Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154745 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 ... 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:36:50

Rasululloh (s.a.v.) janobimiz yo‘qlayotganlarini eshitib, dastlab Abu Musoning yuragiga qo‘rquv oraladi. O’zi qiynalib turgan bir paytda borib Rasulullohni bezovta qilib qo‘yishdan andishalandi. Ammo bormaslikning, huzurlarida turmaslikning sira iloji yo‘q edi. Bordi. Tabassum bilan kutib olindiyu yuragi suv sepilganday tinchlandi. Janobimiz (s.a.v.) yonlarida turgan oltita tuyaga ishora qilib:
-   Ol bularni, sheriklaringga olib bor, Olloh va rasuli bularni sizlarga ulovlikka berib yubordi, degin,- dedilar.
Oradan hech qancha o‘tmay Abu Muso sheriklarining oldida edi. Hammalari xursand, boshlari osmonda. Lekin birdan ko‘ngillarida bir xijillik paydo bo‘ldiyu hammalari Janobimizninghuzurlariga kelishdi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, siz bizga ulov bera olmasligingizni aytib qasam ichgan edingiz, holbuki, endi beryapsiz. Biz sizning qasamni buzishingizga sababchi bo‘lib qolayotganimizdan ichimiz qorong‘u, - deyishdi.
Payg‘ambarlar azizi (s.a.v.) holni tushuntirdilar:
-   Men agar qasam ichsam, undan yaxshisini ko‘rgan zahotim u ishni qilaman va qasamimning kafforatini o‘tayman.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, ruxsat bersang, bu safarda ishtirok etmayman.
-   Xohishing.
-   Men ham ruxsat so‘rayman, ey Ollohning rasuli.
-   Sengaham ruxsat.
o‘azotda qatnashmaslikka izn olgan odamlarning yuzlaridagi ma’noli jilmayishlar, ko‘zlarida paydo bo‘lgan xursandlik jilvalari yaxshilikdan dalolat emasdi. Bularning ko‘pi har tomonda teskari tashviqot yuritayotgan yoxud ularni zimdan qo‘llayotgan munofiqlar edi.
Bunday kimsalar Madinada qoladi, har paytdagidek fitna-fasodlarni davom ettiradi, zamon charhi yana biz orzu qilgan tomonga aylanib qolar, degan xayollar bilan ovunadi... Tajriba esa, shamol har istanilgan paytda va istanilgan tomondan esavermasligini ko‘rsatadi.
O’ttiz ming kishidan maydonga kelgan lashkar «Saniyyatul Vado» deb ataladigan joyda to‘plandi. Hazrati Abu Bakr (r.a.) ularga imomlik qilib turdi. Qo‘shindan ajralgan holda chekka bir joyga kichikkina bir qism bilan Ibn Salul qarorgoh qurgan edi.
Rasuli akram (s.a.v.) sha’bon oyining bir payshanbasida asr vaqtida yurish amrini berdilar. Qismlar ortma-keyin yo‘lga chiqdi. Ibn Salulning amri ostidagi qism esa birdan orqaga burilib, Madina sari keta boshladi. Qalblari imonga to‘liq, Ollohga va rasuliga sevgi va hurmat iplari bilan bog‘liq yurak erlari ularning bu ishlarini hayrat va nafrat tuyg‘ulari ostida kuzatib qolishdi.
Nimaga qo‘shin turgan yergacha kelishdiyu nimaga yurish amri berilganidan keyin ortlariga qaytishdi?
Ibn Salulning pes fe’lini bilgan mo‘minlarga bu ishning ta’siri bo‘lmadi. Chunki xuddi shunday iflos ishni u Uhud kuni ham qilgan, jang endi boshlanadi deb turgan onlarda o‘zining odamlarini olib Madinaga qaytib ketgan edi. Bu gal ham o‘sha yegan axlatini yedi. Qo‘shin orasida bir g‘avg‘o boshlanib qolarmikan, fitna chiqarishning imkoni bo‘larmikan, degan niyatda bunday ishni qildi. Qo‘shin to harakat boshlaguncha ham bekor turmadi, ba’zan bu issiqda yo‘lga chiqishning xatarlarini sanab yurdi, ba’zan rumlarning kuchini va musulmonlar ularga qarshi hech narsa qila olmasliklarini tushuntirmoqchi bo‘ldi. «Muhammadni va sheriklarini ikkitadan-ikkitadan qilib bog‘langanlarini ko‘rib turgandekman», dedi. Qisqasi, bu safarda g‘alabaga musulmonlarning hech bir imkonlari yo‘q, aksincha, bir talay tahlikaga o‘zni tashlashdan boshqa hech qanaqa ish qilinmaydi, deb gap tarqatdi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:37:40

Safarga qatnashmasliklari borasida Janobi Mavlodan xususiy izn chiqqanlar ham bor edi:
«Ojiz-notavonlarga, xastalarga va (jihod uchun) bergani hech narsa topa olmayotgan kishilarga - agar ular Olloh va rasuli uchun xolis bo‘lsalar - biron qiyinchilik (majburlik) yo‘q. Chiroyli amal qiluvchilarni ayblashga hech qanday yo‘l yo‘q. Olloh kechirimli va rahmlidir. Yana sizga (jangga minib borish uchun) ot-ulov kelgan vaqtlarida, ularga: «Sizlarni mindirib yuborishga ulov yo‘q-ku», deganingizda, (jihod uchun) biron narsa topa olmaganlariga g‘amgin bo‘lishib, ko‘zlaridan yosh to‘kishib qaytib ketgan kishilarni ham ayblashga hech qanday yo‘l yo‘q.
