Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154895 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 24 25 26 27 28 29 30 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:00:00

Ey insonlar! Qonlaringiz, mollaringiz, nomuslaringiz Parvardigorlaringiz huzuriga borgunlaringizgacha bir-birlaringizga, xuddi bu kunlaringiz, bu oyingiz kabi, haromdir. Parvardigorlaringiz huzuriga borishlaringizga esa, hech shubha yo‘q. U qilmishlaringizdan hisob so‘raydi. Sizlarga yetkazdimmi?
Kimning qo‘lida bir omonat bo‘lsa, uni omonat qoldirgan egasiga topshirsin. Johiliya odatlaridan bo‘lgan hamma narsa oyoqlar ostidadir - bekor qilingandir. Foizning hamma turlari bekor qilindi. Sizlarning faqat sarmoyangiz bor. Na sizlar zulm qilishga haqlisizlar va na sizlarga zulm etiladi. Olloh sizlarga foiz yo‘qdir degan hukmni qo‘ydi. Abbos ibn Abdulmuttalib foizi tamoman bekor qilindi. Men voz kechgan ilk qon da’vosi Robia ibn Horis ibn Abdulmuttalibning o‘g‘liga oiddir, uni Lays o‘g‘illari qabilasida emizdirilayotganida Huzay qabilasi o‘ldirib qo‘ygan edi. Bu voqea johiliya davriga tegishli bo‘lib, bu qon da’vosidan voz kechdim.
Ey insonlar! Bilib qo‘yinglar, shayton bu yurtlaringda o‘ziga ibodat qildirish umidini tamoman uzgan bir holatdadir. Lekin ibodat tashida qolgan va sizlar ahamiyat bermagan amallar bilan unga itoat qilinsa, shunga ham rozi bo‘ladi. Diningizga zarar berib qo‘yishdan qo‘rqib, undan saqlaninglar.
Ey insonlar! Harom oylarning o‘rnini va tartibini o‘zgartirish odati kufrda kiritilgan qo‘shimchalardir va bu bilan kofirlar to‘la aqldan ozdiriladi, eslarini yo‘qotib qo‘yadi. Harom oyni bir yil halol hisoblaydi, bir yil harom hisoblaydi. Bu bilan esa, Olloh harom qilganini halol, halol qilganini harom qilmoqchi bo‘ladilar. Darhaqiqat, zamon Olloh ko‘klarni va yerni yaratgan kundagi shakliga va holatiga qaytmoqda. Olloh huzurida oylarning soni o‘n ikkitadir. To‘rttasi harom qilingan -uchtasi ketma-ket, bittasi esa jumodussoni bilan sha’bon orasidagi va Mudor qabilasi rioya etadigan rajab oyidir.
Ey insonlar! Sizlarning xotinlaringizda haqlaringiz bor, ularning ham sizlarda haqlari bor. Sizlarning ulardagi haqlaringiz uylaringizga sizlar yoqtirmaydigan odamlarni qo‘ymasliklari, ayniqsa, ochiq bir odobsizlik qilmasliklaridir. Agar shunday qilishsa, Olloh sizlarga joyingizni boshqa qilib yotishingizga hamda jarohat yetkazmasdan urishingizga izn beradi. Agar qilmishlarini to‘xtatishsa, ularni odatdagidek yemak va kiymaklar bilan ta’minlashingiz ularning haqqidir. Diqqat qilinglar: ularning sizlardagi haqqi ularga yaxshi muomala qilishingiz, kiydirishingiz, oziq-ovqatlar bilan ta’minlashingizdir.
Xotinlar haqida bir-birlaringizga yaxshi ishlarni tavsiya qilinglar. Ular sizlarga omonat topshirilgan insonlardir. O’zlari uchun biror narsaga ega emaslar. Sizlar ularni Ollohning omonati o‘laroq oldilaring, ular Ollohning so‘zlari bilan sizlarga halol qilindi.
Ey insonlar! So‘zlarimni eslaringda tutinglar. Men sizlarga yetkazayotirman. Sizlarga ikki narsani qoldiryapman, ularni mahkam ushlasalaring, mushkul ahvolga tushib qolganlaringda aslo o‘zlaringni yo‘qotib qo‘ymaysizlar. Bular ochiq bir amr holida Ollohning Kitobi hamda payg‘ambarining sunnatidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:01:17

Ey insonlar! So‘zlarimni tinglanglar va eslaringda saqlanglar. Yaxshi bilinglarki, har musulmon boshqa musulmonning din birodaridir. Hamma musulmonlar bir-birlarining birodarlaridir. Shunday ekan, bir kishi boshqa bir mo‘minga tegishli narsani, agar u ko‘ngil roziligi bilan o‘zi bermagunicha olishi halol bo‘lmaydi. Shunday qilib o‘zlaringga zulm qilmanglar...
