Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154673 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:51:55

Irbod ibn Sariya g‘oyat kambag‘al, juda samimiy musulmon edi. Ko‘pincha Rasululloh (s.a.v.) huzurlariga kelar, biror xizmatlari bo‘lsa, bajarar, iltifotlariga sazovor bo‘lar edi. Kechalardan birida xuftondan keyin Ollohning payg‘ambari qadrli xotinlari Ummu Salama (r.a.) onamiz bilan birga endi chodirlariga kirib ketishgan edi, Irbod keldi. Bu kecha hech narsa yemagan ekan.
Rasuli akram (s.a.v.) Bilolni (r.a.) chaqirdilar. Bilol qo‘lidagi charm xaltani ag‘dargan edi, bir nechta xurmo to‘kildi. Endi xurmolarni to‘plab turganida Juayl ibn Suroqa bilan Abdulloh ibn Mug‘affal ham kelib qolishdi. Ular ham ochlikdan sillalari qurigan holda turishardi. Umrlari butun faqri zarurat ichida kechgan, ammo mustahkam imonlari bor, Ollohga va rasuliga top-toza yuraklari bilan bog‘lanishgan edi. Hunaynda to‘plangan o‘ljalar bo‘lishilayotgan paytda Rasuli akram (s.a.v.) shu Juayl haqida aytgan bir jumla gaplari ularga berilgan haqiqiy baho edi. Sa’d ibn Abu Vaqqos: «Siz Juaylga o‘ljadagi haqqidan ortiq hech narsa bermadingiz. Holbuki, menimcha, u juda yaxshi mo‘mindir», deyavergach, nihoyat Janobimiz: «Qasamki, Uyaynaga qaraganda Juayl yer yuzi kattaligicha yaxshidir», deganlar va bu bilan uning Ollohga bo‘lgan taslimiyatini nazarda tutganlar. Bu kechaning mehmonlaridan biri o‘sha Juayl edi. Qolganlar ham undan past qiymatdagi odamlar emasdilar.
Qorinlari surnay chalgan uch kishi Payg‘ambar dasturxonlari atrofiga tez cho‘kishdi. To‘plangan yetti dona xurmo bir tovoqqa qo‘yildi. Janobimiz muborak qo‘llarini tovoq uzra bir oz tutib turgach:
-   Qani, Ollohning nomini aytib, yenglar, - deya marhamat qildilar.
Uch och odam bismillohni aytib yeyishga tushdi. Qorinlari rosmana to‘ydi ham, ammo tovoqdagi xurmo kamaymadi. Nihoyat, yaxshigina to‘yib, dasturxondan qo‘llarini tortishganida tovoqda hamon yetti dona xurmo turardi. Bu xurmolar ertalab yeyishga olib qo‘yildi va yana hazrati Bilolning (r.a.) xaltasiga solindi.
Bomdod namozidan keyin Rasululloh (s.a.v.) Irbodga murojaaat qildilar:
-   Yegani narsalaringiz bormi?
Irbod ko‘nglidan: «Qanaqa yeydigan narsani aytyapsiz, ey Ollohning payg‘ambari?» degan savol o‘tayotganini anglatib turgan boqishlar bilan boqdi. Yo‘q deya olmadi, bor deb yolg‘on ham so‘zlay olmasdi. Shunda Payg‘ambar janobimiz Bilolga kecha ortgan xurmolarni olib kelishga buyurdilar.
Xurmolar idishga bo‘shatildi. Janobimizning muborak qo‘llari yana ularga tegdi. So‘ngra o‘sha yerda turgan o‘n kishi yemakka taklif etildi. Qo‘llar orqama-keyin idishga cho‘zilar, bittadan xurmo olib qaytar, u og‘izga solingach, ikkinchi, uchinchi xurmolar olinar, lekin idishdagi xurmolar hech kamaymas edi. Nihoyat, o‘n kishi rosmana nonushta qilib, tarqalishdi. Ortgan xurmolarni Rasuli akram janobimiz o‘sha atrofda o‘ynab yurgan bir bolakayga bergan edilar, u shod-xurram bo‘lib, yana o‘yiniga qaytdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:52:52

Tabukka kelishganiga yigirma kun bo‘ldi, lekin hali-hamon dushman ko‘rinmasdi. Endi qaytilsa ham bo‘ladigan bo‘lib qoldi. Madinadan yo‘lga chiqqanlaridan beri his etilgan oziq-ovqat qiyinchiligi oxirgi chegarasiga yetib kelgan edi. Ba’zilarni yiqitdi, endi butun qo‘shinning holini tang qila boshladi. Aqlga kelgan yagona chora - ulov hayvonlarini so‘yib ovqat hozirlash edi.
Rasululloh (s.a.v.) o‘zlari ham vaziyatni ko‘rib turibdilar. Shuning uchun bu oxirgi choraga izn berdilar. Tuyasini so‘ygan odam boshqa birodarining ulovidan foydalanib turishi eslatildi.
