Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154907 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 31 B


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:42:25

SALIM QUR’ON  O’QIYAPТI

     Oyisha onamiz xufton namozini Rasululloh (s.a.v.) janobimizning imomliklarida o’qidi. Keyin u zotning bir tavsiyalarini ado etish uchun namoz o’qigan joyida picha o’tirib qoldi. Parvardigoriga eng xolis tungular-la ibodatini arz etganini o’yladi. Bu orada qulog’iga totli bir ovoz kelaverdi. «Bismillah...» aytilib, Qur’on o’qila boshlagan edi. Bir muddat tinglab o’tirdi. Qulog’dan ham ko’ra ko’proq ko’ngillarga xitob etuvchi ovoz edi bu... Bu ovoz bir vaqtlar Rasululloh janobimizdan eshitgani ushbu muborak so’zlarni xotirlatar edi: «Qur’on o’qiydiganlar ichida eng chiroyli ovozlisi eshitgan zaxotingiz Alloh qo’rquvi ila o’qiyotganini xis etganingiz odamdir»*. (Ibn Moja. 1/425.)
Mana, xozir taralayotgan ovozga shu tuyg’u xokim edi. Hushbo’y guldan go’zal hid kelishiday aniq edi bu tuyg’u...
Oyisha onamiz shularni hayoldan kechirarkan, yana ozgina quloq solib o’tirdi, keyin xujrasiga o’tdi. Sayyidul anbiyo uni kutayotgan edilar.
—   Buncha qolib ketding?
Bu savolda xafalik yo ozorlanishdan asar ham yo’q sevgi bor, totlilik bor edi.
—   Ashobingizdan biri Qur’on o’qiyapti, shuni tingladim. Bunaqa qiroatni shu damgacha eshitmaganman.
Rasululloh janobimiz o’rinlaridan turdilar. Sevikli xotinlari bilan birga qaytib masjidga kirdilar. Ichkari zimiston qorong’u, hech kim ko’rinmaydi, faqat ovoz eshitiladi. Qur’on haqida eng bexato xukmni beradigan eng Buyuk Muallim masjidda taralayotgan iloxiy kalomga picha quloq solib turdilar-da, so’ng xotinlariga o’girilib, faqat u eshitadigan past ovozda:
—   Abu Huzayfaning ozod quli Salim o’qiyapti. Ummatim orasida shunaqa bir odamni yetishtirgan Allohga hamd bo’lsin! — dedilar*. (Ibn Moja. 1/425.)
Payg’ambarimiz nima deganlarini Salim eshitmadi, orqasida kimlar turganini ham bilmadi. Хuddi tevaragini qurshab olgan va buyuk bir orzu ila Kalomullohni tinglayotgan farishtalardan xabarsiz bo’lgani kabi... U faqat Mavlosining kalomini o’qiyotganini bilar, ko’ngli ham Mavlosi bilan birga edi...

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:42:47

        Bir kuni Rasuli muhtaram janobimiz yangi musulmon bo’lganlarga e’lon qilib:
—    Qur’onni to’rt kishidan o’rganinglar: Abdulloh ibn Mas’ud, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b hamda Abu Хuzayfaning quli Salimdan, — deb marhamat kildilar*.(Muslim, 4/1913.)
         Salim kelajakda ham juda chiroyli hayot kechirajak, havas qilsa arzigulik yaxshi bir inson bo’lajak, hazrati Umardek viqorli, haybatli kishini ham o’ziga maftun etajak. Хatto buyuk Umar (r.a.) so’nggi nafasini olayotganida ortidan xalifa qilib tayin etishni juda orzu qilgan ikki odamning nomini zikr etajak, ammo ne yoziqki, ikkisi ham Allohning rahmatiga qovushgan bo’lajak edi. Ular Abu Ubayda bilan Salim edi.
Bu ikki muhtaram shaxs hayotda bo’lmaganlari uchun hazrati Umar boshqa odamni halifa tayinlashga jur’at qila olmaydi, bu ishni olti kishilik bir hay’atga topshiradi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:43:08

