Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154954 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:15:51

Safar oyining o‘rtalariga kelib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Mutada shahid etilganlarning o‘chini olish uchun lashkar to‘plashni buyurdilar. Oyning o‘n yettinchi kuni Usomani lashkarga qo‘mondon etib tayinladilar.
Bu paytda Usoma hali o‘n sakkiz yoshlardagi bir yigitcha edi. Holbuki, lashkarda Abu Bakr va Umar kabi yoshli-boshli ko‘p insonlar ham bor edi. Bunday qarordan keyin ayniqsa munofiqlarning tillari yeshilib ketdi. «Shunday katta qo‘shin hali ona suti og‘zidan ketmagan yosh bolaga topshirib qo‘yiladimi hech jahonda?..» degandek gap-so‘zu xayollarga hatto bir qancha mo‘minlar ham borib qolishdi.
O’sha kecha Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xizmatlarini qilib turgan Abu Muvayhibaga:
-   Ulovimni egarla! - deb buyurdilar.
So‘ng birga-birga Baqi’ qabristoniga borishdi. O’sha yerda to‘xtashdi. Janobimiz tuyadan tushdilar, jilovni Abu Muvayhibaga tutqazib, o‘zlari qabrlarning boshiga bordilar.
-   Odamlar orasidagi bu holga qaraganda sizlarning holingizga havas qilsa arziydi. Shu hollaringiz sizlarga muborak bo‘lsin. Qorong‘u kechalar kabi, bir-biri orqasidan turli fitnalar bostirib kelyapti. Har keyingi keladigani oldinigisidan ko‘ra yomon... -dedilar go‘r ahliga xitoban. So‘ngra orqalarida turgan xizmatchilariga o‘girildilar: -Ey Abu Mavayhiba, menga dunyoning xazinalari berildi. Dunyoda boqiy qolish haqqi berildi. Oxirida jannat va’da qilindi. Yo bularni va yo Parvardigorimga qovushishni tanlashim istanildi.
-   Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Ollohning rasuli, dunyo xazinalarining kalitini oling, dunyoda boqiy qoling, undan keyin jannatga kiring, - dedi Abu Muvayhiba shosha-shosha.
Rasuli akram (s.a.v.) e’tiroz bildirdilar:
-   Yo‘q, ey Abu Muvayhiba, vallohi, bo‘lmaydi. Men ularni emas, Egamga qovushishni
tanladim, - dedilar.
So‘ngra go‘ristonda yotganlar haqiga mag‘firat duolarini qilib, uylariga qaytdilar.
O’sha kunlari xuddi shu maqsad bilan Uhud shahidlarini ham ziyorat qildilar. Bu ishlar munday qaraganda u yerda yotgan do‘stlari bilan bu dunyoda o‘ziga xos vidolashish edi.
Usoma (r.a.) qo‘mondon etib tayinlanganining ertasi edi. Boshlarida bir og‘riq turdi. Hazrati Oyishaning (r.a.) xonasiga kirdilar. U ham boshidagi og‘riqdan shikoyat qilar, «boshim... boshim...» der edi. Sevikli payg‘ambarimiz unga:
-   Ey Oyisha, aslida men boshim deyapman. Mening boshim qattiqroq og‘riyapti. Mendan oldin o‘lsang-da, kafanlasam, janozangni o‘qisam va seni o‘zim ko‘msam bo‘lmasmidi? - dedilar.
Oyisha onamiz bu so‘zlardan xafa bo‘ldi.
-   Ollohga qasamki, bilib turibman, qaniydi meni tezroq ko‘msangizu xotinlaringizdan bittasi bilan kelin-kuyovlik qilsangiz, shundaymi?

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:16:02

Janobimiz kulimsirab qo‘ydilar, indamadilar. So‘ngra yotib, bir miqdor uxladilar. Shu kuni boshqa xotinlaridan ham hol-ahvol so‘rab chiqib, oxiri, kechalik navbati kelgan Maymuna onamizning (r.anho) huzuriga bordilar. Xastaliklari ham shu yerda boshlangan edi. Bir rivoyatga ko‘ra, Payg‘ambar janobimiz o‘sha kundan e’tiboran Maymuna onamizning uyida olti kun dam oldilar. Boshqa rivoyatda esa, har kecha navbati kelgan xotinlarining yonida qolganlari aytiladi.
O’sha kunlarning birida Ummu Salama bilan Ummu Habiba onalarimiz Habashiston haqida gaplashib qolishdi. U yerdagi ibodatxonalarda har xil rasmlar borligini eslashdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bu munosabat bilan:
-   Yaxshi bir inson o‘lsa, ularning odati - go‘ri ustiga ibodatxonalar qurishadi, rasmini ham ichkariga osib qo‘yishadi. Ular qiyomat kuni odamlarning eng yomonlari bo‘lishadi, - deb tushuntirish berdilar.
Ehtimol yana o‘sha kunlardir, Jabroil (a.s.) Qur’onning eng oxirgi oyatini olib tushdi:
«Va (barchangiz) Ollohga qaytariladigan kundan (qiyomatdan) qo‘rqingiz! So‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘liq jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi»*.