Qo‘shin oralab aylanib yurgan hazrati Umar (r.a.) uch-besh kishi bir tuyani so‘yishayotganini ko‘rib qoldi.
-   Nima qilayotganlaringni bilyapsizlarmi? - dedi.
Ahvolni tushuntirishgan edi:
-   Bu ishga ozgina shoshmay turinglar, - deya tizzalari bog‘langan, so‘yilayotganini his etib ho‘ng-ho‘ng yig‘lab turgan tuyani qutqarib qoldi. Keyin to‘g‘ri janobi Payg‘ambarimizninghuzurlariga bordi.
-   Ey Ollohning rasuli, askarlar ot-ulovlarini so‘ya boshlashyapti. Bunga siz ruxsat berdingizmi? - deb so‘radi.
-Ha.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, buning o‘rniga buyuring: hamma o‘zida bor yemagini olib kelsin, siz unga baraka tilab Ollohga duo qiling. Mujohidlarga hali bu hayvonlar kerak bo‘ladi, - dedi.
Taklif ma’qul ko‘rildi. Va shu ondan e’tiboran qo‘shin saflarini oralab, miniladigan hayvonlarning so‘yilmasligi, qo‘llarida bor yemaklar Payg‘ambarimiz huzurlariga keltirilishi haqida jar solib chiqildi.
Butun qo‘shindan to‘plangan oziq-ovqat o‘rtaga yoyilgan ro‘molni ham to‘ldirmadi. Bir miqdor un, yog‘, arpa va xurmodan iborat edi bor narsa. Bittagina ro‘mol ustida to‘rtta boshqa-boshqa to‘p paydo bo‘lgan edi. Endi ishning bu yog‘i Ollohda va rasulida qoldi. Payg‘ambarlar sarvari (s.a.v.) tahorat oldilar, ikki rakat namoz o‘qidilar, qo‘llarini ko‘tardilar va Mavlolariga yolvordilar. So‘ngra qo‘shin ahliga qarab, oziq-ovqatlarni qoplariga to‘ldirib olishlarini amr qildilar.
Navbatma-navbat kelib hamma qopini to‘ldirib ketaverdi. Soatlarcha davom etdi bu ish. Qo‘shin orasida yemakka niq to‘ldirilmagan bitta ham qop qolmadi. Endi to Madinaga borguncha ham ochlik siqintisi chekilmaydi. Askarlarning yuzida mamnunlik izlari balqigan, ko‘zlarda sevinch shu’lalari jilolanar edi. Rasululloh janobimiz ashoblarining orqasidan oyoqqa turdilar.
-   Men Ollohdan boshqa hech bir ma’bud yo‘qligi va o‘zim Uning payg‘ambari ekanimga guvohlik beraman. Yana, bu imonda turgan odamni Olloh do‘zax olovidan asrashiga ham guvohlik beraman, - deya marhamat qildilar.
Yuraklarni zabt etgan bir mo‘‘jiza so‘ngida janobi Payg‘ambarimizning bu so‘zlarni so‘zlashlari mo‘‘jizalarning asl egasi Ulug‘ Mavlo ekaniga ham bir ishorat hisoblanishi lozim edi.
Qo‘shin guvoh bo‘lgan mo‘‘jizalarning ilki emasdi bu. Yo‘l bo‘yicha suvlarning qaynab ko‘payishi, yomg‘irning yog‘ishi, xurmoga baraka kirishi kabi qanchadan-qancha misollarni hamma ko‘rdi. Mo‘minlarning qalblari bu ishlar tufayli yap-yangi, top-toza imonga qovusharkan, munofiqlarda hech bir yaxshi hol sezilmas, faqat nifoq tuyg‘ulari ortar, faqat yuraklaridagi xastaliklar qaytalab qolar edi.
Qaytish boshlandi. Kechasi munofiqlardan qorayurakli o‘n ikkitasi birlashdi. Rasulullohning jonlariga qasd qilishga kelishishdi. Bir vodiy chekkasidan o‘tayotib, yo‘lning eng tor joyida u zotni ulovlaridan yiqitib, o‘ldirish rejasini tuzishdi.
Tuyalariga minishdi. Kecha qorong‘u-zimiston edi. Buning ustiga, yuzlariga yopinchiq-niqob tortib olishdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:53:23

Jabroili amin tushdi, ularning kirdikorlaridan xabar berdi. Buni eshitgan Rasuli muhtaram (s.a.v.) qo‘shinga vodiy yo‘lini tutishni buyurdilar. O’zlari teparoqdan, pistirma qo‘yilgan yo‘ldan bordilar. Yonlarida Ammor bilan Abu Huzayfadan boshqa hech kim yo‘q edi. Biri tuyaning yuganidan ushlab borar, ikkinchisi orqadan kelar edi.