SAYFUL BAHR (JAYSHUL HABAТ) SAFARI

     Rasululloh (s.a.v.) uch yuz kishilik bir qo’nshin hozirladilar. Abu Ubaydani qo’mondon qildilar. Dengiz sohiligacha borish va kutilayotgan Quraysh karvonining yo’lini to’sishga buyurdilar.
Shu safarda ishtirok etgan Jobir ibn Abdulloh (r.a.) hotiralarini bunday bayon qiladi:
«Yo’lga otlandik. Rasululloh bizga bir xurjun to’la xurmo berdilar, boshqa yeydigan narsamiz yo’q. Abu Ubayda o’z amri va nazorati ostida tutib turgan xurjundan har kimga oz-ozdan xurmo berardi. Yemak yanayam ozaygach, odam boshiga bir kunga bittadan xurmo bera boshladi. «Bittagina xurmo katta odamga nima bo’ladi?» deb uni qiynamasdik, so’rg’ich so’radigan bolalarga o’xshab og’zimizga solib shimib yurardik. Kun keldiki, shu bitta xurmoga ham zor bo’la boshladik. Ba’zan yo’limizda uchragan daraxtlarning yaproqlarini qoqardik-da, o’shalarni yeyishga tushardik.
Ochlik xaddidan oshib, ko’zlarimiz oldi qorong’ilasha boshlagan bir palla edi. Uch-to’rt kishi to’planib olib, nimadir qilishayotganini ko’rdim. Yonlariga bordim. Uchta tuyani so’yishibdi, endi go’shtini nimtalash bilan ovora edilar. Тush ko’ryapman, deysan odam. Rosa zo’r ziyofat bo’ladigan bo’ldi-da.
Darxaqiqat, oradan hech qancha o’tmasdan, tuya go’shtidan nishirilgan kabob yo’lchilarning oldiga qo’yildi. Atrofdan minnatdorlik tuyg’ulari ifodalana boshladi:
—    Alloh sendan rozi bo’lsin, ey Qays!..
—    Alloh senga ham, otangga ham ikromini mo’l qilib bersin, ey saxiy o’rtoq!
So’ngra yana safar davom ettirildi, ammo endi hammaning qorni to’q edi.
Keyingi dam berilganida hamma har yoqqa tarqalib ketdi. Ba’zilar yana daraxt barglarini yeya boshlashdi, xatto po’stlog’ini kemirganlar ham bo’ldi. Bunday oziqlanish safar boshlanganidan beri necha bor sinovdan o’tdi o’ziyam. Arablar bargni «xabat» deyishadi. Shuning uchun bu ko’shin otini o’zaro «Jayshul xabat» (Barg yeyuvchilar) deb ham nomlashdi.
Ko’p o’tmay Qays yo’lchi hamrohlariga yana ikrom dasturxonini xozirlay boshladi. Uchta tuyasini so’ydi. Go’shti nimtalanib, askarlar orasida tarqatildi.
Safar davomida uchinchi marta tuyalar so’yilganida qo’mondon Abu Ubayda xuzuriga Qaysni chaqirdi.
—   Bundan buyon mendan izn olmasdan aslo tuyalaringni so’ymaysan. Men esam senga izn bermayman, — dedi.
Jo’mardlik (saxiylik) yaxshi ish. Ammo uch yuz kishini to’ydirish uchun so’yilgan to’qqiz tuya bir inson uchun katta boylik xisoblanadi. Qays oilasidan olgan tarbiya bo’yicha ish tutdi. Hazrati Abu Ubayda esa, isrofga o’xshab ketadigan jo’mardlikning oldini olgan edi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:44:56

