Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154720 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 31 B


Muslimа  09 Fevral 2008, 10:44:11


TOVOQNING SINISHI

    Rasuli muhtaram (s.a.v.) janobimiz Oyisha onamizning (r.a.) xonasida edilar. Eshik taqilladi va bir xizmatchi tovoqda ovqat ko’tarib kirib qoldi.
—   Ey Allohning payg’ambari, buni sizlarga xotiningiz Safiya (yoki Zaynab) berib yubordi. Salom ham...
Хizmatchi so’zlarini davom ettirolmadi. Oyisha onamiz o’rnidan turib, uning qo’liga qattiq urdi. Тovoq yerga uchib tushib sindi, ovqat sochilib ketdi.
Rasululloh janobimiz jim holda to’kilgan ovqatni to’play boshladilar. Orada:
—     Onangizni rashk tuyg’ulari tutdi, — dedilar.
O’zini yo’qotib qo’ygan xizmatchi tezda xushini yig’ib:
—    Men nima qilay, ey Allohning rasuli?  —  deb so’radi sekin.
Janobimiz unga bir oz kutib turishni buyurdilar. So’ngra tovoq topib qo’liga berib chiqarib yubordilar*. (Buxoriy, 6/157)
. Oyisha onamiz nihoyatda asabiylashgan edi. Arablar bu holatga tushganlar haqida: «Vodiyning pastini balandidan ajratolmay qoldi», deyishadi. Rasuli akram (s.a.v.) ham bu holatida unga gapirib o’tirishning foyda bermasligini bilganlaridan, indamadilar
Aslida, Oyisha onamiz Payg’ambar xotinlari ichida eng sevgilisi ekanini, bu qilgan ishi Janobimizni ranjitishini o’z ismini bilgan kabi aniq bilardi. Shunga qaramay, xizmatchining qo’liga urayotganida ishidan xisob beradigan holatda emasdi.
Oradan picha o’tib, g’azabi yotdi. Pushaymonlik tuyg’ularini ifodalaydigan bir ovoz bilan:
—    Ey Allohning payg’ambari, bu ishimning jazosi nima bo’ladi? — deb so’radi.
Тabassumli bir yuz va totli bir ovoz unga jazoni anglatdi:
—    Singan tovoq o’rniga bir tovoq, to’kilgan ovqat evaziga bir ovqat**.  (Abu Dovud, 3/403.)