Bu oyat, bir rivoyatga ko‘ra, Payg‘ambarimiz o‘limlaridan to‘qqiz kungina oldin tushirilgan. Boshqa rivoyatda esa o‘ttiz bir kun oldinligi aytiladi. Har ikki rivoyatda ham janobimizning xastaliklari to‘g‘risida hech bir ma’lumot yo‘q**.
...Ertasiga Oyisha onamizning navbati edi. Payg‘ambarimiz odatlari bo‘yicha, ertaga kimnikiga borishlarini so‘radilar. Bu savolning asl ma’nosini Payg‘ambar (s.a.v.) xotinlaridanhar biri angladi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, biz bir-birimizga opa-singildaymiz. Sizning ko‘nglingiz kimni tusasa, o‘shaning hujrasiga boravering. Oyishaning oldida istirohat qilganingiz munosibdir, - deyishdi.
Janobimiz bu taklifdan mamnun bo‘ldilar. Haqlarini halol qilishlarini va bundan bu yog‘iga ziyorat qilmoqchi bo‘lishsa, Oyishaning uyiga borishlarini aytdilar. So‘ngra amakilari Abbos bilan jiyanlari Alining (Olloh ulardan rozi bo‘lsin) qo‘llariga tayanib, Oyisha onamizning uyiga borib oldilar. Bundan keyin to o‘lim topgunlaricha sakkiz kun muddat eng sevikli xotinlarining hujrasida qolajaklar.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) endi namoz vaqtlarida masjidga do‘st-yorlarining yordami bilangina chiqa olar, turgan joylarida namoz o‘qib berar edilar.
Ozgina tanam yayrarmikan degan umidda yettita quduqdan bittadan idishda suv olib, tez og‘zini yopib keltirishlarini istadilar. Hafsa onamizga tegishli katta bir tog‘oraga o‘tirg‘izdirildilar. Olib kelingan suvlar sayyidul anbiyo janobimiz ustlaridan quyildi. Qo‘llari bilan ishorat etib, yetar, dedilar. Harholda birmuncha yengillashdilar. Kiyinib olganlaridan so‘ng bir qo‘ltiqlariga hazrati Ali, ikkinchi qo‘ltiqlariga Fazl kirib, masjidga kirdilar, to‘g‘ri borib minbarga o‘tirdilar. Ollohga hamd va sano aytib, o‘tirganlarga murojaat qildilar:
-   Ey insonlar, kimning orqasiga urgan bo‘lsam, mana orqam, kelsin, ursin. Kimdan qarz bo‘lsam, mana molim, kelsin, olsin, - dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:16:24

Hech kimda da’vo bo‘lmadi. Peshin namozini o‘qib berdilar. Yana minbarga chiqdilar, yana haligi so‘zlarni takrorladilar. Bu gal bir odam uch dirham haqi borligini da’vo qildi. Janobimiz (s.a.v.):
-   Men sening bu da’voingni qaytarmayman, qasam ham ichmayman, ammo qanaqa qilib men sendan qarz bo‘lganman?- deb so‘radilar.
Haligi odam:
-   Ey Ollohning elchisi! Falon kuni bittasi oldimga keldi, sizning topshirig‘ingiz bilan unga uch dirham berdim, - deb javob qildi.
Unga shu zahoti uch dirhami qaytarildi. Shundan keyin sevikli Payg‘ambarimiz hujralariga dam olish uchun kirib ketdilar.
Payshanba kuni bir guruh sahobalar Ollohning elchisini (s.a.v.) ziyorat etgani kelishdi. Oralarida hazrati Umar (r.a.) ham bor edi. Payg‘ambarlarning eng buyugi Janobimiz o‘zlaridan ketganday edilar.
-   Menga qog‘oz-qalam keltiringlar. Bundan keyin zalolatga tushmasliklaringiz uchun sizlarga bir vasiyat yozdiraman, - dedilar.
Hazrati Umar javob berdi:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, qo‘limizda Ollohning kitobi bor, u bizga yetadi.
Hazrati Umarning so‘zi necha martalab Janobimizdan eshitgan muborak so‘zlardan
chiqib kelib aytilgan edi. Eng oxirgi marta vido haji xutbasida ham Payg‘ambar (s.a.v.) shu mavzuni tilga olgan, Qur’onga va sunnatlariga yopishishsa, aslo zalolatga tushmayajaklarini ochiq-ravshan anglatgan edilar. Bu holatlarida Payg‘ambarimizni bezovta qilish to‘g‘ri emas, degan o‘yda edi hazrati Umar.
U yerda hozir bo‘lganlardan ba’zilari bunday bir vasiyat yozilishini istashdi. U xil-bu xil fikrlar aytildi. Oxirgi va hal qiluvchi gapni Janobimiz o‘zlari aytdilar:
-   Meni o‘z holimga qo‘yinglar. Mening bu holim sizlar meni band qilib turgan holdan yaxshiroq, - deb marhamat qildilar.
Bu gap bilan mehmonlar o‘rinlaridan qo‘zg‘alishdi.
Yana o‘sha kuni edi. Sevikli payg‘ambarimiz (s.a.v.) ba’zan yuzlarini bir ro‘mol bilan o‘rab olar, havo yetishmay qolganida ochib tashlar edilar.