Faqat o‘zlari boy-badavlat bo‘lgan hollarida sizdan izn so‘raydigan kimsalarnigina ayblashga yo‘l bor. Ular xotin-xalaj bilan qolishga rozi bo‘ldilar. Bas, endi (ular jihodga chiqishda bo‘ladigan yaxshilikni) bilmaydilar»*.
Ortidan ulkan chang bulutini qoldirib qo‘shin tobora ilgarilar edi. Albatta, bular orasida ham munofiqlardan bir guruhi bor edi, ammo ular dengizdan tomchiday ozchilik edi. Qalblari Ulug‘ Mavloga yo‘nalgan mo‘minlar yo‘lda borisharkan, bu safar haqida indirilgan ushbu oyatlarga yuraklarini yuvib olishar edi:
«Ey mo‘minlar! Ollohdan qo‘rqingiz va (imonlarida) rostgo‘y bo‘lgan zotlar bilan birga bo‘lingiz! Madina aholisi va ularning tevaragidagi a’robiylar uchun (jihodga chiqmay) Ollohning rasulidan qolishlari va undan yuz o‘girib o‘zlari bilan ovora bo‘lishlari joiz emas edi. Zero, Olloh yo‘lida ularga biron tashnalik, qiyinchilik, ochlik yetsa va kofirlarning jahlini chiqaradigan biron qadam bossalar, dushmanga biron ziyon yetkazsalar, albatta, ular uchun bu ishlari sababli yaxshi amal yozilur. Zotan, Olloh yaxshilik qilguvchilarning amallarini zoe qilmas. Ular kichikmi, kattami biron infoq-ehson qilsalar va (g‘azot yo‘lida) biron vodiydan o‘tsalar, albatta, qilgan eng chiroyli amallariga yarasha Olloh mukofotlashi uchun- (bularning hammasi) ular foydasiga yozilur»**.
Musulmonlar orasida yana bir toifa - musulmonligiga hech shubha yo‘q-ku, ammo tanballikdan, yalqovlikdan hech qutula olmagan to‘rt kishi bor edi: Ka’b ibn Molik, Murora ibn Rabi’, Hilol ibn Umayya hamda Abu Xaysama... Ka’b hayoti kambag‘allikda o‘tgan odam edi. Uyida bir paytda ikki tuya hech turmagan. Lekin keyinroq o‘ljalardan hissasiga tushganlar to‘planib, ikki tuyaning yonma-yon turganini ham ko‘rdi. Aslida bu katta boylik emas, ammo Ka’b uchun bularning qiymati buyuk edi.
G‘oziylar safarga to‘xtamay hozirlik ko‘rishayotgan kunlari Ka’bning yalqovligi tutib, bahonalar qidira boshladi: havolar nafas olib bo‘lmaydigan darajada issiq, bu yoqda xurmolar yetilib, yerga to‘kilar holga kelib qolgan va hokazo... Bitta xurmo daraxti soyasiga chekilib, soatlarcha qo‘li ishga bormay o‘y surib yotardi.
Nihoyat bir kuni Rasululloh (s.a.v.) janobimiz boshliq o‘ttiz ming kishilik qo‘shin yurishni boshlaganida, ortidan Ka’b qalbi uzilgudek bo‘lib qarab qoldi. Ammo bundan ortig‘iga g‘ayrati yetmadi. Ikki tuyasidan biriga tez minsa, osongina yetib olardi ham.
O’sha kuni, ertasi, indini ham shu tarz kechdi. Ertalab uyidan chiqayotganida, endi bormasam bo‘lmaydi, degan Ka’bni oyoqlari oqshomga yaqin yana uyiga surgilab kelardi. Nihoyat bir kuni Ka’b: «Endi yo‘lga chiqsam ham, yeta olmayman», deyishdan boshqa chora topmadi.
Holbuki, u hijratdan oldin Payg‘ambar janobimiz bilan Aqobada ahdlashgan qadrli insonlardan biri edi. Badr jangini hisobga olmaganda, boshqa barcha janglarda qatnashgan, hamma safarlarga chiqqan. Badrga nasibasi qo‘shilmagani esa, Madinadan chiqayotganida oldinda jang bo‘lishidan xabarsizligi edi. Shuning uchun u Madinada qoldi, natijani kutib o‘tirdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:38:55

Safardan qolganlar ichida Ali ibn Abu Tolib (r.a.) ham bor edi. Lekin uni Rasululloh (s.a.v.) Madinada vakil qilib qoldirgan edilar. Janobimizning oila a’zolaridan ko‘z-quloq bo‘lib turish vazifasi ham yuklandi unga.
Islom lashkari kuzatilar-kuzatilmas, uning Madinada qolganini ko‘rgan munofiq va yahudiylarning tillari chiqib qoldi. U yer-bu yerda shivir-shivirlar boshlandi:
-   Endi Alini xotin kishi desa ham bo‘ladi...
