroga kirishaylik. Boshimizga balo yog‘ilishini  istamasak, u bilan la’natlashma yo‘lini qo‘yaylik. Munozara yo‘lini tutishni tavsiya qilaman - mening qarashlarim shunday.
Abdulmasihning bu so‘zlari Najron hay’ati orasida ijobiy qarshilandi.
Hazrati Umar (r.a.) keldi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, ertaga bo‘ladigan la’natlashmaga kimlarning qo‘lidan tutib qatnashasiz? - deb so‘radi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:21:45

Janobimiz javobqildilar:
-   Alining, Fotimaning, Hasanning, Husaynning, Oyishaning, Xafsaning...
Javob hazrati Umarni mamnun qildi. Islom tarixida ikkinchi bir o‘rnagi bo‘lmaydigan bu tarixiy hodisada o‘zining oilasidan ham bir a’zoning ishtirok etayotgani hazilakam gap emasdi! Uning ustiga, bularni Rasulullohning (s.a.v.) o‘zlari tanlaganlar! Hazrati Umar hozirdanoq Najron hay’atining boshiga balolar yog‘ilganini ko‘rib turganday edi.
Bomdod namozidan keyin tarixiy la’natlashmada hozir bo‘lish uchun Payg‘ambar (s.a.v.) xonadonlari masjidga chiqdi. Xotinlaridan ikkitalari birga edi. Nevaralarini qo‘llaridan tutib olganlar. Ortlarida Fotima (r.anho) bilan Hazrati Ali (r.a.). Hamma qattiq hayajon ichida. Bir ozdan keyin Najron hay’ati ham kelajak va Ulug‘ Mavlo o‘zi belgilagan shartlar asosidagi buyuk la’natlashma ijro etilajak.
Rasululloh (s.a.v.) oila a’zolari bilan hozir bo‘lishgani haqidagi xabar najronliklarga yetkazildi. Ular ham kelishdi. Ammo kechagi mag‘rurlik va keskinliklardan nishona ham yo‘q, boqishlari so‘lg‘in. Kechagi qaysarlik va bilag‘onlik holati ketgan, tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan odamlarga o‘xshashar edi. Hay’at nomidan bittasi so‘z boshladi:
-   Ey Muhammad, biz la’natlashishdan voz kechamiz. Diningga kirmaymiz, ammo senga jiz’ya berib turishga rozimiz. Ishonchli bir odamingni qo‘shib ber, biron masalani tushuna olmasak, bizga yordamchi bo‘ladi.
Bu gaplar ko‘ngillardagi taranglikni bir onda bo‘shatdi. Hayajondan go‘yo to‘xtagan nafaslar yana olina boshladi.
-   Sizlar bilan birga haqiqiy ma’noda ishonchli bir odamni jo‘nataman, - dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Bu javob masjiddagi hayajonni boshqa o‘zanga solib yubordi, kim ekan bu toleli inson?..
Har yurakda bir arslon bor edi. «Bu vazifaga qaniydi men tanlansam!» demagan odam qolmadi.
Hazrati Umar (r.a.) o‘sha kuni to peshin namozigacha yuragini chulg‘agan hayajon to‘lqinlarida suzib yurdi.
Musulmon bo‘lganidan beri ikki martagina shunaqa tanlovda tole’ o‘ziga kulib boqishini rosa istagan edi. Bir martasi Xaybarda - «Ertaga bayroqni shunday bir kishiga beraman, u Allohni va Rasulini sevadi, Olloh va Rasuli ham uni sevadi...» deb marhamat qilingan paytda, ikkinchi marta esa, hozir...
Bundan keyin hazrati Umar (r.a.) hech bir vazifaga o‘zi talabgor bo‘lib chiqmayajak, vazifa topshirilsa, mukammal bajarajak, berilmasa, ortiqcha qayg‘urmayajak.
Peshin namozi o‘qildi, nigohlar payg‘ambarlar sultoniga qadaldi. Muborak lablari orasidan chiqajak ism saodat tojini kiyadigan shaxsni tayin etajak edi.
Hazrati Umar o‘ng tomonda turar, bir qaragandayoq ko‘zga tashlanadigan darajada uzun bo‘yli ekaniga qaramay, «Men bu yerdaman, ey Ollohning payg‘ambari!» deyayotgan kabi oldga yulqinar edi.
