Hazrat Umar roziyallohu anhu hayotlaridan hikoyatlar  ( 44975 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:39:00

Tarix kitoblarida hazrati Umarning (r.a.) fath etilgan Quddus shahriga kirib borishlari shunday tasvirlangan: Quddusliklar «xalifangiz kelsagina shaharni sizlarga topshiramiz», deyishadi. Hazrati Umar (r.a.) bir tuya, bir xizmatkor bilan Madinadan Quddusga ravona bo‘ladilar. Kamtarlikni qarang. Dunyoning yarmini boshqarib turgan amir xohlaganida arkoni davlat bilan, as’asayu dabdaba bilan yo‘lga chiqqan bo‘lardi. Ammo uning xizmatkordan boshqa kuzatuvchi yo‘q, qo‘riqchisi yo‘q, qilich-qalqon, o‘q-yoy yo‘q.

Adolatli Umar (r.a.) xizmatkor va o‘zlari navbat bilan tuyaga minib borishaverdi. Quddusga yaqinlashganlarida shahar ahli «xalifa kelyapti», deb darvoza kalitlarini topshirish uchun uning istiqboliga chiqadi. Shunda tuyaga minish navbati xizmatkorda edi. U tuyada, xalifa esa piyoda kelyapti. Bir joyda xalifa Umar (r.a.) suvdan kechish uchun pochalarini shimarib oladi. Endi bir tasavvur qilib ko‘ring: «Islom oliy davlatining bosh rahbari yalang oyoq, bosh yalang, pochalari shimarilgan holda mag‘lub shaharga kirib borayotir... Quddusni qamal qilgan Islom lashkarining bosh qo‘mondoni bu ko‘rinishdan xijolat bo‘lib, xalifaga ta’na qiladi:

— Ey Umar (r.a.), ayb bo‘ldi, bu holdan biz uyalamiz.

Hazrati Umar uning ko‘ksiga bir urib:

— Yo‘qol ko‘zimdan! Agar shu so‘zingni oldinroq aytsayding, vazifangdan olib tashlardim. Izzat — Islomdadir, qiliq-qiyofada emasdir! — dedilar.

Baridan voqif Umar (r.a.) xalqqa e’tiborli, zaiflarga yaxshilik qiluvchi, haqiqat borasida qattiqqo‘l va odamlarning barini barobar ko‘radigan xalifa edilar. Umar (r.a.) odamlarga berish uchun o‘zlarini mahrum qilar va ular to‘yishlari uchun och qolar edilar. Odamlarning uylaridan, manzillaridan xabardor bo‘lib turardilar.

Bir kuni bozorda sadaqa so‘rayotgan qariyani ko‘rdilar va: «Ey shayx, nima qilayapsan?» deb so‘radilar. Qariya: «Men yoshi ulug‘ qariyaman, yordam va nafaqa so‘rayapman», dedi. U Madina axolisidan bo‘lgan yahudiy edi. Umar (r.a.) buyuk insoniy xislat egasi edilar. Shundan unga: «Ey shayx, biz senga insof qilmadik. O’shligingda sendan jizya olib qariganingda tashlab qo‘ydik», dedilar-da, uning qo‘lidan ushlab uyiga olib bordilar. Unga zarur miqdorda oziq-ovqat tayin etdilar va Baytulmol xazinachisiga: «Bu va bunga o‘xshashlarning o‘zi va ahliga yetarli miqdorda mablag‘ ajrat», deb odam yubordilar.


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:39:40

Bir marta Umar (r.a.) Madina ko‘chalarida yurgandilar, ozg‘inlikdan to‘zib ketgan qizchani ko‘rib qoldilar. Qiz bir turar, bir yig‘ilardi. Shunda Umar (r.a.): «Bu qizaloqning aybi nima?! Gunohi ne?! Qaysi biringiz bu qizchani taniysiz?» dedilar. O’g‘illari Abdulloh:

«Tanimadingizmi, ey mo‘minlarning amiri?» deganda, u kishi: «Yo‘q», dedilar. Abdulloh aytdilar: «Bu — qizlaringizdan biri!».