-   Bolalar bilan o‘ynasin, vaqtini xotinlar bilan o‘tkazsin, unga shu yetadi. Ali ortiq odam qatoriga o‘tmaganini bilib qo‘ysin. Bu yerga vakil qoldirilsa, boshqa odam yo‘qmidi?..
Va hokazo. Bunaqa gap-so‘zlar Hazrati Alining (r.a.) qulog‘iga ham yetib keldi. Holbuki, u jangni yaxshi ko‘radigan odam edi. Madinada kechgan sakkiz yillik umri davrida Rasululloxdan hech ajralmagan, hamma g‘azotga jon-jon deb borgan. Kechmish kunlarini bir-bir xotiridan o‘tkazarkan, «Ollohning payg‘ambari bosh bo‘lgan eng katta yurishda qatnasholmadim», deyish unga juda og‘ir kela boshladi. Bir qarorga kelishi uchun ko‘p vaqt kerak bo‘lmadi. Tez ulovini hozirladi, silohini oldi va yo‘lga chiqdi.
Payg‘ambarlar sayyidi (s.a.v.) Jurf degan joyda qo‘noq e’lon qilgan edilar. Shu yerda u zotga hazrati Alining kelganini xabar qilishdi. Bir ozdan keyin o‘zi ham huzurlariga yetib keldi. Ko‘rishdi. Nega Madinada turmagani so‘ralganida:
-   Ey Ollohning rasuli, meni xotinlarga, bolalarga qoldirdingizmi? - dedi. So‘ngra Madinada tarqalgan gap-so‘zlarni aytib berdi. Payg‘ambar janobimiz ishni tez hal qilib qo‘yaqoldilar:
-   Yolg‘on aytishibdi. Men seni ortimda qolganlarga vakil bo‘lasan deb qoldirdim. Qaytib bor va mening ahlimga hamda o‘zingning oilangga ko‘z-quloq bo‘l. Musoga Horun qay daraja yaqin bo‘lsa, menga ham shunday bo‘lishni xohlamaysanmi, ey Ali?! Shu qadarki, mendan keyin payg‘ambar kelmaydi, - deya marhamat qildilar.
Hazrati Aliga shu gap yetarli bo‘ldi. Hayotida tuyajagi eng totli so‘zlar bular edi. Muso (a.s.) Tur tog‘iga ketayotganlarida akalari Horunni vakil etib qoldirgan edilar, hazrati Payg‘ambar (s.a.v.) Tabukka borayotib jiyanlari Alini (r.a.) vakil qildilar...
Hazrati Ali, bir tomondan, bu noziklikni xayolga keltira olmagani va nodonlarning so‘zlariga uchgani uchun o‘z nafsini koyir, ikkinchi tomondan esa, Rasulullohdan bunday bir iltifot ko‘rganini hisobga qo‘shib, o‘zini baxtiyor his etar edi.
Hozirgacha bo‘lgan safarlarning eng uzoq davom etadigani Tabuk bo‘lsa, hozirgacha vakil etib qoldirilganlarning eng qadrlisi u edi. Bunchalik uzoq ayriliq asnosida kuchli-quvvatli, Madinada yo‘qliklarini qariyb bildirmaydigan, kerak bo‘lsa, tez yarog‘lanib, fitna chiqarganlarning adabini berib qo‘ya oladigan qahramonni vakil qilib qoldirarkanlar, sevikli Payg‘ambarimiz mukammal bir tadbir ila Madinani kafolatli qo‘lga topshirganlarini ham hisobdan chetga chiqarmaslik kerak.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:39:31

Abu Xaysama chinakam musulmonlardandir. Safardan to‘sadigan hech qanday uzri ham yo‘q. Lekin u ham yelkalaridan bosib turgan tanballikni yenga olmadi. Bugun, ertaga deguncha qo‘shin jo‘nab ketib bo‘ldi, oradan kunlar o‘tib ketdi.
Bir kuni Abu Xaysama dam olish uchun bog‘iga keldi. Havo nihoyatda issiq. Kapasining oldida to‘xtadi. Ikkala xotini ham shu yerda edi. Atrofga suvlar sepib, u yerning
havosini harholda salqinlatib qo‘yishibdi. Chanqovbosdiga muzday suv ham tayyor. Kapa bunaqa kunda dam olish uchun izlab topilmaydigan holga kelgan.
-   Marhabo, bu yoqqa keling, ey Abu Xaysama, - deya har ikkala xotini ham uni ochiq chehra bilan kapaga chorlashdi.
Lekin Abu Xaysama bir on taraddudlanib, qaytib qoldi.
-Qarasangiz-chi, bu yer salqin...
Ha, salqin, ammo bu issiqda necha kunlardan beri yo‘l bosayotgan o‘ttiz ming kishilik qo‘shin va bu qo‘shin boshida ayni aziyatni cheka-cheka borayotgan payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.)... ular nima qilishyapti ekan?
Vijdoni birdan qarshisiga chiqdi, «Ollohning rasuli bu issiqda qovurilib tursalar-u, sen bu salqin kapada-a yotsang... yo‘q, bunday qilolmaysan, ey Abu Xaysama!..» dedi go‘yo.
-   Menga oziq-ovqat tayyorlanglar, hamon ketaman! - dedi.
-   O’tiring, ozgina damingizni oling, keyin ketarsiz,- deyishdi xotinlari.