Rasuli akram (s.a.v.) shu yerga yetganda yuzlarini osmonga chevirdilar-da:
-   Ollohim, yetkazdimmi? - dedilar. Minglarcha odam bu savolga javob o‘laroq:
-   Olloh uchun, ha, yetkazdingiz! - deya hayqirishdi.
-   Ollohim, guvoh bo‘l, - dedilar va davom etdilar:- Ey insonlar! Albatta, Olloh har haq egasiga haqqini bergan. Shunday ekan, merosxo‘rga haqqidan boshqacha vasiyat qilish yo‘q. Bola kimning yotog‘ida tug‘ilgan bo‘lsa, unikidir, zino qilganga esa mahrumiyat bor. Kim otasini rad etib, otasidan boshqaga o‘zini nisbat bersa yoxud quli bo‘lmagan odamni qul qilishga urinsa, Ollohning, farishtalarning va butun insoniyatning la’nati unga bo‘lsin. Olloh undan azobni qaytaradigan shafoatni va fidyani qabul qilmaydi. Xotin erining uyidan erining ruxsatisiz narsa olib sadaqa bera olmaydi.
-   Yemak bo‘lsa hammi, ey Ollohning payg‘ambari?
-   U bizning molimizning eng qiymatlisidir... Omonat olingan narsa egasiga beriladi. Sog‘ish uchun qoldirilgan hayvonlar qaytib beriladi. Qarzlar o‘taladi, kafil qarzdor hisoblanadi... Sizlardan men haqimda so‘raladi, nima deysizlar?..
-   Guvohlik beramiz, siz yetkazdingiz, vazifangizni bajardingiz, samimiyat bilan burchni o‘tadingiz.
Shunda Rasululloh (s.a.v.) muborak barmoqlarini ko‘kka nuqdilar-da:
-   Ollohim, guvoh bo‘l! Ollohim guvoh bo‘l! Ollohim guvoh bo‘l! - dedilar.
Bu xutba chog‘ida Janobimiz tuya uzangisida tik turgan holda, mushaklari bo‘rtib-bo‘rtib, baland ovozda gapirar, ora-oradagi odamlar ham xuddi shunday baland ovozda:
«Payg‘ambarimiz bunday-bunday deyaptilar!..» deya orqadagilarga ayni gaplarni yetkazishar edi. O’shalardan biri Robia ibn Umayya edi.
Xutba tugadi. Payg‘ambarlar sarvarining (s.a.v.) muborak yuzlarini ko‘rib turganlar bu yuzlardan burchini o‘taganlik huzurini osongina uqib olardi.
Bilol (r.a.) peshin namoziga azon aytdi. So‘ngra iqomat takbiri tushirildi. Juma kuni bo‘lishiga qaramay, safarda bo‘lganlari uchun, peshin ikki rakat o‘qildi. Ketidan bir takbir bilan asr namozi ham o‘qildi.
Shundan keyin Rasululloh (s.a.v.) Jabali Rohma oti berilgan qoyaliklarga bordilar. Qoyaliklar ostida, Qasvadan tushmasdan, qiblaga yuzlandilar. Oldin «Labbayk...» deb talbiya aytdilar, so‘ngra boshqa paytlarda ham tez-tez o‘qib-takrorlab yuradiganlari ushbu muborak so‘zlarni ayta boshladilar:
- «La ilaha illallohu vahdahu la sharika lah. Lahul mulku va lahul hamdu va huva ‘ala kulli shay’in qodir».

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:01:43

Bu muborak so‘zlar ilgarigi payg‘ambarlar ham ko‘p-ko‘p takrorlab yurgan zikr ekanini Janobimiz oldin aytgan edilar. Arafotda esa, o‘zlari bu zikr bilan juda ko‘p marta Janobi Mavloga iltijo etdilar. Tinmasdan duolar qildilar.
Oqshom yaqinlashib kelar edi. Quyosh ufqlar ortiga o‘tib ketay deb turgan bir paytda birdan Janobimizning tuslari o‘zgardi. Xuddi tevaraklaridagilarni ko‘rmayotganday edilar. Yaqindan biladiganlar vahiy kela boshlaganini anglashdi. Ammo bu gal Payg‘ambarimiz oldingilardan kuchliroq bosim ostida qolganlarini bir qaragan odam darrov fahmlar edi. Hatto Qasvaday kuchli-quvvatli tuya ham bu zalvorga dosh berolmadi, cho‘ka boshladi.
Ashobi kirom orasida vahiy holatiga yuzlarcha marta guvoh bo‘lganlar bor edi. Har safar Payg‘ambarimiz og‘ir siqinti chekar, qish kunlarida bo‘lsin, terlab ketar edilar. Bir galgisida Zayd ibn Sobit (r.a.) Janobimizning tizzalari tagida qolgan tizzasini sinib ketadi deb o‘ylagan. Ammo bugungacha ko‘rganlari holva ekan, hozirgisidaqa og‘irlik va shiddat hech qachon bo‘lmagan edi.
