Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari (4-kitob). Buyuk Fath  ( 154762 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 B


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:04:15

Ka’b Rasuli akramning (s.a.v.) yonlariga cho‘kdi. Bu orada Hilol bilan Murora ham kelishdi. Ular bu mujdali xabarni Janobimizdan olishgan edi. So‘ngra Ollohning rasuli yangi tushgan oyatlarni dona-dona qilib o‘qiy boshladilar:
«Haqiqatan, Olloh payg‘ambarining, muhojirlar va ansorlarning tavbalarini qabul qildi. Ulardan bir guruhning dillari (g‘azotdagi qiyinchilik va tashnalik sababli) toyilayozganidan keyin og‘ir soatda unga (ya’ni, payg‘ambarga) ergashgan edilar. So‘ng ularning tavbalarini (Olloh) qabul qildi. Albatta, u zot mo‘minlarga marhamatli va mehribondir. Yana o‘sha uch kishining (tavbalarini ham qabul qildiki), to ularga keng yer torlik qilib qolguncha va yuraklari siqilib, Olloh (ning g‘azabi)dan faqat uning o‘ziga tavba qilish bilangina qutulish mumkin ekanini bilgunlaricha (tavbalari) qoldirilgan edi (ya’ni, tavba qila olmagan edilar). So‘ngra (Olloh) tavba qilishlari uchun ularga tavba yo‘lini ochdi. Albatta, Olloh tavbalarni qabul qilguvchi va rahmli zotdir. Ey mo‘minlar, Ollohdan qo‘rqingiz va (imonlarida) sodiq kishilar bilan birga bo‘lingiz!»*
Nafaslar keng olina boshladi. Ellik kundan beri ko‘kslarda birikkan azoblar bir onda sevinch va nash’aga aylandi. Ko‘zlardan sevinch ifodasi bo‘lgan tomchilar sizilib chiqaverdi.
-   Ey Ollohning rasuli! Tavbamning qabuli shukronasiga bor molimni sadaqa qilib yubormoqchiman.
Janobimiz bunday qilishni to‘g‘ri deb topmadilar.
-   Molingdan bir qismini olib qolganing o‘zingga yaxshi bo‘ladi, - deb marhamat qildilar.
- U holda Xaybardagi hissam o‘zimda qolsin, boshqalari Olloh rizosi uchun sadaqa bo‘lsin. Ey Ollohning rasuli, Ulug‘ Mavlo meni to‘g‘ri gapirganim uchun qutqardi. Sizning huzuringizda so‘z beraman: umrim oxirigacha aslo yolg‘on so‘zlamayman!
Dunyoda yolg‘onchilik bilan qutulib qoldik deb o‘ylaganlar baloga yo‘liqishajak, ming pushaymonlar yeyishajakdir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:06:03

E’TIKOF PAYTI KELGAN ZIYORATCHI

Rasululloh (s.a.v.) agar safarda bo‘lmasalar, ramazon oyining oxirgi o‘n kunini masjidda e’tikofda o‘tkazar edilar. Masjidning qiblaga ko‘ra chap tomonida o‘tirar, og‘izlarini shu yerda yopib, shu yerda ochar, juda zaruriy ehtiyojlari uchungina tashqari chiqar, tahorat olib yana joylariga qaytar edilar.
Ba’zan boshlarini yonlaridagi derazadan uylari tomon chiqarib, xotinlaridan qaysi biri bo‘lsa, o‘shanga sochlarini taratar edilar. Oyisha onamizning bu borada totli xotiralari bor.
Bir kecha Safiyya onamiz (roziyallohu anho) e’tikofdagi Janobimizni ziyorat etgani keldi. Bir oz o‘tirdi, suhbatlashishdi. So‘ngra olib kelgan yemaklarini tashlab, o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Vaqt kech bo‘lib qolgan edi. Rasululloh (s.a.v.) xotinlarini yolg‘iz jo‘natgilari kelmay, kuzatib chiqdilar. Safiyya onamiz Usoma ibn Zaydning uyida turar edi, o‘sha tomon keta boshlashdi.
Shu onda musulmonlardan ikki kishi ular tomonga kelishardi. Payg‘ambarimizni bir ayol bilan birga ko‘rib, odimlarini tezlatishdi. Tez bu yerdan uzoqlashish payida edi ular. Janobimiz holni angladilar va darhol:
-   Ey birodarlar, shoshilmanglar. Yonimdagi ayol xotinim Safiyya binti Huyaydir, - deb ovoz berdilar.
Haligi ikki kishi to‘xtashdi. Hayajonli ifoda bilan:
-   Subhanalloh!.. Ey Ollohning rasuli, boshqa odam haqida gumon qilsak ham, siz haqingizda bunaqa gumonga bormaymiz, - deyishdi.
Rasuli akram (s.a.v.) bildirishlarining sababini bunday tushuntirdilar:
-   Inson vujudida qon qanday aylansa, shayton ham shunday aylanib yuradi. Sizlarning ko‘ngillaringizga ham yomonlik urug‘ini tashlab qo‘ymasin tag‘in deb andisha qildim.
Bu bilan odam tadbirli bo‘lishi lozimligini, yomon gumonga sabab bo‘ladigan ishlardan uzoq yurishning ahamiyatini ko‘rsatib berdilar go‘yo. So‘ngra har qaysilari o‘z yo‘llariga ketishdi. Safiyya onamizni kuzatib qo‘yib, Janobimiz tag‘in e’tikofga qaytdilar*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:06:35