Qayd etilgan


Muslimа  09 Fevral 2008, 10:44:42

***
   Rasululloh (s.a.v.) xotinlari orasida yuzaga chiqib turadigan bunday mashmashalarni sabr bilan qarshilar edilar.
Har kuni oqshomga yaqin ular bilan bittama-bitta ko’rishib chiqar, hol-ahvollarini so’rab, ozgina suxbatlashib o’tirar edilar. Kechalik navbati kelgan xotinlarining oldiga eng oxirida kirardilar. Ovqatni o’sha yerda yeb, tunni u bilan baham ko’rardilar.
Bir kuni Zaynab onamizning yoniga kirdilar, salom berdilar.
—   Va alaykum assalom, ey Allohning rasuli, marhamat qiling, — deya shirin so’z ila qarshiladi Zaynab onamiz. So’ngra: — Ozgina asal keldi, asal sharbatidan ko’nglingiz tusaydimi? — deb so’radi.
Тaklif qabul etildi. Mo’minlarning go’zal onasi go’zal qo’llari bilan tayyorlagan va Janobi Mavlo «Unda insonlar uchun turli-turli shifo bordir», deya ta’riflagan asal olamlarga rahmat bo’lib kelgan Janobimizga taqdim etildi.
Asalni juda yaxshi ko’rishlarini bilardi. Shu sababdan, yonimda sal bo’lsa-da, ko’proq tursinlar, degan umidda o’ziga hadya etilgan asalni saqlab qo’ygan edi. Ham Rasululloh mamnun bo’ldilar, ham o’zi muborak erining diydorlariga ko’proq to’yib zavqlandi.
Bu paytda Oyisha onamiz Zaynabning xonasida nimalar bo’layotganidan bexabar edi. Bilgani — Rasululloh uning xuzurida boshqa xotinlariga nisbatan bir oz ko’proq turib qoldilar. Sababini o’rgandi va nihoyat asal ikrom etilganini aniqladi. Darhol eng yaqin kundoshi Хafsani topib, unga voqeani tushuntirdi. Natija e’tibori ila bir reja tuzishdi va uni aynan amalga oshirishga qaror qilib ajralishdi. Keksa Savda onamiz ham, ishqilib keyin dakki yeb qolmayin-da, degan andishada, istab-istamay Oyisha onamizning rejasi bo’yicha harakat qiladigan bo’ldi.
Ertasi Allohning sevikli payg’ambari Zaynabnikiga kirganlarida yana asal sharbatidan ichdilar va oqshomgi ziyoratlarini boshladilar. Oyisha onamizning xonasiga kirib, endi yoniga yaqin borganlarida, onamiz qo’llari bilan burunlarini to’sib, yomon hid kelayotgandek, yuzini burishtirdi.
—    Sizdan mag’ofir xidi kelyapti, Nabiyalloh... Yoki asal yedingizmi? — dedi.
—    Ha, Zaynab asal sharbati bergan edi.   
—    Demak, bu sassiq hid o’shandan.
Хafsaning hujrasida ham shu holat takrorlandi, u ham shosha-pisha burnini to’sdi.        — Bu mag’ofir hidi nimadan kelyapti, ey Allohning payg’ambari? — dedi so’ngra.
Keksa Savda onamiz ham ayni shunaqa tarz kutib, burnini yengi bilan yelpa boshlagach, ishdan tamoman maza qochdi.
Mag’ofir — sassiq hidli bir gulning nomi edi. Asalari bol to’playotganida bu guldan ham aralashtirib yuborgan bo’lsa, asalning tabiiy go’zal isi buzilib, ko’ngilsiz bir hid keladigan bo’lib qolardi.   
Ammo Rasululloh janobimizdan mag’ofir hidi kelmayotgan edi. Chunki bu hid asalda sezilganida, Zaynab onamiz uni aslo Janobimizga ichirmas, o’zlari ham ichmas edilar. Necha kundan beri qo’lansa hidi bilinmagan bol bugun birdan hid taratib qolishi qiziq.
Rasuli akram (s.a.v.) uchala xotinlari bu ishlari bilan nima demoqchi bo’lishayotganini tushundilar. Kayfiyatlari tushdi. Eng tabiiy bir ishlari bunaqa noxush tarzda baholansa-ya... Uch xotinlarining til biriktirib qilgan bu ishlaridan xafa bo’lgan Janobimiz: «Endi hech qachon asal sharbati ichmayman!» deb qasam ichib yubordilar.
Nihoyatda sevadiganlari ne’matdan endi umr buyi mahrum qoladigan bo’ldilar. Bu qasamga sababchi xotinlari Janobimiz o’zlariga tayin qilgan bu nozik jazo qarshisida pushaymon bo’lishdimi? Qay darajada pushaymonlik chekishdi? Hadis kitoblarida masalaning bu jihati ochilmagan.
Ammo Ulug’ Mavlo bu jazoni tasdiq etishga rozi bo’lmadi. Darhol vahiy farishtasi Jabroili amin keldi va payg’ambarlar buyugining pokiza qalblariga ilohiy vahiyni joyladi. Oradan sal o’tmay Janobimiz bu oyatlarni musulmonlarga o’qib berdilar:
«Ey payg’ambar, nega siz juftlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olasiz?! Alloh mag’firatli, mexribondir. Darvoqe, (ey mo’minlar,) Alloh sizlar uchun (ma’lum miqdorda tovon to’lab) qasamlaringizdan qutulib chiqishni buyurgan-ku. Alloh xojalaringizdir U bilguvchidir va hikmat egasidir»*. (Тaxrim, 1-2.)
Shunday qilib, qasam kuchdan qoldirildi, xatto oyatda bunaqa qasam ichganlari uchun Janobimizga tanbex beruvchi bir ohang ham bor edi. Bu oyatlar ashobi kirom orasida eng ko’p hazrati Abu Bakr bilan hazrati Umarni rohatsiz qildi. Rasuli akramning oyoqlariga tikan kirmasdigi uchun umrlarini seva-seva fido etishga tayyor bu ikki insonning qizlari til biriktirib, Payg’ambarimizni bunday qasam ichishga majbur qildirishsa... Janobimiz o’zlari juda yoqtiradigan asalni yemaslikka, sharbatini ichmaslikka osonlikcha qasam ichmagandirlar, axir.
Bu ulug’ sahobalar qizlarining oldiga borishdi, keragicha tanbex va ta’zirlarini berishdi. Allohning rasulini xursand qilib saodatga erishish mumkin bo’lib turgan bir paytda bu hil harakatlari bilan boshlariga balolar yog’dirishlari ehtimolini xotirlatishdi.
Endi bundan bu yog’iga Rasululloh (s.a.v.) Zaynabning xonasida, mo’minlarning bu himmatli onasi xozirlagan bol sharbatini «Nega siz juftlaringizning roziligini istab, Alloh siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olasiz?!» oyatini eslab-eslab ichajaklar. Ayni chog’da, boshqa xotinlari ham bu zotga bol sharbati ilinishga doim haqli edilar*. (Imom Buxoriy, 6/166)