Nihoyat, vahiy holati o‘tdi. Muborak yuzlaridan duv-duv oqqan terlar artildi. Og‘ir bosimdan qutulgan Qasva chuqur bir nafas olish bilan rohatga qovushganini bildirdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tuyani o‘rnidan turg‘azdilar, Ulug‘ Mavlodan tushgan oyatlarni dona-dona o‘qidilar:
«Bugun men sizlar uchun diningizni komil qildim, men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim...»*.
Bu oyat Islom dinining hukmlari to‘laligicha yetkazilganini bildiradi. Bundan keyin halol-haromga doir yangi vahiy kelmayajak, oldin qo‘yilgan biron hukm o‘zgartirilmayajak. Yigirma uch yil ilgari Hiro tog‘ining yolchin qoyaliklari orasidagi g‘ordan boshlangan ulug‘ Islom dini endi Arafot sahrosida tugal holga keltirildi. Bir Qadr kechasida boshlanib, bir arafa kuni oxiriga yetkazildi. U payt kunchiqar palla edi, quyoshning ilk nurlari endi porlayman deb turgan edi, hozir esa, quyosh tepaliklar ortiga chekinishga hozirlik ko‘rayotibdi.
Bundan buyon sevikli Payg‘ambarimizning umr quyoshlari ham o‘tkinchi dunyodan ayrilib, boqiy olamga o‘tajak, o‘zlarini olamlarga rahmat qilgan Robbul Olaminga qovushajaklar. Bu baxtli qovushuv yuz berishiga bor-yo‘g‘i sakson bir kunday qisqa bir muddat qolgan edi.
Hozir esa... Yuzlarni chuqur bir mamnuniyat qopladi. Zotan, Islom dini hukmlarining tugallanishi, Rasuli amin janobimiz o‘z shaxslariga yarashadigan darajada mukammallik bilan bu dinni odamlarga yetkazganlari mamnuniyatdan boshqa biron tuyg‘u berishi mumkinmidi, axir?!
Ammo Islom dinida eng ust martabaga yetishgan ikki buyuk odamning ko‘zlarida yoshlar g‘iltillab qoldi; bu yoshlar sevinch tuyg‘usidan oqmayotir edi. Bu ikki shaxsiyat sevikli Payg‘ambarimizga necha yillardan beri eng samimiy do‘st, eng jonajon birodar bo‘lish sharafini qozongan odamlar edi. Ular har hol va har vaziyatda Janobimiz bilan birga bo‘lishdi, Rasululloh saodatli qabrlarida ham ulardan ayrilishga rozi bo‘lmayajaklar edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:02:10

-   Nima bu ko‘zyoshlari, ey Abu Bakr?.. Nimaga yig‘layapsan? - deb so‘radilar.
-   Yig‘layapman, chunki kamol zavolni taqozo etadi.
Modam din kamoliga yetibdi, modam vazifa tamom bo‘libdi, demak, endi ko‘chish hozirligini ko‘rish qolibdi. Har bir o‘tadigan singari sarvari koinot (s.a.v.) ham ko‘chish tayyorgarligini boshlayajaklar. Hazrati Abu Bakr bilan hazrati Umarni (Olloh ikkalalaridan ham rozi bo‘lsin) yig‘latgan narsa mana shunaqa tuyg‘ular edi.
Quyosh botishi bilanoq janobi Rasululloh (s.a.v.) Muzdalifa sari yurish amrini berdilar. Xoliroq joyda Qasvani qichab, tiqilinchda sekinlatib boraverdilar. Odamlarni turtib-surtib oldinga intilganlarni xotirjamlikka chaqirar, boshqalarni rohatsiz qilmaslikni tavsiya etar edilar. Orqalariga o‘zlari juda yaxshi ko‘radigan Usomani mingashtirib olgan edilar.
Nihoyat, Muzdalifaga yetildi. Endi bir azon va ikki iqomat bilan ketma-ket shom va xufton namozlarini o‘qib berdilar. Keyin dam olish uchun yotdilar.
Boshda Savda onamiz (r.anho) o‘laroq xotinlaridan ruxsat so‘raganlarga vaqtliroq yo‘lga chiqishga ruxsat berdilar. Abdulloh ibn Abbos hali balog‘at yoshiga yetmagan bola sifatida ayollar bilan birga jo‘nadi. Asosiy omma yo‘lga chiqqunicha ular balki Minoga yetib olishar. Faqat, kun chiqmasidan shaytonga tosh otishni boshlamay turishlari ogohlantirib qo‘yildi.