IBN SALUL

To‘qqizinchi yilning Ramazon oyi munofiqlar uchun og‘ir keldi. Mashhur munofiq Abdulloh ibn Ubay (ibn Salul) to‘shakka mixlandi. Kasallik bu gal uni juda jiddiy yoqalagan, olmagunicha ketadiganga o‘xshamas edi.
Muhtaram Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ibn Salulning kasal bo‘lganini eshitib, uni ko‘rgani bordilar. Hol-ahvol so‘radilar, sog‘ayib ket, deb tilak bildirdilar. To‘qqiz yildan beri Payg‘ambarimizga va musulmonlarga nisbatan goh yashiriqcha, goh ochiqcha yuritgan xoinona xatti-harakatlariga qarshi har doimdagiday bu gal ham nazokat bilan muomala ko‘rsatdilar. Yana bir safar ko‘rgani kelganlarida Janobimiz unga:
-   Yahudiylarga do‘st bo‘lmasang deyman, - dedilar.
Ibn Salul hali ham o‘zining ishlari to‘g‘riligiga ishongan bir ifoda bilan:
-   As’ad ibn Zurora ularning jahlini chiqardi, lekin foydasi bo‘ldimi? Nimaga erishdi bu bilan? - deb javob qildi.
Keyin ibn Salul so‘zlarini bunday davom ettirgani rivoyat qilinadi:
-   Ham, ey Ollohning rasuli, hozir gina-kuduratning payti emas... Sizdan istagim, jasadimni yuvishayotganida yonimda tursangiz hamda mana shu ko‘ylagingizni menga kafan qilib bersangiz. Kafanim sizning ko‘ylagingiz bo‘lsin. Janoza namozimni ham o‘zingiz o‘qib bering va Ollohdan meni kechirishini so‘rang...
Bu gaplar imonli odamga yarashadigan gaplar edi. Gunohkor bo‘lsa ham, oxiratdagi hisob va jazo qo‘rquviga tushgan yurakdan chiqayotganday edi.
Ibn Salul bu gaplarni sog‘lom kunlarida aytganida hazillashyapti deb o‘ylanar, har doimgi pes odati-da, deb kechirilar edi. O’lim alomatlari ko‘rina boshlangan, bu hayotdan oxirat diyoriga ko‘chish nog‘orasi qoqilayotgan bir kunda ibn Salul yana bir mojaro chiqaryaptimi, yana bitmas-tuganmas nafratini sochyaptimi va yo bu gaplari pushaymonlik alomatlarimi edi?..
Boshqa bir rivoyatda bu istaklarni Rasulullohga (s.a.v.) ibn Salul nomidan uning o‘g‘li Abdulloh yetkazgani aytiladi. To‘g‘risiyam shunisi bo‘lsa kerak. Chunki uning oxiratga kufr va nifoqda ketgani keyin tushirilgan oyatlarda bildirilajak edi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:07:10