Qayd etilgan


Muslimа  09 Fevral 2008, 10:45:45

ТUPUK


    Kimdir masjidga tupuribdi. Uning ustiga, qibla tomonga. Uni ko’rib Rasulullohning kayfiyatlari buzildi. Qo’llarida xurmo shoxidan bir kaltak bor edi. O’zi ko’pincha shunaqa bir kaltak olib yurardilar. Darhol shu kaltakning uchi bilan chuqilab, tupukni yopdilar. So’ngra masjiddagilarga o’giriddilar.
—   Qaysi biringiz o’zidan Alloh yuz o’girishini istaydi? — deb so’radilar.
Hamma bir titrab tushdi. Bu titroq yuraklarga tushgan qo’rquvning izlari edi. Kimning boshi egildi, kim esa, hadik-havotirli nigohlarini Rasulullohga qaratdi. Yana o’sha savol takrorlandi:
—   Qaysi biringiz o’zidan Alloh yuz o’girishini istaydi?
Ammo «men istayman» deydigan bir mard bormi? Hech kim bu narsani orzu qilmaydi, qilolmaydi. Axir, bu dinni Alloh roziligini qozonish uchun qabul qilishgan, bu yo’lda og’ir janglar qilishgan.
Rasululloh (s.a.v.) savollarini uchinchi marta takrorladilar, indamay o’tiraverish ham o’ng’aysiz bo’lib qoldi:
—   Hech qaysimiz istamaymiz, ey Allohning rasuli...hech qaysimiz! — deyishdi.
Shundan keyin Payg’ambarimiz (s.a.v.) ushbu ta’limni berdilar:
—   Namozga turgan odamga Alloh taolo qibla tomondan rahmat va roziligini yuboradi. Shuning uchun hech kim qibla tomonga yoki o’ng tomonga tupurmasin. Chap tomonga, oyog’ini tagiga tupursin. Agar zarur bo’lib qolsa, shunday qilsin, — dedilar-da, ro’mollarining bir uchiga tupurib, qatladilar. Keyin takror odamlarga qaradilar.
—    Menga ozgina xushbuylik olib kelinglar.
Bittalari sapchib turib chiqib, hovuchida ozgina mushk olib keldi. Payg’ambarimiz kaltaklarining uchiga shimdirib, haligi tupurilgan joyga surkadilar*. (Muslim, 4/2303)
Rasululloh (s.a.v.) bu vaziyatda: «Qaysingiz betiga tupurilishini orzu qiladi?» deb ham so’raganlar. Ehtimol, bunisi birinchi so’rovga qo’shimchadir yoki yana bir marta shunaqa xodisa yuz bergandir.
Nima qilish kerakligini ko’rsata turib kiyimlarining bir chekkasiga tupurishlarini bugungi ma’nodagi ro’molcha deb tushunish kerak. Chap tomonga, oyoq ostiga tupurishlari esa, u paytda yer shag’altoshdan iborat bo’lgani uchundir. U zamonlarda xali masjidlarga sholcha va gilamlar to’shalmagani doimo esda turishi kerak.