Suyukli Payg‘ambarimiz bomdod namozini erta vaqtida o‘qib berdilar. Quyosh chiqmasidan tuyaga mindilar va Mino sari yo‘l boshladilar. Bu gal orqalariga nihoyatda kelishgan bir yigitcha - amakilari Abbosning o‘g‘li Fazl mingashib oldi.
Janobimizning har gal xossatan bironta yosh-yalangni orqalariga olishlari yoshlarga bergan baholarini ko‘rsatardi. Qolaversa, yonlarida birorta odamning bo‘lishi yuz beradigan katta-kichik hodisalarning tasbitiga imkon berardi.
Xas’am qabilasidan yosh bir xotin keldi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari! Olloh hajga buyuryapti, mening otam esa, ulov ustida
o‘tira olmaydigan darajada qaridir. Men o‘rinlariga haj qilsam bo‘ladimi? — deb so‘radi.
-   Ha, o‘rniga haj qilsang bo‘ladi, - deb javob qildilar.
Bu paytda Fazl xotinga, xotin Fazlga qarab turishgan edi. Payg‘ambarimiz so‘zlarini tugatgach, orqalariga burilib, bir qo‘llari bilan Fazlning yuzini, ikkinchi qo‘llari bilan bo‘ynini ushladilar va chevirdilar. Chevirarkan:
-   Ey amakimning o‘g‘li, bugun odam qulog‘ini, ko‘zini, tilini tiyib, gunohlari kechiriladigan kundir, - deb tanbeh berdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:03:04

Abbos (r.a.) Payg‘ambarimizning (s.a.v.) bu ishlarini ko‘rib qolgan edi. Kelib, sababini so‘radi.
-   Yosh bir erkak bilan yosh bir xotinni ko‘rdim. Oralariga shayton kirib qolmasin deb qo‘rqdim, - deb javob qildilar.
Janobi Rasululloh (s.a.v.) shu kungacha juda ko‘plarni orqalariga mingashtirganlar, ammo hech birida bunaqa ish chiqmagan edi. Hech bo‘lmaganda Usomani olsak, Arafotdan Minogacha u ham mingashib keldi, lekin u bunday ishni qilib ko‘rmadi*.
Rasuli akram (s.a.v.) Minoga yetib keldilar. hazrati Ibrohim bilan hazrati Ismoilning (ularga tinchlik bo‘lsin) sunnatlari o‘laroq davom etib kelayotgan shaytonga
tosh otish ibodati qilinadigan joylarga tomon yurdilar. Muzdalifada to‘plangan tariqdan katta, no‘xatdan kichik toshchalarni ko‘rsatkich barmoqlari bilan bosh barmoqlari orasiga qistirib ota boshladilar. Har otishda: «Bismillahi Ollohu akbar», der edilar. Shu tariqa uchta joyda har biriga yettitadan tosh otib chiqdilar.
Janobimiz bu ishlarni qilayotganlarida tevarakdan otilayotgan toshlar zarar berib qolmasin degan niyatda Fazl u kishini qalqonday panalab turdi. Payg‘ambarimiz tosh otiladigan joylar orasida to‘xtadilar va juda mashhur bo‘lgan ikkinchi xutbalarini boshladilar. Oldin Ollohga hamd va sano aytdilar. So‘ngra:
-   Darhaqiqat, zamon Olloh ko‘klarni va yerni yaratgan kundagi shakliga qaytdi. Bir yil o‘n ikki oydir. Bulardan to‘rttasi harom bo‘lganlardir. Harom oylarning uchtasi ketma-ket keladi: zul-qa’da, zulhijja va muharram. Bittasi esa jumadussoniy bilan sha’bon orasida qolgan rajab oyidir. - Rasululloh (s.a.v.) bir muddat tin olib, to‘planganlarga boqdilar. - Bu qaysi oy, bilasizlarmi? - deb so‘radilar.
-   Olloh va rasuli yaxshiroq biladi, - deb javob qilishdi.
Rasululloh jim qoldilar. Shu darajadaki, u kishiga quloq solib turganlar bu oyga yangi bir ism beradilarmikan, deb o‘ylab qolishdi.
-   Zulhijja emasmi? -Ha.
-   Bu qaysi shahar?
-   Olloh va rasuli yaxshiroq biladi.
Payg‘ambarimiz yana jim qoldilar. Jimliklari yana oldingiday uzoq vaqt davom etdi. Ajabo, yangi bir ism berarmikanlar, degan xayol yana keldi.
-   Olloh harom qilgan shahar emasmi? -Ha.
-   Bu qaysi kun?
-   Olloh va rasuli yaxshiroq biladi.
Yana Janobimiz bir muddat jim turdilar. So‘ngra:
-   Qurbonlik so‘yadigan kun emasmi? - deb so‘radilar.