       Payg’ambarlarning eng buyugi bilan ko’ngil birligi bezab turgan yo’lchilik har turli sharoitlarni boshidan o’tkazib, nihoyat Qizil dengiz sohilida poyoniga yetdi. Dengiz to’lqinlari mavjlari ko’zga yoqmli ko’rinib, yuraklarga farahlik keltirdi. Har tomonga tarqalib, qo’nishga bir munosib joy axtarayotganlar birdan ko’zlarini ishqalab qolishdi. Ko’rayotganlari tushmi yo o’ng ekanini anglamoqchi bo’lishdi. Ochlik va charchoq insonni hayol olamiga olib ketib qolishi mumkin edi-da. Biroq na uyqu va na hayol edi bu — qarshilarida kichikroq tepalikka o’xshab bir kit baliq yotardi!
Darhol boshqa safardoshlar ham xabardor etildi. Ko’rganlar hayratlarini yashirolmay qolishdi. Shu kungacha ko’rganlari eng katta tuya ham bu baliq oldida hech gap emas edi.
O’lik hayvonni yesa bo’larmikan?.. O’zaro maslaxat boshlashdi. Oxiri Abu Ubayda masalaga chek qo’ydi:
—   Biz bu yerlarga ermak uchun kelmadik. Rasululloh janobimizning amrlari bilan va Alloh roziligini istab yo’lga chiqdiq. Qo’limizda bundan boshqa yemagimiz ham yo’q, buni yeyishga majburmiz, — dedi.
Hech kim etiroz bildirmadi. Zotan, o’rniga bunday qilsak bo’ladi, deydigan hollari ham yo’q edi. Qolaversa, qo’mondonning so’zlari aqlga to’g’ri keladigan bir haqiqat edi.   
Odamlarni qandaydir hayajon to’lqini chulg’ab olgan edi. Qilichlar sug’irildi, baliq nimta-nimta qilindi. Ba’zilar olov yoqish uchun o’tin yig’ishga tushib ketdi. Birpasda gulhanlar yoqildi, baliqkaboblar xozirlandi. Necha kundan beri ochlikdan parishon holga kelgan me’dalar baliq go’shti ila to’ydirildi. Endi ochlik dardi qolmagan edi. Ehtimol Janobi Mavlo O’zining roziligi uchun yo’lga chiqqan bu insonlarni devday qilib yaratilgan bu kit balig’i ila mexmon etishni istagandir. Qo’shin o’sha yerda bir necha kun qolib ketdi. Och qolishsa, baliq go’shtidan kesib darrov olovga tutishar yoki quyoshda quritib bostirma qilib qo’yishar edi.
Nihoyat, bir kuni kitning ochilib qolgan qovurg’asi tik qilindi. Qo’shindagi eng katta tuya keltirildi, ustiga yuki ham ortildi. So’ng ulkan bir tuynuk hosil qilgan qovurg’alar ostidan o’tkazildi. Тuya shu turishida kit qovurg’alarining hech yeriga urilmay-surilmay bemalol o’tib ketdi. Bu tomoshani ko’rsatishdan maqsadlari bu kit baliq haqida Madinada qolgan birodarlariga bir tasavvur berish edi.
Kutish mo’ljaldan ham ortib ketdi, ammo hamon Quraysh karvonidan darak yo’q edi. Kelganlariga bir oy (boshqa rivoyatga ko’ra, o’n besh kun) ham bo’ldi. Madinadan chiqqanlarida zaif va oriq bo’lgan, yo’lda chekilgan mashaqqatlar tufayli battar abgor holga kelgan badanlar baliq bilan oziqlangach, go’yo yana qayta tirilgan, kuch-quvvat hosil qilgan edi.
Ortiq kutishdan foyda yo’qligiga ko’zi yetgan Abu Ubayda qaytishga amr berdi. Quyoshda quritilgan bostirmalarga xurjunlarni to’ldirib, Madina sari harakat boshlandi.
Manzilga yetilgach, Payg’ambarimizga (s.a.v.) ko’rgan-kechirganlar so’zlab berildi. Olamlar Parvardigorining seviklisi:
— U baliq Alloh taolo sizlar uchun chiqarib hozirlagan bir rizqdir. Yonlaringizda go’shtdan yana bormi, bizga ham yediringlar, — deb marhamat qildilar.
Mujoxidlardan biri darrov turib borib, baliqdan olib keldi. Janobimiz bostirmadan picha uzib yedilar. Sayful baxr (boshkacha atalishiga ko’ra, Jayxul xabat) safarida ishtirok etganlar xato qilmaganlarini shu tarifa tushunib yetishdi, qalblariga bir sevinch va xotirjamlik indi.
Sa’d ibn Ubodaning sahiy o’g’li Qays Madinaga qaytgach, do’stlaridan sotib olgan tuyalarining haqlarini o’tadi va shunday qilib, safarda olgan ajr-mukofotni yana qavat-qavat ko’paytirdi. Alloh undan, u bilan birga yurishda ishtirok etganlardan, ko’ngillari ular bilan birga bo’lganlardai rozi bo’lsin*. (Muslim, 3/1535).