-   Bo‘lmaydi, kutishga vaqtim yo‘q!
Shu tariqa Abu Xaysama tuyasiga minib, yo‘lga chiqdi.
Yo‘lchilik davom etar, ba’zilar qo‘shindan orqada qolib ketar edi. Ahvolni Payg‘ambar janobimizga bildirishganida u zot (s.a.v.): «Qo‘yaveringlar, agar unda biron yaxshilik bo‘lsa, Ollohning o‘zi yetkazdirib keladi, yaxshilik bo‘lmasa, uning haqqida hukmini bildiradi», derdilar.
Abu Zarr ham qaysarlashgan tuyasiga so‘zi o‘tmay, do‘stlaridan ortda qolishga majbur bo‘ldi. Tuyasi negadir hech yurgisi yo‘q. Uni yo‘lga solaman deb ancha payt urinib ko‘rdi, qo‘llamagan chorasi qolmadi, natija o‘sha-o‘sha - tuya qaysarligini qo‘ymadi. Noiloj biror o‘tloq joyda qolib, qornini to‘g‘azib, tuyasiga quvvat kirgach, keyin qo‘shin ortidan yetib olishga qaror qildi. Darhaqiqat, hozirgina yurishga qaysarlik qilib turgan tuya boshi o‘tloqlarga burilgach, yayrab-yayrab o‘tlay boshladi. Tuya to‘ygani sari Abu Zarrni quvonch qoplar edi. Chunki qornini to‘ydirib, ozmi-ko‘pmi kuch yig‘ib olgan tuya bilan yo‘lga chiqsa, qisqa zamonda sheriklariga yetishib olishi mumkin edi-da.
Mo‘ljalda maqsad hosil bo‘ldi, endi yursa ham bo‘ladi. Ammo tuya bunaqa o‘tloq joyni hech tashlab ketgisi yo‘q edi. Har turli hunarga solib ko‘rdi, bo‘lmadi. Oxiri tuyani shu yerda qoldirib, yukini orqasiga olib, qo‘shin ortidan piyoda yo‘lga chiqishga majbur bo‘ldi. Cheksiz qum dengizida oyog‘i botib-chiqib, ketaverdi. Madinadan hisoblasa to‘qqiz yuz chaqirimcha chiqadigan bitmas-tuganmas bu yo‘lchilik Abu Zarr uchun endi shunday davom etajak.
Rasuli akram (s.a.v.) boshchiliklaridagi qo‘shin Quro vodiyidan o‘tib borardi. Bir ayolning bog‘iga duch kelishdi. Xurmo daraxtlariga boqishdi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
-   Qani, chamalanglar-chi, bu daraxtlar qancha yuk qilarkin? - dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:45:31

Har kim chamalaganini aytdi. Payg‘ambar janobimiz ham taxmin qilib:
-   Menimcha, o‘n yuk chiqar, - dedilar va bog‘ egasiga:- Xurmolarni yig‘ishtirganingda qancha chiqqanini eslab qol, - deb yo‘llarida davom etdilar.
Hijr vodiyiga yetib kelishdi. Bu yer Solih payg‘ambarning (alayhissalom) yurtlari edi. Samud qavmi shu yerlarda yashagan, mana shu tuproqlarda yo‘q qilingan. Rasuli akram (s.a.v.) buhududga kirarkanlar:
-   O’zlariga zulm qilganlarning yurtlariga ularga yetgan musibat sizlarga ham yetib qolishi mumkinligi andishasida yig‘lar holda kiringlar, - dedilar va egnilaridagi ridoni yuzlariga parda qilib oldilar.
Vodiyni tez bosib o‘tishdi. Bu yerlardagi quduq suvlaridan tahorat olishni, ichishni man qildilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, biz bu yerlarning suviga xamir qorib oldik-ku? — deb so‘rashgan edi:
-   Tuyalaringizga yediringlar, - deb javob qildilar.
Nihoyat Solih payg‘ambarning (a.s.) mo‘‘jizalari o‘laroq chiqqan urg‘ochi tuya suv ichgan quduqqa yetib kelishdi. Bu quduqdan foydalanishlari mumkinligini aytdilar.
Yo‘lchilik yana davom etdi. Suvsizlik oxirgi darajasiga yetdi, odamlar boshlarini ko‘tara olmaydigan bo‘lib qolishdi. Munofiqlar yana g‘imirsiy boshlashdi: «Muso payg‘ambar duo qilganida ko‘kdan yomg‘irlar yoqqan ekan. Bu ham payg‘ambar bo‘lsa, duo qilib yomg‘ir istardi», shaklida visir-visirlar bilan qo‘shindagilarni huzursiz qila boshlashdi.
Hazrati Abu Bakr (r.a.) odamlarning dardiga bir chora bo‘larmikan ham munofiqlarning tillari tiyilarmikan, degan niyatda Rasuli akramga (s.a.v.) murojaat etdi.
Janobi Mavlo yaratgan eng muborak qo‘llar ko‘tarildi, hojat arz etildi. Oradan hech qancha vaqt kechmay odamlarni sevinch chulg‘adi. Bir shamol qo‘zg‘alib, «Yomg‘ir kelyapti», deganday totli-yoqimli xabarlarni keltirdi. Nihoyat, boshlari uzra kelgan bulut shatir-shutur to‘kila boshladi...