Qayd etilgan


Muslimа  09 Fevral 2008, 10:46:29


JUMA KUNI YOMG’IR DUOSI

  Rasululloh (s.a.v.) janobimiz minbarda xutba o’qir edilar. Mo’minlar boshiga qush qo’ngan insonlarday qimir etmay quloq solishardi. Shu payt xovliqib bir odam kirib keldi.
—   Ey Allohning payg’ambari! — deya ovoz berdi o’tirmasidanoq.
Masjiddagilar unga o’girilib qarashdi. Rasululloh ham so’zlarini kesdilar.
—   Mollarimiz, hayvonlarimiz parishon bo’ldi. Chorasiz qoldiq. Allohga duo qiling,  bizlarga yomg’ir bersin! — dedi haligi kishi.
Hammaning ko’nglidagi gapni aytgan edi u. Janobimiz bir so’z demasdan, yuzlarini ko’kka chevirdilar, qo’llarini ko’tardilar. Bu vaziyatning guvohlari keyinchalik Rasulullohni ta’riflasharkan, qo’llarini shu darajada ko’tardilarki, qo’ltiqlarining ostvdagi oqlikni ko’rsa bo’lardi, deyishgan.
—   Allohim, bizlarga yordam qil, yomg’ir yubor!.. Allohim, bizlarga yordam qil, yomg’ir yubor!.. Allohim, bizlarga yordam qil, yomg’ir yubor!.. Allohim, qullaringni suvga qondir, hayvonlarga suv ber, rahmatingni atrofga yoy, o’lik holiga kelgan bu shahringga hayot ehson et!..
Sevikli Payg’ambarimiz duo qilarkanlar, necha xaftalardan beri yomg’ir kutib, ko’zlarini ko’k yuzidan uzmagan insonlar jonu dildan omin deb turishardi.
Keyin Rasululloh xutbani tugatdilar. Minbardan tushib kelib, namoz o’qib berdilar.
O’sha kuni juma namoziga kirayotganda oxirgi marta yana osmonni ko’zdan kechirganlar yomg’irdan darak beradigan kichkinagina ham alomat topmay afsus ila bosh chayqashgan edi. Rasuli akram(s.a.v.) janobimiz duolarining ortidan ko’k yuzida bulutlar birdan harakatga tushib qoldi. Хatto bir bulut xuddi ortidan birov quvlayotganday shoshib kela boshladi. Kelgani sari kattalashar, kattalashgani sayin Madina ustini qoplab borar edi.
Nixoyat, masjiddan chiqqan mo’minlar havoda bir shabada isini tuyishdi. Bu shabada yomg’irning mujdachisi edi. Yuzlariga sevinch balqidi, ko’ngillar nash’aga to’ldi. Тasir-tusir yog’a boshlagan yomg’ir bir onda havoni o’zgartirib yubordi.
O’sha paytda o’n sakkiz yoshli tig’day bir yigit bo’lgan Anas (r.a.) u kunni eslab: «Uylarimizga shalabbo bo’lib kirib borganmiz», degan. Bu bilan o’sha yomg’ir selday kelganini bildirgan edi. Хutba  chog’i bir odamning masjidga kirib aytgan gapiyu Payg’ambarimizning duolari o’sha kuni xonadonlarda rosa suhbatga mavzu bo’ldi.
U kun o’tdi, ertasi ham o’tdi, to’la bir xafta ham o’tdi, ammo yomg’ir na tindi, na sur’ati kamaydi. Тomlardan oqib ketdi, yo’llar yurib bo’lmaydigan holga keldi. Atrof balchiqqa to’ldi.
Mo’minlar yana juma namoziga yig’ilishdi. Хutba boshlandi. Shu payt yana avvalgi eshikdan, extimol yana o’sha kishi kirib keldi.
—   Ey Allohning payg’ambari!.. — deya xitob qildi.
Janobimiz yana suxbatdan to’xtab, u odamga qaradilar.
Boshqalar ham o’girilishdi. U so’zida davom etdi:
—   Uylarimiz quladi, mollarimiz o’ldi, yo’llar abgor holga keldi. Parvardigoringizga duo eting, yomg’irni to’xtatsin!
Rasululloh qullarini ko’tardilar.
— Allohim, atrofimizga yog’dir, ustimizga emas! Allohim, tepaliklarga, tog’larga, yaylovlarga, o’tloqlarga yog’dir!.. — deya duo qildilar.
Duodan to’xtagan zahotlari tepadagi bulutlar teshilib, xuddi kiyimdek chok-chokidan so’kila boshladi. Saldan keyin quyosh ko’rindi.
Bulutlar Madinani aylanasiga qurshab olgan, ochilib qolgan ko’k yuzi moviy tusli bir tojga o’xshab qolgan edi.
Shu xodisa haqida xabar berganlar osmonning u holini «...ka-annahu iklilun» (xuddi bir tojday) deb ta’rif qilishgan.
Shahar atrofida yomg’ir sur’atini kamaytirmay davom etardi. Тog’larga, vodiylarga, yaylovlarga... chelaklab qo’yardi. Qachondan beri suvsizligi bilan mashxur bo’lgan Qanot vodiyida ham bir oy suv sharqirab oqdi*. (Buxoriy, 2/16; "œFathul Boriy", 2/17; Abu Dovud, 1/417)

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:33:10

ZOТUSSALOSIL G’AZOTI

     Amr ibn Osning Islomni qabul qilganiga endi bir necha oy bo’lgan edi. Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) uni xuzurlariga chorladilar. Shom tomonlarda yerlashgan Baliy qabilasiga qarshi tuzilgan birlikka boshliq bo’lib borishini, ularni Islomga da’vat etishini, qabul qilishmasa, tarqatib yuborishini buyurdilar.
   Хozirlangan birlik uch yuz kishidan iborat edi. Ularning har biri Payg’ambar janobimizga sahobiy bo’lgan, necha yillardan beri u zot bilan birga Islom da’vosiga xizmat uchun ko’ngil bergan kishilar edi.
Uhud jangida Payg’ambar janobimiz o’q uzatib turarkanlar, «Ot, ey Sa’d, ota-onam senga fido bo’lsin!..» deya iltifot ko’rgazganlari Sa’d ibn Abu Vavdos bu qo’shinda bir askar sifatida vazifa olgan edi. Sayd ibn Zayd ham shu safda. Har ikkisi ham janobi Payg’ambarimizdan jannati ekanliklarining mujdasini olgan baxtli kishilar edi.
Avs qabilasining raisi Usayd ibn Хudayr, Hazraj qabilasining raisi Sa’d ibn Uboda kabi ashob orasida buyuk o’rin egallagan zotlar Amrning qo’mondonligi ostiga kirishgan, ularni istagan joyda to’xtatish, istagan yerda yurdirish, xatto choptirish haqiga ega edi Amr. Bu qadar oz vaqt ichida umrini shu yo’lda sarf etgan odamlarning qo’mondoni darajasiga ko’tarilish har qanday kishiga nasib etavermaydi, axir.
    O’ttiz nafari otliq qolganlari piyoda, jami uch yuz kishi Madinani tark etdi. Havo g’oyat issiq bo’lganidan kunduzlari yurib bo’lmasdi. Kecha qulay. Ham bunda shovqin-suronsiz, yanada tadbirli olg’a bosish imkoni bor.
    Baliy qabilasining makoniga yaqin qolganda dushman lashkarlari haqida ayrim ma’lumotlar olib, Amrning yuzi burishdi. Son va kuch jihatidan ustun bo’lgan dushman ustiga yurish, bilib turib o’zini taxlikaga solish demak edi. Ham vazifa ado etilmaydi, ham musulmonlar parishon holga tushajaklar. Тez bir qarorga kelib, sahobalardan Rofe’ni chorladi.
—   Ey Rofe’, darhol Madinaga jo’na, dushman kuchining bizdan ancha ko’p ekanini Rasulullohga yetkaz va yordam kutayotganimizni bildir, — dedi.
Rofe’ yo’lga tushdi.   
Amr ko’zga chalinmaydigan biror pana joy topib, Madinadan keladigan yordamni kuta boshladi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:34:16