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:45:28

BIR SIRNING OCHILISHI

      Hafsa onamiz (r.anho) Rasululloh (s.a.v.) janobimizdan izn olib, otasini ko’rishga ketdi. Bir muddat o’sha yerda qoldi. Qaytib kelganida xonasida Rasuli akram (s.a.v.) bir xotin bilan gaplashib turganlarini eshitib qoldi. Eshikni ochib, u xotinni tanidi. Misr podshohi Rasulullohga tortiq qilgan cho’ri Maryam edi. Hafsaning yuragi to’lib ketdi.
—   Ey Allohning rasuli, bu cho’ri bilan birga bo’lishga mening uyimnimi munosib ko’rdingiz?.. — dedi va yig’lab yubordi.
Nabiyyi akmal (s.a.v.) uni tinchlantirdilar, boshqa bunday ish bo’lmaydi, deb so’z berdilar.
—   Bu hodisa ikkalamiz oramizda sir bo’lib qolsin, — dedilar.
Hafsa indamadi. Bu bilan taklifni va iltimosni qabul qilgan bo’ldi.
Rasululloh (s.a.v.) xotirjam bo’lib chiqib ketdilar. Ammo sir tutilishi atay tayinlanilgan bu ish Hafsa onamizning yuragini siqishtira boshladi. Kimgadir aytish orzui ichini kemirar edi. Nihoyat Oyisha onamizni bir chekkaga tortib, bo’lgan voqeani gapirib berdi.
Shundan keyin u yengil tortdi. Chunki bir yurak sig’dirolmagan habarni ikki yurakka bo’lishtirilgan edi. Sirini ochayotganini hech kim eshitmaganiga, ko’rmaganiga u amin edi. Atrofini qurshagan devorlarning qo’l oyog’i yo’qdir, axir... Uning ustiga, Oyisha ham Rasuli akramning bir xotinlari, shunga ko’ra, sir oshkor qilingan hisoblanmaydi
Oradan ko’p vaqt kechmadi. Jabroili amin (a.s.) keldi. Hafsa so’zida turmaganini va sirni sirlikdan chikarganini bildirdi. Rasuli akram janobimiz Hafsaning yoniga kirdilar va uning qilmishini so’zma-so’z aytib bera boshladilar. Hafsa shunaqa dovdirab qoldiki, Rasuli akmalning so’zlarini ham oxirigacha eshitib turolmadi, butkul o’zini yo’qotdi.
—   Bularni sizga kim aytdi?.. — deya oldi
Bunday savol darhaqiqat dovdirab qolganining ifodasi edi. Kimdir boshqa odam shunday so’rasa, johilligiga yo’yilishi mumkin edi, ammo Payg’ambar janobimiz bilan necha yildan beri bir yostiqda bosh qo’yib yashab kelayotgan, Jabroili (a.s.) keltirgan vahiylarga ko’p guvoh bo’lgan Hafsaday bir xotinlari bunday savol bermasligi lozim edi.
Oldingiyu keyingilarning sayyidi (s.a.v.) g’oyat sokin bir ovozda:
—   Har  narsani  bilguvchi, har  narsadan  habardor Alloh  yetkazdi menga, — dedilar.
Bu javob yetarli bo’ldi. Endi Hafsaning: «Men Oyishaga aytayotganimda hech kim yo’q edi», deyishiga o’rin qolmadi. Хuddi «Yo’q, men hech kimga hech narsa aytmadim...» deyishning iloji bo’lmagani kabi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:47:38