— Bu qaysi qizim?
— Umarning o‘g‘li Abdullohning qizi Falona.
— Essiz, uning bu holga tushishida nima sabab bo‘ldi?
— Sizdagi narsa bundan to‘sib qo‘ydi.
— Allohga qasamki, menda musulmonlarnikichalik haqqingdan boshqa narsa yo‘q. Bu men va sizning o‘rtangizdagi Allohning kitobi (farzi)dir.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:40:11

Madinaga tijoratchilar karvoni keldi. Unda ayollar va bolalar ham bor edi. Umar (r.a.) Abdurahmon ibn Avfga (r.a.): «Bu kecha ularga qo‘riqchilik qilamizmi?» dedilar. Ularni qo‘riqlab kech kiritishdi. Alloh farz etgan namozlarini o‘qishdi. Shunda Umar (r.a.) bir go‘dakning yig‘isini eshitdilar va u tomon yurdilar. Uning onasiga: «Allohdan qo‘rq, bolangga yaxshi qara», dedilar, so‘ng o‘z o‘rinlariga qaytdilar.shunda yana yig‘i ovozini eshitib, onasiga: «Allohdan qo‘rq, bolangga yaxshi qara», dedilar-da , joylariga qaytdilar. Vaqtiki, tun oxirlagandi, yana uning yig‘isini eshitdilar. Onasiga borib: «Hayf senga, yaxshi ona emas ekansan! O’g‘lingga nima bo‘ldi, kechadan beri tinchimaydi?» dedilar. Onasi u kishini mo‘minlarning amiri ekanliklarini bilmay: «Ey Allohning bandasi, u kechadan beri meni bezor qilib yubordi, men uni ko‘krakdan chiqarishga majburlayman, u esa ko‘nmaydi», dedi. Umar (r.a.): «Nima uchun?» deb so‘radilar. U aytdi: «Chunki Umar ko‘krakdan chiqqan bolalargagina nafaqa belgilaydi (ya’ni, farzandlari ko‘krakdan chiqqan otalargagina haq beradi). Umar (r.a.): «Buning yoshi nechada?» dedilar. U: «Mana shuncha oylik», deb aytdi. Umar (r.a.) esa: «Essiz unaqa shoshmagin», dedilar-da bomdod namozini o‘qidilar. Yig‘ining kuchliligidan qiroatlari odamlarga eshitilmadi. Shunda salom berib dedilar: «Ey baxtsiz Umar, qancha musulmon farzandlari halok bo‘ldi...» So‘ng bir munadiyga: «Go‘daklaringizni ko‘krakdan chiqarishga shoshilmanglar. Biz Islomda tug‘ilgan har bir go‘dak uchun (haq) belgilaymiz», deb nido qilishga buyurdilar. Bu bilan hamma tomonga chopar yuborildi.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:46:15

Hazrati Umar (r.a.) erta tongda masjidga borishni odat qilgandilar. U kishi hali azon aytilmasdan masjidga kirib, namoz vaqti bo‘lishini kutib o‘tirardilar.

O’sha kuni ham tong otmay, masjidga otlanib, yo‘lga chiqdilar. Ko‘chada shoshilinch ketib borarkanlar, bir bolaga ko‘zlari tushdi. U ham qayoqqadir shoshilib ketayotgandi. Hazrati Umar (r.a.) qiziqsinib bolakaydan so‘radilar:

— Ey bolam, erta tongda bunchalik shoshilib qayoqqa ketyapsan?
— Namoz o‘qish uchun masjidga boryapman, — burro javob qildi o‘sha bola, — namoz vaqti yaqinlashib qoldi. Mening esa tahoratim yo‘q edi, shuning uchun azon aytilmay turib, tahorat olishim va namoz vaqtini kutishim kerak. Shuning uchun shoshilyapman.

Hazrati Umar (r.a.) bolaning javobidan suyundi, ammo uni bir sinab ko‘rish uchun yana savolga tutdi:

— Bolam, hali juda yosh ko‘rinasan, hatto namoz ham farz bo‘lmagan, senga qiyin bo‘lmayaptimi?

Ammo bola savolga dovdirab qolmadi, aksincha, bir hayajon ichida qizg‘in javob qildi:

— Hazratim, nahotki, bu ishda yoshning ahamiyati bo‘lsa? Kecha mahallamizda mendan ham yoshroq bir bola vafot etdi. Demak, menga ham shuncha yil yashaysan, deb kafolatlab qo‘yilmagan. Shuning uchun ibodat qilishga oshiqaman.

Hazrati Umar (r.a.) bolaning bu qadar zukkolik bilan aytgan javobidan hangu-mang bo‘ldi, ikki qarama-qarshi tuyg‘u oQushida qoldi. Bir tomondan bolaning kichik yoshdayoq Allohdan qo‘rqib, uning ibodatiga shoshganidan quvongan bo‘lsa, ikkinchi tomondan aqlini tanigan kap-katta odamlarning g‘aflatda, jaholatda yurganidan mutaassir bo‘lib, qayg‘u chekdi.


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:47:00

Allohning qadaridan...

Umar (r.a.) bir necha mulozimlar bilan Shom safariga chiqdi. Maqsad — u yerdagi musulmonlarning ahvolini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, holidan xabar olish, Shom voliysi, mashhur sahobiy Abu Ubayda ibn Al-Jarrohning arzi-iltimoslariga quloq osish edi. O’nlab otlar karvoni kechga yaqin Hijozdan keladigan yo‘lda birinchi bo‘lib to‘qnashiladigan Shom qishlog‘i — Sirg‘ga yetib keldi. Bu yerda xalifa Umar va uning yo‘ldoshlarini Ajnod (Falastin, O’rdun, Damashq, Xims, Qunsurayn) amirlari Shom voliysi boshchiligida kutib olgani chiqqan ekanlar.

