Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154913 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 31 B


Muslimа  16 Fevral 2008, 11:02:34

***
     Хuzoaliklarning ishi bitganidan keyin Qurayshning ichiga go’yo bir qurt tushdi. Хuzoaliklar Madinaga borib, bo’lgan ishlarni yetkazishsa... Vaziyat tahlikali edi, yaxshi natijani kutib bo’lmasdi. Ulardan avval tashabbus qilib, yangi bir bitim tuzishga erishish eng sog’lom bir ish bo’lar edi.
Тez orada Abu Sufyon yo’l tayyorgarligini ko’rdi. Madinaga otlandi. Aslida bu ishlarga u aralashmagan, ammo keladigan balo uni ham chetlab o’tmasligi aniq edi.
Yo’lda Budayl ibn Varqo bilan xuzoalik hamrohlarini uchratib, peshonasidan sovuq ter chiqib ketdi.
—   Qay yerlardan so’raymiz, ey Budayl, Yasribdanmi? — deb so’radi havotir ichida.
—   Yo’q, Yasribda qiladigan ishimiz yo’q.
Abu Sufyon gapni aylantirmoqchi bo’ldi:
—    Yasrib xurmolaridan bir-ikkita ikrom qilsang, yesak bo’larmidi, — dedi.
—    Bizda Yasrib xurmosi yo’q, ey Abu Sufyon. Safaring bexatar bo’lsin, yo’lingdan qolma... — deya Budayl bilan uning hamrohlari yo’llarida davom etishdi.
Abu Sufyon ularning ortlaridan bir muddat qarab qoldi. So’ng ulovidan tushdi. Ular mingan ulovlarning ahlatlarini titkilab ko’rdi. Rangi bo’zardi. Ichini dahshat va qo’rquv qoplab oldi. «YOLG’ON gapirishibdi... meni aldashibdi... ular Yasribdan kelishyapti!» deya to’ng’illadi. Bir qarorga kelishi uchun ko’p vaqt kerak bo’lmadi. Voqeani yetkazishgan bo’lsa ham, borib yangi bir ahdlashuv chorasini qidirgani ma’qul, shundan foyda. Тez uloviga minib, Madina sari shoshildi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 11:03:15

***
     Madinaga borgach, ilk ishi qizining uyini ahtarish bo’ladi. Abu Sufyon shunday qildi. hiyol muddat o’tirib damini olishi, nima qilajagi haqida qizi bilan maslahatlashishi lozim. Harholda, Ummu Habiba bu ishdan habardor bo’lsa kerak.
Ummu Habiba eshikni ochib, qarshisida otasini ko’rishni hech kutmagan edi. Axir, qachondan beri ko’rishishmagan!..
—   Хush kelibsiz, otajon! — dedi.
Abu Sufyon ichkariga kirdi, ro’paraga solingan ko’rpacha tomon yurdi. Ammo qizi shosha-pisha ko’rpachani yig’ishtira boshlaganini ko’rib, dovdirab qoldi. Bir onda aqli uvadaga aylandi. Тurgan joyida bir muddat qotdi. So’ngra ruhidagi alg’ov-dalg’ovliklarning ifodasi o’laroq tiliga bir-ikki kalima keldi:
—   Тushunmadim, qizim, meni bu ko’rpachaga loyiq ko’rmadingmi yo bu ko’rpacha menga loyiq emasmi?
Qizi aniq-tiniq bir ovozda:
—   Bu ko’rpacha Rasulullohnikidir, shunga o’tiradilar, shunda yotadilar. Sizni bunga o’tirg’izmayman, chunki mushriksiz, najassiz, — dedi.
Bu so’zlar Abu Sufyonning miyasiga hanjar bo’lib sanchildi. Necha yillardan beri endi ko’rishib turgan qizi shunday bir ishni qilsa, undan shunaqa bir gap eshitsa-da, qanday erib bitmasin!..
—   Bizdan ketganingdan keyin senga bir narsa bo’libdi, — deya oldi zo’rg’a.
So’ngra g’alati bir tuyg’ular iskanjasida qolgan aqlini ishlatishga ehtiyoj ham sezmasdan, boshini ham qolgancha, chiqdi-ketdi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 11:03:42