-   Ahli kitoblarga Ollohning la’nati bo‘lsin, Payg‘ambarlarining qabrlarini ibodatxona qilib olishdi, - dedilar. Bu gap bilan Janobimiz musulmonlar bunaqa ishdan uzoqturishlarini istayotganlarini bildirgan edilar.
Muhtaram Payg‘ambar janobimiz (s.a.v.) o‘sha payshanba kuni shom namozini o‘qib berganlari va namozda «Val mursalati...» surasini o‘qiganlari rivoyat qilinadi. Imom bo‘lib oxirgi o‘qib bergan namozlari shu bo‘ldi. Xufton namoziga chiqishga madorlari yetmadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:16:33

Sal yengil bo‘larmikan degan umidda yuvindilar. So‘ng turmoqchi bo‘lgan edilar, kuchlari yetmadi va hushlaridan ketdilar. Bir oz shu holda yotdilar. O’zlariga kelgach:
-   Namozni o‘qib bo‘lishdimi? - deb so‘radilar.
-   Yo‘q, ular sizni kutishyapti, ey Ollohning rasuli,- deb javob qildi Oyisha onamiz (r.anho).
Bu javobni eshitib ikkinchi marta tog‘ora ichiga tushdilar va yuvindilar. Lekin yana oyoqqa tura olmay, hushdan ketdilar.
Uchinchi marta yuvinib va yana hushsiz holatni boshlaridan kechirgach, ortiq darmonlari qolmagani ayon bo‘ldi. O’zlariga kelgach:
-   Abu Bakrga aytinglar, odamlarga namoz o‘qib bersin, - dedilar.
Oyisha onamiz:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, Abu Bakr juda ko‘ngilchan odam, namozni o‘qib berishni Umarga buyursangiz bo‘larmidi, - dedi.
Ammo Payg‘ambarimiz birinchi amrni takrorladilar.
Oyisha (r.anho) bir marta aytib ko‘rdi, bo‘lmadi. Shuning uchun Hafsa onamizga (r.anho), sen ham ayt, deganday ishora qildi. Hafsa ham, hazrati Umar mehrobga o‘tsin, deb bir marta aytib ko‘rdi. Hozir bunaqa tortishuvlarni ko‘tarishga Janobimizning hollari yo‘q edi.
-   Namozni Abu Bakr o‘qib bersin. Sizlar Yusufning do‘stlariga o‘xshaysizlar-a: ular ham to‘g‘ri qarorni o‘zgartirishga urinishgan edi.
Buni eshitib Hafsa onamiz o‘zidan xafa bo‘lib ketdi. Oyisha onamizga qaradi:
-   Sening menga yaxshiligingmi bu? - deb yubordi.
Ozgina umrlari qolayotgan shu og‘ir pallada Janobimizga ozor yetkazishsa, albatta, u zot xushlanmaydilar-da.
Iltimos boshqa qaytarilmadi. Qaytarilmasdi ham.
Rasulullohning (s.a.v.) buyruqlari hazrati Abu Bakrga yetkazildi. Abu Bakr (r.a.) mehrobga endi o‘tganida xayoliga, Ollohning rasuli masjidga ham chiqa olmaydigan holga tushdilarmi, degan o‘y kelib, yig‘lay boshladi. Bu ahvolda imomlik qila olmasligini anglab, orqaga chekindi. Hazrati Bilol (r.a.) vaziyatni xabar berib, yangi topshiriq olish uchun Payg‘ambarimiz huzurlariga kirdi, ammo bu paytda Janobimiz yana hushdan ketgan edilar. Xotinlaridan birlari: «Unda Umar o‘qib bersin», dedi.
Hazrati Umar (r.a.) mehrobga o‘tdi. «Ollohu akbar», deb namozni boshladi. Uning baland ovozidan Payg‘ambarimiz hushlariga keldilar.
-   Bu ovoz Umarniki emasmi? - deb so‘radilar.
-Ha, - deb javobqilishdi.
Shunda Rasululloh (s.a.v.) hujralarining masjid tomonga qaragan tuynugi pardasini ko‘tarib:
-   Abu Bakrga aytinglar, namozni o‘qib bersin, - dedilar.
Ashobi kirom (Olloh barchalaridan rozi bo‘lsin) ahvolni darrov hazrati Umarga yetkazishdi. Buyuk Umar (r.a.) o‘sha zahoti salom berib namozdan chiqdi. Hazrati Abu Bakr mehrobga o‘tib, namozni boshladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:16:44

Bu hodisa Payg‘ambar janobimiz irodalariga to‘la hokim bo‘lganlarini ko‘rsatadi. Bizningcha, o‘zlaridan keyingi xalifani garchi ismini ochiq aytmagan bo‘lsalar-da, boshqa birovning saylanishiga rozi bo‘lmasliklarini his ettirar shaklda belgilab berganday edilar. Dinning eng katta ibodati bo‘lgan namozga uni imom qilib tanlaganlari musulmonlarning eng muhim masalasi bo‘lgan xalifalikka ham uni loyiq ko‘rganlarini bildiradi. Janobimiz hijrat payti yo‘ldoshlikka uni tanlashlari, haj amiri vazifasini unga yuklashlari, masjidga ochilgan eshiklardan faqat unga tegishlisiga ruxsat berishlari va, agar do‘st tanlashimga to‘g‘ri kelsa, Abu Bakrni tanlagan bo‘lardim, deyishlari kabi ko‘p xususlar ilk xalifalik ham unga berilishi lozimligini eslatadigan ishoralarga to‘ladir.