Hazrati Umar (r.a.) yomg‘ir faqat qo‘shin turgan yerlarga yoqqanini, boshqa joylar qup-quruq qolganini aytgan.
Qo‘shin qo‘ngan yana bir joy munofiqlarga bayram joyiga aylandi. Rasulullohning (s.a.v.) tuyalari Qasva yo‘qolib qoldi. Qancha izlashdi, topilmadi. Shunda o‘ngu so‘ldan «Ko‘kdan xabar beryapman deb da’vo qilayotgan Payg‘ambar tuyaning qaerdaligini bilmaydi...» kabi so‘zlar yoyila boshladi va bu so‘zlar mo‘minlarni xiylagina qayg‘uga solib qo‘ydi. Payg‘ambar va rasullarning sayyidiga (s.a.v.) ahvol yetkazilganida u zot:
-   Men bir insonman, g‘aybni bilmayman. Olloh nimani bildirsa, o‘shani bilaman. Ha, hozirgina Jabroil menga tuyaning qaerdaligini xabar berdi. Boringlar, falon vodiyda shunday-shunday bir daraxtga yugani ilingan holda kutib turibdi, - deb marhamat qildilar va qo‘llari bilan aytayotgan vodiy tomonga ishora qildilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:46:50

Shu zahoti ketishdi, tuyani ta’rif etilgan joyda va aytilgan holatda topishdi. Qasva hech narsadan xabarsiz, qornini to‘yg‘azish g‘amida edi.
Ayniqsa, Gulas ismli bir munofiqning so‘zlari o‘tib tushdi. Navbatdagi to‘xtash joyida tiliga erk berib yubordi:
-   Agar Muhammad chindan ham payg‘ambar bo‘lsa, eshakdan ham yomon bo‘lishga roziman, - deyaverdi.
Uning bu gapi mo‘minlarga og‘ir botdi. Uvay o‘g‘li Umayr chidab turolmadi:
-   Ey Gulas, men seni juda yaxshi ko‘rardim. Ammo bu so‘zlaring aslo to‘g‘ri emas. Bu gaplaringni Rasulullohga borib aytsam, parishon bo‘lasan, aytmasam, men parishon bo‘laman, - dedi.
So‘ngra Gulasning gapini Janobimizga ayni u aytganday qilib yetkazdi. Rasuli akram (s.a.v.) voqeani oydinlatish uchun Gulasning o‘zidan so‘radilar. Gulas bo‘lsa, o‘laman sattor, men bunaqa demadim, menga tuhmat qilishyapti, dedi. Yuzi qizarmadi, ovozi ham titramadi. Kimdir bittasi gapga aralashdi. Holatni yumshatmoqchi bo‘lardi u.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, biz hazil-huzul qilishib, lofni ermak qilib ketayotuvdik, - dedi.
Shu sirada Nabiyyi akramda (s.a.v.) vahiy alomatlari ko‘rindi. Ovozlar kesildi. Sal o‘tib, Janobimiz dona-dona qilib ushbu ma’nodagi oyatlarni o‘qiy boshladilar:
«Qasamki, agar ulardan (nega sizning ustingizdan kulganlari haqida) so‘rasangiz, albatta, ular: «Biz faqat bahslashib, hazillashib kelyapmiz, xolos», deydilar. Ayting: «Ollohdan, uning oyatlaridan, uning rasulidan kuladigan bo‘ldingizmi?!» Uzr aytmanglar! Sizlar imon keltirganingizdan keyin yana kufrga qaytdingiz. Agar sizlardan bir toifani (chin ixlos bilan tavba qilganlari uchun) afv qilsak, boshqa bir toifani jinoyatchi bo‘lganlari sababli azoblaymiz. Munofiq erkaklar bilan munofiq ayollar bir-birlaridandirlar (ya’ni, kufrda bir-birlariga o‘xshaydilar). Ular yomonlikka buyuradilar, yaxshilikdan qaytaradilar va (Olloh yo‘lida infoq-ehson qilishdan) qo‘llarini (ya’ni, o‘zlarini) tiyadilar. Ular Ollohni unutishgach, Olloh ham ularni unutdi. Albatta, munofiqlar, haqiqiy fosiq-itoatsizdirlar. Olloh munofiq va munofiqalarga hamda kofirlarga ular abadiy qoladigan jahannam olovini va’da qildiki, o‘sha ular uchun yetarlidir. Olloh ularni la’natlanadi. Ular uchun doimiy azob bordir»*.
«Aslida unday edi, bunday edi...» kabi tortishmalarga ortiq hojat qolmadi. Chakkalarini shishira-shishira Gulas ichgan qasamlar puch bo‘lib chiqdi, uning yonini olmoqchi bo‘lganlarning qallobligi ko‘rinib qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:47:25

Umayr qilgan ishidan xursand bo‘ldi. Axir, Ollohning rasuliga qilgan xizmatini Ulug‘ Mavloning o‘zi oyat bilan qo‘llab tursa!..
Gulas esa, bundan bu yog‘iga peshonasiga yopishgan tamg‘a bilan nimalar qilajak? Eshakdan ham yomon ekanini tan oladimi? Bir rivoyatga ko‘ra, Gulas tavba qilgan va ke-yingi hayotini tuzatib olgan. Bu rivoyatning qay darajada haqiqiy ekani endi huzuri ilohiyda Gulasga qilinajak muomaladan aniq bo‘ladi.