Yotib qolganidan yigirma kun o‘tib o‘lim farishtalari ibn Salulning yoqasiga yopishishdi va uni dunyodan ayirish uchun kelishganini bildirishdi. «Men yana ba’zi iflos ishlar qilar edim, boshlab qo‘ygan ayrim fitnalarim bor edi», deyishiga ham qo‘yishmadi. Hamma ish mening ko‘nglimcha bo‘lishi lozim, deb o‘rgangan, janobi Rasulullohni sharafsiz hisoblaydigan darajada go‘stohlikka borgan bu badbaxtni ana-mana demasdan olaketishdi. Endi uni oxirat olamida faqat azob va jazo kutar edi. Har tomonidan qurshagan pushaymonlik unga foyda bermaydi. Olloh rasulining ko‘ylagiga o‘ralish tugul, quchoqlarida o‘lish ham endi unga asqotmas edi. Abadiy falokat uni qaytib ayrilmas bo‘lib chulg‘ab oldi.
Ibn Salul o‘xshashi yo‘q bir ne’matni o‘zidan qochirgan, dunyosini ham, oxiratini ham buzgan bir badbaxt sifatida oxirgi nafasini berdi. Imonni sotib, evaziga kufrni olgan edi u. Bu dunyoda uning savdosi foyda keltirmadi, hidoyat yo‘lini topa olmadi.
Rasululloh (s.a.v.) hijrat qilib Madinaga kelishlari arafalarida qabilasi ahli unga toj kiydirib o‘zlariga amir qilmoqchi bo‘lib turishgan, ammo Rasulullohning kelishlari bilan bu saltanatni qo‘ldan boy bergan edi. Shuning alami uni qattiq g‘azablantirdi. Payg‘ambarni o‘ziga dushman bildi va boshqa yoqdan kiyishi mumkin bo‘lgan eng qiymatli baxt tojini qo‘ldan chiqardi va o‘zini la’nat halqasiga duchor qildi...
O’g‘li Abdulloh keldi. Nihoyatda xafa edi. Otasini sevardi, ammo to‘g‘ri yo‘lda emasligidan doim iztirobda yurardi. Shuning uchun hozir nimadir birnima qilgisi, endigina ko‘chgan oxirat olamiga orqasidan foydali bir narsalar yuborgisi kelardi. Balki bu yo‘ldan uni qutqarish, hech bo‘lmasa, azobini yengillatish mumkin bo‘lar?
-   Ey Ollohning rasuli, otam o‘ldi. Egningizdagi ko‘ylakni bersangiz, unga kafan qilmoqchiydim. Yuvilayotganida yonida tursangiz, janozasini o‘zingiz o‘qib bersangiz degan edim... - dedi.
Janobimiz g‘oyat samimiy bir musulmon bo‘lgan Abdullohning istagini qaytarmadilar, ko‘ylaklarini yechib berdilar. Abdulloh tashakkur aytib uyiga qaytdi. Rasululloh (s.a.v.) yonlaridagi sahobalari bilan birgalikda ibn Salulning uyiga yo‘l oldilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:10:52

