- Bu ahvolda Iso qanday qilib iloh-rab bo‘lar ekan?
O’zaro savol-javoblar uzayib ketdi. Rasululloh janobimizning qanoatlantiruvchi tushuntirishlari oldida hay’at a’zolari bir narsa deya olishmas, lekin zehnlarini chulg‘agan, yuraklarini to‘ldirgan inonchdan ham osongina voz kecha olishmas edi. Har yoqqa
osilib ko‘rishdi, bo‘lmadi. Nihoyat dalil keltirishdan va to‘g‘risini qabul qilishdan ko‘ra ko‘proq qaysarlikka o‘tib olishdi: «Yanglish bo‘lsa ham, bizning aytayotganlarimiz to‘g‘ri!» degandek turib olishdi. Shu payt Payg‘ambar janobimiz vahiy holatiga tusha boshladilar. Atrofdagi musulmonlar imo-ishora bilan najronliklarni jim qilishdi.
Bir oz o‘tib payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) Oli Imron surasidan indirilgan bir necha oyatni ularga o‘qib berdilar.
«Olloh, farishtalar va ilm egalari ham yolg‘iz Ollohdan o‘zga hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh o‘zi borligiga guvohlik berdilar. U adolat bilan turguvchi (hukm qilguvchi)dir. Hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh bor. U qudratli va hikmatli zotdir. Albatta, Olloh nazdidagi (maqbul bo‘ladigan) din Islom dinidir. Ahli kitoblar (yahudiy va nasroniylar) ularga (Islom haqida, Muhammad to‘g‘risida) aniq bilim-hujjat kelganidan keyin o‘zaro hasad-adovat qilganlari sababligina talashib-tortishishdi. Kim Ollohning oyatlariga kofir bo‘lsa, bas, Olloh tez hisob-kitob qilguvchi zotdir. (Ey Muhammad,) agar siz bilan (din haqida) tortishishsa: «Men va menga ergashganlar o‘zimizni Ollohga topshirdik (bo‘yin sundirdik)», deb ayting! So‘ng ahli kitoblar va (kitob berilmagan) savodsiz (mushrik)lardan: «Islomga kirdingizmi?» deb so‘rang. Agar Islomga kirishsa, demak, to‘g‘ri yo‘lni topishibdi. Endi agar yuz o‘girishsa, u holda sizning zimmangizdagi narsa faqatgina yetkazishdir. Olloh bandalarni ko‘rib turguvchi zotdir»*.
Keyingi oyatlarda Imronning xotini bilan hazrati Isoning katta buvisining Ollohga qilgan duolari, Maryamning tug‘ilishi va voyaga yetishi bayon qilindi. Maryamga qornidagi hazrati Iso haqida belgi berilgani tushuntirildi. Hazrati Isoning hayoti to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uning otasiz dunyoga kelishi mavzuida qiyin ahvolga tushib qolgan nasroniylarga qarata bunday xitob qilindi:
«Albatta, Isoning (otasiz tug‘ilishining) misoli Olloh nazdida xuddi Odamning (a.s.) misoli kabidirki, uni tuproqdan yaratib, so‘ngra «Bo‘l!» dedi. Bas, (u jonli odam) bo‘ldi. (Ey Muhammad, bu) Parvardigoringizdan bo‘lgan haq «so‘z»dir. Bas, shubha qilguvchilardan bo‘lmang! Endi sizga kelgan (mana shu haq) ma’lumotdan keyin (nasroniylardan) kim siz bilan talashib-tortishmoqchi bo‘lsa, (unday kimsalarga) ayting: «Kelinglar, o‘g‘illarimizni va o‘g‘illaringizni, ayollarimiz va ayollaringizni, o‘zlarimizni va o‘zlaringizni chorlab-yig‘aylik, so‘ngra Ollohga tazarru bilan iltijo qilaylik-da, yolg‘onchilarni Olloh la’natlashini so‘raylik». Albatta, bu haq-rost qissadir. (Ya’ni, Iso hech qanday xudo emas, balki Ollohning boshqa hamma payg‘ambarlari kabi oddiy odam zotidandir.) Va hech qanday tangri yo‘q, faqat Olloh bor. Va, albatta, Ollohning o‘zigina qudrat va hikmat egasidir. Endi ham (haqiqatdan) yuz o‘girsalar, bas, albatta, Olloh buzg‘unchilarni (yaxshi) bilguvchidir»*.