Yo‘lning eng tor joyiga kelishgan payt pistirmadagi o‘n ikki kishi oldilaridan to‘sib chiqdi. Rasululloh janobimizni o‘rtaga olishdi. Siqib kelaverishdi. Shu on Abu Huzayfa (r.a.) Payg‘ambarimizning amrlari bilan qo‘lidagi kaltakni ularning ulovlari yuzlariga solib qoldi. Tuyalar orqaga tislandi. Sho‘rliklar qo‘llarini, yuzlarini kir qilgan bu
ishni yarmida tashlab, qo‘shin ichiga aralashib ketishni ma’qul ko‘rishdi. Tuyalarining boshini vodiyga burib, tez jo‘nab qolishdi.
Ammor ham, Abu Huzayfa ham hech birini ilg‘ay olishmadi. Payg‘ambarlar sarvari (s.a.v.):
-   Ularni ilg‘adilaringmi? - deb so‘radilar.
-   Yo‘q, ey Ollohning rasuli, ilg‘ayolmadik. Ammo tuyalaridan ba’zilarini taniganday bo‘ldik, - deyishdi.
Saldan keyin Janobimiz (s.a.v.) Abu Huzayfa bilan yolg‘iz qolib, bu munofiqlarning ismlarini unga  bittama-bitta aytib berdilar va:
-   Aslo birovga aytako‘rma! - deb ogohlantirdilar.
Bundan buyon Abu Huzayfa sir xumi o‘laroq yashayajak, payg‘ambarlar sultoniga juda yaqin odamlarga ham bu mavzuda hech narsa aytmayajak. Rasulullohning ko‘zqoracho‘g‘i bo‘lgan Umar ibn Xattobday inson undan munofiqlarning kimligini bilib ololmagach, bundan buyon kim o‘lsa, Abu Huzayfani axtarajak, agar u janoza namozida qatnashsa, u ham o‘qiyajak, kimning janozasidan o‘zini tortsa, «Hm-mm... endi bildim sening kimligingni...» deb u ham o‘qimayajak.
Usayd ibn Xudayr bir ishdan ajablandi: Rasululloh (s.a.v.) ashoblarini vodiyga yo‘llab, nega o‘zlari tor va xavfli yo‘lni tanladilar ekan?.. Hech qiziqishi so‘nmadi. Oxiri kelib, o‘zlaridan so‘rab, holatni aniqladi.
-   Ularni bizga bildiring, bo‘yinlarini uzib tashlaylik, ey Ollohning payg‘ambari! — dedi g‘ayrati qo‘zib.
Janobimiz bu taklifni qabul etmadilar. Usayd qistayvergach:
-   «Mushriklarni yengib, quvvatlanib olib, endi o‘zining birodarlarini o‘ldira boshladi», deyishlarini xohlamayman, - dedilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, ular sizning birodarlaringiz emas!

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:53:59

Usayd haqiqatni aytayotgan edi. Ularning hazrati Payg‘ambarga dushmanlikdan boshqa hech bir ortiqchaliklari yo‘q edi. Ammo-lekin, tillarida bo‘lsa ham, shahodat kalimalarini aytishgani ularga musulmon muomalasi ko‘rsatilishini taqozo etar, ko‘rinishda ham bo‘lsa, Payg‘ambar ashobi kabi bir xususiyat berar edi.
Quro vodiyiga kelishganida bog‘ egasi xotinni chaqirib kelishdi.
-   Qancha xurmo hosil olding? - deb so‘rashdi.
-   O’n yuk xurmo oldim, - deb javob qildi xotin.
Tabukka ketishda xurmo hosili qancha chiqishi xususida taxminlar qilingan, Janobimiz o‘n yuk chiqishini chamalagan edilar.
Safar davom etdi.
Bu safarda qatnashgan munofiqlar faqat ikki narsaga erishishdi: charchoq va kelajakda ko‘rajaklari azob ustiga azob... Ular bu safarga fursat topildi deguncha buzg‘unchilik chiqarish va bordiyu bir urush qilinsa, o‘lja qo‘lga kiritish uchun qo‘shilishgan edi. Yo‘l bo‘yi qilgan bir-ikki urinishlari natijasiz qoldi. Jang qilinmagani uchun o‘lja ham yo‘q. Bularning o‘rniga Ollohning la’nati va g‘azabinigina qo‘lga kiritishdi. Kelajakda bu qilgan har bir ishlari uchun bitta-bittalab so‘roqqa tortilishajak, hisob berishajak edi.
Muhojir va ansorlar uchun esa, bu yo‘lchilik rahmat va mag‘firat yo‘lchiligi bo‘ldi. Juda ko‘p qiyinchilik tortishdi, katta siqintilarga ko‘krak tutishdi, ammo bu yo‘lchilik ularning ich olamlarini pishirdi, yetiltirdi. Buning ustiga, ular erishgan ajr va savob ham yuksak darajalarda edi.
Yo‘lda Rasuli kibriyo (s.a.v.) janobimiz mo‘minlarga ushbu muborak so‘zlar bilan xitob qildilar:
-   Madinada ba’zi odamlar bor, sizlar o‘tgan har vodiyni ular ham kechib o‘tdilar. Sizlar borgan hamma joyda ular ham birga bo‘lishdi.