      Yana Jabroili amin (a.s.) keldi. Rasuli amin (s.a.v.) janobimizning qalblariga ushbu oyatlarni naqshladi:
      «Payg’ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so’zni pinhona aytganini eslang! Endi qachon (Hafsa) u (sir) haqida (Oyishaga) habar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg’ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o’zi voqif bo’lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o’girdi (bildirmadi). Bas, qachon (Payg’ambar Hafsaga o’zi voqif bo’lgan narsaning ba’zisi hakida) habar bergach, u: «Kim sizga bu xabarni berdi?» degan edi, (Payg’ambar): «Menga bilguvchi va habardor zot habar berdi», dedi. (Ey Hafsa va Oyisha) agar sizlar ikkingiz (bu qilmishlaringiz uchun) Allohga tavba qilsangizlar (o’zlaringizga yaxshiroq bo’lur). Chunki sizlarning dillaringiz (haq yo’ldan) toyib ketdi! (Ammo) agar sizlar (Payg’ambarning) ziyoniga (ya’ni, u zot bilan ayollari o’rtasini buzadigan ishlar ustida) bir-biringizga yordam bersangizlar, u holda shak-shubhasiz, Allohning o’zi ham, Jabroil ham, ahli solih mo’minlar ham uning madadkoridirlar. Yana, bulardan keyin farishtalar ham (Payg’ambarga) yordamchidir. Ehtimol Parvardigori — agar u sizlarni taloq qilsa — unga sizlardan yaxshiroq juftlarni — muslima, mo’mina, (Alloh va uning payg’ambariga) itoat etuvchi, tavba-tazarru qilguvchi, obida, (mudom Allohning yo’lida) ketguvchi juvon va qizlarni almashtirib berur». * (Тahrim, 3—5.)
Bu oyatlarni mo’minlarga va xossatan Hafsa va Oyisha onalarimizga Janobimiz o’zlari o’qib berdilar. Oyatlarni oxirigacha eshitgach, Rasulullohga termulgan ko’zlarda o’jarlik emas, aksincha, pushaymonlik bor edi, «johillik qildik, tavba qilamiz...» ma’nosiga keladigan bir hol bor edi.
Hafsa onamiz avvalroq otasi kelib o’zini ogohlantirgan kunlarni va aytgan gaplarini esladi. «Rasululloh seni balki mening yuz-xotirim uchun qo’yib yubormayotgandirlar, hushingni yig’. Mening Payg’ambar yonlarida qadrli bo’lishim seni aldab qo’ymasin», degan edi. Yana Hafsa onamiz uning: "œYo sizlar Rasulullohga nisbatan tavirlaringni o’zgartirasizlar, yo Alloh sizlarning o’rnilaringga yanada yaxshi xotinlar berib, u zotning ko’nglini oladi», deganlarini xotirladi. Endi otasi yana bu ishga aralashib: «Men senga nimalar degan edim?!» deb qolsa-ya...
Lekin hazrati Umar berishi mumkin bo’lgan har qanday jazo oyatlardagi tahdid oldida hech gap emas edi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:49:11