Abu Ubayda hazrati Umar otining jilovidan ushlab, xalifaning egardan tushishiga yordamlashdi. Ikkovlon quchoqlashib ko‘rishishdi. Hol-ahvol so‘rashildi. Xalifa Umar Rasulullohning mashhur sahobalaridan dono va jasur Abu Ubaydani juda hurmatlar, uning dilini ranjitmaslikka tirishardi. Abu Ubayda gap orasida Shomda vabo tarqaganini aytib qoldi. Hazrati Umar bir sapchib tushdilar. Vabo davosi mushkul, o‘ta yuqumli kasallik bo‘lganidan biror tadorikini topish lozim edi. Hazrati Umar ibn Abbosga yuzlanib buyurdilar:

— Ey Abbosning o‘g‘li, menga birinchi muhojirlarni chaqirib kel.
Ibn Abbos hamsafarlaridan bir necha kishini boshlab keldi. Hazrati Umar ularga maslahat soldilar: «Shomda vabo tarqalibdi. Nima qilamiz — kirib boraveramizmi yoki ortga qaytamizmi?» Muhojirlar tortishib qolishdi. Birlari Shomga boraverishni maslahat berishsa, boshg‘alari behuda halok bo‘lmaslik uchun Hijozga qaytmoqni maqbul ko‘rishardi. Har ikkovi tomonning gaplari ham jo‘yaliga o‘xshab ko‘rinardi:

— Shomlik musulmon birodarlarimizning holidan xabar olgani chiqqan edik. Bu xabarni hamma eshitgan, do‘st-dushman qarab turibdi. Do‘stlarimizni hafa qilib, dushmanlarimizni shod qilib, ortga qaytsak, qandoq bo‘larkin?

— Sen bilan shuncha odam Shomga ketyapti. Ular orasida Rasulullohning sahobalari, Yasribning mashhur a’yonlari ham bor. Shuncha odamni vabo tarqagan joyga olib borish ularni o‘limga mahkum qilmoq ila barobar emasmi?

— Jo‘nanglar oldimdan, — dedi hazrati Umar ularning ixtilofga borayotganlaridan tutog‘ib. So‘ng Abbosga buyurdilar:
— Menga ansoriylarni chaqirib kel!

Ular ham muhojirlar kabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vabo haqidagi ko‘rsatmalaridan bexabar ekanlar. Ansorlar ham ikkilanib qolishdi. Umar noiloj hamsafarlaridan boshqa bir guruhni chorlashga jazm etdi:

— Menga huv anavi yerdagi Quraysh shayxlaridan fath muhojirlarini chaqirib kel!

Fath muhojirlaridan ikkovining ham gapi bir joydan chiqdi: «Odamlar bilan orqaga qaytishni, vabo tarqagan joyga bormaslikni maslahat beramiz!»

Nihoyat, hazrati Umarning ko‘ngli taskin topdi. U odamlar orasiga jarchi yubordi: «Hammaga ma’lum qil, erta tong chog‘i ulovimga minurman, orqaga qayturmiz!»

Shunda Abu Ubayda shunday deb qoldi:

— Allohning qadaridan qochibmi?

Shom voliysining bu gapi hazrati Umarga malol keldi, og‘ir botdi. Ammo sirtiga chiqarmadi. Chunki xalifa shunday mashhur sahobiyni xafa qilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Buni Rasuli Akramga (s.a.v.) xiyonat deb tushunardi. Lekin baribir biroz og‘ringanlarini izhor qilib qo‘ydi:
— Bu gapni sendan kutmagandim, ey Abu Ubayda. Ha, Allohning qadaridan Allohning qadariga qochyapmiz. Mana sening bir qancha tuyang bo‘lsa-yu ularni ikkiga bo‘lingan vodiyda o‘tlatayotgan bo‘lsang. Bo‘laklarning birinchisida o‘t-o‘lan mo‘l-ko‘l, ikkinchisi esa qup-quruq, qovjiragan. Tuyalarni u o‘tloqda ham Allohning qadari bilan boqasan, bunisida ham Allohning qadari bilan boqasan...

Shu payt allaqayoqqa hojati bilan ketib qolgan Abdurahmon ibn Avf kelib qoldi-yu tortishuvga nuqta qo‘yildi. Hazrati Umar tortishuvga sabab bo‘lgan vabo haqida so‘radi. Abdurahmon ibn Avf shunday dedi:
— Bu haqda menda ilm bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon biror yerda vabo chiqqanini eshitsangiz, u yerga bormang, qachon siz turgan yerga vabo tarqasa, undan qochib chiqmang», deganlarini eshitganman.

