Mana, fazilatli odam bunaqa bo‘ladi! Payg‘ambar ashobi deb bularni aytiladi! Olloh rozi bo‘lgan, Payg‘ambar ham chin ko‘ngildan sevgan, «Men kimning do‘sti bo‘lsam, Ali ham uning do‘stidir», deb ta’rif olgan odamni mana shunaqa fazilatlar bezab turardi. Hazrati Ali va u kabilarning baxti xalifalik maqomiga o‘tirishda emas, Islomni va musulmonlarni birlik va barobarlikda ko‘rishda, huzur va sukun ichida bo‘lishdadir.
Hazrati Alimi, hazrati Umarmi yo bular kabi buyuklarmi - hech qachon bu top-toza maqsadlardan boshqa fikrlari bo‘lmagan.
Qolaversa, hazrati Ali (r.a.) Payg‘ambar janobimizning (s.a.v.): «Agar ikkita xalifaga bay’at qilinsa, keyin bay’at qilinganini o‘ldiringlar», deganlarini ham bilardi*.
Rasulullohning (s.a.v.) muborak jasadlarini hazrati Ali yuvdi. Kiyimlarini yechishmadi. Fazl bilan Usoma suv quyib turishdi. Bu ishlar ustida hazrati Abbos, uning boshqa o‘g‘li Qusam va payg‘ambarimizning ozod qilgan qullari Shuxronlar ham bor edi.
Yuvib bo‘lingach, janobimizning muborak vujudlarini bir muddat yolg‘iz qoldirishdi. So‘ngra boshda hazrati Ali o‘laroq Hoshim o‘g‘illari, xotinlari va bolalari jamoat bo‘lmasdan janoza namozini o‘qishdi. Ulardan keyin ayni shaklda boshqa mo‘minlar va mo‘minalar, bolalar va qullar o‘qishdi.
Go‘r qaerda qazilajak masalasi maslahatlashildi. Hazrati Abu Bakr «Payg‘ambar qaerga ko‘milishi lozim bo‘lsa, Olloh taolo jonini o‘sha yerda oladi», ma’nosidagi bir hadisni aytib, masalani xal etdi. Payg‘ambarimiz oxirgi nafaslarini bergan joylaridan Abu Talha go‘r qazidi. Bu joy Makkadan ilk kelishganida tuyalari cho‘kkan joy edi. Eski bir baxmal go‘r ichiga to‘shaldi. Hazrati Ali, Abbos, Fazl, Qusam va Shuxron tushishdi, janobimizning muborak tanalarini kamoli hurmat-la u yerga qo‘yishdi.
Qabri saodatning usti yopilganida chorshanba kechasining yarmi o‘tgan edi.
Ko‘mish ishlari bitgach, hazrati Fotimaga (r.anho) kelib ta’ziya bildirishdi.
- Ollohning rasulini ko‘mdilaringmi? - deb so‘radi u holsiz.
- Ha, ey Olloh rasulining qizi, - deb javob qilishdi unga.
- Ustlariga tuproq tortishga qanday ko‘ngillaring bo‘ldi?.. U zot rahmat payg‘ambari emasmidilar?..
- Ey payg‘ambarimizning ko‘znurlari! Biz ham g‘oyat og‘ir g‘amdamiz, ammo nachora,
Ollohning hukmiga qarshi borib bo‘lmaydi.
Hazrati Fotima janobimizning sharafli qabrlariga keldi. Kechagina u nozanin vujud yotgan joyda, bugun yerdan bir qarich baland qilib uyulgan tuproq bor edi. Egilib, bir hovuch tuproq oldi. «Ahmadning tuprog‘ini hidlagan kimsa ortiq hech bunaqa go‘zal hidni hidlamasa, nima qilish kerak?.. Boshimga shunday musibatlar yog‘ildi, agar ular kunduzlarga yog‘ilsa, qorong‘u kechalarga aylanardi...» ma’nolarida baytlar o‘qidi.