-Ha, - deb javobqilishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:03:39

-   U holda bilinglarki, qonlaringiz, mollaringiz, nomuslaringiz bu kuningizda, bu shahringizda, bu oyingizda harom bo‘lgani kabi bir-birlaringga haromdir. Sizlar Parvardigoringga qovushasizlar. U esa sizlardan qilgan ishlaringdan hisob oladi. Ehtiyot bo‘linglar, mendan keyin bir-birlaringni o‘ldiradigan bo‘lmanglar va bu yo‘llaringdan ozmanglarki, adashgan kofirlarga o‘xshab qolasizlar. Diqqat qilinglar, bu yerda hozir bo‘lganlar hozir bo‘lmaganlarga so‘zlarimni yetkazsin. Umid qilaman, bu so‘zlar yetkazilganlardan bir qismi mendan eshitganlardan ko‘ra yaxshiroq anglab yetishar... Sizlarga burni tirtiq qoratanli bir qul-da bo‘lsin, agar amir qilib tayinlansa, Ollohning Kitobi bilan sizlarni boshqarsa, unga quloq solinglar, bo‘yinsuninglar. Mana bu to‘rt muhim buyruqqa rioya qilinglar: Ollohga hech bir narsani sherik tutmanglar; Olloh haqsiz o‘ldirishni harom qilgan jonni o‘ldirmanglar; zino qilmanglar; o‘g‘rilik qilmanglar.
Bu xutbani Janobi Haq o‘zi har tomonga yetkazdirdi. Odamlar turgan joylarida bemalol hamma gapni eshitishdi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari! Mening bu o‘g‘lim tentak bo‘lib qolgan. Duo qiling, yaxshi bo‘pketsin.
Payg‘ambarimiz suv keltirishni buyurdilar. Suv kelgach, yuzlarini yuvdilar, og‘izlariga olib, qayta tashladilar. So‘ngra xotinga:
-   Bu suv bilan o‘g‘lingni yuvintir va Ollohdan shifo tila, - deb marhamat qildilar (s.a.v.).
Oradan picha muddat o‘tib, odamlar u xotinni ko‘rishadi, o‘g‘lining holini surishtirishadi va uning shifo topganini bilishadi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, onam haj qilishni nazr etdi. Lekin nazrini ado etmasdan o‘lib qoldi. Uning o‘rniga haj qilsam bo‘ladimi?
-   Ha, uning o‘rniga haj qil. Nima deysan, agar onangning qarzi bo‘lsa, uni o‘tamasmiding?
-   O’tardim, ey Ollohning rasuli.
-   Bilasanmi, Ollohning haqqi o‘talishga loyiqroqdir.
Ollohning rasuli bir keksani ko‘rdilar, u ikki kishi yetovida sudraguday bo‘lib borardi.
-   Nima qilgan bu odamga? - deb so‘radilar.
-   O’zi yurib haj qilishni nazr qilgan, - deb javob qilishdi.
-   Olloh bu odamning nafsiga zulm qilishiga muhtoj emas (ya’ni, foyda topmaydi).
Aytinglar, ulovini minib olsin, - deb marhamat qildilar.
Buyruq darhol u odamga yetkazildi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bilmasdan qurbonligimni so‘ymay turib sochimni oldirib qo‘yibman, endi nima bo‘ladi? - deb so‘raganlarga:
-   Qurbonligingni so‘y, zarari yo‘q, - deb javob qildilar (s.a.v.).
Boshqa bir odam keldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:15:00

-   Bilmay qoldim, shaytonga tosh otishdan oldin qurbonligimni so‘yibman, - dedi afsuslanib.
Uni ham xotirjam qildilar:
-   Toshingni ot, zarari yo‘q.
O’sha kuni Payg‘ambar janobimizdan haj arkonlarining o‘rnini adashtirib, goh oldin, goh keyin bajarib qo‘yganini aytganlar «Bajar, zarari yo‘q» degan javoblar olgani rivoyatlarda keladi.
Hayitning birinchi kuni shanbaga to‘g‘ri kelgan edi. Muhtaram payg‘ambarimiz uchta joyning har biriga yettitadan tosh otib bo‘lgach, qurbonlikka olib kelgan tuyalarining yoniga keldilar. «Bismillahi Ollohu akbar», deya oltmish uchtasini o‘z qo‘llari bilan bo‘g‘izladilar. Ehtimol, umrlarining har yili uchun bir qurbonlik qilgandirlar. Keyin pichoqni hazrati Aliga berdilar, qolgan o‘ttiz yetti tuyani u bo‘g‘izladi.
Buyurdilar, yuz tuyadan bir parchadan go‘sht olib, bitta qozonga solindi. Ovqat hozir bo‘lgach, go‘shtidan yedilar, suvidan ichdilar.
Ma’mar ibn Abdullohni chaqirdilar. Sochlarini olib qo‘yishini so‘radilar. Oldin o‘ng, keyin chap tomon sochlarini oldirdilar. Soch tolalarini Abu Talhaga berib, birodarlari o‘rtasida bo‘lishib berishini tayinladilar.