Hazrati Umarning yuzlariga tabassum qalqdi: «Allohning Rasuli, Payg‘ambarlarning sayyidi shunday deb ko‘rsatma bergan ekanlar-u boyadan beri nega behuda tortishib o‘tiribmiz». U kishi hamrohlariga buyurdilar:

— Qani otlarga mining! Hijozga keturmiz. Shomga esa keyinroq kelurmiz. Xush qol, ey Abu Ubayda! Xush qoling, Ajnod amirlari!

"Haq hamisha g‘olib"

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:48:14

Madina ko‘chalarini kezib, ra’iyat ahvolotidan doimo xabardor bo‘lish xalifa Umar ibn Xattobning (r.a.) eng suygan mashg‘ulotlaridan edi. Bu gal ham hazrati Umar (r.a.) ana shu poytaxt ko‘chalarini aylanib yurgandilar. Bir hovli yonidan o‘tib ketayotib, erkak va ayolning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashayotganini eshitib qoldilar. Devorga chiqib qarasalarki, ularning o‘rtasida ichkilik to‘la idish turibdi. Shunda Umar (r.a.) tutog‘ib ketib, erkakka ta’na qildilar:

— Ey Allohning dushmani, sen qilayotgan bu gunoh ishlar Allohdan pinhon qoladi, deb o‘ylaysanmi?

U odam esa xotirjam turib, xalifaga javob qildi:

— Ey amiral mo‘minin, men Allohga bir gunoh qilgan bo‘lsam, siz birato‘la uchta gunohga yo‘l qo‘ydingiz. Alloh taolo: «Josuslik qilmanglar!» degan. Siz bizning gapimizni poylab, josuslik qildingiz. Alloh yana aytganki: «Uylarga eshiklardan kiringlar!» Siz esa devor oshib tushdingiz. Va yana Alloh taolo: «O’zlaringizning uylaringizdan boshqa uylarga uning ahlidan izn so‘ramasdan, salom bermasdan kirmanglar», deydi. Siz buni ham qilmadingiz.

Umar (r.a.) bu kishining zukkoligiga tan berib, bo‘shashib qoldi va undan shunday deb so‘radi:

— Birorta xayrli ishing bo‘lsa, ayt, seni avf qilaman.
— Xudo haqqi, qaytib bu ishni hech qachon qilmaslikka so‘z beraman, - deya uzr so‘radi boyagi kishi.
— Boraqol, seni kechirdim, - dedilar hazrati Umar xotirjam bo‘lib.


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:48:54

Sotilgan shikoyat

Payg‘ambar alayhissalomning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib qorong‘u kechalarning birida mo‘minlar amiri Umar ibn Xattobning (r.a.) uyiga borish uchun yo‘lga chiqdilar. Ketayotsalar, yo‘lda sahroyi odamlarning yirtiq kiyimlarini kiyib olgan bir kishi yo‘llarini to‘sib chiqdi va yenglaridan tortib: «Yur men bilan, ey Abbos», dedi.
Abbos (r.a.) diqqat bilan qarasalar, u kishi amiral-mo‘mininning o‘zlari ekanlar. Ko‘pincha birov tanib qolmasligi uchun kiyimlarini o‘zgartirib, Madina ko‘chalarini aylanish, musulmonlarning holi-hayotidan, turmushidan xabardor bo‘lish u kishining odatlaridan edi. Chunki amiral-mo‘minin Rasuli akramning (s.a.v.) «Sizlarning har biringiz bamisoli cho‘pondirsizlar va o‘z qo‘l ostingizdagilarga mas’uldirsizlar», degan gaplarini mahkam tutgan edilar.

Abbos ibn Abdulmuttalib xalifaga salom bergach, so‘radilar:

— Yo‘l bo‘lsin, ey mo‘minlar amiri?
— Bu zulmatli tunda arab mahallalarini aylanib chiqmoqchiman, - dedilar hazrati Umar (r.a.).

Kecha salqin edi. Hamma kechki yumushlarini tugatib, uyquga hozirlik ko‘rayotgandi. Hazrati Umar chodirlar va kulbalar oralab borarkanlar, ularning har birini diqqat bilan kuzatar, nimanidir axtarayotganidek ba’zan to‘xtab ham qolardilar. Aylanishni tamomlab, endi orqaga qaytishmoqchi ham ediki, to‘satdan bir chodirdan kelayotgan ovoz xalifani sergaklantirib qo‘ydi. Sekin chodirga yaqinlashishdi. Unda bir ayol qozon oldida kuymalanib o‘tirar, atrofida bir necha bola chirqillab yig‘lardi. Ayol tinmay bolalarni ovutmoqchi bo‘lar, «Sabr qilinglar, ozgina qoldi, hozir ovqatim pishsa, yeysizlar», deb aldardi. Hazrati Umar (r.a.) bu holatni ko‘rib, kayfiyatlari buzildi. O’rinlaridan jilolmay qoldilar. Shu alfoz ancha turib qolishdi. Nihoyat, Abbos tilga kirdi:

— Ey amiral-mo‘minin! Nega bu yerda turibmiz, yuring ketaylik?!
— Alloh nomi bilan qasam ichamanki, toki bu ayol ovqatini suzib bolalariga yedirmaguncha hech qayoqqa ketmayman! — dedilar hazrati Umar.