     To’g’ri Rasuli akram (s.a.v.) janobimizning huzurlariga bordi.
—    Ey Muhammad, men bu yerga oramizdagi bitimni ham kuchaytiraylik, ham uzaytiraylik deb keldim, — dedi.
—    Seni bu yerga keltirgan sabab shu demak, shundaymi, ey Abu Sufyon?!
—    Ha, shu. U holda biz bitimimizga rioyali va sodiqmiz. Uni buzmaymiz ham, unga nomuvofiq ish qilmaymiz ham.
—    Ammo biz o’rtamizdagi bitimni yangilashimiz lozim.
—    Sizlar bitimni buzdilaringmi? Uni buzadigan bir ish qildilaringmi?
—    Yo’q.
—    U holda yangi bitim tuzishning ham lozimi yo’q..
Abu Sufyon taklifini yana takrorladi. Rasuli akram janobimiz javob bermadilar. Shu tariqa Abu Sufyon bu ko’rishishdan bir foyda chiqmasligiga ishonch hosil qilib, masjidni tark etdi.
Ammo Makkadan bu yerga hech bir ish qilmaslik uchun kelmagan edi, axir. O’ziga bir dastak istashi, oraga tushadigan bir odam topishi, yordam berib yuborishini iltimos qilishi lozim. Shu niyatda hazrati Abu Bakrning (r.a.) yoniga bordi.
—   Rasululloh janobimiz istamagan bir masalada senga yordamchi bo’lolmayman, — degan javobni oldi.
Hazrati Umar (r.a.) xuddi bir olov parchasiday edi. Miyasiga qon urilganday bo’lib:
—   Nima?! — deya hayqirdi. — Sizlarga yordam beramanmi?! Ovora bo’lma, ey Abu Sufyon!.. Dunyoda menga orqa bo’ladigan birgina chumoli qolgan bo’lsa-da, vallohi, u bilan birlashib, sizlarga qarshi kurashaman!
Keyin Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Тoliblarga (Alloh ulardan rozi bo’lsin) uchradi. Ulardan ham naf ko’rmadi. Chorasizlik har tarafdan uni o’rab olgan edi. Fotimaning (r.anho) huzuriga bosh urib bordi.
—    Men bir ayol kishiman, hech kimni himoyamga ololmayman, — dedi u.
—    Hech bo’lmasa, manavi olsin himoyasiga, — dedi Abu Sufyon shu atrofda o’ynab yurgan Hasanga ishora qilib.
—   U hali bola, o’yindan boshqa narsani bilmaydi...
Abu Sufyon takror hazrati Alini topdi:
—   Nima deysan, ey Abul Hasan, menga nima qilishni tavsiya etasan? — dedi.
Hazrati Ali hotirjam javob berdi:
—    Ey Abu Sufyon, sen Qurayshning kattasisan. Odamlar orasiga bor, har ikki tarafni ham himoyangga olganingni e’lon qil, keyin yurtingga qaytib ket.
—    Shunday qilsam, biror yordam bo’ladi deb o’ylaysanmi?
—    Vallohi, ko’pam unday deb o’ylamayman, lekin tavsiya etishga boshqa bir yo’l ham ko’rmayapman.
Abu Sufyon nochor ortiga qaytib, masjid oldiga keldi. O’sha atrofda yurgan odamlarga qarata:
—   Ey Yasrib xalqi, menga quloq solinglar!..  — deya hayqirdi. G’ala-g’ovur tingach, so’zida davom etdi: — Men Qurayshning kattasi Abu Sufyonman, ham Qurayshni, ham Yasrib xalqini himoyamga olaman! — deb baqirdi.
Shundan keyin kimning nima deyishini ham kutmasdan tuyasi boshini Makka tomonga burib, jilib yubordi.
Bir zamonlar burni bulutlarni suzib yuradigan Abu Sufyon xozir Madinadan rosa parishon bir holda qaytayotgan edi. Holbuki, Madinani yer bilan bitta qilish, dunyoda bitta ham mo’min qoldirmaslik uchun ulkan bir qo’shin to’plab kelganiga hali uch yil ham bo’lmagan.
O’z pushti kamaridan bo’lgan qizi uyida ko’rpachaga o’tirishiga izn bermadi; boshini urib borganlar hammasi uni tezroq o’zidan yiroqlashtirishning yo’lini ahtardi; endigina to’rt-beshga kirgan bolachaning himoyasini istaydigan darajada nochorlikka tushdi. Uhud jangining g’olib qo’mondoni sifatida «Yasha, ey shonli Hubal!» deya g’alaba na’ralarini tortgan Abu Sufyon hozir karaht bir alfozda ketib borardi.
Payg’ambarlar sultoni (s.a.v.) Handaq urushining oxirida endi bundan buyon Quraysh hech musulmonlarga qarshi jangga chiqa olmasligining habarini bergan edilar. Abu Sufyonning ham bitimni yangilash maqsadida yolvorishga kelishi musulmonlardan qo’rqayotganlarini, ularni katta bir kuch sifatida ko’rayotganlarini anglatar edi.