Bundan sal oldinroq bayoni kechgan vasiyat yozdirish hodisasiga bu hodisa bilan birga qaralsa, yanda tushunarli bo‘ladi. Rasululloh (s.a.v.) bunday maqsadning ro‘yobga chiqishini xohlaganlarida edi, hazrati Umarning «Qo‘limizda Ollohning kitobi bor, u bizga yetadi», shaklidagi eslatmasi bilan u xohishlaridan voz kechib qo‘yaqolarmidilar?.. Aqlga eng yaqin keladigan yo‘rumlardan biri budir: ehtimol Janobimiz u orzularini hazrati Umarning gapini eshitib rohatlanish uchun aytgandirlar. Aks holda, bunday bir vasiyat agar qattiq lozim bo‘lganida sevikli payg‘ambarimiz uni sog‘ yurgan kunlarida albatta yozdirgan bo‘lar edilar. Bunga hech qanaqa to‘siq yo‘q edi va bo‘lmasdi ham. Agar, hazrati Umarning o‘ylaganidan boshqa va albatta yozdirilishi lozim bo‘lgan gaplar bor edi-yu, lekin yozilmay qoldi, deyilsa, unda Olloh saqlasin, payg‘ambarimiz qilinishi kerak bo‘lgan ishni qilmasdan, qilolmasdan dunyodan o‘tdilar, degan kabi mo‘min odamga yarashmaydigan tushuncha maydonga chiqar edi. Holbuki, payg‘ambarlik vazifasi keragicha bajarildi.
Ertasi kun hazrati Abu Bakr (r.a.) mehrobga o‘tib, namozga turdi.
Bu paytda Rasuli akram (s.a.v.) bir yengillik his etib, hazrati Ali bilan Abbos (Olloh ulardan rozi bo‘lsin) yordamlarida masjidga chiqqan edilar.
Hazrati Abu Bakr payg‘ambarimizning kirganlarini sezgan zahoti tisarila boshladi. Janobimiz unga «joyingda tur» deb ishora qildilar. So‘ngra uning yoniga borib, qatoriga turdilar. Endi hazrati Abu Bakr (r.a.) Payg‘ambar janobimizga (s.a.v.), jamoat esa, hazrati Abu Bakrga ergashib namoz o‘qiy boshlashdi.
Namozdan keyin sevikli payg‘ambarimizni minbarga olib borishdi. Birinchi pog‘onasiga o‘tirdilar. Egnilarida keng abo (chakmon), boshlarida bo‘zrang bir salla bor edi. Baland ovoz bilan gapirishga hollari yetmasdi, shuning uchun do‘st-yorlarini yaqinroq surilishga, jips o‘tirishga buyurdilar. So‘ngra Ollohga hamd etib, so‘z boshladilar:
-   Olloh taolo bir quliga dunyo hayoti va ne’matini yoki o‘zining huzuridagi oxirat hayoti va saodatini - ikkisidan birini tanlash ixtiyorini berdi, u Ollohning huzuridagini tanladi...
O’tirganlar orasidan piq-piq yig‘i tovushi chiqdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:16:55

-   Yig‘lama, ey Abu Bakr! - dedilar Ollohning rasuli. So‘ngra yana xitoblarini davom ettirdilar: - Birodarligi bilan ham, molini ayamagani e’tiboridan ham menga eng ko‘p vafoli odam Abu Bakrdir. Ummatimdan bittasini o‘zimga do‘st qilsaydim, shubhasiz, u Abu Bakr bo‘lardi. Lekin din birodarligi shaxsiy birodarlikdan yaxshiroqdir. Masjidda Abu Bakrnikidan boshqa eshiklar yopilsin. Bu eshiklarning hammasini men aytganday qilib yopib tashlanglar.
Ey insonlar!.. Usoma ibn Zaydning qo‘mondonligiga e’tiroz qilganlaringni eshitdim. Bundan oldin otasi Zaydning qo‘mondonligiga ham norozi bo‘lgan edilaring. Ollohga qasam ichaman, Zayd qo‘mondonlikka qanday loyiq va menga qanday sevikli kishilardan bo‘lsa, o‘g‘li Usoma ham otasidan keyin menga eng sevikli odamlardandir.
Ey insonlar!.. Sizlarga ansorga* yaxshi munosabatda bo‘lishni vasiyat qilaman. Ular mening xos jamoatim va mahramiy sirlarimdirlar.
Ey insonlar!.. Bugun xalq Madinada kundan-kunga ko‘payyapti, holbuki, ansor ovqatga solingan tuzday bo‘lib qoldi - ozayib ketdi va yana ozayyapti. Sizlardan birortangiz ish boshiga kelib, yaxshilik va yo yomonlik qila oladigan darajada obro‘ga erishsa, ansorning yaxshilarining yaxshiliklarini qabul etsin, qusurlilarining qusurlarini kechirsin.