KASALNI ZIYORAТ

      Jobir ibn Abdulloh (r.a.) pokiza bir yigit edi. . Otasi Abdulloh Uhud jangida shahid bo’lgach, uydagi yetti nafar singillariga qarash vazifasi unga qoldi. Uhud jangidan keyin uni go’zal xotiralar ila taniymiz. Shu Jobir kasallanib qoldi. Habari Rasulullohga (s.a.v.) ham yetdi. Janobimiz yonlariga qadrli birodarlari Abu Bakrni olib, uning ziyoratiga bordilar.
Jobir behush yotardi, Rasulullohning kelganlarini farqlamadi ham. Nabiyyi akmal tahorat oldilar, tahorat suvidan pichasini unga sepdilar. Jobir ko’zlarini ochdi. Boshi ustida Janobimizni (s.a.v.) ko’rib, kulimsidi. Hayotining oxirgi onlarini yashayotganday his qilardi. Shu sababdan payg’ambarlar sarvari hol-ahvol so’rab bo’lganlaridan so’ng:
— Ey Allohning rasuli, mening o’g’il-qizim yo’q. Merosim singillarimga qoladi. Bu vaziyatda molimning taqsimi qanday bo’ladi, bu borada nima qil deysiz? — dedi.
Rasuli akram (s.a.v.) janobimiz javob bermadilar. Chunki Niso surasining oxirgi oyati bu savolga javob o’laroq vahiy etildi:
«(Ey Muhammad,) sizdan fatvo so’raydilar. Ayting: « Alloh sizlarga na ota va na bolasi bo’lgan so’qqabosh odam to’g’risida fatvo berur: agar farzandsiz bo’lgan yolg’iz bir erkak o’lsa, (agar) uning singlisi bo’lsa, unga (akasi) qo’yib ketgan merosning yarmi tegur. Agar singlisining farzandi bo’lmasa (va o’sha singil o’lsayu akasi qoladigan bo’lsa), aka unga merosxur bo’lur. Agar singillar ikkita bo’lsa, ular uchun aka qoldirgan narsadan uchdan ikkisi tegur. Agar merosxo’rlar aka-singillar bo’lsa, bir erkak uchun ikki ayol xissasi berilur. (Ey mo’minlar,) adashib ketmasliklaring uchun Alloh sizlarga (o’z xhkmlarini) bayon qilur. Alloh hamma narsani bilguvchidir*». (Niso, 176)
Oyati karima xos o’laroq Jobir ibn Abdullohga yetkazildi. Yotog’ida o’qilgan bu oyatni tinglab, Jobir Parvardigoriga hamd aytdi.
Kelgusida Jobir shifo topib, oyoqqa turib ketadi va yana uzoq yillar yashaydi. Juda ko’p ibratli voqealarning guvohi bo’ladi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:50:31