Jasadi yuvilayotganida yonida turdilar. Navbat janozasiga kelib, Payg‘ambar (s.a.v.) saf tortgan odamlar oldiga turish uchun endi borayotganlarida kimdir ushlab qoldi. O’girilib qarasalar, Umar ibn Xattob (r.a.) ekan.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, ibn Salulning janoza namozini siz o‘qiysizmi? Olloh bu ishdan sizni qaytarmaganmidi? - deb so‘radi.
Janobimiz xotirjam javob qildilar:
-   Egam bu ishda ixtiyorni o‘zimga qoldirdi. «Ular uchun mag‘firat tilang yoxud mag‘firat tilamang, har ikkisi ham tengdir. Ular haqida yetmish karra mag‘firat tilab duo qilsangiz ham, Olloh ularni kechirmaydi», deb marhamat qilgan. Yetmishtadan oshirib istig‘for aytsam kechirishini bilganimda, albatta shunday qilardim, - dedilar va o‘rtaga qarab yurmoqchi bo‘ldilar.
Lekin Umar ibn Xattobning (r.a.) hali gapi tugamagan edi:
-   Ibn Salul Uhud kuni musulmonlarni o‘z hollariga tashlab qochdi. Bani Musta’liq g‘azotida esa: «Ollohga qasam, agar Madinaga qaytib borsak, sharafli odam sharafsiz odamni surib chiqaradi», degan odam bu! Bugungacha doim mo‘minlarga qarshi ish qilib keldi, yahudiylarga yordamchi bo‘ldi, munofiqlarning eng oldingi safida turdi. Bu odamning janozasini o‘qimasligingiz kerak, - dedi.
Hazrati Umar (r.a.) ibn Salulning hamma kirdikorini sanar, Janobimizni o‘z hollariga qo‘ymas edi. Nihoyat, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni ko‘ksidan itarib, xoli qo‘yishini eslatdilar-da, imomlik joyiga turib namozni boshladilar.
Endi o‘likni mozorga qo‘yish qoldi. Rasululloh (s.a.v.) ashoblari bilan birga qabristongacha bordilar. Ibn Salulning murdor jasadini go‘rga uni yaxshi ko‘radigan bir-ikki nafar munofiq qo‘ydi. Ustiga tuproq tortilarkan, mo‘minlar nifoq va fasod bulog‘i bo‘lgan bir odamdan qutulishganini his etishdi.
Hazrati Umar andishaga tushdi. Rasulullohni o‘z hollariga qo‘ymadi, qayta-qayta yo‘llarini to‘sdi, bu daraja qaysarlik Janobimizni rohatsiz qilmasmidi? U zotni rohatsiz qilgan odamning boshiga rahmat yog‘ilarmidi?...
Bu kabi o‘y-xayollardan u tinchini yo‘qotdi.
Bu orada ibn Salulning ustiga tuproq tortilib, ko‘mish ishlari tugallandi. Shu payt mo‘minlar Rasulullohni (s.a.v.) vahiy holatiga tushayotganlarini ko‘rishdi. Oradan bir muddat o‘tgach, issig‘ida ushbu oyatlarni o‘qidilar:
-«Ulardan birontasi o‘lsa, zinhor uning (janoza) namozini o‘qimang va qabri ustiga ham borib turmang! Chunki, ular Olloh va rasuliga kofir bo‘ldilar va itoatsiz hollarida o‘ldilar. Sizni ularning mol-dunyolari va bola-chaqalari qiziqtirmasin! Chunki Olloh o‘sha narsalar sababli bu dunyoda ularni azob-uqubatga solishni va kofir hollarida jonlari chiqishini xohlaydi, xolos»*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:20:53

Bu oyatlar ayniqsa hazrati Umarning ko‘nglidagi siqintini ildizidan qo‘pordi. Faqat diniy bir g‘ayrat bilan, faqat Rasuli amin janobimizga nisbatan hurmati va munofiqlarga dushmanligi sababidan qilgan bu ishining to‘g‘riligini Janobi Mavlo o‘zi tasdiqlab turibdi, axir!
Rasululloh (s.a.v.) yomonlikka yaxshilik qoidasini oxirigacha yuritdilar. Tilida shahodat kalimalarini aytgan bu odamga musulmon muomalasini qildilar, ishning ich-yuzini Ollohga qoldirdilar.
Islom dini insonlarni sof, top-toza tuyg‘ular bilan ustun bir dinga ishonishga chaqiradi. Ibn Salul esa, sharaf bilan, obro‘-e’tibor bilan yashash yo‘lini tanlamadi, ichida kofir, tashida musulmon ko‘rinishdek, mard insonga yarashmaydigan munofiqlik yo‘lining timsoliga aylandi. Hozir boshlagan hayoti ko‘ngilochar bo‘lmaydi. Jahannamning eng chuqur joylarida azob ko‘rajagini Qur’on oyatlari xabar beryapti. Bo‘yniga osilgan «Munofiqlarning raisi» degan yorliq unga abadiy bir falokatdan boshqa narsa keltirmayajak.
Makkaning Abu Jahli qanday bo‘lsa, Madinaning Ibn Saluli ham shunday edi. Biri kufr va shirk timsoli, ikkinchisi nifoq va fasod bulog‘i bo‘lgan bu ikki odam Rasululloh
(s.a.v.) janobimizga kin va dushmanlik yo‘lida barobar yurgan ikki olchoq edi. Ammo hozir tushgan chuqurni u yillar davomida o‘z xohishi bilan qazidi, axir. O’g‘li Abdullohni deb Ollohning hukmi ham o‘zgarib qolmaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:21:27