Ashobim!.. Ilk muhojirlarga ham hurmat ko‘rsatishlaringizni vasiyat qilaman. Hamma muhojirlar ham bir-birlariga nisbatan yaxshi bo‘lishsin! Hamma ish Ollohning izni bilan, irodasi bilan bo‘ladi. Ollohning iznidan va irodasidan ustun bo‘lishga harakat qilganlar eng oxirida yengiladilar. Ollohni aldamoqchi bo‘lganlar ham albatta o‘zlari aldanadilar.
Ey insonlar!.. payg‘ambaringizning dunyodan o‘tishini o‘ylab ham tashvishga tushib qolganlaringizni eshitdim. Qaysi Payg‘ambar ummati orasida abadiy qolibdiki, men sizlarning oralaringizda abadiy qolayin?! Bilib qo‘yinglar: men Parvardigorim huzuriga boraman. Yana bilib qo‘yinglar: sizlar ham menga qovushajaksizlar. Topishadigan joyimiz Kavsar hovuzining bo‘yidir. O’sha yerda men bilan topishishni istaganlar, qo‘llarini, tillarini gunohdan tiysinlar...
Bu xutba Payg‘ambar janobimizning (s.a.v.) masjidda va minbarda qilgan eng oxirgi xutbalari edi. Bundan keyin endi hech kim bu minbarda u zotni ko‘rmayajak, muborak ovozlarini bu yerda eshitmayajak.
Yana ikki kishi yordamida Janobimiz hujralariga kirib ketdilar. Mahzun ko‘zlar orqalaridan mo‘ltirab qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:17:13

* * *

Muta tomonga borish uchun to‘plangan qo‘shin hali ham shaharda turardi. Payg‘ambarimizning kasalliklari og‘irlashgan, sog‘aymaslaridan yo‘lga chiqishga hech kimda istak yo‘q edi. Bosh qo‘mondon hazrati Usoma (r.a.) kelib Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishdi va yana kechikmasdan yo‘lga chiqish buyrug‘ini oldi.
Safar oyining oxirgi kuni - yakshanba edi. Asmo binti Umays Payg‘ambarimizga zotiljam kasaliga chalinganlar ichadigan bir dorini ichirib ko‘rishni taklif etdi. Uy ahli bu taklifni qabul etdi. Dorini tayyorlab keltirishdi. Goh hush, goh behush bo‘lib yotgan Janobimiz bu dorini ichirmasliklarini ishora qildilar. Quloq solishmadi va og‘izlariga tomizishdi.
Sal o‘tib hushlariga kelgach, Janobimiz dorini kim tavsiya etganini so‘radilar. Jazo sifatida Asmoga ham, dorini ichirayotganda o‘sha yerda hozir bo‘lganlarga ham ichirishni buyurdilar. O’sha kuni ro‘za tutgan Maymuna onamiz ham bu jazodan qutula olmadi.
Rabiulavval oyining bir dushanbasi edi. Tong otgan. Odamlar namozni endi boshlamoqchi bo‘lib safga tizilishgan. Rasuli akram janobimiz yana ikki kishiga tayanib o‘rinlaridan turdilar. Xona pardasini ochdilar. Sahobalarini oxirgi marta tomosha qila boshladilar. Ko‘rgan manzaralaridan cheksiz daraja mamnuniyat tuydilar. Muborak yuzlarida tabassum balqidi. Yillar bo‘yi insonlarni Ollohga yaxshi bir qul etib tarbiyalashga juda chiroyli harakat qildilar. Mana endi Muhammad ummatining eng xayrli guruhini tashkil etuvchi bu odamlar ixlos va samimiyatning eng oliy darajalaridan kelayotgan tuyg‘ular og‘ushida Mavloi Zuljalolga qulliklarini izhor qilib turishibdi.
Ashobi kiromni sevinch qopladi: payg‘ambarlar sarvari yana oralariga kelmoqchilar. Hazrati Abu Bakr mehrobdan chekina boshladi. Ammo Rasuli akram (s.a.v.) qo‘llari bilan «namozni davom ettiringlar» degan ma’noda bir ishora qildilar va pardani tushirib qo‘ydilar. Qadrli do‘stlari Payg‘ambarimizni oxirgi ko‘rishlari shu bo‘ldi. Muborak yuzlari qog‘oz kabi oppoq bo‘lib qolgani nigohlarga muhrlanib qoldi.
Janobimizni o‘rinlariga yotqizishdi.
Fotima (r.anho) ziyoratga kelganida otasini yanada majolsiz, yanada holsiz bir ahvolda ko‘rdi. Janobimiz qo‘llarini suvli sopol kosaga botirar, yuzlariga surar va: «La ilaha illalloh... O’lim kasalligining qiyinchiligi bor...» deb qo‘yar edilar.
Fotimani (r.anho) bir yig‘i bosib keldi.
-   Qizim, otang bugundan e’tiboran hech og‘riq chekmaydi, - dedilar.
Balki o‘sha kundir, Ollohning rasuli (s.a.v.) qizlariga yashirincha ushbu so‘zlarni aytdilar:
-   Qizim, Jabroil menga har yil ramazonda Qur’onni bir marta to‘la o‘qib berardi.