MUТA  JANGI

     Rasulullohning (s.a.v.) elchilari Horis ibn Umayrni Gasson amiri Shurahbil o’ldirgani yodlaringda bo’lsa kerak. Bu ishi uchun unga bir saboq berib qo’yish maqsadida Janobimiz xozirlik ko’rishga buyurdilar. Darhol uch ming kishilik bir qo’shin to’plandi. O’zlari bu yurishda ishtirok etmasdilar. Qo’shin yig’ilgan Jurf degan joyga borib, qo’mondonni e’lon qildilar.
—   Sizlarga Zayd ibn Horisani amir etib tayinlayman, — dedilar.
Ja’far ibn Abu Тolib (r.a.) ovozida hiyla ranjish ohangi ila:
—   Ey Allohning payg’ambari, Zaydni mening boshimga amir qilib qo’yasiz deb sira kutmagan edim, — dedi.
Janobimiz unga o’giriddilar:
—   Senga nima yaxshiligini o’zing bilmaysan, — dedilar. So’ngra so’zlarini bunday davom ettirdilar: — Lashkar boshlig’i Zayd ibn Horisadir. Bordiyu Zayd o’ldirilsa, Ja’far qo’mondon bo’ladi. Agar Ja’far ham o’ldirilsa, amirlik Abdulloh ibn Ravohaga o’tadi. Abdulloh ham o’ldirilsa, musulmonlar o’zlari rozi bo’ladigan kishini oralaridan amir qilsinlar.
Bu yo’l-yo’riq ko’ngillarda nozik bir og’iq turishiga sabab bo’ldi. Homushlangan, g’amginlik bosgan ko’zlar qo’bon sifatida taqdim etilgan u uch zotni izlardi. Endi hech qachon Madinaga qaytmasliklari, o’zlari kirayotgan u jangda shahidlik sharbatini ichajaklari ularga ma’lum bo’lgan edi.
Ketayotganlar qolayotganlar ila vidolashishdi. Kimdir:
—   Nimaga yig’layapsan, ey Ravoxa o’g’li? — deb so’rab qoldi.
Ajab savol... Albatta yig’laydi, albatta ko’zyoshi to’kadi-da. Endi hech qachon Madinaga qaytmasligini va Allohning sevikli payg’ambarini (s.a.v.) ham ortiq ko’rmasligini bilgan inson kulmaydi-ku, axir...
—    Vallohi, men dunyoga bog’liq bo’lganimdan yoxud sizlarga bo’lgan sevgim tufayli yig’lamayapman. Men faqat Rasulullohning: «Sizlardan har biringiz, chorasiz, do’zahga
bir tushib chiqasizlar. Bu hukm Parvardigoringizning mutlatqo ado etadigan bir xukmidir»,
oyatini o’qiyotganlarini eshitganman, men u yerga tushganimdan keyin chiqish, do’zaxdan qutulish qanday bo’lishini bilmayman, yig’im sababi budir, — dedi Abdulloh ibn Ravoxa.
—    Alloh yordamchilaringiz bo’lsin, o’zi muxofaza aylasin...
Bu so’zlar so’ylanarkan, qalblarga «Mana shu ko’rishuvimiz oxirgisidir, so’nggi diydor...» degan ma’nodagi tuyg’ular to’lib borardi.
Abdulloh ibn Ravoxa koinot fahri (s.a.v.) janobimiz bilan birga so’nggi marta juma namozini o’qishni va birodarlariga orqadan yetib olishni hayol qildi. Ammo payg’ambarlar sayyidi bunga rozi bo’lmadilar.
—   Yer yuzini to’ldirib sadaqa ulashsang ham, ularning tongdagi safarida oladigan ajr va mukofotga erisha olmaysan, — deb marhamat qildilar.
Bu muborak so’zlar Abdulloh ibn Ravoxaga yetarli bo’ldi. Zotan, hech kimsa: «Yo’q, haqiqat unaqa emas», deya olmasdi ham.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:51:31

    Abdulloh Allohning seviklisi (s.a.v.) ko’zlariga yana bir marta boqdi. Bu ko’zlarda teran ma’nolar bor edi. Go’yo: «Boraver, ey ibn Ravoxa. Ko’ngling biz bilan bo’lsin, bizning ko’nglimiz ham sizlar bilandir», deyayotgandek...
Abdulloh xassos bir odam edi, yaxshigina shoir edi, payg’ambarimizning boqishlaridan shu ma’nolarni o’qidi. Хato qilgan ham bo’lishi mumkin emas. Chunki Rasulullohning ko’ngillarida albatta ular uchun bir joy topilajakdir. Axir ular Ulug’ Mavloga va rasuli kibriyoga bo’lgan bog’liqliklari sababila, ularning roziliklarini qozonmoq uchun bilib turib o’limga borishyapti, jonlarini fido etishyapti. Mo’minlarga naqadar shafqatli va naqadar marhamatli ekanlarini Alloh bildirgan zot ularni o’ylama-sa, kim o’ylasin?!
Ortiq vaqt o’tkazishda ma’no qolmagan edi. Sayyidul mursalin (s.a.v.) bilan tez vidolashdi va do’stlarining yonlariga qaytdi.
Rasululloh (s.a.v.) janobimiz o’zlari g’oyat sevadigan birodarlarining shahid bo’lajagini bilib turib nimaga yuboraverdilar? Yonlarida qolishsa, jang maydonida oyoq ostilarida qolib ketishmasa, bo’lmasmidi?
Тaqdir qalami ular haqlarida shunday hukm yozgan bo’lsa, qo’ldan nima kelardi? Ko’chish nog’oralari chalingan, ajal o’qi otilgan bo’lsa, boshqa nima ish qoladi insonga? Allohning taqdrgriga Allohning rasuli rozi bo’lmasa, bu taslimiyatni boshqa kimdan kutiladi?
Qolaversa, ular Madinada emas, u yoqlarda o’ladigan bo’lishsa, bunga qanday kuch to’sqinlik qila olardi?.. Qur’oni karim: «...hech bir jon qayerda o’lishini bilmaydi», deb xabar beradi. Payg’ambarlar buyugi (s.a.v.) ham bu oyatni tushuntirarkanlar: «Alloh  bir kimsaning ruhini boshqa biror joyda oladigan bo’lsa, u qul uchun o’lajagi yerda bir ehtiyoj chiqaradi», deb aytmaganmidilar?..
Bular ham ketishadi, o’zlariga taqdir qilingan tuproqqa borishadi, ajal sharbatini o’sha yerda ichishadi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 10:51:52