Qayd etilgan


Muslimа  16 Fevral 2008, 11:05:04

***
     Abu Sufyon qizini qaytib ko’rmasdan, undan hol-ahvol so’rashni-da xotiriga keltirmasdan Madinadan chiqib ketganidan keyin Payg’ambar janobimiz ham tevarakdagi musulmon qabilalarga xabarchilar yubordilar. Safarga chiqilajagini, qurollanib qo’shinga qo’shilishlarini buyurdilar.
Lekin qay tomonga borilishini hech kim bilmasdi.
Faqat, bu gal ilgarigilariga qaraganda katta tayyorgarlik ko’rilayotgani ma’lum edi.
Makkaga olib boriladigan yo’lga tushildi. Biron kimsaning oldinga o’tib ketishiga yo’l qo’yilmasdi. Shu zayl Madinadagi hozirliklar xabarining Makkaga yetkazilish ehtimoli kesildi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 10:58:19

ASHULACHI ХOТIN

      O’sha kunlari Madinaga Sora ismli bir ashulachi xotin kelib, Rasullulloh (s.a.v.) janobimizning xuzurlariga bordi. O’rtada bunday suxbat kechdi:
—   Islom dinini qabul qildingmi?
—   Yo’q.
—    Madinaga xijrat qilib keldingmi?
—    Yo’q.
—    U holda maqsading nima?
—    Yo’lda qoldim, yordam istab keldim. Bironta ulov bilan yegani oziq-ovqat berishlaringni iltimos qilaman.
Rasulullox janobimiz unga yordam berishni buyurdilar. Хotinga oziq-ovqat va ulov berildi.
Bu orada janobi Payg’ambarimizning sahobalaridan Хotib ibn Abu Baltao u xotinni bir joyda yolg’iz o’tirgan holda topdi. Qo’liga o’n oltin tutqazdi.
—    Bular nega? — deb so’radi ashulachi xotin.
—    Sendan bir istagim bor.
—    Qanaqa istak?
—    Bir xat beraman, shuni Makkaga borib Qurayshning peshvolaridan birortasiga berasan.
—    Masalan, Suhayl ibn Amrga bersam bo’ladimi?
—    Suhaylga ber, Safvon ibn Umayyaga ber yoki Ikrima ibn Abu Jahlga ber — qay biriga bersang ham bo’laveradi.
—   Juda soz, roziman.
Хotib xatni berdi.
—    Faqat sen bilan uchrashganimni hech kim bilmasligi kerak, tushunyapsanmi?
—    Mendan ko’ra tushunadianrog’ini topolmaysan, — deya Sora xatni oldi va shu zahoti o’rnidan turib, safarga otlandi. Endi uni yo’ldan tusadigan hech bir sabab qolmagan edi.
Rasululloh janobimiz Alloh taolo yuborgan vahiy farishtasidan bu haqda xabar olib, o’zlari yaxshi ko’radigan uch kishini yonlariga chorladilar. Darhol yo’lga chiqishlarini, Zulhulayfa yaqdnlarida yetishajaklari bir xotinni to’xtatib, u olib borayotgan xatni olishlarini, o’zini esa bo’sh qo’yib yuborishlarini buyurdilar. Agar xatni bermasa, o’ldirishlari mumkinligini eslatdilar.
Uch birodar Makkaga tomon ot qo’yishdi. Nihoyat, Zulhulayfa yaqinlarida yolg’iz ketib borayotgan bir xotinni uchratishdi.
—    Тo’xta, ey yo’lchi! — deb buyurishdi.
—    YOLG’IZ boshiga ketayotgan xotindan nima istaysizlar?
—    Yoningdagi xatni olishga keldik.
—    Adashyapsizlar, menda xat-pat yo’q.
—    Adashganimiz yo’q. Sen u xatni bizga topshirasan, keyin yo’lingda ketaverasan.
Хotin hamon o’zida hech qanday xat yo’qligini aytib yalinar edi.
—   Unda ulovingdan tush, tekshiramiz, — deyishdi.
Хotin tushdi. Narsalar titkilab ko’rildi, ammo xat yo’q edi.
—   Ko’rib turibsizlar, xat-pat yo’q, endi meni o’z holimga ko’ysangizlar, yo’limda davom etsam.
Lekin hazrati Alining (r.a.) fikri boshqacha edi.
—   Rasululloh yanglish xabar bermaydilar. O’zing chiqarib bermasang, ko’ylagingdan axtarishimga to’g’ri keladi. Тopsam, o’zingdan ko’r: boshing ketadi!
Shunday deb bir-ikki odim uning ustiga bostirib yurdi. Bir qo’li qilich qabzasida edi. Хotin ishining jiddiylashib borayotganini anglab, darrov so’z ohangini o’zgartirdi:
—   Хo’p, mayli, — dedi, — orqaga o’girilib turinglarchi.
Uchala birodar orqa o’girilishdi. Хotin boshini ochib, soch o’rimlarining ostiga yashirgan xatni chiqardi va ularga uzatdi. Shu tariqa masala hal etildi. Uch birodar vazifalarini ado etishganidan shod, sevinchli nigohlar ila bir-birlarini qutlashdi. So’ngra xotinga:
—   Ho’p, mayli, joningni qutqarding, ulovingga minda, yo’lingga ketaver, — deb izn berishdi.
Ali, Zubayr va Mivdoddan (Alloh ulardan rozi bo’lsin) iborat uch kishilik bu guruh esa Madina yo’lini tutdi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:00:17

