Sotilgan shikoyat
Payg‘ambar alayhissalomning amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib qorong‘u kechalarning birida mo‘minlar amiri Umar ibn Xattobning (r.a.) uyiga borish uchun yo‘lga chiqdilar. Ketayotsalar, yo‘lda sahroyi odamlarning yirtiq kiyimlarini kiyib olgan bir kishi yo‘llarini to‘sib chiqdi va yenglaridan tortib: «Yur men bilan, ey Abbos», dedi.
Abbos (r.a.) diqqat bilan qarasalar, u kishi amiral-mo‘mininning o‘zlari ekanlar. Ko‘pincha birov tanib qolmasligi uchun kiyimlarini o‘zgartirib, Madina ko‘chalarini aylanish, musulmonlarning holi-hayotidan, turmushidan xabardor bo‘lish u kishining odatlaridan edi. Chunki amiral-mo‘minin Rasuli akramning (s.a.v.) «Sizlarning har biringiz bamisoli cho‘pondirsizlar va o‘z qo‘l ostingizdagilarga mas’uldirsizlar», degan gaplarini mahkam tutgan edilar.
Abbos ibn Abdulmuttalib xalifaga salom bergach, so‘radilar:
— Yo‘l bo‘lsin, ey mo‘minlar amiri?
— Bu zulmatli tunda arab mahallalarini aylanib chiqmoqchiman, - dedilar hazrati Umar (r.a.).
Kecha salqin edi. Hamma kechki yumushlarini tugatib, uyquga hozirlik ko‘rayotgandi. Hazrati Umar chodirlar va kulbalar oralab borarkanlar, ularning har birini diqqat bilan kuzatar, nimanidir axtarayotganidek ba’zan to‘xtab ham qolardilar. Aylanishni tamomlab, endi orqaga qaytishmoqchi ham ediki, to‘satdan bir chodirdan kelayotgan ovoz xalifani sergaklantirib qo‘ydi. Sekin chodirga yaqinlashishdi. Unda bir ayol qozon oldida kuymalanib o‘tirar, atrofida bir necha bola chirqillab yig‘lardi. Ayol tinmay bolalarni ovutmoqchi bo‘lar, «Sabr qilinglar, ozgina qoldi, hozir ovqatim pishsa, yeysizlar», deb aldardi. Hazrati Umar (r.a.) bu holatni ko‘rib, kayfiyatlari buzildi. O’rinlaridan jilolmay qoldilar. Shu alfoz ancha turib qolishdi. Nihoyat, Abbos tilga kirdi:
— Ey amiral-mo‘minin! Nega bu yerda turibmiz, yuring ketaylik?!
— Alloh nomi bilan qasam ichamanki, toki bu ayol ovqatini suzib bolalariga yedirmaguncha hech qayoqqa ketmayman! — dedilar hazrati Umar.
Vaqt o‘tib borardi. Bolalar hamon yig‘idan to‘xtamas, ayol esa «Sabr qilinglar, hozir ovqatni suzaman, ozgina qoldi», deb takrorlashdan charchamasdi. Hazrati Umar chidab turolmadilar va Abbosga:
— Yur, ichkariga kiraylik-chi, nima gap ekan? — dedilar. Ikkovlon orqama-orqa chodirga kirishdi. Hazrati Umar ayolga salom berdilar.
— Assalomu alaykum!
— Va alaykum assalomu va rohmatullohu va barokatuh, — deb go‘zal javob qaytardi boyagi ayol.
— Bolalarga nima bo‘lgan, nega ular yig‘idan to‘xtashmayapti? — so‘radilar hazrati Umar (r.a.).
— Qorinlari och.
— Nega qozondagi ovqatdan bermayapsan?
— Ovqat bo‘lganda, bermasmidim. Ularni aldab, ovuntirib o‘tiribman, xolos. Zora, yig‘idan charchab uxlab qolishsa. Ularga yediradigan hech narsa yo‘q! — dedi ayol bo‘shashib. Hazrati Umar (r.a.) qozonni kavlab ko‘rdilar. Ozgina suv ichiga bir necha mayda tosh tashlab kavlab o‘tirgan ekan.
— Nega bunday nochor ahvolda qolding? — so‘radilar amiral-mo‘minin.
— Mening hech kimim yo‘q, na aka-ukam, na otam, na erim... Birortayam qarindoshim yo‘q, yolg‘iz ayolman.
— Unda nega mo‘minlar amiriga borib, ahvolingni tushuntirmading? Baytul-moldan biror narsa berardi-ku!
— Vallohi, Umar menga zulm qildi, — dedi ayol. Ayolning bu gapidan hazrati Umar (r.a.) dahshatga tushdi, vujudlari qalt-qalt titray boshladi, peshonalaridan sovuq ter chiqib ketdi.
— Ey xola, Umar senga nima zulm qildi? — deb so‘radi xalifa arang tilga kirib.
— Ha, Xudo haqqi, Umar bizga zulm qildi. U boshlig‘imiz edi, qo‘l ostidagi har bir odamning hol-ahvolidan ogoh bo‘lib turishi mumkin edi. Axir musulmonlar orasida mendaqa serbola, nochor, yordam va shafqatga muhtoj oilalar bor-ku!
— Umar sening ahvolingni qaerdan bilsin? Sen unga arz bilan borib, ahvolingni ma’lum qilib qo‘yishing kerak edi., — dedi hazrati Umar (r.a.).