     Rasuli akram (s.a.v.) janobimiz Rofe’dan bu xabarni olgach, ikki yuz kishilik bir guruh hozirlab, yo’lga chiqardilar. Bu galgi birlikda ashobning ikki buyugi hazrati Abu Bakr bilan hazrati Umar ham bor edilar. Qo’mondonlikka hazrati Abu Ubayda tayin etildi.
Janobimiz Abu Ubaydaga Amr bilan ixtilofga tushmasligini, bir-biri bilan ittifoq bo’lib harakat etishlari kerakligini tavsiya etdilar.
    Yura-yura, bu ikkinchi qo’shin ham Amrning qo’shini turgan joyga yetdi. Namoz vaqti kirgan edi. Abu Ubayda safning oldiga o’tdi, imom bo’lib namoz o’qib bermoqchi edi.
—   Тo’xta, ey Abu Ubayda. Namozga men imomlik qilaman. Chunki bu lashkarning amiri menman, — dedi Amr.
O’ng-so’ldan e’tirozlar eshitildi. Bu ovozlar Abu Ubaydaning qo’mondon ekanini, namozga ham u imomlik qilishi lozimligini ifoda etardi.   
AMMO Amr niyatidan qaytadigan emasdi.   
—   Sizlar menga yordam uchungina kelgansizlar. Bundan buyen mening amrimga ko’ra harakat qilishga majbursizlar, — dedi.   
Nihoyat, Abu Ubayda birodarlariga qarab:     
— Rasululloh menga ixtilofga tushmaslikni buyurganlar, Amr menga itoat etmasa, men unga itoat etaman,  —dedi.   
Yumshoq ho’yli bir inson edi. Pokiza tabiatli, havaslarni keltiradigan darajada go’zal bir ahloqli edi. Rasululloh janobimizga nisbatan cheksiz hurmat va itoat tuyg’usi butun o’zligini chulg’ab olgan, fikri-yodi Alloh roziligi uchun amal qilish bilan band. Nabiyyi akram bekordan-bekorga uni jannati demagan edilar, axir.
     Shunday qilib, Amr besh yuz kishidan maydonga kelgan va kamida besh nafari jannat mujdasini tirikligidayoq olgan saylanma bir kushinning amiri bo’lish imtiyozini qo’lga kiritdi. Oldga o’tib, namozga imomlik qildi. Endi u to Madinaga borguncha bu insonlarning amiri va imomi bo’lajakdir.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:36:56

