Odam kelib Rasulullohning shundoq qarshilariga o‘tirdi. Tizzasini tizzalariga tiradi, qo‘llarini tizzaning ustiga qo‘ydi.
- Ey Muhammad, menga ayt-chi, Islom nima? - deb so‘radi.
- Islom «Ollohdan boshqa topinch yo‘q, Muhammad Ollohning rasulidir», deb
guvohlik berish; namoz o‘qish, zakot berish, ramazon ro‘zasini tutish va agar yo‘lga qodir
bo‘lsang, haj qilish, - deb javob qildilar (s.a.v.).
- To‘g‘ri so‘ylading.
Uning bu gapi shu atrofda o‘tirganlarning ko‘zlarida hayronlik paydo qildi. Bu begona xuddi bilmaydigan bir odamday savol so‘radi, keyin esa, xuddi biladigan odamday javobni tasdiqladi. Ajabo, o‘rganmoqchimi yo imtihon qilyaptimi?
- Menga imon haqida xabar ber, imon nima?
- Imon Ollohga, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadar, yaxshilik va yomonlik Ollohdan ekaniga ishonishdir.
- To‘g‘ri aytding. Endi menga ehson nima ekanini tushuntirib ber.
- Ehson Ollohni ko‘rib turgandek unga ibodat qilishingdir. Harqancha sen uni ko‘rmayotgan bo‘lsang ham, u seni ko‘rib turadi.
- Menga qiyomatning vaqti haqida belgi ber.
- Bu borada so‘raluvchi so‘rovchidan ko‘ra bilimli emas (senga o‘xshab, men ham bilmayman).
- U holda menga qiyomatning nishonalaridan so‘yla.
- Cho‘ri o‘zining bekasini tug‘adi; yalangoyoq, boldiri yalang‘och odamlarning boshiga chiqadi; kambag‘al podachilar imorat qurishda bir-biri bilan musobaqalashadi... Qiyomat Ollohdan boshqa birov bilmaydigan besh narsa ichidadir,- dedilar Nabiyyi akmal (s.a.v.) va shu ma’noni ifodalovchi oyatni o‘qidilar: - «Darhaqiqat, yolg‘iz Ollohning huzuridagina soat (qiyomat qachon bo‘lishi to‘g‘risida) bilimi bordir. U (o‘zi xohlagan vaqtda, o‘zi xohlagan joyga) yomg‘ir yog‘dirur va (onalarning) bachadonlaridagi homilalarini (o‘g‘ilmi-qizmi, rasomi-nuqsonlimi, baxtlimi-baxtsizmi) bilur. Biron jon ertaga nima ish qilishini bila olmas. Biror jon qay yerda o‘lishini ham bila olmas. Faqat Ollohgina biluvchi va xabardor zotdir»*.
Savol-javob shu yerda bitdi. Kelgan odam hech narsa demay o‘rnidan turdi, o‘ziga qadalgan maroqli nigohlar ostida masjidni tark etdi.
Oradan bir-ikki soniya o‘tdi. Haligi odam yurgan bo‘lsa, endi ikki-uch odim yurgandir. Ikki olam sarvari:
- U odamni menga chaqiringlar, - deb qoldilar.
Bir necha kishi baravar turib tashqari otilishdi. Lekin atrofda odam zoti ko‘rinmasdi. Nochor, qaytishdi.
- Topolmadik, ey Ollohning rasuli. Uni ko‘rgan-ketgan odam ham yo‘q tashqarida.
Janobimiz muborak yuzlarini uzun bo‘yli, yelkalari keng, hammaning orasida gavdasi bilan ajralib turgan odamga chevirdilar:
- U odamning kimligini bilasanmi, ey Umar? - deb so‘radilar.
- Olloh va rasuli mendan yaxshiroq biladi, - deb javob qildi hazrati Umar (r.a.)
- U Jabroil edi va sizlarga diningizni o‘rgatish uchun keldi.
O’tirganlarni bir hayajon to‘lqini qopladi. Vahiy farishtasini odam shaklida ko‘rish, ovozini eshitish, Rasuli amin bilan Jabroili amin tizzama-tizza o‘tirib qilgan suhbatlarini tinglashdek izlab topilmas daqiqalarni yashashgan edi, axir.
Qur’onda bunga o‘xshash voqealar kelgan. Masalan, payg‘ambar Ibrohim (a.s.) ziyoratlariga kelgan mehmonlarini to ular o‘zlarini tanitmagunicha tanimaganlar. Ayni
shu farishtalar hazrati Lut (a.s.) huzurlariga kelishganida Lut (a.s.) ham ularni tanimaganlar. Hadis kitoblariga alohida nom ostida «Jabroil hadisi» deb kirgan bu suhbat sahobai kirom uchun g‘oyat aziz bir xotira o‘laroq ko‘ngillardan joy oldi.