Nihoyat, u ism aytildi:
-   O’rningdan tur, ey Abu Ubayda! - deyildi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:22:12

Abu Ubayda turdi. Komil odob bilan amr kutdi. Odam bolalari ichida eng azizi bo‘lgan Zot (s.a.v.) jonlar fido etilsa arziydigan yuksak maqom egasini payg‘ambarlikka loyiq bir ifoda ila e’lon etdilar:
-   Mana, Muhammad ummatining ishonchlisi budir. Har bir ummatning ishonsa
bo‘ladigan odami bo‘ladi, Islom ummatining ishonchlisi Abu Ubaydadir, - dedilar.
Insoniyat bilgan eng odil, eng kuchli saylov bu edi. Hech qanday bosqisiz, evaziga hech qanday manfaat olinmagan va ko‘zlanmagan, faqat Olloh huzuridagi qiymatiga boqib va Ollohning tasdiqiga uyg‘un bir saylov... Har kim ko‘z tikkan, ammo hech kim e’tiroz qilmagan va qilolmaydigan baho... Muhammad ummatining Muhammad Rasululloh tanlagan ishonchli kishisi... Ishonchli Muhammad (s.a.v.) bu daf’a Muhammad ummatining ishonchli kishisini tayin etgan edilar.
-   Ular bilan birga bor, tushunmagan narsalari bo‘lsa, o‘rtalarida haq bilan, adolat bilan hukm qil, - dedilar.
Abu Ubayda ruhi jismidan otilib chiqqudek xursand edi. Tushmi, desa tush emas. Cheksiz hamd va shukrlarini ko‘zyoshlariga o‘rab Mavlosiga taqdim eta boshladi.
Qisqa muddat tayyorgarlikdan so‘ng har kimning orzuyidagi mavqe va maqomga loyiq ko‘rilgan, ammo kibrlanish va g‘ururlanishni bilmaydigan, Ollohning quli bo‘lishdan boshqa sharaf istamaydigan Abu Ubayda (Olloh undan rozi bo‘lsin) u yoqdan kelgan hay’at bilan birgalikda Najron sari yo‘l oldi.
Safar davom etardi. Karvondagilardan Abu Alqamaning tuyasi qoqinib ketdi:
-   Hey, boshingga balo yog‘ilgur!.. - deya g‘o‘ldiradi u.
Arablarda o‘zlari yo ulovlari qoqinib ketganida eng yomon ko‘rgan kishilarini qarg‘ash odati bor edi. Abu Alqama ham ayni odatga ko‘ra qarg‘andi, lekin chala qarg‘andi, ya’ni, kimni qarg‘ayotganini aytmadi. Shunday bo‘lsa ham, u kimni nazarda tutganini hamrohlari sezishdi. Yaqinlaridan biri unga tanbeh berdi:
-   Vallohi, sen Olloh yuborgan payg‘ambarni qarg‘aganday bo‘lding, - dedi.
Alqama dovdiradi:
-   Nima deding?! U chindanam payg‘ambarmi hali?
-Ha-da.
Alqama shartta tuyasining boshini burdi. Endi so‘rash navbati bunisiga o‘tdi:
-   Nima qilyapsan, maqsading nima?
Alqama bir soniya ichida bergan qarorini tushuntirdi:
-   Bordiyu u payg‘ambar ekan, u holda meni uning diniga kirishdan nima tutib turibdi? Ortiq uning yoniga borgunimcha va uning diniga kirmagunimcha hech bir yerda to‘xtamayman, dam olmayman! - deb javob qildi Alqama.
So‘ngra kim nima deyishini kutmasdan, hech kim bilan xo‘shlashmasdan surdi tuyasini va Ollohning payg‘ambari huzuriga tezroq yetish orzuida jo‘nadi Madina tomon. U hozir aqlli bir insonga yarashadigan qarorga kelganiga ishonar edi.
Karvon hamon yo‘lda. Ilgariroq jannat mujdasiga musharraf bo‘lgan, keyin Ollohning rasulidan «Ummatning ishonchlisi» deya baho olgan Abu Ubayda to bo‘yniga yuklangan vazifani ado etish muddaticha Ollohning rasuli bilan birgaligi balki yanada kuchli bir tarzda davom etishiga ishonch bilan borardi.
Shu taxlit yana bir oz yurilajak, hay’atning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan Aqib bilan Sayyid ham bir qarorga kelib, Islom dini keltirgan baxtli hayotni tanlayajak va Madina yo‘lini tutajak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:25:01

TABUK SAFARI

Makka fath etilgach, Madinada bir necha oy tin olindi. Nihoyat, hijratning to‘qqizinchi yili Rasululloh (s.a.v.) rumlarga qarshi safar qilish uchun lashkar to‘plashga buyurdilar.