Nigohlar muttaqiylar imomiga (s.a.v.) qaraldi. Ashobi kiromning bu nigohlarida: «Sal tushuntirib bering bu so‘zlarni, ey Ollohning payg‘ambari», degan ma’nolar bor edi. Sevikli payg‘ambarimiz tushuntirdilar:
-   Ularni bu yo‘lchilikdan uzr to‘sdi, xolos, - dedilar.
Ya’ni, bu bilan: ularning ko‘ngillari doimo sizlar bilan birga edi, uzrlari bo‘lmaganida albatta sizlar bilan birga yo‘lga chiqqan bo‘lishardi, demoqchi edilar.
Bu tushuntirish bilan janobi Rasululloh (s.a.v.) qalbdagi niyat, ixlos va samimiyatning qiymatini mukammal bir tarzda anglatgan bo‘ldilar.
Ammo hech bir uzrsiz Madinada qolganlarga qanaqa hukm chiqajak?
To shaharga kelguncha bu kabi savollarni hech xayollardan chiqarib tashlab bo‘lmadi.
Uzoqdan Madina ko‘rina boshladi. Payg‘ambar janobimizning yuzlarida quvonch alomatlari ko‘rindi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:55:20

-   Mana toba (toza va xush shahar - Madina)! - dedilar. Keyin nigohlarini yuzga yaqin shahid ko‘milgan tomonga qaratib:
-   Mana Uhud tog‘i!.. U bizni sevadi, biz ham uni sevamiz, - deb marhamat qildilar.
Madinaning shundoq ostonasida Zuavon degan joyga tushishdi. O’sha yerlik bir guruh kishilar Payg‘ambar janobimizni qarshiladi:
-   Ey Ollohning rasuli, Tabukka ketayotganda, kelib masjidlaringizni ko‘raman, ichida namoz o‘qiyman, deb va’da qilgan edingiz, marhamat eting, - deyishdi.
Ammo Payg‘ambarimiz o‘rinlaridan turmadilar. Chunki Jabroili amin kelgan edi. Undan vahiyni olib, o‘shanga ko‘ra ish qilganga nima yetsin. Vahiy farishtasi sevikli Payg‘ambarimizning muborak yuraklariga ushbularni naqshlay boshladi:
«Yana shunday kimsalar ham borki, ular (mo‘minlarga) ziyon yetkazish, kufrni (kuchaytirish) va mo‘minlar o‘rtasiga tafriqa solish hamda ilgari Olloh va rasuliga qarshi urushgan (bir) kimsaga ko‘z tutish uchun (ya’ni, fitna yuzasidan) masjid qurib oldilar. Yana: «Biz faqat (bundan) yaxshiliknigina istagan edik», deb qasam ham ichadilar. Olloh guvohlik berurki, ular, shak-shubhasiz, yolg‘onchidirlar! (Ey Muhammad!) Hech qachon u masjidda (namozga) turmang! Birinchi kundan taqvo asosiga qurilgan masjid borki, siz o‘shanda turishingiz loyiqroq. Unda poklikni yaxshi ko‘radigan kishilar bordir. Olloh esa o‘zlarini mudom pok tutuvchi zotlarni sevar. Bas, (masjid) binolarini Ollohdan qo‘rqish va uning roziligi asosiga qurgan kishi yaxshiroqmi yoki binolariga yemirilayotgan jar yoqasini asos qilib olib, shu sababli (o‘zi ham) jahannam o‘tiga qulagan kimsami? Olloh bunday zolim qavmni hidoyat qilmas. Qurgan binolarining (buzib tashlanishi) ularning ko‘ngillarida shak-shubha bo‘lib qolur. Magar yuraklari yorilib (jonlari chiqib) ketsagina (shak-shubha ham yo‘q bo‘lur). Olloh bilim va hikmat egasidir»*.
U bino ko‘rinishda ibodatxona bo‘lsa-da, aslida fasod uyasi. Bu odamlar ham ko‘rinishda imonli, ammo yuraklari kufr va nifoqqa to‘la. Bu «masjid» va bu odamlar naqadar bir-birlariga o‘xshaydi...
Buni «Diror masjidi» deyishardi. Uning paydo bo‘lishi sababi va uni qurganlarning qalblarini to‘ldirgan tushunchalar shunday ochib tashlandi... Payg‘ambar janobimiz u yerda namoz o‘qimayajaklar, aksincha, u binoni yoqib yiqitajaklar, u yerda to‘planib olganlarni tarqatib yuborajaklar, fitna va fasod urug‘ini ekishlariga yo‘l qo‘ymajaklar.
Darhol buyurdilar, bir necha kishi borib u binoga o‘t qo‘yib yubordi. Shu tariqa nomi masjid, ammo o‘zi fasod uyi bo‘lgan bu joy o‘rtadan ko‘tarildi, munofiqlarning dami kesildi.