Tabuk safari asnosida esda qolarli chiroyli voqealar ham mo‘l bo‘ldi. Bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) tahorat olish uchun bir chekkaga o‘tdilar. Hadeganda kelavermaganlaridan keyin Abdurahmon ibn Avf (r.a.) imom bo‘lib namozni boshlab yubordilar. Janobimiz ikkinchi rakatga yetib kelib, unga ergashib namoz o‘qidilar, qolgan bir rakatni imomning salomidan so‘ng o‘zlari o‘qib oldilar. Keyin jamoatga qarab:
-   Yaxshi qildilaring! - deb maqtab qo‘ydilar.
Bu voqea zehnlarga Tabuk safarining go‘zal xotiralaridan biri sifatida o‘rnashdi.
Madinadan chiqqandan beri o‘n sakkiz joyda damga to‘xtalgan bo‘lsa, hammasida darrov chegarasini toshlar bilan o‘rab, namozgohlar qilinar edi. Nihoyat, o‘n to‘qqizinchi martasida Tabukda qo‘nildi. Janobimiz Madina davrida qilgan safarlaridan eng uzog‘i shu zayl oxiriga yetdi. Hammasi bo‘lib to‘qqiz yuz chaqirimcha yo‘l bosildi. Har tomondan qulayliklar zamoni bo‘lgan bugun ham yo‘lovchilar o‘tishga qiynaladigan qum daryosini, kim biladi, u zamonda ne zahmatlar bilan oshib o‘tishgan ekan, qancha-qancha sabru bardoshlar kerak bo‘lgan ekan, tafsiloti bizgacha yetib kelmagan qanchadan-qancha go‘zal xotiralar yashalgan ekan?! Ozi-ko‘pi bilan yigirma kun davom etgan bu yo‘lchilik tarixlarda bitilgan va uch yuz besh sahifaga sig‘dirilgan xotiralardan ko‘ra ko‘proq voqea-hodisalarga to‘la bo‘lsa kerak. Zotan, bugun biz qilayotgan ishlar Janobimizning hayotlaridan berilgan uch-besh tomchidan boshqa nimani ifoda qila oladi?..
Rasululloh (s.a.v.), Tabukda suvlarga tegilmasin, deb qattiq-qattiq tanbeh bergan edilar. Janobimizning bu buyruqlarini buzganlar bo‘ldi: oldin yetib kelgan ikki kishi bir joyda sizib chiqqan suvdan ichib olishdi. Bular kim edi? Ishi har fursatdan foydalanib qolish bo‘lgan munofiqlarmi? Yoki: «Agar hozir bu suvni biz ichmasak, keyin keladiganlar ichib qo‘yadi», degan ikki farosatsiz musulmonmi? Nima bo‘lganda ham buyruqqa itoatsizlik ro‘y berdi. Harholda Rasuli kibriyo janobimiz u suvni o‘zlariga yo yaqin do‘stlariga olib qolish g‘amida emasdilar. Shuning uchun ogohlantirishdan xabardor bo‘laturib qilingan bu ish u zotni xafa qildi va haqli o‘laroq u ikki odamni jazoladilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:48:26

So‘ngra yerdagi ko‘lmak hovuchlab bir meshga solindi. Janobimiz unga yuz-qo‘llarini yuvdilar. Keyin suv yana joyiga bo‘shatildi. Buyurdilar, uchta nayza keltirib, u yerga sanchdilar. Har birining tagidan suv pishqirib chiqa boshladi. Qo‘shin ahlining yuzlarini mamnuniyat qopladi. Endi bu yerda uzoq qolib ketishsa ham, suvsizlik azobi chekilmaydigan bo‘ldi.
Tabukdan ketmaslikka qaror qilinib, o‘sha yerga qo‘nildi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, kimdir kelyapti, - deb qolishdi.
Janobimiz Madina yo‘liga boqdilar. Chang-to‘zon orasidan bir otliq elas-elas ko‘zga tashlandi.
-   Abu Xaysama bo‘lsaydi, - deb marhamat qildilar.
Bu orzu yuraklaridagi Abu Xaysamaga nisbatan sevgining, muhabbatning bir ifodasi edi. Janobimizning do‘stlariga bog‘liqliklarini ko‘rsatib turardi.
Nigohlar diqqat-la keluvchi tomon qadaldi. Otliq tobora yaqinlashaverdi. Va nihoyat:
-   Ey Ollohning payg‘ambari, kelayotgan bu odam haqiqatan ham Abu Xaysama ekan! - deb yuborishdi.
Rasuli akramning (s.a.v.) muborak yuzlarida balqigan andisha to‘la chizgilar o‘rnini mamnuniyat ifodalariga bo‘shatib berdi. Sevimli bir odamning katta bir tahlikadan qutulishi tufayli tuyilgan huzur va saodat odam yuzida mana shunday ko‘rinar edi.
-   Salom bo‘lsin sizga, ey Ollohning payg‘ambari!
-   Senga ham salom bo‘lsin, ey Abu Xaysama!
Shundan keyin Nabiyyi akmal unga kelib yaxshi qilganini, shu bilan katta bir tahlikadan qutulib qolganini tushuntirdilar. Abu Xaysama juda o‘rinli ish qilganini yana bir bora tushunib yetdi.