HADYA XIRQA

Bir kuni Rasuli muhtaram (s.a.v.) huzurlariga bir xotin keldi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu xirqani o‘z qo‘llarim bilan siz uchun to‘qidim. Iltifot etib, qabul qiling, - dedi.
Xotinning bu samimiy ishi Nabiyyi akramni mamnun qildi. O’sha kunlari Janobimiz bir xirqaga juda-juda muhtoj edilar. Ayol xirqasini hadya etib uyiga qaytar ekan, Ollohning roziligini ham qozondi. Zotan, xizmatiga u istagan haq shu edi. Xizmat haqini teri qurimasidan berishga buyurgan va tavsiya etgan ham Ollohdir, Ollohning rasulidir. Sevikli payg‘ambariga tamasiz, ko‘ngil roziligi bilan xolis qilingan xizmatni Ulug‘ Mavlo taqdirlamay qo‘yarmidi?!
Saldan keyin Janobimiz u xirqani kiyib chiqdilar. Ko‘rganlar ham xursand. Ammo bu xursandlik uzoqqa bormadi. Bir odam keldi, u xirqani silab-siypalay boshladi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, bu xirqani menga bering, - deb qoldi birdan.
Payg‘ambarimiz: «xirqa menga hadya etilganiga hali bir soat bo‘lgani yo‘q, men esam,
bunga muhtoj ekanimni hamma biladi», deya olmasdilar, axir. Nubuvvat axloqi bundan to‘sardi. Bu odam o‘zi bunday demasligi lozim edi. Ancha-muncha zahmat bilan xirqani to‘qigan xotin ham uni Payg‘ambar kiysinlar, hojatlari chiqsin, deb to‘qib keltirgan edi!
Rasululloh (s.a.v.) uylariga kirib ketdilar. Bir muddatdan so‘ng qaytib chiqqanlarida qo‘llarida taxlog‘liq xirqa bor edi. Uni haligi odamning oldiga qo‘ydilar. Yuzlarida hech bir xafalik alomati ko‘rinmadi.
Bir zumda yangi xirqali bo‘lib olgan odam kelgan tomoniga qarab ketdi. Ortidan borgan birlari:
-   Yaxshi ish qilmading. Bilasan, Payg‘ambarimiz bunaqa istakni javobsiz qoldirmaydilar. Holbuki, o‘zlari hadya beradigan holda emasliklarini ham bilarding,
-   deb malomatqila boshladi. Odam pushaymon emasdi.
-   Ollohga qasam, men uni, o‘lsam menga kafan bo‘lsin, degan niyatdagina so‘rab oldim,
-   deb javobqaytardi*.
Qachon o‘lishini bilmaydigan bir odam kafan dardiga tushib, Rasulullohni xirqasiz qoldirishi to‘g‘rimidi? Bunaqa orzui bor ekan, shart-sharoitni ham hisobga olishi kerak emasmidi?..
Ehtimol o‘sha kungi majlisdadir, Rasuli akram (s.a.v.) qiyomat kunidan bahs boshlab:
-   Ummatimdan yetmish mingtachasi yuzlari oy kabi porlay-porlay jannatga kirajak, - deb marhamat qildilar.
Suhbatda hozirlardan Ukkosha ibn Mihsan oyoqqa qalqdi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, Ollohga duo qiling, meni o‘shalardan biri qilsin, - dedi.
Javob taklifga yarasha bo‘ldi:
-   Ollohim, uni o‘shalardan biri qil.
Ukkosha mo‘ljalni aniq urdi. Istagini tom vaqtida aytib qoldi. Yana bittalari o‘rnidan turdi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, meni ham o‘shalardan qilishini Ollohdan so‘rab bering,
-   dedi.
Ammo endi temirning tobi ketib qolgan edi. Shuning uchun Janobimiz bu ikkinchi istakka javoban:
- Ukkosha sendan ilg‘orlik qildi, - deyish bilan kifoyalandilar. Ehtimol o‘sha onda ilk murojaatning qabul etilishi taqdir qilingandir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:22:04