Issiqlar ancha xuruj qilgan, soyalar har paytdagidan ko‘ra ko‘proq xush ko‘riladigan, yaqin orada xurmolar yig‘ishtiriladigan kunlar edi. Bunisi shu damgacha qilingan safarlarga qaraganda eng uzoq davom etadigan safar bo‘lajak.
Ko‘pincha, xossatan Makka fathida, qaysi tarafga va kimga qarshi ketilayotgani aytilmagan. Ammo bu gal yo‘nalish ochiqcha aytildi, hozirliklar shunga qarab ko‘rilishi lozimligi bildirildi.
Rasululloh (s.a.v.) bittasiga so‘z qotdilar:
-   Ey Jadd, rumlarga qarshi safarga... qalaysan?
Jadd pinak buzmadi.
-   Ey Ollohning rasuli, menga izn chiqarsang-da, fitnaga tushib qolishimdan asrasang, degan edim... Butun qavmim biladi, men xotinlarga o‘ch kishiman. Rum xotinlari oldida o‘zimni tuta olmay, fitnaga tushib qolamanmi deb qo‘rqyapman, - dedi.
-   Mayli, senga izn beraman, - dedilar Janobimiz.
Jadd chuqur bir nafas oldi.
Ikki yilcha ilgari Hudaybiyada Ollohning rasuli bilan mo‘minlar orasida daraxt tagida ahd qilinayotganida tuyasining qorni ostida panalab ko‘zga ko‘rinmaslikka harakat qilgan, Ollohning rahmatidan qochib qutulish uchun bir teshik axtarib qolgan nasabsiz munofiqmana shu odam edi.
Ko‘p o‘tmasdan vahiy kelib, Rasuli kibriyo janobimizning nurli qalblariga bir oyat naqsh etildi:
«Ularning orasida: «Menga (jangdan qolish uchun) izn bergin, meni fitnaga (baloga) qo‘ymagin!» - deydigan kimsalar ham bor. Ogoh bo‘ling: ular (jangdan qolish bilan) fitnaning o‘ziga tushdilar. Shak-shubhasiz, jahannam (bunday) kofirlarni o‘rab olguvchidir»*.
Munofiqlar g‘imirlab qolishdi. Duch kelgan joyda tashviqot yurgizib, bu issiqda safarga chiqmanglar, so‘zimizga kiringlar, deya odamlarni yo‘ldan ozdirmoqchi bo‘lishardi. Suvaylim ismli bir yahudiyning uyida ular olib borayotgan ishlardan Rasululloh (s.a.v.) xabar topdilar. Talha ibn Ubaydullohga (r.a.) bir necha odam qo‘shib, Suvaylimning uyini yoqib yuborishga buyurdilar. Talha amrni tez o‘rniga keltirdi.
Bu orada Payg‘ambar janobimiz hozirliklarni yanada tezlatdilar. O’ziga to‘qlar mol bilan yordam ko‘rsatishlarini, g‘azotga ot hozirlab, agar bora olmaydigan holatda bo‘lishsa, bir g‘oziyni ulov va siloh bilan ta’minlashlarini tavsiya etdilar.
Har kim kuchi yetgan narsani keltirardi. Hazrati Usmon (r.a.) keltirgan mol haqiqatan ko‘zni quvontirardi. Jang maydonlarida kuch, quvvat va jasorat bilan qo‘sha olmagan hissasini o‘zida bor mol bilan qo‘shish yo‘lini tanlagan Usmon haqiqatan juda o‘rinli ish qilgan edi. Janobi Payg‘ambarimiz u keltirgan mollarni qorishtirarkanlar: «Bugundan e’tiboran u ishlaydigan qusurlar Usmonga zarar bermaydi», derdilar. «Ollohim, Usmondan rozi bo‘l, chunki men undan roziman», deganlari ham rivoyatlarda kelgan...
To‘plangan mollar safar ishtirokchilariga tarqatildi. Ulovi yo‘qlarga ulov berildi. Bu orada Irbod ibn Sariya, Salim ibn Umayr kabi bir guruh faqirlar Pay-g‘ambarimizning huzurlariga kelishdi. Yuraklarni ezadigan bir holatda edi ular.