— Yo‘q, vallohi, haqiqiy boshliqlar qaramoqlaridagi odamlarning nimaga muhtojligidan doimo xabardor bo‘lishlari kerak. Ehtimol, mendaqa kambag‘alning hayosi yo‘l qo‘ymay, boshliq oldiga borishga iymanar...
— Haq gapni aytding! — dedi hazrati Umar (r.a.). — Bolalarni ozgina tinchitib tur, men hozir kelaman!
Hazrati Umar (r.a.) Abbosni yetaklab chiqib ketdi. Xazinaga borib, ichkariga kirishdi. Hazrati Umar (r.a.) bitta qopga unni to‘ldirib, Abbos yordamida yelkaga oldilar. Ko‘zada turgan yog‘ni Abbosga ko‘tartirib, ikkovlon boyagi ayolning chodiriga jo‘nashdi. Yo‘l xiyla olis edi, qopdagi un hazrati Umarning (r.a.) peshonasiga, ko‘z-yuziga to‘kilib borar, terga qorishib qotib qolardi. Xalifaning charchagani va qiynalayotganini ko‘rgan Abbos yordamlashmoqchi bo‘ldi.
— Ota-onam sizga fido bo‘lsin, amiral-mo‘minin. Charchab ketdingiz, qopni men ko‘tarib olay!
— Yo‘q. Xudo haqqi, sen qiyomat kuni bo‘lganda, mening gunoh va zulmimni ko‘tara olmaysan. Ey Abbos, shuni bilib qo‘yki, zil-zambil tog‘larning og‘irligini ko‘tarish oxiratda katta-kichik jinoyatlar azobini ko‘tarishdan osonroq. Yuraqol, Abbos, bolalar charchab uxlab qolmaslaridan yetib boraylik!
Hazrati Umar (r.a.) va Abbos qadamlarini tezlatishdi. Chodirga yetib kelganlarida ikkovi ham holdan toyib, madordan ketib bo‘lishgandi. Qop yelkadan tushdi. Hazrati Umar (r.a.) o‘choq boshiga borib, qozon ichidagi toshlarni to‘kib tashlab, tozaladi. Unga yog‘ solib, o‘t g‘aladi. O’tin ho‘l ekan, anchagacha tutab yonmadi. Xalifa engashib, o‘tinga puflay boshladi. Bu yumushlarni Abbos qilmoqchi edi, xalifa ko‘nmadi. Qozonga o‘zi yog‘ solib, un bilan aralashtirib, taom tayyorlay boshladi. Ovqat pishgach, o‘zi uni sovutib bolalarga yedirdi. Ularning qorni to‘yib, o‘ynay boshlaganlaridan keyingina ko‘ngli tasalli topdi. Bu ishlarni hayron bo‘lib kuzatib turgan ayol hazrati Umarga (r.a.) shunday dedi:
— Hoy yaxshi odam, aslida Umarning o‘rniga sen loyiq odam ekansan!
Shunda hazrati Umar o‘ng‘aysizlanib:
— Men amiral-mo‘mininning yaqinlaridan bo‘laman. Men ahvolingni unga tushuntirib qo‘yaman. Ertaga uning huzuriga borgin, men ham o‘sha yerda bo‘laman. Inshaalloh, hammasi yaxshi bo‘ladi, — dedi.
Ikkovlon ayol bilan xayrlashib tashqariga chiqdi. Shundagina xalifa yengil tin olib, chuqur xo‘rsindi:
— Bugun g‘alati tun bo‘ldi, ey Abbos! Vallohi, o‘sha ayolning bolalarini tosh qaynatib aldayotganini ko‘rganimda, go‘yo tog‘lar silkinib, yelkamga ag‘darilganday bo‘ldi. Masalliqni keltirib, ovqatni pishirib ularga yedirganimdan keyingina o‘sha zil-zambil tog‘ yelkamdan tushdi.
Alhamdulillahki, bir haqsizlikning oldi olib qolindi.
Xalifa va Abbos o‘sha tun birga qolishdi. Hazrati Umar (r.a.) tong otguncha to‘lg‘onib uxlolmay chiqdi. Ertasiga tong otgach, o‘sha ayol xalifa huzuriga kirib keldi. Hazrati Umarni (r.a.) boshqa kiyim, boshqa maqomda ko‘rib qolib, qo‘rqqanidan dag‘-dag‘ titray boshladi. Ammo xalifa unga dalda berdi:
— Qo‘rqmang, sizni bu yerga taklif etishdan murod, kecha siz mendan Allohga shikoyat qilgan edingiz. Shu shikoyatingizni men sotib olmoqchiman, qanchaga sotasiz?
Ayol ham qo‘rquv, ham taajjubdan tili kalimaga kelmasdi.
— Ey Abbos, siz guvoh bo‘ling, — dedi xalifa o‘rnidan turib, o‘sha shikoyatni o‘z pulimdan 500 dinorga sotib oldim.
Hazrati Umar (r.a.) pulni sanab, ayolga uzatdi. Undan yetkazilgan ozor uchun qayta-qayta uzr so‘radi. Unga va bolalariga Baytul-moldan har oyga yetguday miqdorda nafaqa tayinladi va uning ijrosini doimo nazorat qilib yurdi.
"Haq hamisha g‘olib"