—    Mana siz istagan xat, ey Allohning rasuli! U xotinga xuddi siz aytgan joyda yetib oldik.
Voqealarni gapirib berishdi. Payg’ambar janobimiz Хotibni xuzurdariga chaqirtirdilar. U kelgach, xat o’kildi:
«Хotib ibn Abu Baltaodan Quraysh kattalariga.
Хabarlaringiz bo’lsinkim, Allohning rasuli qarshi chiqa olmaydiganingiz darajada katta qo’shinni ustilaringizga xozirlamoqdadirlar. Тadbirli bo’linglar».
—   Тanidingmi bu xatni, ey Хotib?
Qanday qilib inkor etadi? Qanday qilib: «Yo’q, taniy olmadim», deydi? Bunday deb razolat ustiga razolat chiqarishga na hojat? Boshidan qaynoq suv quyilgandek bo’ldi. Sarvari olam (s.a.v.) huzurlarida yolg’on so’z aytish siz menga to’xmat qilyapsiz deyish bilan barobar edi. Хotib bunday ish qila olmasdi.
—    Ha ey Allohning payg’ambari, tanidim, — dedi.
—    Nimaga bunaqa ish qilding?
—    Ey Allohning rasuli, menga bir xukm chiqarishga shoshilmang. Men aslida qurayshlik emasman, keyin kelib Qurayshga yukingan bir odamman. Sizning yoningizdagi muhojirlardan har birining Makkada yaqinlari bor. U yerda qolgan oila a’zolari bilan mollarini asray olishadi. Хolbuki, men bunaqa imkoniyatdan mahrumman. Bu xat bilan ularga bir yaxshilik qilgan bo’layin-da, bunga javoban ular mening oilamni va mollarimni qo’risinlar devdim. Ammo men bu ishni dinimdan qaytganimdan yoki Islomdan pushaymonlik tuyib kufrga kirganimdan qilmadim. Maqsadim Allohga va rasuliga xiyonat emas, — dedi Хotib.
Rasuli akram janobimiz ashobga qaradilar:
—   Birodaringiz to’g’risini aytdi, - dedilar.
Bu muborak so’z Хotibning tomirlari bo’ylab yashin tezligida tarqalib, qalbiga bir farahlik to’ldi. Allohning rasuli shuni kutgan edilar.
Lekin hazrati Umar o’zini boshqara olmay qoldi.
—   Ey Allohning rasuli, ruxsat beriig, shu munofiqning bo’ynini chopib tashlay! — dedi.
Bu so’zlarni aytayotganida Umarning ovozimi shiddatliroq edi yoxud ko’zlaridan sachragan olovlarmi yanada yoquvchi edi, bilib bo’lmasdi.
Ammo Rasululloh janobimiz bunga yo’l qo’ymadilar.
—   Bu odam Badr jangida qatnashgan. Qayerdan bilasizlar, balki Alloh taolo ularga qarata: «Ko’ngillaring istaganini qilinglar, sizlarni kechirdim», deb qolar, — dedilar.
Bir necha daqiqa ichida bir umrga tatigulik alamni chekkan Хotibning yuragiga bu so’zlar go’yo suv sepdi. Najot mujdasini olgan edi u!
Birdan Rasululloh janobimizni vahiy holati chulg’ab oldi. Ovozlari kesildi, atrofda hayajonli kutish onlari boshlandi. Oradan hech qancha o’tmasdan olamlarga rahmat qilib yuborilgan Janobimizning muborak tillari vahiyni issig’ida birodarlariga yetkazdi:
«Ey mo’minlar, mening ham dushanim va sizlarning ham dushmanlaringiz (bo’lgan mushriklar)ni do’st tutmanglar! Sizlar ularga do’slik (xaqida xat-habar) yuborursizlar, holbuki, ular sizlarga kelgan Haq (din va Qur’on)ga kofir bo’lgandirlar! Ular payg’ambarni ham, sizlarni ham parvardigoringiz Allohga imon keltirganlaringiz sababli (o’z diyorlaringizdan) haydab chiqarmoqdalar-ku! Agar sizlar mening yo’limda jihod qilish uchun va mening roziligimni istab chiqqan bo’lsalaring (u holda mushrik-kofir kimsalarni do’st tutmanglar)! Sizlar ularga pinhona do’stlik qilmoqdasizlar! Holbuki, men sizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham juda yaxshi bilguvchidirman! Sizlardan kim shu (ish)ni qilsa, bas, aniqki, u to’g’ri yo’ldan ozibdi! (Ey mo’minlar), agar ular (mushriklar) sizlarga zafar topsalar, dushmanlaringiz bo’lurlar va sizlarga qo’l va tillarini yomonlik bilan cho’zurlar (ya’ni, sizlarni o’ldirurlar, haqoratlar qilurlar). Ular sizlarning yana kofir bo’lishlaringni istarlar. (Qiyomat kunida) sizlarga qarindosh-urug’laringiz ham, bola-chaqalaringiz ham hargiz foyda bermas! Qiyomat kunida (Alloh) o’rtalaringizni ajratib qo’yar. (Bas, nechun o’sha urug’-avlodingizni himoya qilish uchun Allohga gunoxkor bo’lmoqdasizlar?!) Alloh qilayotgan amallaringizni ko’rib turguvchidir»*. (Mumtahana, 1—3.)
Ulug’ Mavlo mo’minlarning kofirlarga qanday munosabatda bo’lishlarini yana bunday ko’rsatib berdi:
«Alloh diningiz (Islom) to’g’risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o’z diyorlaringizdan haydab chiqarmagan kimsalardan — ularga yaxshilik qilishlaringizdan va ularga adolatli bo’lishlaringizdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qilguvchilarni sevar. Alloh sizlarni faqat dinlaringiz to’g’risida sizlar bilan urushgan va sizlarni o’z diyorlaringizdan haydab chiqargan hamda sizlarni haydab chiqarishda bir-birlariga yordamlashgan kimsalardan — ular bilan do’stlashishlaringizdan qaytarur. Kim ular bilan do’stlashsa, bas, ana o’shalar zolim kimsalarning o’zidir». (Mumtahana,8-9)
Mo’minlar bilan bo’ladigan do’stlik esa hech qachon boshqa mo’minlarning ziddiga hizmat qilmayajak edi.
Shunday qilib Хotib tadbirsizlik bilan qilib qo’ygan bu ishining jazosi o’laroq Badr ahlidan ekanining hurmatiga beriladigan haqdan quruq qoldi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:01:03