-   Ey Ollohning rasuli, bizga ulov topib bering, - deyishdi. Aksiga olib, ortiqcha ot-ulov qolmagan edi.
-   Vallohi, sizlarni bironta ulovga mindirolmayman,- deb javob qildilar. Ko‘zlarda yosh bilan tarqalishdi. Bu ko‘zyoshlar payg‘ambarlar sultoni bilan g‘azotda birga bo‘la olmaslik alami yurakka qilgan xurujining natijalari edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:32:51

Yana bir guruh insonlar ichlaridan bittalarini vakil qilib, Rasulullohga (s.a.v.) borishga qaror qilishdi. Oldingilarga berilgan javobdan xabarlari yo‘q edi bularning.
Abu Muso Ash’ariy ham qabilasi nomidan xuddi shu masalada Janobimiz bilan uchrashdi va u ham do‘stlariga oldingiday javobni yetkazishga majbur bo‘ladi.
Ibn Yamin yig‘lab kelayotgan ikki odamni uchratdi. Hayron bo‘ldi. Urushganga o‘xshashmasdi.
-   Nimaga yig‘layapsizlar, tinchlikmi? - deb so‘radi.
Abu Laylo ko‘zlarini artmayoq yonidagi Abdulloh ibn Mug‘offalga ishora qildi.
-   Ikkimiz birga Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga bordik. Safarda qatnashmoqchi bo‘lib, ulov so‘radik. Afsus, hech narsa qolmabdi, bo‘sh qo‘l bilan qaytyapmiz. Endi safarga biz borolmaymiz.
Gapiryapti-yu, yig‘isi to‘xtamas edi.
Bir tomonda odamlarni bu safarga qatnashishdan qaytarish uchun bor kuch-g‘ayratini sarflayotganlar hamda nima qilib bo‘lmasin urushga bormaslik uchun turli uzr-ma’zurlar to‘qiyotganlar, ikkinchi tomonda safarga borolmayotgani uchun chin dildan ko‘zyoshlar to‘kayotgan ko‘ngil ahli, fazilatparvar insonlar... Ulari ham, bulari ham avvalgi va oxirgilarning sayyidi janobi Rasululloh (s.a.v.) turgan, yashayotgan, ming bir xotiralar bilan bezayotgan shu muborak shaharda yashashadi, u zot nafas olayotgan havodan nafas olishadi. Xuddi bir bog‘, bu bog‘da gul ham o‘sadi, tikan ham o‘sadi, bitta quyoshdan, bir xil havodan, bir joy tuprog‘idan oziqlanishadi, lekin har biri o‘zining olamida, o‘zining tabiati va qobiliyati yo‘nalishida yashaydi...
-   Qani, orqamdan yuringlar-chi, - dedi Ibn Yamin. So‘ngra ularni uyiga olib keldi. - Hozir chiqaman, - dedi-da, ichkari kirib ketdi. Sal o‘tmay bir tuyani yetaklab chiqdi. Yuganini mehmonlarga uzatdi: - Mana sizlarga bitta sog‘in tuya... Bu mendan sizlarga hadya bo‘lsin. Ikkalangiz birga-birga minaveringlar.
Bu so‘zlar ko‘zlardagi yoshni tindirmadi, lekin ma’no-mazmunini o‘zgartirib yubordi. Shuncha tuyilgan alam va kadar bir onda sevinch va nash’aga aylangan, sal ilgari o‘tli bir manbadan otilib chiqib turgan ko‘zyoshlari endi ko‘klarga uchgudek sevinchli ko‘ngillardan kelar edi. Oldingisi siqinti va qiynoq bosqini ostidan sizib oqqan bo‘lsa, keyingisi farahlik va huzur bergan ko‘ngil rohatligidan oqayotgan edi.
-   Olloh sendan rozi bo‘lsin, ey Ibn Yamin!.. - deya olishdi zo‘rg‘a.
Hech qaysi duo bunchalik aniq va bunchalik tez mo‘ljalga yetib bormasa kerak. Borut* piligi holiga kelgan, ya’ni, sal narsadan portlab ketgudek holga tushgan yuraklardan taftlangan bu duolarning oldiga devor qo‘yadigan, yo‘lini o‘zgartiradigan, mo‘ljaldan adashtiradigan hech bir kuch va to‘siq yo‘q edi. Shuning uchun ulug‘ Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Mazlumning duosidan saqlaninglar», deb marhamat qilganlar. Kofir bo‘lsa ham, yonib turgan yurakdan otilgan o‘q to‘ppa-to‘g‘ri Oliy Arshga yetadi, chunki hojat u yerga arz etiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:35:03

Ikki do‘st qo‘llariga berilgan bir miqdor ozuqani ham olib, bu yerdan ketishdi.