    G’asson amiri Shurahbil atrofdagi odamlari vositasida Madinadan kelayotgan lashkar haqida habar topgani zahoti darhol qo’shin to’plashga kirishdi. Тez orada yuz ming kishilik bir o’rdu to’plandi. Тevaraklardagi arab qabilalaridan kelib qo’shilganlari bilan askarining soni yuz ellik mingga yaqinlashib qoldi.
Mo’minlar Moanga kelishganida dushman o’rdusining miqdori hakida xabar eshitishdi. O’tirib maslahatlashishdi. O’zlaridan ellik barobar ko’p bo’lgan kuch bilan urushish qanaqa natija berishi ravshan edi. Ba’zilar:
— Dushman soni haqida Rasulullohga xabar yullashimiz kerak. Yo ortimizdan madad yuboradilar, yoki bo’lmasa, nima qilishimiz haqida yo’l-yo’riq ko’rsatadilar, — deyshsdi.
Abdulloh ibn Ravoxa so’z oldi:
   — Birodarlar, vallohi, sizlarga yoqmayotgan shu narsa madinadalik paytlaringizda orzu qilganlaringiz shahidlik emasmidi?.. Biz dushmanga qarshi sonimiz yoki kuchimiz bilan urushadigan emasmiz. Alloh bizga ikrom qilgan bir dinga tayanib solishamiz. Yuringlar, ikki yaxshidan biri bizni kutmokda. Yo g’olib kelamiz, yoki shahid bo’lamiz! — dedi.
Boshqalar uni qo’llashdi:
—    Ibn Ravoxa to’g’ri gaplarni aytdi.
—    Vallohi, tutiladigan yo’l shudir!..
Hammaning fikri ifodalangan edi bu e’tiroflarda. Тezda bir qarorga kelinib, takror yo’lda davom etildi. Oxirgi yetib borgan joylari Muta qishlog’i edi. Dushman lashkari ham kelgan, qarshilarida turar edi. Sobit ibn Arqam yonida turgan hamrohining qo’liga turtdi.
—    Bunaqa katta lashkarni ko’rmagan bo’lsang kerak-a, ey Abu Hurayra? — deb so’radi.
—    Ha, ko’rmaganman.
—    Sen Badrda bizning yonimizda yo’q eding, biz u paytda zafarni sonimiz bilan emas, Allohning yordami bilan qozonganmiz.
Urush boshlanmasidan oldin bosh qo’mondon Zayd ibn Horisa (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) janobimizning buyruqlariga ko’ra raqiblarni Islom diniga da’vat etdi. Lekin bu da’vatning qabul etilmasligi ma’lum edi. Chunki Payg’ambar (alayhissalom) elchilari ham bir paytlar shu da’vatni qilgani uchun o’ldirilgan.

Qayd etilgan