Madina Rasululloh (s.a.v.) boshliq qo‘shinni sevinch ichida qarshi oldi. Janobimiz to‘g‘ri borib masjidga kirdilar, ikki rakat namoz o‘qidilar, shundan keyingina hujralariga o‘tdilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:56:31

Bu yo‘lchilikda Ollohning seviklisiga yo‘ldosh bo‘lgan va buyurgan vazifalarini sha’nlariga loyiq bir tarzda bajargan onamiz Ummu Salama (r.anho) ham dam olish uchun hujralariga kirdilar.
O’rtada safarga qatnashmaganlar masalasi turardi. Endi navbat shuni hal etishga keldi. Ba’zilarni safardan kasalliklari yo ko‘zlari ko‘rliklari to‘sgan, agar bu kabi uzrlari bo‘lmaganida yuzda yuz bu safarga borishlari aniq edi. Bundaylar haqida Janobimiz ham yo‘ldaliklaridayoq yetarli tushuntirish berganlar, xuddi borganlar bilan birgaday mukofot olishlarini aytganlar. Ular kimlar ekanini Ulug‘ Mavlo o‘zi biladi. Ertaga huzuriga kelishganida «O’zlaring borolmagan bo‘lsalaring ham, ko‘ngillaringni borganlar bilan birga qo‘shib yuborganlaring uchun Tabuk g‘azotidan sizlarga tekkan ulush mana, olinglar!» deydi, ko‘plarning ko‘zini moshday ochtiradigan buyuk mukofotni taqdim etadi. Niyatlari tuzuk bo‘lgan bu odamlar hech narsa yo‘qotishmagan, aksincha, qozonishgan edi.
Uzr-ma’zurlar boshlandi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari! Men kasal edim, isitmam shunday bir ko‘tarilib ketdi, o‘rnimdan qo‘zg‘alolmay qoldim. Bunaqa bo‘lmaganimda, Ollohga qasam, sizdan ayrilmasdim, bu yerda qolmasdim!..
Bu xil qasamlar bilan olamlar Egasining seviklisi huzurlariga kelganlar soni xiylagina ko‘p edi.
-   Sizni payg‘ambar qilib jo‘natgan Ollohga qasam ichaman, tuya ustida o‘tira oladigan sog‘lig‘im bo‘lganida to‘xtamay ketardim. Men uchun Janobi Mavlodan kechirim so‘rab bersangiz...
Bu uzrni to‘qib huzurlariga kelgan odamga Payg‘ambarimiz (s.a.v.):
-   Olloh seni kechirsin, qani, boraver! - deb qo‘ydilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, men uchun ham kechirim so‘rab bering. Borolmadim, ammo siqilib ich-etimni ado qildim. Ollohga qasam, bu kasallikdan endi turmasam kerak deb o‘ylovdim.
-   Ollohseniham kechirsin.
O’timli uzrlarim bor, deya ketma-ket qasamlar ichganlarning soni saksondan oshardi. Bu uzrlarini tinglab, biron-bir e’tiroz qilmagan Payg‘ambarni ular ishontirdik deb o‘ylashar, miyiqlarida kulimsiragancha, g‘alabalarini nishonlashar edi. Shuncha qiyinchilik chekilganiga qaramay o‘ljasiz, quruq borib quruq qaytgan, ming bir zahmatlar bilan yo‘l bosib kelganlarga qarab, mana, biz ishni osongina hal etdik, deyayotgandek bo‘lishardi.
Ammo hammani doimo ko‘z ostida tutib turguvchi Ulug‘ Mavlo qalblarining sirlaridan ham xabardor. Ular Habibi akrami huzuriga kelib ming qasam ichishmasin, jazolari bekor bo‘lib qolmaydi.
Nihoyat, Ka’b ibn Molik keldi. Janobimiz (s.a.v.) huzurlarida tiz cho‘kdi.
-   Seni nima ushlab qoldi? Aqobadagi kelishuvimizda menga yordam berishga doir so‘z
bermaganmiding? - deb so‘radilar Ollohning rasuli.
Boshqalar-ku bir harakat bilan osongina suvning u yoqasiga o‘tib olishdi. Ular o‘tgan ko‘prikdan bu ham o‘tsa bo‘lardi. Zotan, Ka’b ham birmuncha payt Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlarida har xil bahonalarni to‘qib yoqasini qutqarib olishni xayol qilgan edi. Ammo olamlar Egasining rasuli (s.a.v.) kelish vaqtlari yaqinlashgani sayin, bu yo‘lning boshi berk, degan tushuncha og‘ir bosa boshladi. Qo‘shin shaharga kirib kelishi bilan bu tushunchalar ham xayolini tark etdi.