Ulba ibn Zayd ham Rasululloh janobimizdan ot-ulov masalasida rad javobini olganlardan edi. Lekin u: «Eh... mendan lozimini qildim... Ulov berilsa, borardim...» deb qo‘yaqolmadi. Turgan-bitgani zahmat va mashaqqatdan iborat bo‘lgan bu safar hech xayolidan ketmas, nima qilsa ham, hech yuragi tinchlanmas edi. Dardi ustiga dard qo‘sha-qo‘sha vaqt kechga yetdi. Xufton namozidan keyin hamma uyquga chekinganida u o‘rnidan turdi. Namoz o‘qidi. So‘ngra qo‘llarini ko‘tardi:
-   Ollohim! Jihodga o‘zing buyurgansan, mo‘l-mo‘l mukofotlarni ham o‘zing va’da qilgansan. Lekin menga bu safarga qatnashish imkonini bermading. Payg‘ambaringning ham menga berishga oti yo‘q... Ollohim, men sening roziligingni qozonish uchun nima qilay?.. Bugungacha molimga va badanimga zarar bergan, shaxsimni ranjitgan hamma musulmonlarga haqqim halol bo‘lsin.
Shunday izhor etdi munojotini. So‘ngra uyquga yotdi.
Rasululloh (s.a.v.) bomdod namozini o‘qib berganlaridan keyin sahobalariga o‘girildilar.
-   Bu kecha sadaqa bergan kishi qani? - deb murojaat qildilar.
Savol javobsiz qoldi. Ikkinchi marta so‘radilar. Shunda Ulba oyoqqa qalqdi
-   Xizmatingizga tayyorman, ey Ollohning rasuli, men bu yerdaman, - dedi.
-   Mujdalar bo‘lsin senga! Jonimni qo‘lida tutib turgan Ollohga qasam, sening bu ishing maqbul bir sadaqa sifatida baholandi, - deb marhamat qildilar.
Ulbaninggina emas, shu tobda masjidda o‘tirgan hammaning ko‘zlari yasharib ketganday bo‘ldi. Nigohlari Nabiyyi akramga yo‘nalgan ko‘yi ko‘ngillarida birikkan shukr va hamd tuyg‘ularini Janobi Mavloga yo‘llashar edi.
Lashkarning hozirligi davom etardi. Bir kuni xunuk bir kishi nihoyatda ko‘rkam tuyani yetaklab keldi, to‘plangan sadaqalar orasiga tashlab ketdi. O’sha yerda turgan bir ezma o‘zini tutolmadi:
-   Tuyasi o‘zidan chiroyli, - deb yubordi.
Rasuli akram (s.a.v.) bu o‘xshovsiz gapni javobsiz qoldirmadilar:
-   U odam tuyadan ham, sendan ham yaxshidir, - deb marhamat qildilar.
Bu orada Abu Akil ismli madinalik bir kambag‘al bir hovuch xurmo ko‘tarib kelib qoldi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, ertalabgacha suv tashib, xizmat haqimga ikki hovuch to‘la xurmo oldim. Yarmini uyda qoldirdim, yarmini bu yerga keltirdim, lutfan qabul eting, - dedi.
Bu ifodalar, bu ish top-toza yurakdan kelayotgani aniq edi. Topmagani uchungina ko‘p bera olmagan, o‘zi ochlikdan sillasi qurib tursa ham, yaxshilik qilmasa rohat topmaydigan bir yurakdan... Janobi Mavlo birga o‘n qilib berishini, birga yettiyuz qilib berishini biladigan, sadaqaning ko‘p yo ozligiga ko‘ra emas, qalblardagi niyatga qarab qiymat berilishini biladigan bir yurakdan...