YO’LGA CHIQILDI

     Janobi Rasulullohning (s.a.v.) chaqiriqlariga javoban qurollarini taqqan mo’minlar to’p-to’p bo’lib Madinaga kela boshlashdi.
Nihoyat, hijratning sakkizinchi yili Ramazon oyining o’ninchi kuni asr namozini o’qigach, o’n ming kishilik qo’shin koinot fahri bo’lgan janobimizning amrlariga bo’yinsungan holda yo’lga chiqdi. Madinaga Abu Ruhm ismli bir sahobiy vakil qilib qoldirildi. Uning vazifasi namozlarni o’qib berish, shaharda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash edi.
Bu safarda Rasulullohga xotinlaridan kimlar hamrox bo’lajagi yana qur’a yo’li bilan aniqlandi va bu gal Ummu Salama va Maymuna onalarimizning iqbollari kulib boqdi.
Qo’shin harakatini boshlagach, Payg’ambarimiz buyruqlari bilan bir kishi askarlar orasida aylanib, hammaga: «Хohlagailar ro’zasini ochsin, xohlaganlar ro’zasida davom etsin», deb e’lon qilib chiqdi. Ayrimlar ro’zalarini ochishdi. Bir qismi, oqshom yaqin qoldi-ku, deb ochishmadi. Rasululloh jaiobimiz ham o’sha kuni ro’zalarini davom ettirib qo’ydilar.
Yo’lchilik yana davom etdi. Har biri bittadan qabila raisi bo’lgan Aqro ibn Hobis bilan Uyayna ibn Хisn qavatlarida bir miqdor qurolli kishi bilan kelib qo’shinga qo’shilishdi. Bu orada Ulug’ Mavlo suyukli payg’ambarini hech kutilmagan bir onda amakilari Abbos bilan topishtirib quvontirdi. Abbos Makka bilan aloqasini butkul uzgan, bor-budini olib yo’lga chiqqan edi. Shu tariqa u Makkadan kelgan muhojir sifatida muhojirlar orasidan joy oldi. Makka fathi bilan hijrat eshigi yopilajak va muhojirlar sinfiga kirish haqqi bundan keyin hech kimga berilmayajak edi.
Rasuli muhtaram janobimiz amakilari Abbosga oila a’zolarini va ashyolarini Madinaga jo’natib, o’zi qo’shinga qo’shilishini buyurdilar.
Ashobi kirom payg’ambarlar sultonining (s.a.v.) bu sevinchlariga chin yurakdan sherik bo’lishdi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:02:35