BIR SAFARDAN XOTIRA

Ziyod ibn Horis toza niyatlar bilan kelgan edi. Musulmon bo‘lganini Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida shahodat kalimalarini aytib izhor etdi. Ziyodning Sudo’ qabilasidan ekanini bilgan bir sahoba:
-   Salgina oldin sening qabilangga bir guruhni jo‘natgan edik, - deb qoldi.
Bu gapni eshitgan zahoti Ziyod janobi Rasulullohga murojaat qildi:
-   Ey Ollohning rasuli, qavmimning Islomni qabul etishi va itoat qilishiga men kafilman. U guruhni orqaga qaytarsangiz, yaxshi bo‘lardi, - dedi.
Bu yangi musulmonning gapidan Rasululloh xursand bo‘ldilar.
-   U holda borib ularni qaytarib kel, - dedilar.
-   Tuyam ancha charchabqolgan...
Janobimiz boshqa odamga buyurdilar, u ketib, askariy guruhni qaytarib olib keldi. Endi ish Ziyodda qoldi. U o‘tirib bir xat yozdi va qabilasiga jo‘natdi.
Ko‘p o‘tmasdan Sudo’ qabilasidan bir elchi guruh keldi, hazrati Payg‘ambarimiz huzurlarida hozir bo‘ldi. Islomni qabul qilish sharafini qozonishdi. Shunday qilib Ziyod so‘zining ustidan chiqdi. Payg‘ambarlar sultoni shirin so‘zlar bilan uni taqdirladilar.
-   Sen qavm ichida hurmatga loyiq kishisan, - deb marhamat qildilar.
-   To‘g‘risi ularni Islomga undagan Ulug‘ Mavlodir,- deb javob qildi Ziyod.
-   Seni ularga amir etib tayinlaymi?
-Ha.
Rasululloh (s.a.v.) bir yorliq yozdirdilar. Unda Sudo’ qabilasi Ziyodni o‘ziga rais deb bilishlari buyurilgan edi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, menga maosh ham ajratasizmi?
Bu masalada ikkinchi bir yorliq yozdirildi.
Shu payt Payg‘ambarimiz (s.a.v.) huzurlariga bir necha kishi kelib qoldi va boshliqlarining nohaq ishlaridan shikoyat qilishdi.
-   Demak, u shu ishlarni qildimi? - deb so‘radilar bir bor.
-   Ha, ey Ollohning payg‘ambari, u shunday qildi. Shunda Janobimiz atroflarida o‘tirganlarga qarab:
-   Mo‘min bir kishi uchun amirlikda yaxshilik yo‘q, - deb marhamat qildilar.
Bu so‘zlar Ziyodning ko‘ngliga bir og‘riq soldi. Ikki olam sarvari «yaxshilik yo‘q» deb ta’riflagan amirlikka u xursandlik bilan rozi bo‘lib o‘tiribdi, kamiga tag‘in maosh ham so‘radi-ya...
Yana kimdir keldi.
-   Menga mol ehson qiling, ey Ollohning rasuli, - dedi.
Bu istakka javoban Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday marhamat qildilar:
-   Ehtiyoji bo‘lgani holda tilangan kishi uchun u olgan mol boshog‘rig‘i va darddir.
Tushunganlarga bu gap ko‘p ma’nolar berardi. Lekin haligi odam istagini yana takrorladi:
-   Menga sadaqa mollaringizdan bering, - dedi.
Shunda Janobimiz:
-   Olloh taolo sadaqalar xususida na bir payg‘ambarning hukmini qabul etgan va na boshqaning. Bu boradagi hukmni yolg‘iz O’zi bergan, sadaqa ulashiladigan joylarni sakkiz toifa holida bayon etgan. Agar sen shu toifalardan bo‘lsang, senga ham beramiz, - dedilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:23:32

