Mo'jizaTo'ng'ich farzandim olti yoshga yetganida tez-tez bosh og'rig'idan shikoyat qila boshladi. Keyinchalik rangi oqarib, qayt qila boshladi. Neyroxirurg huzuriga olib borganimizda shifokorlar miyasida o'simta borligi, bor-yo'g'i uch oylik umri qolganini, faqatgina uni jarrohlik yo'li bilan olti oy yoki bir yilga uzaytirish, shunda ham nogiron bo'lib qolishi mumkinligini aytishdi.
Uyga kelib ahvolni qaynotamga tushuntirdim. Ular gapimni diqqat bilan tinglagach: "Nima bo'lsa ham ALLOHning xohishi bilan bo'ladi. Yurib turgan bolani majruh qilib qo'ymaylik", dedilar. Noiloj ko'ndim. O'g'limni operatsiya qilishdan zo'rg'a voz kechdim.
Lekin jigarbandim kundan-kunga ko'z o'ngimda xazon bargidek so'lib borardi, kechalari ibodat qilib, ALLOHdan shifo tilab, iltijolar qilardim. O'g'lim borgan sari qiynala boshladi. "Boshim siqilib, kuyib og'riyapti. O'lgim kelmayapti, onajon!", deb nola qilardi.
Ramazon kunlari edi. Qadr kechasini kutish uchun uyimizga qarindoshlar va qo'shnilarimiz kelishdi. Tong otguncha ko'pchilik bo'lib o'g'lim uchun shifo tiladik. Ayniqsa qaynonam bilan ikkimiz tinimsiz duo qildik.
ALLOHning qudratiga tan bermay iloj yo'q. Ertalab o'g'lim nonushta qildi, boshi ham og'rimadi, qayt ham qilmadi. Kun davomida ukalariga qo'shilib o'ynadi ham. Sekin-sekin o'ziga kela boshladi. Biz juda xursand edik. ALLOHga hamd aytib, o'g'limni bilganimcha namozga, Qur'onga o'rgatdim.
Mana shifokorlar aytgan uch oydan nechtasi o'tib ketdi. O'g'lim hozir 5-sinfda o'qimoqda.
Darvoqe, boshini kompyuterga tushirsak, o'simtadan asar ham qolmabdi.
Hanifa
Media plyus gazetasi