Vaqt o‘tib borardi. Bolalar hamon yig‘idan to‘xtamas, ayol esa «Sabr qilinglar, hozir ovqatni suzaman, ozgina qoldi», deb takrorlashdan charchamasdi. Hazrati Umar chidab turolmadilar va Abbosga:

— Yur, ichkariga kiraylik-chi, nima gap ekan? — dedilar. Ikkovlon orqama-orqa chodirga kirishdi. Hazrati Umar ayolga salom berdilar.
— Assalomu alaykum!
— Va alaykum assalomu va rohmatullohu va barokatuh, — deb go‘zal javob qaytardi boyagi ayol.
— Bolalarga nima bo‘lgan, nega ular yig‘idan to‘xtashmayapti? — so‘radilar hazrati Umar (r.a.).
— Qorinlari och.
— Nega qozondagi ovqatdan bermayapsan?
— Ovqat bo‘lganda, bermasmidim. Ularni aldab, ovuntirib o‘tiribman, xolos. Zora, yig‘idan charchab uxlab qolishsa. Ularga yediradigan hech narsa yo‘q! — dedi ayol bo‘shashib. Hazrati Umar (r.a.) qozonni kavlab ko‘rdilar. Ozgina suv ichiga bir necha mayda tosh tashlab kavlab o‘tirgan ekan.
— Nega bunday nochor ahvolda qolding? — so‘radilar amiral-mo‘minin.
— Mening hech kimim yo‘q, na aka-ukam, na otam, na erim... Birortayam qarindoshim yo‘q, yolg‘iz ayolman.
— Unda nega mo‘minlar amiriga borib, ahvolingni tushuntirmading? Baytul-moldan biror narsa berardi-ku!
— Vallohi, Umar menga zulm qildi, — dedi ayol. Ayolning bu gapidan hazrati Umar (r.a.) dahshatga tushdi, vujudlari qalt-qalt titray boshladi, peshonalaridan sovuq ter chiqib ketdi.
— Ey xola, Umar senga nima zulm qildi? — deb so‘radi xalifa arang tilga kirib.
— Ha, Xudo haqqi, Umar bizga zulm qildi. U boshlig‘imiz edi, qo‘l ostidagi har bir odamning hol-ahvolidan ogoh bo‘lib turishi mumkin edi. Axir musulmonlar orasida mendaqa serbola, nochor, yordam va shafqatga muhtoj oilalar bor-ku!
— Umar sening ahvolingni qaerdan bilsin? Sen unga arz bilan borib, ahvolingni ma’lum qilib qo‘yishing kerak edi., — dedi hazrati Umar (r.a.).
— Yo‘q, vallohi, haqiqiy boshliqlar qaramoqlaridagi odamlarning nimaga muhtojligidan doimo xabardor bo‘lishlari kerak. Ehtimol, mendaqa kambag‘alning hayosi yo‘l qo‘ymay, boshliq oldiga borishga iymanar...
— Haq gapni aytding! — dedi hazrati Umar (r.a.). — Bolalarni ozgina tinchitib tur, men hozir kelaman!

Hazrati Umar (r.a.) Abbosni yetaklab chiqib ketdi. Xazinaga borib, ichkariga kirishdi. Hazrati Umar (r.a.) bitta qopga unni to‘ldirib, Abbos yordamida yelkaga oldilar. Ko‘zada turgan yog‘ni Abbosga ko‘tartirib, ikkovlon boyagi ayolning chodiriga jo‘nashdi. Yo‘l xiyla olis edi, qopdagi un hazrati Umarning (r.a.) peshonasiga, ko‘z-yuziga to‘kilib borar, terga qorishib qotib qolardi. Xalifaning charchagani va qiynalayotganini ko‘rgan Abbos yordamlashmoqchi bo‘ldi.

— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, amiral-mo‘minin. Charchab ketdingiz, qopni men ko‘tarib olay!
— Yo‘q. Xudo haqqi, sen qiyomat kuni bo‘lganda, mening gunoh va zulmimni ko‘tara olmaysan. Ey Abbos, shuni bilib qo‘yki, zil-zambil tog‘larning og‘irligini ko‘tarish oxiratda katta-kichik jinoyatlar azobini ko‘tarishdan osonroq. Yuraqol, Abbos, bolalar charchab uxlab qolmaslaridan yetib boraylik!