Peshona tomonlaridan oldirilgan sochlarni Xolid ibn Valid so‘radi. «Ollohning qilichi» nomini olgan bu ulug‘ sahobiyning istagi qondirildi. Janobimiz xotinlar ehromdan chiqishi uchun sochlarining uchidan picha kestirishsa kifoya bo‘lishini bildirdilar.
So‘ngra Qasvaga minib, Makkaga bordilar. Ka’bani tavof qildilar. Hajning oxirgi farz arkoni bo‘lgan bu tavof hayitning birinchi kuni qilindi. Keyin zamzamga keldilar. Paqirda uzatilgan muborak suvdan to‘yguncha ichdilar, boshlaridan quydilar.
Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) Makkada qattiq kasallanib qoldi. Hidoyat imomi (s.a.v.) uni ko‘rgani keldilar. Sa’d bu kasallik uni olib ketmasdan qo‘ymasligiga ishonib qolgan edi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu kasallik menga yomon yopishdi, holbuki men hijrat qilib tashlab ketganim bu tuproqda qolishni xohlamagan edim, - dedi. Ollohdan shifo so‘rab duo qilishlarini iltijo qildi.
Janobimiz bu kasallikdan o‘lmayajagini, uzoq bir umr kechirajagini, ba’zi odamlar undan foyda ko‘rishajagini, boshqa ba’zilar esa, zarar ko‘rishajagini anglatdilar. So‘ngra qo‘llarini qadrli birodarlarining peshonasiga, ko‘ksiga, qorniga qo‘yib:
-   Ollohim, Sa’dga shifo ber, uning hijratini tamomiga yetkaz, - deb duo qildilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, men boy odamman. Bitta qizimdan boshqa kimsam yo‘q.
Molimning hammasini sadaqa sifatida vasiyat qilishni o‘ylab turibman, nima deysiz?
-   Bo‘lmaydi.
-   Uchdan ikkisini sadaqa qilib tarqatayin bo‘lmasa?
-   Yo‘q.
-   Uchdan birini-chi?
-   Uchdan biri bo‘ladi. Uyam ko‘p. Meros oluvchingni odamlarga qo‘l ochadigan holda qoldirgandan ko‘ra boy holda qoldirishing, albatta, yaxshidir, - deb marhamat qildilar (s.a.v.).
Yaxshiyam Sa’d bu o‘yini Janobimizga ochdi va masalani hal qilib oldi. Qizini hech hisobga qo‘shmasdan molining hammasini sadaqa o‘laroq tarqatish fikri uning kallasiga qanaqa tushunchadan o‘rnashib qolgan ekan? Bu qizchasiga kimlar qarardi, hayoti qanday kechardi? Bu savollarning javobini topish endi mushkuldir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:15:13

Payg‘ambarimizning tavsiyalari bilan Madinaning asva navli xurmosini sutga pishirib, sariyog‘ aralashtirib Sa’dga yedirishdi. Boshqa rivoyatda, unga tabiblik qilib yuruvchi bir kishini tavsiya etganlar hamda nomi aytilgan yemaklarni yeyishni ham tayinlaganlar.
Shundan keyin Sa’d ibn Abu Vaqqos shifo topib ketdi va tarix sahifalariga uning hazrati Umar (r.a.) davrida Islom lashkarida Bosh qarorgoh boshlig‘i vazifasini yuritgani bitildi. Musulmonlarga Eron eshiklarini ochgan Qodisiya g‘alabasining dong taratgan qo‘mondoni, jannati ekani mujdalanganlar (asharai mubashshara)dan biri shu Sa’d ibn Abu Vaqqos edi (Olloh undan rozi bo‘lsin!)
O’shanda, bittagina qizim bor, degan Sa’d keyin tug‘ilgan farzandlaridan biriga, ehtimol buyuk Umarga (r.a.) hurmatining ifodasi o‘laroq, «Umar» ismini qo‘yajak, ammo bu Umar oradan yillarcha keyin Karbaloda hazrati Husaynga (r.a.) qarshi chiqqan va u kishini fojiali tarzda shahid qilgan mal’un guruhning boshlig‘i sifatida la’nat zanjirini bo‘yniga ilajak, musulmonlar yuragida qiyomatga qadar qonab turadigan bir yara ochilishida eng katta gunohni sodir etganlardan biri bo‘lajak...
Vido hajiga oid xotiralardan o‘rin olgan yana bir voqea: Payg‘ambarimiz ehromdan chiqqach, Safiyya onamizni (r.anho) yotoqlariga chorladilar. Lekin kundoshlarining oy ko‘rganini Oyisha onamiz (r.anho) xabar qilgan edilar, Janobimiz:
-   Xo‘p, u bizni bu yerda ushlab qolib, yo‘ldan qo‘yadimi? - deb so‘radilar.