Bu gapni ham Ziyod alohida o‘ylab, vijdon tarozisida tortib ko‘rishi maqsadga muvofiqbo‘lardi.
Kecha qorong‘isi. Yo‘lga tushishdi. Ziyod Rasululloh (s.a.v.) bilan yonma-yon borardi. Tongning erta soatlari yaqinlashganida:
-   Ey Ollohning rasuli, azon aytayinmi? - deb so‘radi.
Janobimiz sharq tomonga boqdilar, yo‘q, dedilar. Yana ozgina yurilganidan so‘ng Ziyod ikkinchi marta so‘radi, tag‘in qaytardilar.
Nihoyat tong otdi, sharq tomon enlamasiga oqarishib ko‘rindi. Sarvari koinot tuyalaridan tushdilar.
-   Yoningda suv bormi, ey sudo’lik? - deb so‘radilar.
-   Nimadir ozgina bir narsa bor, ammo sizga yetarmikan...
-   Uni bir idishga quyib, olib kel!
Ziyod quyib keldi. Payg‘ambar (s.a.v.) muborak qo‘llarini suvga botirdilar. Ziyod qorong‘ilikda idishdagi suv qaynay boshlaganini hayrat ichra ko‘rdi. Bir-ikki nafas olib ulgurmay favvoraday pishqirgan suv idishni to‘ldirib, toshdi. Olamlarga rahmat qilib yuborilgan buyuk Payg‘ambar Ziyodga:
-   Parvardigorimdan uyalmaganimda bunaqa mo‘‘jizalar bilan doim suvni mo‘l qilib qo‘yardim, hamma qonardi suvga. (Lekin oson emas bu ish.) Qani, birodarlaringni chaqir, ehtiyoji borlar kelsin, suvini olsin, - dedilar.
Ziyod azon aytdi. Ketidan baland ovozda:
-   Hey-y suvi qolmaganlar, Payg‘ambarimizning yonlariga kelinglar! - deb chaqira boshladi.
Har kim kelib meshini to‘ldirib ketaverdi. Bu ish bitgach, Hazrati Bilol (r.a.) iqomat takbirini tushirish uchun o‘rnidan turdi. Rasululloh uni to‘xtatdilar:
-   Azonni sudo’lik birodaring aytdi, azonni kim chaqirsa, iqomatni ham o‘sha aytishi lozim, - dedilar.
Ziyod iqomat tushirdi, bomdod namozi o‘qildi. Namozdan keyin o‘sha kunning azonchisi bo‘lgan Ziyod qo‘lida ikkala vasiqasi bilan Rasulullohga ro‘para bo‘ldi.
-   Ey Ollohning payg‘ambari, meni bu ikkalasidan qutqaring, - dedi.
-   Nima bo‘ldi senga?
-   Kecha «Mo‘min kishi uchun amirlikda yaxshilik yo‘q», deganingizni eshitdim. Men esam Ollohga va rasuliga ishongan odamman. Yana siz sadaqa so‘rab kelgan bittasiga: «Ehtiyoj bo‘lmagani holda tilangan kishi uchun u olgan mol boshog‘rig‘i va darddir», dedingiz, buni ham eshitdim. Men sizdan maosh so‘radim. Holbuki, men o‘zimga to‘q odamman, - dedi.
Uning gaplari samimiy edi.
-   O’zing bilasan: istasang, qabul qil, istasang, qaytar, - dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Ziyod hech ikkilanmasdan qarorini aytdi:
-   Qaytaraman!
-   Unda bir odamni ko‘rsat, uni sizlarga amir qilay.
Shunday qilib, u tavsiya etgan kishi amir etib tayinlandi. So‘ngra qabilasining bir ehtiyojini bayon qildi.
-   Ey Ollohning rasuli, bizning bir qudug‘imiz bor, qish payti suvi bizga yetadi. Yoz keldi deguncha suvi kamayadi. Biz hamma yoqqa tarqab, suv izlab yuramiz. Mana, Islom dinini qabul etdik, ammo atrofimizda ko‘p dushmanlar bizni qurshab turibdi. Duo
qiling, suvimiz bizga yetsin, o‘shaning atrofida to‘planaylik, suv istab har yoqlarda sanqimaylik.
Payg‘ambarimiz Ziyodga yetti dona chaqil tosh topib kelishni buyurdilar. Hovuchlariga soldilar va duo qilib, Ziyodga berdilar.
- Bularni oborib, Ollohning ismi bilan bitta-bittadan quduqqa tashla, - dedilar.
...Ziyod toshlarni olib qabilasiga borajak, Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek qilib ularni tashlayajak va shundan keyin quduqda biron marta suv ozayganini hech kim ko‘rmayajak*.