-   Ha, ey Ollohning payg‘ambari! Boshqa odamning huzurida bo‘lsaydim, uni xursand qiladigan gaplarni ayta olardim. Chunki men mantiqli va chiroyli gapirishni qoyillatadigan bir odamman. Ammo men shunga ishonamanki, bugun yolg‘on gaplar bilan sizni qoniqtira olganim bilan Olloh taolo mening yolg‘onimni ochib tashlaydi, siz ham mendan g‘azablanasiz. Agar o‘zimni himoya qilmasdan to‘g‘risini aytsam, balki sizning achchig‘ingiz kelar, lekin Ollohning kechirishiga umid qoladi, - dedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 08:57:11

Ka’bning bu jo‘yali so‘zlari havoni birdan o‘zgartirib yubordi. Eshitib turgan odamlarni hayajonga soldi. So‘zlar quloqlardan ham oldin natija istab u zotga chevrildi. Bir paytlar hidoyatning eng buyuk yo‘lboshchisi (s.a.v.) aytgan: «Zararingizga bo‘lsa ham, doimo to‘g‘risini so‘zlang!» buyruqlari, mana, hozir eng chiroyli bir shaklda bajarilgan edi. Ka’b gapida bunday davom etdi:
-   Ollohga qasam, mening hech qanaqa uzrim yo‘q. Oldingi hech bir g‘azotda hozirgichalik
kuch-quvvatim bo‘lmagan, hozirgichalik moddiy imkonim ham yo‘q edi.
Ovozida samimiyat, pushaymonlik bor edi. Berilajak jazodan qo‘rquv hissi bu ovozni yaxshigina chulg‘ab olgan. Sahobalar qiziqish, hayajon va andisha bilan payg‘ambarlar va rasullarning imomi janobimizning muborak og‘izlaridan chiqajak hukmni kuta boshlashdi. Payg‘ambarimiz ularga o‘girildilar:
-   Ka’b to‘g‘risini gapirdi, - dedilar.
Yuraklar sevinch va qo‘rquv qorishiq tuyg‘ularga to‘ldi. To‘g‘ri gapirgani uning fazilati, ammo qilib qo‘ygan ishi jazoga loyiq edi. Holbuki, yuragini qiynamagan uch-to‘rttasi kelib, og‘izlarini ko‘pirtira-ko‘pirtira qasamlarni suv qilib ichdi, yoqalarini qutqarib ketdi.
Rasululloh (s.a.v.) Ka’bga dedilar:
-   Endi boraver, sening haqingda Ollohning hukmini kut.
Ka’b o‘rnidan turib, masjiddan chiqdi. Salima qabilasidan ba’zilari uning ortidan ergashishdi.
-   Yaxshi qilmading sen, ey Ka’b, - deyishdi. - Shu paytgacha to‘g‘ri hayot yashading. Anavilarga o‘xshab sen ham biron uzr aytganingda, Payg‘ambar (s.a.v.) ham sening kechirilishing uchun duo qilganlarida, olam guliston edi. Boshingga o‘zing balo orttirib olding. Shuncha odam o‘ziga uzr topganida bitta senga topilmay qoldimi?..
Atrofidan unga bu kabi malomatlar yog‘ilaverdi. Hammasining xulosasi bir: Ka’b xato ish tutdi. Gap-so‘z ko‘payib ketganidan Ka’b hatto, orqaga qaytayinmikan, masjidga borib: «Ey Ollohning payg‘ambari, bir oz oldingi gaplarimga e’tibor qilmang, mening ham unday-bunday uzrlarim bor edi...» deymikan, degan xayolga ham bordi. So‘ngra birdan hushini yig‘di.
-   Menga o‘xshab ochiqcha, to‘g‘risini aytganlar yana bormi? - deb so‘radi.
-   Ha, ikki kishi bor: Hilol ibn Umayya bilan Murora ibn Rabi’, - deb javob qilishdi. - Ular ham senga o‘xshab gapirishdi. Rasululloh ularga ham senga aytgan gaplarini aytdilar.
Ka’b hozirgina xayoliga kelgan fikrdan qaytdi. Endi undagi ikkilanishdan asar ham qolmadi. Ochig‘ini aytib to‘g‘ri qilganiga ishonchi ortdi. Unga qanday jazo tayin etilmasin, bunisi uncha muhim emas. Yolg‘on gapirib kechirilishdan ko‘ra, to‘g‘risini aytib jazo olish unga sevimli edi.
Jazoning ilk bosqichini olamlar parvardigorining seviklisi (s.a.v.) tayinladilar: hech kim bu uch odam bilan gaplashmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:02:40

Buyruq aynan tatbiq etildi. Shu darajadaki, bu uchalasi o‘zlarini hech kim tanimaydigan begona shaharda yashayotgandek his eta boshlashdi.
Nihoyat Rasuli akram (s.a.v.) yangi tushgan oyatlarni sahobalariga o‘qib berdilar:
-   «(Ey mo‘minlar,) sizlar ularning oldiga qaytgan vaqtingizda, ular (g‘azotga bora olmaganlari uchun) sizlardan uzr so‘raydilar. Ayting: «Uzr so‘ramanglar! Sizlarga hargiz ishonmaymiz. Olloh bizni sizlarning holi-xabarlaringdan ogoh qildi. Shubhasiz, amallaringni Olloh va rasuli ko‘rib turibdi. So‘ngra g‘aybu shahodatni (ya’ni, yashirin va oshkora ishlarning hammasini) bilguvchi Zotga (Ollohga) qaytarilursizlar. Bas, u sizlarga qilib o‘tgan ishlaringizning xabarini berur». Ularning oldiga qaytib borgan vaqtlaringizda ulardan yuz o‘girishlaring uchun (ya’ni, ayblamasliklaring uchun sizlarga o‘zlarining rostdan ham uzrli ekanlariga) Olloh nomi bilan qasam ichadilar. Bas, ulardan yuz o‘giringlar! Chunki ular nopokdirlar va qilmishlari (ya’ni, munofiqliklari) jazosiga joylari jahannamdir. Ulardan rozi bo‘lishlaring uchun sizlarga qasam ichadilar. Agar sizlar ulardan rozi bo‘lsalaring ham, Olloh bu itoatsiz qavmdan hech rozi bo‘lmaydi»*.