Bu yil ikki marta o‘qib berdi. Bundan ajalim kelganini angladim. Oilam ichida menga eng tez qovushadigani sensan, qizim...
Fotima rosmana yig‘lab yubordi. Shunda Janobimiz unga:
-   Sen jannat ayollarining malikasi bo‘lishni orzu qilmaysanmi? - dedilar.
Fotima kuldi.
Boshqa bir rivoyatga ko‘ra, Janobimiz o‘limlari yaqinlashganini aytganlarida Fotima yig‘lagan, oila a’zolari ichida eng oldin u kelib qovushajagini xabar berganlarida esa, kulimsiragan.
Bu manzarani Oyisha onamiz (r.anho) kuzatib turgan edi. Fotimani bir chetga tortdi.
-   Kulgining yig‘iga bu daraja yaqin ekanini hech ko‘rmagan edim. Otang nima dedi, kulding, nima dedi, yig‘lading? - deb so‘radi.
-   Otam uni menga yashirincha aytdilar, - deb javob qildi Fotima (r.a.).

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:17:24

Hazrati Fotimaga yarashadigan javob edi bu. Sizning bilishingizga ehtiyoj bo‘lganida, siz ham eshitadigan darajada gapirgan bo‘lardilar, otam bildirmagan narsani men bildira olmayman, demoqchi bo‘ldi.
Oyisha onamiz (r.anho) buni Janobimizning (s.a.v.) vafotlaridan keyin yana so‘raydi va bilib oladi.
O’sha kuni Payg‘ambar janobimiz oxirgi marta bir yengillik his qildilar. Shu xol ustiga hazrati Abu Bakr (r.a.) kirib keldi va Olloh rasulini bu vaziyatda ko‘rib, suyunib ketdi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, Ollohga shukr, bugun yaxshisiz. Ruxsat bersangiz, Avoli tomonlarga Xorijaning qizini ko‘rib kelishga borsam. Bugun uning kuni, - dedi. Ruxsat olib, chiqib ketdi.
Janobimiz (s.a.v.) Oyisha onamizni chorladilar:
-   Uyda picha pul bor edi, uni nima qilding? - deb so‘radilar.
Oyisha onamiz o‘rnidan turib, olti yoki yetti dirham kumush tanga keltirdi. Kasalingizga qayg‘urib unutibman, degan ma’noda uzr tiladi. Payg‘ambarimiz ularni darhol tarqatib yuborishga buyurdilar. Oz bir fursatda buyruqlari bajarilganini aytishganida Janobimizning muborak yuzlarini huzur alomati qopladi.
-   Mana endi tinchlandim, - deya marhamat qildilar.
Bu orada Oyisha onamiz Payg‘ambarimizning orqalariga o‘tib o‘tirdi. Boshlarini ko‘ksiga bosdi va kasalliklari boshlanganidan beri necha marotaba qilgani kabi «Qul a’zu...» suralarini o‘qib, sevikli payg‘ambarimizning muborak qo‘llariga ufurdi va bu qo‘llarni muborak vujudlariga surdi. Yana, Payg‘ambar janobimizdan oldinroq eshitgan ushbu duoni o‘qidi:
-   Ey insonlarning Egasi, kasallikni ketkaz, shifo ber. Shifo beruvchi faqat o‘zingsan. Sen beradigan shifodan tashqarida shifo yo‘q. Hech qanday xastalik qoldirmaydigan shifo berishingni istayman.
Oyisha onamiz kasallik boshlanganidan beri bu duoni ham necha martalab o‘qidi. U har duo qilganida Janobimiz muborak qo‘llarini suvga botirar, yuzlariga surar va:
-   Ollohim, o‘lim beradigan iztiroblarga qarshi menga yordamchi bo‘l, - der edilar.
Ora-orada: «Namozni qoldirmanglar... Qo‘l ostlaringizdagi qullarning huquqlariga rioya qilinglar... xotinlarga yaxshi muomalada bo‘linglar...» deb nasihat qilardilar.
Shu payt Abu Bakrning o‘g‘li Abdurahmon xonaga kirdi. Koinot sayyidining (sallallohu alayhi va sallam) muborak ko‘zlari uning qo‘lidagi misvokka qadaldi.
Oyisha onamiz buni sezib:
-   Misvok ishlatmoqchimisiz, ey Ollohning Payg‘ambari? - deb so‘radi. Ha, degan ishorani sezgach, misvokni olib, Janobimizga tutqazdi. Lekin misvok quruq edi.
-   Ho‘llab beraymi? - deb so‘radi.
-Ha.
Mo‘minlar onasi misvokni olib, og‘zida ho‘llab, yana qaytarib berdi. Payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) uni og‘zilariga solib, rosa ishqaladilar. So‘ng kuchlari qolmadi shekilli, misvok qo‘llaridan tushdi.
Bir oz hushsiz yotdilar. O’zlariga kelganday bo‘lganlarida, «Sen ne’matlantirgan zotlar bilan birga bo‘lishni tilayman: payg‘ambarlar, siddiq (rost so‘zlovchi)lar, shahidlar, solihlar bilan birga...» deyayotganlari eshitildi. Oyisha onamiz shunda Rasulullohning o‘lim ustida turganlarini angladi. «Demak, endi bizni emas, oxirat yurtini tanlayaptilar», dedi. «Bir payg‘ambar dunyo va oxirat orasida ixtiyorli qoldirilib, u to oxiratni tanlamagunicha o‘lmaydi», hadisini esladi.