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:35:46

Bir zamonlar Ronuna vodiyida o‘qilgan ilk juma namozi Abu Akilning esida. O’sha yerda Rasuli akram (s.a.v.): «Yarimta xurmo berib bo‘lsa ham, o‘zlaringizni olovdan qutqarishga harakat qilinglar», deganlari hali quloqlarida chinlab turibdi. Bugun keltirgani bir hovuch xurmoni topish uchun ertalabgacha birovga xizmat qilib suv tashib chiqqan, xurmolari og‘irligicha ter to‘kkan edi. Ba’zilar bu bir hovuch xurmoni ko‘rib labini burgandir, shivir-shivir qilgandir, ammo bu xurmolarning o‘ziga yarasha qiymati bor. Bitta boy odamning katta xirmonidan olingan bir hovuch xurmo bilan bu teng emas. Ular ham daraxtda bitgan, lekin shu bir hovuch xurmoni topish uchun Abu Akil butun kechasini xarjlagan, kuchini-quvvatini safarbar qilgan, peshonasidan oqqan terlarni artishga fursat topmasdan ishlagan, hozir bu yerda labini burayotganlar xurrak otib uxlab yotganida u uyqusizlik va charchoq ila tong ottirgan edi. Mana shunday sharoitda topilgan xurmolarning, albatta, o‘zgacha bir qiymati bo‘lishi kerak.
«Abu Akil ishning mazasini qochirdi»; «Uning ikkitagina xurmosiga Olloh muhtojmidi?» kabi o‘ylarga borganlarga qarama-qarshi o‘laroq Nabiyyi akmal janobimiz har galgidek eng to‘g‘ri o‘lchovni o‘rtaga qo‘ydilar:
-   Olloh uyingda qoldirganingga ham, bu yerga olib kelganingga ham baraka bersin! - deb duo qildilar.
So‘z bu so‘z edi. Bu so‘zga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday so‘zning qadri yo‘q, bu so‘zning qiymatini qabul qilmagan har kimning burni yerga ishqalansa arziydi. Abu Akil top-toza tuyg‘ular-la qilgan ishga bundan go‘zal baho berilmasdi. Chunki bu o‘lchovni koinotga nizom bergan Ulug‘ Mavlo rozi bo‘lgan, taqdir qalami «eng buyuk Rasul» deb baho bergan Muhammad Mustafo (s.a.v.) o‘rtaga qo‘ygan edilar.
Ish shu bilan bitmadi. Oliy dargohdan Jabroili amin vositachiligida indirilgan ilohiy So‘z mana bunday hikmatlarni keltirdi:
«Ular Olloh ularning yashirgan sirlarini ham, o‘zaro shivir-shivirlarini ham bilishini va Olloh g‘aybni (ko‘rinmas narsalarni) ham aniq bilguvchi ekanini bilmadilarmi?! Mo‘minlar orasidan o‘z xohishi bilan sadaqa qiluvchi kishilarni va (infoq-ehson qilish uchun) kuchlari yetgan narsalarni topib kelgan kishilarni ayblab-masxara qiladigan kimsa (munofiq)lar borki, ularni Olloh masxara qilur va ular uchun alamli azob bordir. (Ey Muhammad,) siz u(munofiq)lar uchun xoh kechirim so‘rang, xoh kechirim so‘ramang - agar yetmish martalab ular uchun kechirim so‘rasangiz ham, Olloh ularni aslo kechirmaydi. Bunga sabab ularning Olloh va rasuliga kofir bo‘lganlaridir. Olloh esa, (bunday) itoatsiz qavmni hidoyat qilmas. (Jangdan soxta uzrlar bilan) qolgan (qochgan munofiq)lar Ollohning rasuliga xilof qilib qolganlaridan xursand bo‘ldilar va mollariyu jonlari bilan Olloh yo‘lida jihod qilishni yomon ko‘rdilar hamda (boshqalarga ham): «Bu issiqda chiqmanglar!» dedilar. (Ey Muhammad,) ayting: «Agar ular anglay olsalar, jahannam olovi yanada issiqroqdir». Bas, o‘zlarining qilmishlari (ya’ni, kufrni tanlaganlari) jazosiga ular (bu dunyoda) ozgina kulsinlar va (oxiratda) ko‘p yig‘lasinlar!»*
Bu oyatlarda munofiqlarning ishlari qolmasligi, bitta-bitta isbotlanishi va hisob kuni albatta kelishi bayon qilinmoqda. Bu oyatlar mo‘minlarga quvvat berdi, yuraklariga sevinch keltirdi, ammo munofiqlarning qalblariga yaxshi ma’noda hech bir ta’sir etmadi. Ular hamon bilgan sozlarini chalishar, bilgan ashulalarini kuylashar edi. Kirib qolgan ko‘chalari boshi berk ekanini, o‘zlari o‘tirgan shoxni kesishayotganini tushunishmas edi.

Qayd etilgan