-   Yo‘q, ey Ollohning rasuli, hayitning birinchi kuni Ka’bani tavof qilgan edi.
Payg‘ambar afandimiz bu narsani so‘raganlari boisi hayz holatida Safiyya onamiz Ka’bani tavof qila olmasligi, tavof qilinmagunicha esa, haj tugal bo‘lmasligidan edi. Bunday holda poklangunicha kutish lozim bo‘lardi. Oyisha onamizning xabari bilan masala hal bo‘ldi, xohlagan paytlari yo‘lga chiqa olishlari mumkinligi bilindi...
Makkadan chiqib, Sarif degan joyga yetishganida Janobimiz (s.a.v.) Oyisha onamizning yig‘layotganini payqab qoldilar.
-   Sen endi nimaga yig‘layapsan? - deb so‘radilar.
-   Mendan boshqa hamma bir haj va bir umra qilib qaytyapti, bitta men faqat hajnigina qila oldim.
Abu Bakrning o‘g‘li Abdurahmonni chaqirdilar.
-   Singlingni orqangga mindir, Tan’imda ehromga kirsin, umra qildirib kel, biz shu yerda kutib turamiz,— dedilar.
Buyruq kamchiliksiz bajarildi.
Ka’baning bu ziyorati Payg‘ambarimiz uchun oxirgisi edi. Endi yana ko‘rish imkoni qolmadi.
Yo‘lchilik davom etaverdi. Gadiri Xumm degan kichkinagina ko‘l qirg‘og‘ida Nabiyyi akram (s.a.v.) odamlarga xitob qildilar. Bu xitob ko‘zlarni yoshlatdi, yuraklarni titratdi:
-   Ey insonlar! Shuni bilib qo‘yinglar, men ham insonman. Egamning elchisi kelishiga va men uning chaqirig‘iga javob berishimga ko‘p vaqt qolmadi. Men sizlarga ikki qiymatli omonat qoldiryapman. Biri Ollohning Kitobi- unda hidoyat va nur bor. Uni mahkam ushlanglar va qattiq yopishinglar. Ikkinchisi mening oila a’zolarim (ahli baytim)dir...

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:15:23

Rahmat payg‘ambari (s.a.v.) ehtimol kelajakda oila a’zolariga nisbatan qilinadigan fojiali muomalalarni vahiy va ilhom yo‘li bilan xabar olgandirlar va yuz qizartiruvchi bu voqealarning mas’uliyati bo‘yniga tushadiganlar qattiq savol-javob qilinajaklarini anglatish, hech bo‘lmasa Ollohga va payg‘ambariga hurmati bo‘lganlar bu jinoyatlarga aralashib qolishining oldini olish uchun bunday bir vasiyatni lozim ko‘rgandirlar. O’n minglarcha odam guvoh bo‘lgan bu xutba chog‘ida Janobimiz uch marta: «Oila a’zolarim haqida sizlarga Ollohni eslataman!.. Oila a’zolarim haqida sizlarga Ollohni eslataman!.. Oila a’zolarim haqida sizlarga Ollohni eslataman!..» deyish ehtiyojini tuygandirlar. Bu eslatma, afsus, ertaga yuz beradigan ishlarga hech bir foyda bermaydi, umaviylar davrida ham, abbosiylar davrida ham Rasululloh (s.a.v.) avlodlariga xotirjam yashashlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Ammo shuncha ko‘p odam guvohligida qoldirgan omonatlariga xiyonat qilganlarning yoqasi Rasuli akram janobimizning qo‘llaridan osonlikcha qutulib ketmaydi. Bu shunday bir da’voki, da’vo qiluvchi Rasuli akramdirlar, hukmni o‘quvchi esa Ulug‘ Ollohdir...
Keyin sarvari anbiyo (s.a.v.) hazrati Alining (r.a.) qo‘lidan tutdilar:
-   Men kimning do‘sti bo‘lsam, Ali ham uning do‘stidir. Ollohim, unga do‘st bo‘lganga do‘st bo‘l, dushman bo‘lganga dushman bo‘l, unga yordam qilganga yordam qil! - deb duo qildilar.
Gadiri Xummdagi bu xutba juda ko‘p odamlarning unutilmas xotiralari orasidan o‘rin oldi. Yurish amri berildi...
Uzoqdan Madina ko‘rindi. Har gal qaytishda bo‘lganidek, Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Qaytyapmiz, tavba qilamiz», deb Parvardigorlariga munojot qila boshladilar.
Shaharga kirgach, odatdagidek, to‘g‘ri masjidga borajaklar, ikki rakat namoz o‘qiyajaklar, shundan keyingina dam olishga chekilajaklar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:15:41

PAYG’AMBARIMIZ (S.A.V.) VAFOTLARI

Vido hajidan qaytib kelgach, Janobimiz endi oxirat tayyorgarligini ko‘ra boshladilar.