Hazrati Umar (r.a.) va Abbos qadamlarini tezlatishdi. Chodirga yetib kelganlarida ikkovi ham holdan toyib, madordan ketib bo‘lishgandi. Qop yelkadan tushdi. Hazrati Umar (r.a.) o‘choq boshiga borib, qozon ichidagi toshlarni to‘kib tashlab, tozaladi. Unga yog‘ solib, o‘t g‘aladi. O’tin ho‘l ekan, anchagacha tutab yonmadi. Xalifa engashib, o‘tinga puflay boshladi. Bu yumushlarni Abbos qilmoqchi edi, xalifa ko‘nmadi. Qozonga o‘zi yog‘ solib, un bilan aralashtirib, taom tayyorlay boshladi. Ovqat pishgach, o‘zi uni sovutib bolalarga yedirdi. Ularning qorni to‘yib, o‘ynay boshlaganlaridan keyingina ko‘ngli tasalli topdi. Bu ishlarni hayron bo‘lib kuzatib turgan ayol hazrati Umarga (r.a.) shunday dedi:
— Hoy yaxshi odam, aslida Umarning o‘rniga sen loyiq odam ekansan!
Shunda hazrati Umar o‘ng‘aysizlanib:

— Men amiral-mo‘mininning yaqinlaridan bo‘laman. Men ahvolingni unga tushuntirib qo‘yaman. Ertaga uning huzuriga borgin, men ham o‘sha yerda bo‘laman. Inshaalloh, hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi.

Ikkovlon ayol bilan xayrlashib tashqariga chiqdi. Shundagina xalifa yengil tin olib, chuqur xo‘rsindi:

— Bugun g‘alati tun bo‘ldi, ey Abbos! Vallohi, o‘sha ayolning bolalarini tosh qaynatib aldayotganini ko‘rganimda, go‘yo tog‘lar silkinib, yelkamga ag‘darilganday bo‘ldi. Masalliqni keltirib, ovqatni pishirib ularga yedirganimdan keyingina o‘sha zil-zambil tog‘ yelkamdan tushdi.

Alhamdulillahki, bir haqsizlikning oldi olib qolindi.

Xalifa va Abbos o‘sha tun birga qolishdi. Hazrati Umar (r.a.) tong otguncha to‘lg‘onib uxlolmay chiqdi. Ertasiga tong otgach, o‘sha ayol xalifa huzuriga kirib keldi. Hazrati Umarni (r.a.) boshqa kiyim, boshqa maqomda ko‘rib qolib, qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titray boshladi. Ammo xalifa unga dalda berdi:

— Qo‘rqmang, sizni bu yerga taklif etishdan murod, kecha siz mendan Allohga shikoyat qilgan edingiz. Shu shikoyatingizni men sotib olmoqchiman, qanchaga sotasiz?

Ayol ham qo‘rquv, ham taajjubdan tili kalimaga kelmasdi.

— Ey Abbos, siz guvoh bo‘ling, — dedi xalifa o‘rnidan turib, o‘sha shikoyatni o‘z pulimdan 500 dinorga sotib oldim.

Hazrati Umar (r.a.) pulni sanab, ayolga uzatdi. Undan yetkazilgan ozor uchun qayta-qayta uzr so‘radi. Unga va bolalariga Baytul-moldan har oyga yetguday miqdorda nafaqa tayinladi va uning ijrosini doimo nazorat qilib yurdi.

"Haq hamisha g‘olib"

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:53:09

Ittifoqo bir kuni mo‘minlar amiri Umar ibn Xattobning (r.a.) huzurlariga uch yigit kirib kelishdi. Ular otalarini o‘ldirgan qotilni tutib kelishgandi, undan qanday qasos olish masalasini aniqlashni xalifaga topshirmoqchi edilar. Qotil hazrati Umarni aldab bo‘lmasligini tushunib, aybini bo‘yniga oldi, har qanday jazoga roziligini izhor qildi. Faqat mol-mulkini farzandlariga bildirib qo‘yish uchun uch kunga muhlat so‘radi. O’sha yerda hozir bo‘lgan sahobiylardan Abu Zarr g‘iforiy qotilning kafolatini oldi.

Uch kun o‘tdi, qotildan darak yo‘q edi. Xalifa uning kafolatini olgan Abu Zarrni toptirib keldi. U yetib kelib, qatl etilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Shu paytda o‘sha qotil halloslaganicha yetib keldi. Xalifaning yuzi yorishdi. Qotildan taajjubda so‘radi:

— Qochib ketishga imkoning bo‘laturib, nega qaytib kelding?
— Xalifalikda va’dasining uddasidan chiqadigan qolmabdi, deyishlaridan qo‘rqib keldim, - dedi qotil.