Yo‘lda tuyasi taysallab hech yurita olmagan Abu Zarr ham yukini ortmoqlagancha nihoyat Tabukka yetib keldi. Uzoqdan sharpasi ko‘ringan zahoti Janobimiz (s.a.v.): «Abu Zarr bo‘lsaydi», deya umid qilganlari rivoyat etiladi.
Keyinroq hazrati Rasulullohning (s.a.v.) bunday deganlari ham rivoyat qilinadi: «Olloh Abu Zarrga rahm qilsin, yolg‘iz boshiga yuradi, kimsasiz bir joyda o‘ladi, alohida bir hisobga tortilajak shaklda tiriltiriladi».
Tabukka kelingach, Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlariga Xolid ibn Validni chaqirdilar. Duma raisi Ukaydirni topib keltirishni buyurdilar. Uni kechasi yovvoyi bir buqani
quvlab yurganida uchratasan, deb aytdilar. Xolid yoniga bir necha kishini olib, Ukaydirni izlab ketdi.
Chindan, Dumaning amiri Ukaydir o‘sha kechasi hech uxlay olmadi. Bir yovvoyi buqa kelib, saroyining tashqari eshigini shoxlari bilan suzib bezovta qilaverdi. Oxiri uni tutib, adabini berib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Bemahalda shu ishni qilmang, deb xotini qaytarganiga qaramay, otini hozirladi, yarog‘ini ildi, yoniga ukasi Hasanni va bir-ikki yaqinini olib, buqaning orqasidan tushdi.
Latif bir yoz kechasi edi. Oy atrofni yaxshigina yoritib turardi. Ovni kechasi, bunday yorug‘da ta’qib etishham oson.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:49:48

Birdan qarshisida paydo bo‘lgan bir necha kishi Ukaydirning kayfiyatini buzdi.
-   Hoy, sizlar kimsizlar?! - dedi do‘q urib.
-   Yomoniga olmasimizdan bizga taslim bo‘l! - deb javob qilishdi qarshisidagilar.
-   Tushunishimcha, oldingizda kim turganini bilmayapsizlar. Men Dumaning raisi Ukaydirman.
-   Biz o‘zi seni yoqalamoqchi bo‘lib keldik-da.
Ukaydir sheriklari bilan birga jangga hozirlandi. Qilichlar qinidan chiqdi. Kecha qorong‘uligi jarang-jurung sadolari bilan bezandi. Ammo tez fursatda Ukaydir bu odamlarga bas kela olmasligini tushunib yetdi. Ayniqsa, oralarida bittasi bor ekan, yolg‘iz o‘zi uch-besh kishini oldiga solib quvlab qolishi hech gap emas.
Asirlik o‘limdan yaxshi, degan o‘y bilan yaroqlarini tashlashdi. Ukasigina taslimga ko‘nmadi, yarog‘ini tashlamadi, jangda davom etdi va... o‘zi o‘zining boshiga yetdi.
Qo‘llari bog‘langan asirlar orqama-ketin qilib bir qatorga terildi. Maydonda Ukaydirning ukasi Hasanning o‘ligigina qoldirildi. Egnidagi qimmatbaho libosi va quroli yechib olindi. Amr ibn Umayya Ukaydir qo‘lga olinganining xabarini berish uchun ertaroqjo‘natildi.
Sahobalar o‘xshashi hech ko‘rilmagan kiyimni tomosha qilishar edi. Ba’zilar qo‘llarini tekkizib ko‘rar, yumshoqligiga hayratlanib boqishar edi. Shunda Payg‘ambar janobimiz:
-   Sizlar bu kiyimning chiroyligiga lol qolyapsizlarmi? Vallohi, Sa’d ibn Muozning jannatdagi ro‘molchasi bundan ham chiroylidir, - deb marhamat qildilar. Ukaydir «Musulmon bo‘l», degan taklifni qabul qilmadi. Yillik jiz’ya berib turishga rozi bo‘ldi. Buning evaziga musulmonlar ham Duma xalqini qo‘rib turadigan, chetdan hujum qilinsa, mudofaa etib tinchligi va osoyishtaligini ta’minlaydigan bo‘lishdi. Bundan tashqari Tabukda yana Makna, Eyla, Jabra va Ezru qabilalari bilan ham bitimlar tuzildi. Yilda o‘tashlari lozim bo‘lgan mablag‘ va buning evaziga ularni tashqi dushmandan himoya etish xususida axdnomalar yozilib, har biriga bittadan berildi.
Bir kecha Abdulloh ibn Mas’udga (r.a.) hadeganda uyqu kelavermadi. O’rnidan turdi, bir oz aylanib kelmoqchi bo‘ldi. Nariroqda bir shu’la ko‘rinib turardi. O’sha yoqqa borib, suhbatlashib o‘tirgisi keldi. Yaqinlashgan sari gangir-gungur tovushlarni eshitdi, kurakning shovqini ham qulog‘iga kirdi. Yaxshilikka bo‘lsin, deya yaqinlashaverdi. Alanganing yengil oydinligida Payg‘ambar janobimizning muborak yuzlarini ko‘rdi. Yonlarida Abu Bakr (r.a.) bilan Umar (r.a.) ham bor edilar.