Kechalardan birida Payg‘ambarimiz Oyisha onamizning uxlab qolganiga qanoat hosil qilgach, sekin o‘rindan sidrilib turdilar, hujradan chiqib, qayoqqadir keta boshladilar. Bu orada Oyisha onamiz ham uyg‘onib qoldi, boshini ro‘mol bilan o‘rab, u ham tashqari chiqdi. Ketib borayotgan Janobimizni qora tortib, yo‘lga tushdi.
Rasuli akram to‘g‘ri Baqi’ qabristoniga bordilar.
-   Ey mo‘minlar diyori! Sizlarga salom bo‘lsin. Sizlar oldinroq keldilaring, Olloh xohlasa, biz ham ortlaringizdan kelamiz. Ey Egam, bizni ularning ajridan mahrum etma. Ularning ortidan bizlarni fitnaga tushirma.
Bu gaplarni Oyisha onamiz ham eshitdi. So‘ngra Janobimizning qo‘llari duoga ko‘tarilganini ko‘rdi.
Nihoyat, duoni tugatib, Payg‘ambarimiz orqalariga qaytdilar. Oyisha onamiz ham tez-tez odimlar bilan uyga qayta boshladi. Yetib kelib, o‘rniga kirib oldi. Ammo Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni payqab bo‘lgan edilar. Hujraga kelgach, hayron bo‘lib:
-   Ey Oyisha, nima gap? Nima seni shubhalantirdi?- deb so‘radilar.
-Hech gap yo‘q...
Oyisha (r.anho) bundan boshqacha javob bera olmasdi ham. Janobimiz unga Janobi Haq amri bilan Baqi’ga borib ularga mag‘firat tilab kelganlarini aytdilar.
Oyisha onamiz yana bir necha marta shunaqa holning guvohi bo‘ldi. Bir galgisida yana Baqi’gacha orqalaridan borgan edi, uyga qaytgach, Janobimiz:
-   Ey Oyisha, Olloh va rasuli senga xiyonat qiladi deb o‘ylayapsanmi? - degan edilar.
O’limlari yaqinlashib qolgan kunlar edi. Oyisha onamiz yana Payg‘ambarimizni yo‘qotib qo‘ydi - o‘rinlarida yo‘q edilar. Izlab, tashqari chiqdi. U yoq-bu yoqni axtardi, topmadi. Qaytib, uyiga kirdi, yana yo‘q edilar. Masjidga o‘tdi. Ichkari qorong‘i, hech narsa ko‘rinmasdi. Paypaslashga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, qo‘li Janobimizning oyoqlariga tegdi. U zoti sharif sajdada ekanlari bilinib turardi. Diqqat bilan quloq soldi.
-   Ollohim, g‘azabingdan roziligingga, jazoingdan kechirimingga sig‘inaman. Faqat o‘zingga iltijo qilaman. Senga maqtovlarim va sanolarimni hisoblay olmayman. Sen o‘zingni qanday maqtagan bo‘lsang, shundaysan...- der edilar Janobimiz*.
Oxirgi kunlari «Subhanallohi va bihamdihi, astag‘firulloha va atubu ilayh» shaklida tasbeh va hamdlarini ko‘paytirdilar, mag‘firat tilaklarini ham oldingilardan bir necha marotaba ko‘paytirdilar. Bu muborak so‘zlar ma’nosi «Olloh har xil kamchiliklardan uzoq va xilma-xil maqtovlarga loyiq ekanini e’tirof etaman. Ollohdan mag‘firat tilayman va Unga tavba qilaman» demak edi.
Bir kuni hazrati Oyisha chiday olmadi:
-   Ey Ollohning payg‘ambari! Menga nima bo‘lyapti, keyingi paytlarda sizning mo‘l-mo‘l «subhanallohi...» deyayotganingizni ko‘ryapman? - deb so‘radi.
Janobimiz bunday tushuntirdilar:
-   Parvardigorim menga ummatimda bir alomat ko‘rajagimni bildirdi va uni ko‘rganimda mo‘l-mo‘l «subhanallohi...» deyishga buyurdi. Men u alomatni ko‘rgandekman,- dedilar va ushbu Nasr surasini o‘qidilar: - «(Ey Muhammad!) Qachon Ollohning yordami va g‘alaba kelsa va odamlar to‘p-to‘p bo‘lishib Ollohning diniga (Islomga) kirayotganlarini ko‘rsangiz, darhol Parvardigoringizga hamd aytish bilan (u zotni har qanday «sherik»lardan) poklang va U Zotdan mag‘firat so‘rang! Zero, U tavbalarni qabul qilguvchi Zotdir»**.

Qayd etilgan