Bu oyatlar Ka’bni o‘rtaga olib, nega sen ham biron uzr topib qo‘yaqolmading, deya ayblaganlarni o‘zlariga keltirdi. O’shanda gapimizga kirmay yaxshi qilgan ekan, deyishdi.
Hilol bilan Murora keksa kishilar edi. Uylariga biqinib olib, qayg‘uga botib, natijani kutib yotishdi. Ora-sira ko‘zyoshlari to‘kishar, faqat yalqovliklaridan kelgan gunohning kechirilishi uchun Ulug‘ Mavloga duolar qilishar edi.
Ka’b ularga qaraganda yosh edi. Uyida yotib olmadi, ko‘chalarda, bozorlarda yurdi, masjidga kelib namoz o‘qidi. Ko‘chada ham, masjidda ham hech kim unga gapirmas, salom bermas, biron narsa so‘rasa, javob qilmas edi. Kunlar cho‘zilib ketayotgandek tuyula boshladi Ka’bga.
Ba’zan masjidga borib salom berardi-da, ko‘z qiri bilan Rasuli akram janobimizni kuzatar, lablari qimirlab-qimirlamaganini poylar edi.
Ka’b namoz o‘qib turganida Payg‘ambarimiz unga qaragan paytlari ham bo‘ldi. Ammo ko‘pincha muborak yuzlarini boshqa tomonga o‘girar, nigohlari duch kelib qolishini xohlamas edilar.
Endi u Madinada odamlar orasida g‘irt begonadek bo‘lib qoldi. Biron kishi bilan gaplashishga, dardini anglatishga imkon yo‘q. Shunday ezilib yurgan kunlaridan birida yaxshi ko‘rgan o‘rtog‘i Abu Qatodaning bog‘iga keldi. Devorga osilib ichkari qaradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:03:25

-   Ey Abu Qatoda! - deya chaqirdi. - Olloh uchun ayt: mening Ollohni va rasulini sevadigan odam ekanimni sen bilmaysanmi?
Abu Qatoda bu gaplarni eshitmagandek turaverdi. Javob qaytarish tugul, qarshisida odam turganidan ham xabarsizday, jonsiz bir narsaga qaraganday qarab turaverdi. Ka’b so‘zlarini yana takrorladi. Ahvol o‘zgarmadi. Uchinchi marta hayajonli va asabiy bir ifoda bilan:
-   Ey amakimning o‘g‘li, mening Ollohni va rasulini sevadigan odam ekanimni sen bilmaysanmi? - degan edi, Abu Qatoda:
-   Olloh va rasuli biladi... - deyish bilan kifoyalandi.
So‘z shu yerda kesildi. Abu Qatoda bu gapi bilan: «Sening tuyg‘u va xayollaringni ham, senga qilinishi kerak bo‘lgan muomalani ham Olloh va rasuli biladi», demoqchi edi. Ka’b ko‘zlaridan yoshlar oqqancha, yana devordan tushdi, ketdi.
Ham amakisining o‘g‘li, ham eng yaqin do‘sti bunday qilib turganidan keyin boshqasining oldiga borishi ma’nosiz edi. Ertasi u bozorda aylanib yurganida bir begona odam atrofidagilardan nimadir so‘rayotganini ko‘rdi. Ular u yoq-bu yoqqa qarab, Ka’bga ishora qilishdi: mana shu odam, degandek bo‘lishdi. Begona uning yoniga keldi.
-   Ka’b ibn Molik senmisan? - deb so‘radi.
O’-o‘, necha kunlardan beri uning ham yoniga bir odam keldi, u bilan gaplashdi!.. -Ha, menman. Nimagaydi?
-   Men savdogarman. Bug‘doy oldi-sottisi bilan shug‘ullanaman. o‘asson amiri Horisdan senga bir xat olib keldim, - dedi u begona va xatni uzatdi. Vazifasini ado etib bo‘lgan sifatida yana yo‘liga ketaverdi.
Ka’b xatni ochdi. Unda: «Birodaring senga aziyat berayotganini eshitdim. Holbuki, sen izzat-ikromga loyiq odamsan. Xo‘rlanish sening sha’ningga yarashmaydi. Yonimizga kelsang, ikrom ko‘rasan», deb yozilgan edi.