     Baliy qabilasining shundoq biqiniga kelib qolishdi. Тong otishi bilan ularga yuzma-yuz kelishadi. Хozir esa, o’tin-cho’p yirib, gulhan yoqishga tayyorgarlik ko’ra boshlashdi. Kunduzlari qanchaliq issiq bo’lgani bilan quyosh botgan zahoti havo sovir, kunduz va kecha orasidagi harorat farqi ancha-muncha ortar edi. Birpasda askarlar o’tinlarni quchoqlab, qaytib kelishdi. Amr ularning yoniga bordi.
—    Nima bular?
—    Yoqib, sal isinib olamiz.
    — Bo’lmaydi, darrov yo’qotinglar, — dedi Amr.
—    Ammo biz sovqotyapmiz.
—    Men bilmayman. Hech kim o’t yoqmaydi. Agar yoqadiganlar bo’lsa, uni o’sha yoqqan oloviga tashlayman.
—    Hazillashyapsanmi, ey Amr?
Amr chindan ham hazil qilmayotgan edi. Тez fursat ichida uning bu amri butun lashkar orasiga yoyildi. Hech kimga xush kelmadi bu buyruq. Hazrati Umar qo’mondonlikdan voz kechgani uchun Abu Ubaydadan jahli chiqdi. Sovuqotayotgan odamlarning o’t yoqishiga to’sqinliq unga juda og’ir botdi, hazrati Abu Bakrni topib ahvolni tushuntirdi. Abu Bakr borib vaziyatni Amrga anglatdi. Shunda Amr:
—    Sening vazifang menga itoat etish emasmi? — deb so’radi.
—    Ha, shunday.
—   U holda, ey Abu Bakr, vazifangni bajar!
Хullas, Amr «Mening ishimga aralashma» demoqchi edi. Abu Bakr u yerdan xomush qaytdi.
—    Nima qilding, ey Abu Bakr, nima bo’ldi?
Abu Bakr bo’lgan gaplarni yetkazdi. Umar borib yoqasidan olmoqchi bo’ldi, Abu Bakr yo’l qo’ymadi. U kechani mo’minlar sovqatib o’tkazishdi. Тong otgach namozni o’qishdiyu Amr yurish buyrug’ini berdi. Lekin qarshilarida jang qiladigan hech qanaqa lashkar yo’q edi. Тez tarqalib ketishgan ko’rinadi. Amr u yerda qolmadi, ilgariladi. Borgan joylarida ham hech kim yo’q. Faqat bir joyda kichkinagina to’qnashuv bo’lib, bir musulmon yaralandi. Amr qochganlarning molini to’pladi, ketlaridan quvlashga ruxsat bermadi. Bir necha kun turgach, orqaga qayta boshlashdi.
Endi yo’llarda kechalari o’t yoqishga ruxsat berilgan edi. Sovuq bir kechadan so’ng tongda uyg’ongan Amr ehtilom bo’lganini bilib qoldi. Yuvinishi kerak edi endi. Lekin bu sovuqda cho’milishi hatarli, kasalga chalinib qolishi ham hech gap emas. Ahvolni birodarlariga tushuntirdi. Hozir agar yuvinsam, yomon bo’ladi, dedi-da, oldi-orqasini suv bilan yuvdi, tahorat oldi, g’usl o’rniga tayammum qilib, namozga turdi.
Orqasida turib namoz o’qiganlarning ko’ngillari xira tortdi. Ammo Amr qo’mondonligini birovga bergisi yo’q, hayoliga ham keltirmas edi. Bu vaziyatda Abu Ubaydani imomlikka o’tkazsa bo’lardi. Besh yuz kishilik qo’shin ichida Islom dinini va Qur’onni undan yaxshi biladiganlar yuzda to’qsondan kam emasdi...

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:37:31

      Madinaga yaqin qilganlarida xabarchi yuborildi. Ortidan o’zlari ham shaharga kirishdi.
Rasululloh janobimiz xabarchidan ham, boshqalardan ham bilgilar oldilar. Ikki yoqimsiz masalada Amrni so’roqqa tutdilar:
—    Nimaga sovuq kechada o’t yoqtirmading, ey Amr?
—    Ey Allohning rasuli, o’t yoqsak, ular bizning kelganimizni bilib qolishar ham kuchimizni chamalay olishar edi. Holbuki, men tong otishi bilan ularga xujum qilmoqchi edim.
—    Nega junub holingda cho’milmasdan, tayammum bilan namoz o’qib berding?
—    Havo juda sovuq edi. Cho’milsam, kasallanib, o’lib qolishim ham mumkin edi. Ulug’ Mavlo esa: «O’zlaringizni o’zlaringiz o’ldirmanglar. Alloh sizlarga g’oyat mehribondir», deb marhamat qilgan. Uning bu farmoniga suyanib tayammum qildim va namoz o’qidim.
Rasulullohning (s.a.v.) kulimsirashlari bu javobga bergan baxolari edi. Bunaqa qilmasliging kerak edi, demadilar.
     Bu hodisa kelajakda Misr fotihi o’laroq tarixga kiradigan Amr ibn Osni Zotussalosil g’azotining muzaffar qo’mondoni sifatida isbotladi. Uning qo’mondonlikka va amirlikka havasmand ekani ham mana shu tajriba bilan yaqqol sezildi. Bu tuyg’ular Amr ibn Osni kelajakda ham ko’p serg’alva siyosiy hayot quchog’iga tortadi, o’lim to’shagida yotganida bosib o’tgan hayot shaklidan uyalishlar uni har xil hollarga soladi...
Zotussalosil g’azotiga chiqqan birlikka Amr ibn Osning amir etib tayinlanishining sababi buvisi Baliy qabilasidan ekanida edi. Nasabda u qabilaga bog’liq bo’lgan
Amr albatta ularni va ularning yurtini yaxshiroq bilardi. Buning ustiga, Amr tabiatida yo’lboshchilik xususiyati kuchliligini ham yodda tutish kerak.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:38:43