Yaqinlariga kelgach, taxminda adashmaganini bildi: go‘r qazishayotgan edi. Yerda bir jasad yotibdi.
-   Kim bu, ey Abu Bakr? - deb so‘radi.
-   Abdulloh Zulbijadayn, - deya javob qildi Abu Bakr.
-   Demak, o‘lim biribir kelibdi-da. Olloh rahmatiga olsin.
Abdulloh bir necha kun oldin o‘tli bir xastalikka chalingan edi. Bu xastalik uning kuch-quvvatini sug‘urib oldi, darmonini tamom qildi. Ammo shunday holda ham ko‘zlari ichida bir shu’la porlab turardi. Demak, Rasululloh (s.a.v.) bergan mujdaning ilk xabarchisi kelgan edi. Janobimizning: «Ey Abdulloh! Bir g‘azotga chiqqaningda o‘tli xastalikka chalinib o‘lasan-da, shahid bo‘lasan... Yoki uloving seni yiqitib bo‘yning sinadi va o‘lasan-da, shahid bo‘lasan...» degan kunlaridan beri doim ikki holdan birini kutib yurdi. Qachon eshigi taqillaydi, qachon: «Ey Abdulloh!.. Hozir bo‘l!.. Shahidlik yo‘liga chiqish payti keldi...» degan bu baxtli voqea ro‘y beradi, deb yurdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:51:05

Demak, Tabuk safari Abdulloh uchun shahidlik safari bo‘lajak edi. Abdulloh yo‘lda kechgan va umrining bir-ikki sahifasini tashkil etgan kunlarini xastalik va xursandchilik yo‘g‘rilgan bir hol ichida kechirdi. Bundan bu yog‘i Mavlosiga qovushishdan boshqa dunyodan kutgani qolmadi. Mavlosi ham bunga qovushishni xohlaganiga ishonar edi. Va bir kun to shomgacha cho‘llarni yoqib-qovurgan quyosh botarkan, uning umrining quyoshi ham botdi, to‘g‘rirog‘i, bu quyosh yanada mukammal hayot olamiga chiqdi. Shahidlarni o‘lik deyishdan qaytargan Ulug‘ Mavlo unga Habibi akrami vositasi-la mujdalagan shahidlikni ato etdi.
Shunday qilib, Zulbijadayn dunyodan olabiladigan eng buyuk nasibani ham o‘zi bilan birga olib ketdi. Madinadan juda olisga - Tabukday bir joyga ko‘miladi endi. Ollohning rasuliga (s.a.v.) yana bir marta bu joylarga kelish balki hech nasib bo‘lmas, balki ashobi kiromdan ham hech kim go‘rini ziyorat qilolmas, ustiga tortilgan qumlar shamolning oldiga tushib o‘ngu so‘lga sochilib ketar va balki mozorini biladigan bitta ham odam qolmas bu dunyoda. Ammo bularga g‘am chekmasdi. Dunyoda unga: «Yonimga yaqinroq kel, menga yaqin joyda tur», deya marhamat qilgan Payg‘ambarning yuragidan joy olgan bu fazilatli inson dunyoda ikki kurak tuproqdan paydo bo‘ladigan go‘rga zormi? Payg‘ambarga sevgi va hurmat iplari bilan bog‘langan, zamonlar va makonlar berisidagi insonlarning yuraklari uning nurli-yorug‘ qabri bo‘lajak, juda olislardan, juda uzoq zamonlar berisidan ham: «Ollohim, Abdulloh Zulbijadaynga rahmating-la, marhamating-la, lutfing-la, karaming-la muomala qil», deydigan va balki bu samimiy tilaklari natijasida mag‘firatga noil bo‘lajak qanchadan-qancha insonlar ham topilajak...
Jasad qabrga qo‘yildi, usti yopildi. Rasuli muhtaramning (s.a.v.) qo‘llari yuqoriga ochildi:
- Ollohim, men undan rozi va xushnud bo‘lgan holimda oqshomga yetdim, Sen ham undan rozi bo‘l, - duosi ila ahadiyat borgohiga iltijolarini arz qildilar.
G’oyat oddiy dafn marosimi bo‘ldi bu. Jamoat bor-yo‘g‘i uch-to‘rt kishidan iborat edi. Ammo bu jamoatning salmog‘i og‘ir. Tarozining narigi pallasiga dunyo to‘la insonlar qo‘yilsa ham, yana bu taraf og‘ir bosardi.
Bu duo olamlarga rahmat bo‘lib kelgan buyuk payg‘ambardan kelayotgan edi. U zot bu duoni majburiyat ostida emas, Zulbijadaynga oid muborak ko‘ngillarida saqlagan sevgi tufayli qildilar. Bu duoning oxiratda ko‘rilajak foydasini qo‘lga kiritish uchun bir mo‘min dunyo to‘la molini bersa ham, ko‘p narsa qilgan hisoblanmasdi. Go‘yo u yerga bir tasodif natijasi o‘laroq kelgan Abdulloh ibn Mas’ud: «Koshki shu qabrga qo‘yilgan odam men bo‘lsaydim», deyishdan o‘zini tiyib turolmadi. Endigina, bir necha oy oldin musulmon bo‘lgan bu odam dunyodan eng go‘zal ulushini olgan, qora tuproqqa shunday ulush bilan kirgan edi.

Qayd etilgan