Janobimizning muborak nigohlari teranlashdi:
-   Ollohumma ar Rafiqal a’lo, - dedilar*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:17:36

So‘ngra:
-   Ollohim, eng oliy do‘stni orzu qilaman... Ollohim, eng oliy do‘stni orzu qilaman... Ollohim, eng oliy do‘stni orzu qilaman... - dedilar.
Shularni aytdilaru qo‘llari tushdi. Ko‘ksilaridan bo‘shalgan oxirgi nafas qaytib ichga kirmadi. Muborak ruhlari o‘zlarini olamlarga rahmat qilib yuborgan Olamlar Parvardigori sari yuksaldi. Muborak ko‘zlari payg‘ambarlar havas qilgudek maqomlarni tomosha qilayotganday osmonga to‘g‘ri boqib turardi go‘yo. Bu boqishlar Mavlolari va’da qilgan «Mahmud maqomi» (maqtalganlar o‘rni)gacha uzangan edi.
Shunday qilib, «Baxtli qovushish» sodir bo‘ldi. Boshlari ko‘ksiga qo‘yilgan eng sevikli foniydan (dunyodan) uzilib, ko‘ngillari doimo bog‘li bo‘lgan eng Sevikli Boqiyga yetishganlarida tarix o‘n birinchi hijrat yilining rabiul avval oyi birinchisi-dushanba kuni edi*. Quyosh tikdan oshgan, og‘a boshlagan, peshin namozining azoni aytilsa bo‘ladigan palla edi.
Ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, xastalik safar oyining oxirgi kuni boshlangan va rabiul avval oyining o‘n ikkisiga to‘g‘ri kelgan dushanba kuni Mavlolariga qovushganlar. O’n uch kun kasal bo‘lib yotganlari ustida hammaning fikri bir.
Payg‘ambar janobimizning aziz ruhlari muborak xonalarini tark etganida tepalarida turganlarning bo‘g‘izlariga tiqilib kelgan yig‘i tugunlari yechilib ketdi. Ko‘zlardan yoshlar tirqiradi. Yig‘i ovozi masjidga ham eshitildi. Namozni poylab o‘tirganlar taqdir qalami belgilagan vaqt kelganini anglashdi. Motam yig‘isi avval masjidga kirgan bo‘lsa, endi masjiddan tashqariga toshib chiqdi. Bu vaziyatda to‘yib-to‘yib yig‘lashdan o‘zga chora yo‘q edi zotan.
Abu Bakrga xabar yuborildi. Umar o‘zini qo‘yarga joy topolmasdi. Payg‘ambarimizning o‘limlarini hech miyasiga singdirolmayotgan edi. Qilichini qinidan sug‘urib:
-   Muhammad o‘ldi, deganning kallasini olaman! - deb vahshat sola boshladi. U zotga jon qaytariladi va necha munofiqlarning qo‘llari va oyoqlarini kesadilar, deb o‘ylar edi. Bunday o‘yga olib borgan narsa munofiqlar o‘rtaga tashlagan «Agar chindan payg‘ambar bo‘lsa, o‘lmaydi», kabi ma’nosiz bir da’vo edi.
Bu orada Abu Bakr keldi. Hech kimga hech narsa demasdan to‘g‘ri Janobimizning huzurlariga kirdi. Endi u zot Oyisha onamizning quchog‘ida emasdilar. Yotibdilar. Ustlari mato bilan yopib qo‘yilgan. Yopinchiqni ko‘tardi. Muborak yuzlaridan o‘pdi.
-   Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Ollohning payg‘ambari! Tirikligingizda chiroyli edingiz, o‘lganingizda ham chiroylisiz. Jonim qo‘lida bo‘lgan Ollohga qasamki, Ulug‘ Mavlo sizga ikkinchi o‘limni tottirmaydi, - dedi.
Xotinlar sel kabi ko‘zyoshlar to‘kishar edi.
Tashqari chiqdi. Hazrati Umar hali ham qo‘lda qilich bilan turar, «Vallohi, Muhammad o‘ldi, deganning boshini kesaman!» derdi. Abu Bakr unga bordi.
-   Ey qasam ichayotgan odam, ozgina o‘zingni qo‘lga ol,- dedi.
Chindan, hozir matonat ko‘rsatish payti. Umarning bu so‘zlari bilan hech qanday natijaga erishilmaydi - ketgan qaytib kelmaydi.