     Bu voqea Amr ibn Osni «Hazrati payg’ambar eng yaxshi ko’radigan odam men bo’lsam kerak» degan o’yga olib bordi. Ashobi kiromniig eng oldi xisoblanuvchi Abu Bakr, Umar kabi ikki xurmatli qaynotalarini uning amriga shunchaki berib qo’ymagandirlar, axir?! Qiyomatgacha ismlari sevgi ila tilga olinadigan barcha zotlar Amrning orqasida qo’l bog’lashdi, uning buyrug’i bilan yotib turishdi, uning buyrug’i bilan jang maydoni sari yurishdi!..   
Bir kuni Amr Allohning sevikli rasulini yolg’iz o’tirganlarida ko’rib qoldi. Ayni fursat, dedi. Huzurlariga yaqin borib, salom berdi. Gap orasida imkoniyat topib:
— Ey Allohning payg’ambari, siz eng ko’p yoqtirgan odam kim? — deb so’radi. Va taxminan: «Kim bo’lardi, albatta sensan-da!» degan javob olishdan qattiq umidvor
edi. Zotan, bu savolni so’ratgan ham mana shu umid edi.
Payg’ambar alayhissalom: «Qani, do’stlarimni bir-bir ko’zdan o’tqazib olay-chi», demasdan, o’ylab o’tirmay, g’oyat xotirjam bir ovozda:
— Oyisha, — dedilar.
Bu javob Amrda ikkinchi umid uyg’otdi.
— Хotinlardan so’ramadim, ey Allohning rasuli... Erkaklardan eng ko’p kimni yaxshi ko’rasiz?
—    Oyishaning otasini.
—    Undan keyin-chi?
—    Umar ibn Хattobni.   
—   Undan keyin-chi?..
Rasululloh (s.a.v.) savollarga kutdirmasdan javob berar edilar. Amr esa, endi aniq mening nomim tilga olinadi, degan o’yda qayta-qayta so’rayverdi. Nihoyat, ortiq so’ramayman, deb qaror berdi va jim bo’ldi.
Yillar o’tib, shu xotirasini kelajak nasllarga so’zlab berarkan, «Eng so’ngga qolib ketmasam edi, degan qo’rquvda surashdan voz kechdim», deydi Amr*. (Ibn Kasir. "œSiyar", 3/521)
Bu savol-javob Amrni o’zi tolgan xayol olamidan chiqarib tashladi. Bundan keyin aslo bunaqa hayollarga berilmaydigan bo’ldi.
Qiziq, janobi Payg’ambarimiz hazrati Umardan keyin kimni tilga oldilar ekan?..
Amr Rasululloh (s.a.v.) sanagan insonlarning nomlarini bizga to’lig’icha yetkazganida qanday yaxshi bo’lardi! Buyuklar buyugining ko’ngillarida tizilgan sevgi tasbexining donalarini tartibi bilan o’rganish imkoniga ega bo’lsak edik! Yoki Amr «xotinlardan so’ramadim» demasa-da, xotinlari orasida Oyisha onamizdan keyingi qatorni bilsay-dik!
Bu istaklar zamonlariga yetishib bo’lmaydigan sevgililarning sevgililarini tanish orzui bilan to’la ko’ngillarning armonli ifodalaridir.
Habibi Хudo (s.a.v.) janobimizning muborak ko’ngillaridan o’rin olishdek saodatga erishgan baxtli insonlarga to qiyomatgacha bitmas-tuganmas salomlar, xurmatlar!..