Shunda xalifa sahobiy Abu Zarrga yuzlanib so‘radilar:

— Sen nega tanimagan odamingning kafolatini olding, axir u kelmaganda, uning o‘rniga qatl etilgan bo‘larding-ku?!
— Xalifalikda himmatli kishilar yo‘q ekan-da, deyishmasligi uchun shunday qildim, - dedi sahobiy.

Bu manzarani ko‘rib turgan jabrdiyda uch yigit Xalifaga shunday deb murojaat qilishdi:

— Biz ham otamizning qotilini kechirdik, undan qasos ham olmaymiz, tag‘in bu dunyoda afv etguvchilar qolmabdi-da, deb yurishmasin.

Masalaning bu yangliq chiroyli adolat bilan xotima topganini ko‘rgan amirning yuzlarida mamnunlik alomatlari jilva eta boshladi.
«Umar eshitmasinmi?»

Hazrati Umarning xalifalik yillari. U kishi o‘z odatlariga ko‘ra, bir guruh kishilar bilan Madina ko‘chalaridan ketib borardilar. Shunda bir ayol xalifani to‘xtatib, qattiq ovozda nasihat qilishga tushdi: «Ey Umar, yaqindagina Umarcha deb atalarding, ulg‘ayganingdan so‘ng «Ey Umar» deb murojaat qiladigan bo‘lishdi. Endi esa «Ey amiral-mo‘minin» deb atalmoqdasan. Allohdan qo‘rqqin, ey Umar! Kim o‘limga ishonsa, umrini bekor o‘tkazishdan qo‘rqadi, kim hisob-kitobga ishonsa, azobdan qo‘rqadi», deya ta’na-dashnom qilaveribdi boyagi ayol.
Butun Islom olamining xalifasi, dunyoning yarmini turg‘izib-o‘tqizayotgan hukmdor yupun kiyingan, ko‘rimsizgina bu ayolning malomatlarini xuddi talaba boladay odob bilan, jimgina tinglayapti, hatto e’tiroz bildira olmayapti. Bu ne hol? Xalifaning hamrohlari taajjub ichra u kishidan: «Ey mo‘minlarning amiri, bu kampirga ham shunchalik to‘xtab, achchiq-tiziq gaplarini eshitib o‘tirasizmi?» deb so‘rashdi. Bunga javoban hazrati Umar: «Allohga qasamki, agar u ertalabdan kechgacha ham yo‘limdan to‘xtatib ushlab tursa ham, farz namozlari vaqtidan boshqa paytda turaveraman. Bu kampirning kimligini bilasizlarmi o‘zi?! Bu — Havla binti Sa’laba. Uning so‘zini Alloh taolo yetti osmonning ustidan eshitgan. Olamlarning Parvardigori bu ayolning so‘zlarini eshitadi-yu oddiy banda Umar eshitmasinmi?» - dedilar.


Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 19:53:52

Xalifaning kelini

Hazrati Umar xalifalik yo‘llarida ko‘pincha Madina ko‘chalarini tunda yolg‘iz aylanar, musulmonlarning holi-hayotidan, turmushidan shu tariqa xabardor bo‘lib olardi. O’sha kuni ham oddiy kiyimdagi xalifani Madina ko‘chalarida ko‘rganlar taniy olishmadi, e’tibor ham berishmadi. U katta-katta qadam tashlab borarkan, chor atrofga sinchkovlik bilan nazar tashlar, nigohidan mayda-chuyda narsalar ham qochib kutula olmasdi. Shu payt xonadonlarning biridan ikki ayolning g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir gaplashayotgani qulog‘iga chalindi. Qiziqsinib devorga yaqin bordi. Devor ortidan bir xotinning qiziga aytayotgan gaplari baralla eshitilib turardi:

— Qizim, bugun soqqan sutimiz negadir ko‘zimga oz ko‘rinyapti, shunga bir oz suv qo‘shib ko‘paytirmasak, bo‘lmaydi, shekilli. Shunga suv olib kelib bergin.

Qizi hayratlanib: «Voy onajon, nimalar deyapsiz? Amiral-mo‘minin sutga suv qo‘shmanglar, deb buyurgan edi-ku, - dedi. Onasi unga javoban:

— Qizim, bilasanki, tirikchiligimiz sut bilan o‘tadi. Men bir beva ayolman, boshqa daromadimiz yo‘q. Sutga biroz suv qo‘shsak, ko‘payadi, ehtiyojimizga ishlatamiz, - dedi. Allohdan qo‘rqish qalbiga jo bo‘lgan odobli qiz:

— Onajonim, bugun sizga nima bo‘ldi? Sizning bunday deganingizni xalifa eshitsa, nima bo‘ladi? - dedi.
— Qizim, kechasi bu vaqtda xalifa uxlab yotibdi. Bizning bu yerda sutga suv qo‘shganimizni qanday biladi, qanday ko‘radi?! - dedi.