So‘ngra Abu Bakr hayajon ichra o‘ziga boqib turgan odamlarga o‘girildi. Ollohga hamd aytdi, Payg‘ambarga salotu salom yo‘lladi va keyin bunday dedi:
-   Diqqat qilinglar, ichlaringda Muhammadga qullik qilganlar bo‘lsa, bilib qo‘ysin, Muhammad o‘ldi. Kim Ollohga qullik qilayotgan bo‘lsa, Olloh taolo tirikdir va aslo o‘lmas! U Olloh bunday marhamat qilgan: «(Ey Muhammad!) Hech shak-shubhasiz, siz ham o‘lguvchidirsiz, ular ham o‘lguvchidirlar»*. Va yana bunday degan: «Muhammad faqat bir payg‘ambardir, xolos. Undan ilgari ham payg‘ambarlar o‘tgan. Bas, agar u o‘lsa yoki o‘ldirilsa, ketingizga (kufrga) qaytib ketasizlarmi?! Kimda-kim ketiga qaytib ketsa, Ollohga biror ziyon yetkaza olmas. Olloh esa (yo‘llaridan qaytmay) shukr qilguvchi bandalarini munosib mukofotlaydi»**.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 10:17:49

Hazrati Abu Bakr so‘zlarini shu yerda bitirdi. Yig‘i kuchaydi. Hazrati Umarning hayajoni ham o‘tib ketdi.
Keyinlar o‘sha kunni har hikoya qilganida: «Abu Bakr gapirayotganida xuddi u oyatlarni birinchi marta eshitayotganday edim», derdi.
...Madina tashqarisida qarorgoh qurgan qo‘shinga xabar borganida hamma shaharga qaytdi. Burayda qo‘lidagi bayroqni Rasuli akram janobimizning uylari ro‘parasiga tikdi. Uning bu ishi mo‘minlarga boshqacha bir qayg‘u berdi, oralariga og‘ir maxzunlik cho‘kdi.
Payg‘ambarimizning o‘limlari musulmonlar uchrashi mumkin bo‘lgan eng katta musibat edi. Bu haqiqatni shaxsan o‘zlari ham bir gal aytganlar. U zot qoldirgan bo‘shliqni ayni qiymatda hech to‘ldirib bo‘lmasligi aniq. Ammo mo‘minlar bir amirning tevaragida birikishlari lozim, ishlar bitta qo‘ldan va bitta joydan boshqarilishi kerak, to boshboshdoqlikka maydon berilmasin.
Madinalik ansorlar shunday o‘y bilan Bani Soida oilasining bog‘iga to‘planishdi va Sa’d ibn Ubodani (r.a.) Payg‘ambarimizga (s.a.v.) xalifa (o‘rinbosar) qilishga qaror berishdi. Tez borib uyida kasal yotgan Sa’dni turg‘azib boqqa keltirishdi.
Rasulullohni (s.a.v.) ko‘mishga tayyorgarliklar ko‘rila boshladi. O’lgan bir inson uchun nima kerak bo‘lsa, o‘shalar, ya’ni, yuvish, kafanlash kabi zarur ishlar borardi.
Shunday dardli, alamli bir pallada hazrati Umarga bir xabar keldi. «Ansor o‘z oralarida to‘planib Payg‘ambar janobimizga xalifa saylashyapti, tez bormasang bo‘lmaydi, ey Umar», deb keldi bittasi. Umar tevarakka olazarak qaray boshladi, hazrati Abu Bakrni izladi. Uni ko‘rgach, yoniga borib qo‘liga yopishdi. Bir-ikki so‘z bilan vaziyatni tushuntirdi. Tez ikkovlari yo‘lga chiqishdi. Ketayotib Abu Ubaydani uchratib qolishdi. Ko‘ngildagiday ish bo‘ldi o‘ziyam. Shunday qilib Muhammad ummatining eng taniqli qismidan uch kishi bu muhim ishga aralashish uchun shoshilinch yo‘lda davom etishdi.
Bu paytda madinaliklar masalani eniga-bo‘yiga obdan muzokara qilishgan va qarorlarini berib bo‘lishgan edi. Sa’d ibn Ubodaga bay’at qilishlari qolgan edi, xolos. Ammo yig‘inga uch buyuk zot kelib qolgach, masalani boshqatdan gaplashib olish majburiyati hosil bo‘ldi.
Abu Bakr uzoq gapirdi, e’tirozlarning hammasiga qondiruvchi javoblar berdi. Xalifalik Payg‘ambar (s.a.v.) qavmlarida qolishiga, ansor yana yordamchilikni davom ettirishiga ularni ko‘ndirdi. Ansorning: «Bizdan bir amir, sizdan ham bir amir» degan fikri o‘rniga: «Biz amir bo‘lamiz, sizlar vazirsizlar», deb javob qildi.
So‘ng Umar gapirdi. Dinda eng buyuk asos namoz ekanini, namozni o‘qib berishga esa Janobimiz Abu Bakrdan boshqaga rozi bo‘lmaganlarini eslatdi.
Abu Ubaydaham so‘zladi.
-   Ey ansor jamoati! Sizlar yordam qilganlarning, Islomga quchoq ochganlarning oldingilari edilaring. Ehtiyot bo‘linglar, bu ishni o‘zgartirganlarning ham oldingisi bo‘lib qolmanglar, - dedi.
So‘ngra Abu Bakr to‘planganlarga bunday murojaat qildi:
-   Mana, sizlarga ikkita nomzod, qaysi birini tanlasalaring, unga bay’at qilinglar, - deya Umar bilan Abu Ubaydani ko‘rsatdi. Har ikkisi haqida Payg‘ambar janobimizning taqdirlovchi so‘zlarini eslatdi.

Qayd etilgan