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:40:49

BIR JANOZA NAMOZI

      Sahobalardan birlari vafot etib, janoza namozini Rasululloh (s.a.v.) o’qib berdilar. Mayyitning ko’ksi to’g’risiga turdilar. Mo’minlar u zotning orqqalarida saf tortishdi. Janobimiz qo’llarini ko’tarib, "œAllohu akbar" deb so’ng bog’ladilar. «Subhanaka...»ni o’qidilar. Qo’llarini ko’tarmasdan yana «Allohu akbar» dedilar. «Allohumma solli, barik...»ni o’qidilar. Yana qo’llari bog’li holicha janoza namozining duosini o’qidilar: «Allohummamag’fir li hayyina...» — «Allohim, bizlardan tiriklarimizni va o’lganlarimizni, bu yerda hozir bo’lgan va bo’lmaganlarimizni, kichiklarimizni va kattalarimizni, erkaklarimizni va xotinlarimizni O’zing kechir. Allohim, bizlardan tirik qoldirganlaringni Islomda yashat, o’ldirganlaringni imon ila o’ldir. Allohim, bizlarni o’lganlarga sabr qilish ajridan maxrum etma. Uning ortidan esa yo’limizni adashtirib qo’yishdan bizlarni saqla»*. (Ibn Moja. 1 /480.)
Rasuli muhtaram (s.a.v.) janobimiz bu duoni o’qib bo’lgach, to’rtinchi marta «Allohu akbar» deb o’ng va chap tarafga salom berdilar. Shu bilan janoza namozi tugadi.
Bu duo har janoza namozida o’qiladigan duo edi.
Ansor bu zotning Allohga va rasuliga bo’lgan sevgisi va bog’liqligi Janobimizni namozdan keyin yana uning haqiga takror duo etishga chorladi:
—   Allohim, uning gunohidan o’t, unga rahm qil, uni kechir. Uni har turli balolardan saqla. Ikromingni mukammal, qo’noq bo’ladigan joyini go’zal qil. Uni suv bilan, qor bilan, do’l bilan yuv. Kiyim kirdan tozalanganidek, uni ham xatolaridan tozala. Unga dunyodagi uyidan ham mukammal bir uy, ahlidan yaxshiroq bir oila, xotinidan yaxshiroq bir xotin ber. Uni qabr fitna va imtixonidan, do’zax azobidan qo’ri.
Bu duo u yerda bo’lganlarning qalblarini titratdi, ko’ngillarini chulg’adi. Shu darajadaki, oradan yillar o’tib, bu xotirasini gapirib berarkan, Avf ibn Molik tevaragida qiziqish va diqqat bilan eshitib o’tirgan jamoatga bunday deydi: «Payg’ambar janobimizning o’sha duolarini eshitganimda mayyitning o’rnida bo’lishni juda-juda istab ketdim...»
Ajabo, Avf yana qancha yasharkan? Ertaga o’ziga ham shunday duo nasib qilarmikan?.. Bu duoni uncha-muncha odam qilmayapti, axir. Bu duo bo’sh qaytarilmaydi. Janobi Mavlo payg’ambarini rozi etmak uchun duoda istanilganidan ham ortig’ini beradi, ikromini yanada ko’paytiradi. Esida, bir kuni Rasululloh (s.a.v.):
—   Ruhim qo’lida bo’lgan Allohga qasam, odamning qabr boshiga kelib, jonidan to’yganday: «Qaniydi shu go’rda men yotgan bo’lsaydim», deb orzu qilmagunicha qiyomat ko’pmaydi. Odamni bunaqa orzuda bo’lishga majbur qiladigan narsa balodir, din tuyg’usi emas, — deya marhamat qilgan edilar**. (Muslim, 4/223.)
Rasululloh (s.a.v.) insonning hayotdan bezish sabablarini ochiqlar ekanlar, o’ldirish xodisasi ko’payajagini anglatganlar. "œShu darajadaki, o’ldirgan nima uchun o’ldirganini bilmaydi, o’lgan ham nima sababdan o’ldirilganini bilmaydi», deganlar***.(Muslim. 4/225.)
Avf bunday kunlarda yashashdan ko’ra, payg’ambarlar sultonining duolari ila oxirat safariga chiqishni albatta orzu qilardi.
Bir kuni Rasululloh (s.a.v.) Madina bozoriga kirdilar. Yonlarida sahobalardan ba’zilari ham bor. Yo’l chekkasida oriq bir uloqchaning o’ligi yotardi. Rasuli muhtaram janobimiz egilib uloqchaning quloridan tutdilar:
—   Bir dirhamga kim oladi shuni? — deb so’radilar.
Bu taklif sahobalarga g’alati tuyuldi.
—   Kim unga pul sarflaydi, foydalanib bo’lmasa... — deyishdi.
Janobimiz endi savol tarzini o’zgartirdilar:
—    Тekinga olishni istaysizlarmi?
—    Vallohi, bu uloqcha tirik bo’lganida ham bir chaqaga qimmat. Chunki hali quloqlari ham kichkinagina. Uning ustiga, o’likligi inobatga olinsa, nimaga ham yarardi.
Shunda Rasuli kibriyo uloqni tashlab, qadlarini rostladilar.
—    Bilinglarki, Alloh xuzurida dunyoning qiymati sizlar shu uloqga bergan baxodan ham pastdir, — dedilar*. (Muslim. 4/2272)
Rasululloh (s.a.v.) bu solishtirish bilan o’tkinchi dunyoni sabab qilib, oxiratini boy bermaslikni, Alloh qadrlagan narsalarni qadrlash lozimligini xotirlarga solmoqchi bo’ldilar. Dunyoni asl maqsad va g’oya Qilib jon-jaxd bilan tirishadigan va bu yo’lda hech bir qonun va nizomni tan olmaydiganlar bir kuni ularni pushaymonlik ichiga tushiradigan, jazolarini chektiradigan olamga ko’chishlarini eslab qo’ysinlar.
Avf qiymati bu qadar bo’lgan dunyoda uch-to’rt kun ortiqcha turgandan ko’ra, Rasuli akram (s.a.v.) janobimizning qullari va duolari bilan qora tuproqqa kirishga va oxirat yo’lchisi bo’lishga ko’proq rozi edi.

Qayd etilgan