Ul muborak qiz onasini gunohdan qaytarishga harakat qilib:

— Onajon! Bugun sizga bir narsa bo‘libdi! Siz shunday nomaqbul so‘zlarni aytmoqdasiz! Siz aytgan hiylani agar xalifa ko‘rmasa, hamma narsani biluvchi Alloh biladi va ko‘radi! Sutga suv qo‘shish — gunohdir! — deb onasini gunohdan saqlab qoldi.

Hazrat Umar bu suhbatni oxirigacha eshitdi. Ertasiga ertalab bu yerga kelib, Allohdan qo‘rquvchi, go‘zal axloqli, yaxshi fazilatli, iffatli va tarbiyali qizni o‘g‘liga so‘radi. Hazrat Umar o‘g‘lini shu faqir qizga uylantirdi. Hazrat Umarning o‘sha muborak kelinidan shunday avlodlar — farzandlar dunyoga keldiki, ulardan biri hazrat Umar kabi adolatli bo‘lib, tarixda ikkinchi Umar ismini oldi. Bu zot Umar ibn Abdulazizdir. Umar ibn Abdulaziz bobosi kabi adolatni sevuvchi, Allohdan qo‘rqib yashaydigan muhtaram bir zotdir.

Qayd etilgan


ЖАМШИДЖОН  31 Oktyabr 2009, 20:00:27

«Men ham kechirdim»

Hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifalik yillarida adolat bilan ish tutganlari, ayniqsa, faqir, nochor, mazlum kishilarga jon fido qilganliklari tillarda doston bo‘lib ketgan. U kishining xalifalik yillarida bir odam janjalkash, shaddod xotinining janjallariyu baqir-chaqirlaridan to‘yib, xalifaga shikoyatga keldi. U Umarning (r.a) eshiklari oldiga kelib, endi chaqirmoqchi bo‘lib tursa, ichkaridan ayol kishining qattiq-qattiq gapirgani eshitildi. Boyagi kishi hayron bo‘lib qoldi, quloqlariga ishonmadi. Nahotki, xalifaning xotini baqir-chaqir qilayotgan bo‘lsa? Astoydil quloq solsa, xalifaning xonimi Ummu Gulsum eri hazrati Umarga qattiq gapirmoqda. Xalifadan esa sado chiqmasdi.

Xotinidan shikoyatga kelgan odam o‘ziga- o‘zi shunday dedi:
— Men xotinimning janjallaridan, uning yomon fe’lidan, menga nisbatan hurmatsizligidan xalifaga arz-dod qilib kelgandim. Bu qanday bedodlikki, mening boshimdagi g‘am-alam xalifaning boshida ham bor ekan. Yaxshisi, bu yerdan tinchgina ketaqolay!

U qaytib ketayotgan edi, Umar (r.a.) uni ko‘rib qoldilar:

— Nega kelding-u endi nega ketyapsan? — dedilar.
— Sizga xotinimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, bu dard, bu tashvish sizning boshingizda ham bor ekan. Shuning uchun shikoyat qilishdan kechib, qaytib ketayotgan edim, - dedi arzga kelgan kishi.
— Agar gap shundoq bo‘lsa, endi menga yaxshilab quloq sol, - dedilar xalifa. — Oiladagi ayollarimizning bizga sabr-qanoat, tog‘at bilan qilgan xizmatlari ham, ayni paytda erning zimmasida uning haqlari ham bor. Xotinim jahannam otashi bilan mening o‘rtamda bir parda-to‘siqdir. Ko‘nglim u bilan rohat topadi, haromga boqmayman, chunki u menga xotinlik vazifasini qiladi. U uyim va mulkimning qo‘riqlovchi muhofizidir, uydan chiqsam, u uydagi mol-mulkimni saqlab, bekalik vazifasini bajaradi. Kiyimlarimni yuvib-tozalaydi, uyning boshqa yumushlarini bajaradi, hamma yoqni orasta tutadi, bolalarni yuvib-tarab, yedirib-ichiradi, tarbiya qiladi. U mening ovqatimni pishirib, oldimga qo‘yadi, boshqa yumushlarimni qiladi. Shuncha xizmatlarni o‘rniga qo‘yib bajarib, biror marta ham minnat qilmaydi, zorlanmaydi.

Boyagi odam hazrati Umarning bu nasihatlarini eshitgach:

— Sizga qilinadigan bu xizmatlar menga ham qilinadi. Sizki ayolingizni xush ko‘rib, ba’zi qusur-kamchiliklarini kechirganingizdan keyin men ham xotinimning qusurlarini kechirdim, - dedi.

Qayd etilgan