Demak, xabar u yoqlargacha yetib boribdi-da. Ka’b ikkilanib o‘tirmadi. Bunisi ham yana bitta balo va imtihon, dedi-da, to‘g‘ri uyiga borib, xatni shartta tandirga otdi. Alangasini tomosha qilarkan, bunaqa ezgin bir holatda yuragini moyil qilib qo‘ymagani uchun yaratgan Egasiga maqtovlar yog‘dira boshladi.
Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlarida aybini tan olganidan beri oradan roppa-rosa qirq kun o‘tdi. Bir payt eshigi taqilladi.
-   Rasululloh xotiningdan ayri bo‘lishga buyurdilar.
-   Bu ayri bo‘lish ajrashish ma’nosidami? - deb so‘radi Ka’b.
-   Yo‘q. Ikkinchi buyruq kelmagunicha birga yotmaysizlar.
-   Olloh payg‘ambarining buyruqlari boshim ustiga.
Xabar keltirgan odam iziga qaytib ketdi. Ka’b ichkari kirdi. Ikki daqiqa o‘tar-o‘tmas shu eshikdan xotini chiqdi. U vaqtinchaga otasining uyiga yo‘l olgan edi.
Hilolning xotini keldi. Ruxsat olib, ichkari kirdi.
-   Ey Ollohning rasuli, Hilolni mendan boshqa tursin debsiz. U ancha qarib qolgan, o‘zini o‘zi eplay olmaydi ham. Ruxsat bersangiz, yonida qolib xizmatini qilib tursam, - dedi.
-   Juda yaxshi, faqat, senga yaqinlashmasin.
-   O’zi zo‘rg‘a yuribdi-yu, qanday yaqin bo‘la oladi. Uning ustiga, o‘sha kundan beri yig‘lagani yig‘lagan.
Shunday deb xotin uyigaqaytdi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:03:51

Hazrati Rasululloh (s.a.v.) Hilolning xotiniga eri yonida qolishga ruxsat berganlarini Ka’bga yetkazib, sen ham borib ruxsat so‘ragin-chi, deyishganida Ka’b bu taklifni qaytardi:
-   Men yoshman, Rasululloh rad etishlari mumkin. Men sabr qilishga qaror berganman, - deb javob qildi. Kunlarini yolg‘izlikda o‘tkazaveradi.
Xotinlardan ayri turish buyrug‘i kelganidan o‘n kun o‘tgan, shu tariqa jami ellik kun bo‘lgan edi. Ka’b shu kuni bomdodga masjidga chiqmadi, namozni uyning tomida o‘qidi. Namozni tugatgach, xayoli qochib, xazin bir kayfiyatda o‘tiraverdi. Nigohlari ko‘k yuzida, ufqlarda, ruhi qattiq bir bosqi ostida edi. Xuddi osmon tepasidan bosib turgandek, ufqlar qovurg‘alarini qisayotgandek bo‘lardi. Dunyo tormi-kengmi ekani unga bilinmay ham qolgan. Ko‘zlaridan yoshlar oqadi, lablari shivirlab: «Ollohim, sen mehribonlarning eng mehribonisan!» derdi.
Nihoyat bir yoqlardan, Sel tepaligi tomonlardan qandaydir ovoz kelayotganini eshitdi:
-   Suyunchi!.. Suyunchilar bo‘lsin, ey Ka’b! - deb baqirib kelardi kimdir.
Ka’b sakrab turib ketdi, qulog‘ini ding qildi. Ayni ovoz ayni so‘zlarni yana  takrorlaganini eshitdi. Sal o‘tmay chang-to‘zon ko‘tarib kelayotgan bir otliqni ko‘rdi. Bu otliq ham shu gaplarni aytib kelardi.
Ka’b bu xushxabarni keltirganni xursand qilmoqchi bo‘ldi. Suyunchisiga egnidagi ikki parcha libosni yechib berdi. Boshqa kiyimi ham yo‘q edi. Qo‘shnilardan qarzga bir kiyim olib, odam bolalari ichida eng azizi bo‘lgan zotning (s.a.v.) huzurlariga shoshildi.
Endi tillar yechilgan, mo‘minlar ko‘chalarga chiqib, uni tavbasi qabul bo‘lgani bilan tabriklashar edi. To‘g‘ri kelib masjidga kirdi. Janobimiz jamoat ichida o‘tirgan ekanlar. Talha Ka’bni ko‘rgan zahoti o‘rnidan turib, qo‘llaridan tutdi:
-   Tavbangning qabul etilgani muborak bo‘lsin! - dedi.
Ochiq chehralar, sevinch to‘la ko‘zlar hammasi Ka’bga qaratilgan, Payg‘ambarimizning muborak yuzlari ham porlar edi.
-   Onadan tug‘ilganingdan beri sen uchun eng yaxshi kunning xushxabarini qabul et, -deya marhamat qildilar.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu xushxabar sizdanmi yoki Olloxdanmi? - deb so‘radi Ka’b hovliqqancha.
-   Ollohdan kelgan vahiyga asoslangan xushxabar bu!

Qayd etilgan