Qayd etilgan


AbdulAziz  07 Fevral 2009, 09:24:12

ESLATMA

Bir xatoga yo‘l qo‘yildi. U xato tuzatilganidan keyin Payg‘ambar janobimiz bunday marhamat qildilar:
-   Men bilan sizlarning holatlaringizni bir misol bilan tushuntiray. Bir kishi kechqurun o‘t yoqdi. Alanga balandlab tevarakni yoritgach, atrofdagi parvonalar va har xil hashoratlar o‘zlarini alangaga ura boshladi. Haligi kishi ularni qutqarish uchun alangadan uzoqlashtirishga urinadi, lekin ular alangaga kirish uchun tirishishadi va kishidan ustun kelishadi... Menu sizlarning misolingiz mana shudir. Men sizlarning kamarlaringizga yopishib alangadan uzoqlashtirish uchun: «Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!.. Alangaga kirmanglar, bu yoqqa kelinglar!..» deyman, sizlar bo‘lsalaring, mendan ustun kelib, qo‘limdan chiqib ketyapsizlar va alangaga sho‘ng‘iyapsizlar**.
Yana bir kuni Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Qur’on haqida gapirayotib, bunday dedilar:
-   Ollohning qullaridan bir qism odamlar bor, ular payg‘ambar emaslar, shahid ham emaslar, lekin boshqalar Olloh ularga ko‘rsatayotgan ikromga havas bilan qarashadi...
-   Kim ular, bilsak bo‘ladimi?
-   Ular Olloh roziligi uchun bir-birini yaxshi ko‘rgan odamlardir. Oralarida qarindoshlik-yaqinlik yo‘q. Yaxshi ko‘rishlari bir-birlariga olib-berajaklari mol uchun ham emas. Ollohga qasam, ularning yuzlari nurdir, o‘zlari ham nur ustidadirlar. Odamlar qo‘rquvga tushadigan kunda ular qo‘rquv his qilishmaydi. Odamlar xafa bo‘lgan paytlari ular xafa bo‘lmaydilar.
So‘ngra o‘zlari tushuntirayotgan oyatlarini o‘qidilar:
-   «So‘ngra o‘zlariga zulm qilgan bu kimsalarga aytilur: «Mangulik azobni totingiz! Sizlar faqat o‘zlaringiz kasb qilgan gunohlaringiz sababli jazolanmoqdasiz». (Ey Muhammad,) sizdan: «U (va’da qilingan azob) haqmi?» deb so‘raydilar. Ayting: «Ha, Parvardigorimga qasamki, albatta u haqdir. Sizlar qochib (undan) qutulguvchi emassizlar». Ular azobni ko‘rgan vaqtlarida agar o‘zlariga jabr qilgan (ya’ni, dunyo hayotidan kofir holatida o‘tgan) har bir jon uchun yerdagi bor narsa bo‘lsa, u (o‘sha azobdan qutulish uchun), albatta, uni (bor narsasini) fido qilgan va (imon keltirmagani uchun) afsus-nadomatlar chekkan bo‘lur edi. (U kunda) ularga zulm etilmagan holda o‘rtalarida adolat bilan hukm qilinur»*.
Ollohga nisbatan tuyilgan teran bir hurmat va sevgi... Tuyg‘ular va harakatlar bu hurmat va sevgiga ko‘ra to‘g‘rilab boriladi. Sevilgan kishi Olloh roziligi uchun seviladi, bu tushuncha va xatti-harakatni bironta boshqa bir tuyg‘u yo‘naltirmaydi.
Bunaqa odamlarga albatta havas qilinadi-da. Ollohning do‘sti bo‘lishdek, o‘ylagandayoq ko‘ngil ahlini mast qiladigan martaba egasiga havas qilinmaydimi axir?!.
Do‘st o‘zining o‘y-xayoli, tuyg‘ulari va harakatlarini do‘stining roziligiga uyg‘un holga keltiradi. Do‘sti rozi bo‘lmaydigan holga tushish u uchun bitmas-tuganmas qayg‘u bulog‘i bo‘ladi.
Ollohning do‘sti bo‘lish baxtiga erishgan odamning ruhini ibodat va ubudiyyat ishqi chulg‘ab oladi, ko‘ngli doimo Ollohning uylariga (masjidlariga) bog‘liq bo‘ladi. Hech kim yo‘q yerlarda ham Mavlosini eslaydi, ko‘zlari u tuygan sevgi va hurmatning ifodasi bo‘lmish yoshlarga to‘ladi. Ollohning kitobi ko‘rsatgan amal, axloq va ixlosda bo‘ladi, payg‘ambarlar sultoni (s.a.v.) chizib bergan sunnatlari yo‘lida doim bo‘lishni erishilmas sharaf va baxtga vasila deb hisoblaydi.
Dunyodagi hayotini bu shartlar ostida o‘tkazgan odam albatta hisob va jazo kunida nurdan yasalgan minbarlar ustida bo‘ladi-da!..

Qayd etilgan