     Bu yoqda Rasululloh janobimizning amakilari Horisning o’g’li Abu Sufyon (* Bu Abu Sufyonni Makkaning boshlig’i Abu Sufyon bilan adashtirmang.) va ammalari Otikaning o’g’li Abdulloh ibn Abu Umayya ham necha yillar Janobimizga ashaddiy dushman bo’lib yashagandan keyin ko’ngillariga tushgan bir pushaymonlik tuyg’usi-la, musulmon bo’lish niyatida yo’lga chiqishgan edi.
Rasululloh janobimiz Abu Sufyonni ko’rgan zahotlari yuzlarini undan o’girdilar. Boshqa tomonga o’tsa, u tomondan ham o’girilib oldilar, uni gapirishga qo’ymadilar.
Abu Sufyon xomush bir qiyofada nari ketdi. Хazrati Abu Bakrning oldiga bordi, bo’lmadi. Abbosni, Alini(r.a.) topdi, foyda bermadi. Birovni ayblaydigan holda emas edi u. Qanday munosabat ko’rayotgan bo’lsa, o’zidan.
Rasulullohga qarindosh edi, dushman ko’zi bilan qaradi, u zotni juda yaqindan taniydigan inson sifatida buncha ko’p odobsizlarcha ishlarni qilmasligi kerak edi, u bo’lsa, tap tortmasdan qildi, buning ustiga, hamma musulmonlarga,
xossatan janobimiz Rasulullohga qaratilgan haqoratlar, hajviyalar, tarbiyali odamning og’ziga yarashmaydigan chirkin so’zlar uning og’zidan chiqdi.
Ummu Salama onamiz o’rtaga tushdi:
— Ey Allohning payg’ambari, Abu Sufyon sizning qarindoshingiz, amakingizning o’g’li. Kamiga yana emikdosh birodaringizdir. Abdulloh esa, u ham ammangizning o’g’li, ham qayningizdir. Ularni kechirishingizni so’rayman, — dedi.
Ammo Nabiyyi akram janobimizning yuraklarida chuqur yaralar qolgan, ular bir kunda, bir oyda, bir yilda bitib ketadigan yaralar hilidan emas edi. Masalan, amakilari Abu Тolib o’lim to’shagida yotganida, unga Islom dinini taklif etganlarida, qarshilarida Abu Jahl bilan mana shu Abdulloh ibn Abu Umayya turishgan hamda hastani zug’um ostida chaqiriqdan qaytarishgan: «Ey Abu Тolib, Abdulmuttalibning dinidan yuz o’girasanmi?» deb o’lim to’shagida bo’lsin uni tinch qo’yishmagan edi. Agar o’sha yerda Abu Тolib shahodat kalimasini aytmasdan ketgan bo’lsa, buning eng bosh sababchilari ham Abu Jahl bilan Abdulloh bo’lishlari lozim edi. Bir vaqtlar Payg’ambar janobimizning yoqalaridan tutib: «Ko’zlarim o’ngida ko’kka yuksalsang va u yerdan yozilgan qog’oz olib qaytsang, u qog’ozda bizning imon keltirishimiz kerakligi yozilgan bo’lsa ham, vallohi, o’shandayam senga imon keltirmayman!» degan mana shu Abdulloh edi. Holbuki, u begona emas, ammalari Otikaning o’g’li edi.
Rasuli akram janobimizning ko’ngillari mana shu va bularga o’xshash achchiq, xotiralar bilan yarali edi. Abu Sufyon ham, Abdulloh ham bu zotga eng ko’p yordam qilishlari lozim bo’lgani holda johillarcha harakatlari bilan o’zlarini ko’rsatishdi. Shularga qaramay, Ummu Salama onamiz yolvorardi:
— Siz bulardan ko’p yomonlik qilganlarni ham kechirgansiz, — derdi.
Mo’minlar onasining ketma-ket iltijolari mevasini berdi: Abu Sufyon bilan Abdulloh ibn Abu Umayya kelib, Janobimiz (s.a.v.) xuzurlarida shaxodat kalimalarini keltirib, musulmon bo’lishdi.

Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:03:10

SAFAR ХOТIRALARI

    Qo’shin Marruzzahron degan joyga kelganida «kabas» deb ataluvchi yemish to’play boshlashdi. «Eroq» ismli misvok daraxti mevasining nomi shunday edi. Rasuli akram janobimiz askarlariga:
—    Ayniqsa qoralarini olinglar, eng yaxshilari qoralari, — dedilar.
—    Ey Allohning rasuli, qo’y boqadigan odamlarning gapini qildingiz. Bularni cho’ponlar biladi. Yo siz ham cho’ponlik qilganmisiz? — deb so’rab qolishdi.
—    Ha. Hamma payg’ambar cho’ponlik qilgan, men ham Qaroritda makkaliklarning ko’ylarini boqqanman, — deb marhamat etdilar Janobimiz.
Qarorit joy nomi bo’lishi mumkin. Yohud, hadisni naql etganlardan biri ifoda qilganidek, "œhar qo’y boshiga bir qirot haq" ma’nosiga kelar.
Yo’lda ro’zalarini ochganlarini hamma ko’rdi, ro’zani ochib yuboraverishga ruxsat ham tegdi, lekin baribir ba’zilar hamon og’izlarini ochmagan va qiyinchilik chekayotgan edi. Shunda Janobimiz:
—   Ular osiy kishilardir, — dedilar.
Janobimiz o’zlari og’izlarini ochib, sizlar ham ro’zalaringni ochinglar, deganlaridan keyin ham ro’zada davom etish, payg’ambarimizdan ham ko’p ibodatga berilishga urinish yaxshi ish emasdi, albatta.
Ibn Mas’ud (r.a.) eroq daraxtiga chiqib yemish to’plar edi. Ora-sira esgan shamol uning etaklarini xilpiratar, anchagina oriq, bo’lgan oyoqlarini ko’rgan sheriklari unga qarab kulishar edi. Rasuli muxtaram kulayotganlarga qaradilar:
—    Oyoqlarining oriqligiga hayratlanyansizlarmi?.. Jonimni qo’lida tutib turgan Allohga qasamki, bu ikki oyoq tarozida Uhud tog’idan ham og’ir keladi! -  deb marhamat qildilar.
Oriqqina va kichkina odam bo’lgan Abdulloh ibn Mas’ud jang maydonlarida nom qozonadigan darajada kuchli emasdi. Ayni chog’da, qo’rqoq hisoblanishga ham hech bir sabab bermagan. Janobimiz bilan birga hamma safarda qatnashgan, hammasida jonini — boshini tikib jang qilgan, dushman saflari orasida kuchi yetganicha qilich o’ynatgan, xatto Abu Jahldek din dushmanini o’lim holida tutib kallasini kesishga muvaffaq bo’lgan Ibn Mas’ud butun hayoti davomida Хolid ibn Validdek bo’lolmagan, Ali ibn Abu Тolibdek bo’lolmagan bo’lsa ham, bu narsa uning qusuri hisoblanmasligi kerak. Negaki, u jang maydonlarida tarata olmagan dovrug’ini ilm sohasidagi asosiy kurashlarda taratdi, ilm va irfon toliblariga unutilmas hizmatlar qilib, buyuk bir sharaf qozondi. Хolid ibn Valid bilan Ali ibn Abu Тoliblar bu dinga qilichlarida hizmat qilishgan bo’lsa, Abdulloh ilmi va irfoni bilan hizmat qildi, to dunyo turguncha unutilmaydigan dog’siz, toza nom qoldirdi.
Shu payt:
—    Ushlanglar!.. Oldini to’singlar!.. — degan ovozlar yangradi.  O’tlar orasidan bir quyon otilib chiqib, qocha boshlagan edi. Bir necha kishi ortidan quva ketdi. Orasida Anas ibn Molik ham bor edi.  Quvdi-quvaloqda shu Anas g’olib kelib, harsillaganicha quyonni tutib qaytdi. O’gay otasi Abu Тalha quyonni so’ydi, terisini shildi, olovga tutib pishirdi. So’ngra oyoqlari bilan o’ng qo’lini ajratdi.
—   Bularni Rasulullohga olib bor, hurmatlarimni bildir, — dedi.
Anas quyon go’shtini olganicha Payg’bambarimiz (s.a.v.) huzurlariga bordi. O’z qo’llari bilan tutganini aytib, hadya o’laroq olib kelganini bildirdi.
Rasuli robbul olamiyn Anasning hadyasini qabul etdilar.


Qayd etilgan


Muslimа  23 Fevral 2008, 11:10:07

ABU SUFYON VA SHERIKLARI

   Marruzzahronga kelgan Makkaga kelgan hisoblanar edi. Rasuli akram (s. a. v.) janobimiz o’sha kecha har kimga gulhan yoqishni buyurdilar. Osmonga o’rlagan behisob olov tillari ko’k yuzini qizil rangga buyadi-qo’ydi.
Bu yoqda makkaliklar ko’k yuzidagi bu g’ayrioddiy rangga bir ma’no bera olmay garang edi. Quraysh boshlig’i Abu Sufyon yonida turgan ikki sherigidan:
—    Nima bu, nima bo’lyapti o’zi? — deb so’radi.
—    Ehtimol, huzoaliklar biron narsa qilishayotgandir, — deb javob qildi Hakim ibn Хizom.
—    Menimcha, unday emas, — dedi Abu Sufyon. — Ular har biri bittadan gulhan yoqsa, buning yarmicha bo’lmaydi. Menga qolsa, borib, o’z ko’zimiz bilan ko’rib kelaylik.
Shunday qilib,    Abu Sufyon,  Hakim ibn Хizom va Budayl ibn Varqo uchalasi Makka tashqarisiga chiqishdi,  Marruzzahronga qarab keta boshlashdi.

Qayd etilgan