Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 190273 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 38 B


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:34:40

Faqih (rahimahulloh) yana aytadilar: Agar muhaddis senga bir hadisni yozsa yoki kitobini berib, menga falonchi bu kitobdagi hamma hadislarni gapirib berdi, deb aytsa, sen, falonchi menga xabar berdi, deb aytishing mumkin, lekin menga hadis qilib gapirib berdi, deyishing joiz emas. Chunki kitobat xabardir va hadis gapirish faqatgina o'zaro so'zlashuv bilan bo'ladi. O'ylab ko'r, agar bir kishi, falonchiga mana shuni xabar qilmayman, deb qasam ichsa va unga shu narsa haqida yozsa, qasamini buzgan bo'ladi. Agar, aytmayman, deb qasam ichsa va uni yozib bersa, qasami buzilmaydi, modomiki u bilan so'zlashmasa.

Abu Zumra Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilib aytadi: "Men Abdulloh ibn Shihobning bir kitobni olib kelganini ko'rdim. Unga, bu kitobingni bilasanmi, deb aytilganda, u ha, dedi. Ular o'zlariga o'qib beriladigan va unga o'qib berilgan narsaga rozi bo'lishdi. Natijada, ular uni ko'chirishdi  va undan xabar olishdi".

Abdulaziz ibn Ubbon Shu'badan rivoyat qilib aytadi: "Menga Mansur ibn Mun'im bir hadisni yozib yubordi. Men unga uchrab shu hadis haqda so'radim. U: "Men senga xat yozib yubormaganmidim?" deb aytdi. Men: "Agar xat yozgan bo'lsang, menga uni aytgan bo'lasanmi?" dedim. U: "Ha", dedi. Mana shuni Ayyub So'xtiyoniyga zikr qildim. U: "Agar senga xat yozgan bo'lsa, rost gapiribdi. Darhaqiqat, u senga gapirgan bo'ladi", dedi. Muhammad ibn Hasanning (rahimahulloh) ham bunday deganlari rivoyat qilingan: "Ilmni senga yozilishi bilan sen uni eshitishing bir xildir, agar senga yozilgan bo'lsa, u haqida rivoyat qilishing xuddi eshitganingda joiz bo'lganidek joizdir, lekin ikkala rivoyatning lafzida farq bo'ladi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:34:53

8-bob
Ilmni ishonchli kishilardan olish haqida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Ilmni ishonchli zotlardan olish lozim, chunki dinning ustuni ilm bilandir. Kishi o'zining jonini ishonadigan kishigagina dinini ham ishonib topshirishi loyiq bo'ladi.

Ibod ibn Kasir Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilib aytadiki: "Guvohligi qabul qilmaydigan kishidan hadis rivoyat qilmanglar".

Muhammad ibn Siyrin aytadilar: "Bu ilm dindir. Dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar".

Muhsin aytadilar: "Kim chiroyli so'z aytsa-yu, yomon amal qilsa, undan ilm olmanglar va unga suyanmanglar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:35:02

Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam): "Ilm mo'minning yo'qotgan narsasi, uni qaerda topsa, oladi", deb aytganlarini rivoyat qilganlar.

"Uni qaerda topsa, oladi", deb aytildi. Buning ma'nosi shuki agar unga xabar bergan kishi ishonchli va so'zi foydali bo'lsa, oladi, ammo xabar bergan kishi ishonchsiz bo'lsa, olmaydi. Agar bir kishi bir hadisni yoki bir masalani eshitsa va aytuvchisi ishonchsiz bo'lsa, undan qabul etish durust emas. Lekin uning so'zi asl manbalarga muvofiq kelsa, unga amal qilish joiz bo'ladi. Ammo bu ilm sanalmaydi. Shuningdek, yozilgan hadis yoki masalani topsa va u asl manbalariga muvofiq bo'lsa, unga amal qilish joiz, mabodo muvofiq bo'lmasa, joiz emas.

Abdurahmon Ibn Abu Laylo Ali ibn Abu Tolibdan rivoyat qiladi: "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki bir hadisni aytgan kishini yolg'on gapirdi, deb o'ylasa, o'zi yolg'onchilarning bittasi bo'ladi", dedilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:35:19

9-bob
Mav'iza majlislarining mubohligi to'g'risida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Ba'zi insonlar mav'iza uchun yig'ilish o'tirishni yomon ko'rishdi. Ba'zilar, agar bu bilan Alloh taoloning rizosini xohlagan bo'lsa, zarari yo'q, deyishdi. Shu so'z sahihroqdir. Chunki bu ish shariatni o'rganishdir. Mav'izani yomon ko'rgan kishilar Amr ibn Shu'ayb otasidan, otasi esa, bobosidan rivoyat qilgan hadisni hujjat qilib keltirishdi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Insonlarga biror narsani faqat amir  yoki ma'mur yoki riyokor kishigina qissa qilib beradi", deganlar.

Tamim Doriyning Umar ibn Xattobdan insonlarga har shanba kuni qissa aytib berish uchun izn so'raganlari rivoyat qilingan. "Nima uchun?" deganlarida, "Insonlarga eslatma bo'lsin uchun", deb aytdilar. "Agar xohlasang, eslat, ammo bilginki, bu ish so'yishdir", deb javob berdilar. Bu gap Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki qissa qilsa, darhaqiqat, u pichoqsiz so'yilibdi", degan hadislariga muvofiqdir.

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Qissa qiluvchi g'azabni, eshituvchi rahmatni kutadi".

Abu Qulobadan rivoyat qilinishicha, u kishi namozdan qaytganlarida bir kishi kelib, baqirib qissa ayta boshladi. Abu Quloba unga: "Sen bir hangrovchi eshaksan, agar bizning oldimizga kelsang, senga odob berib qo'yamiz", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:35:38

Ibrohim Naxa'iy (rahmatullohi alayh): "Men uchta oyat sababli qissa aytishni yomon ko'raman. Ular:

"Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?" (Baqara, 44);

"Ey mo'minlar, sizlar nega o'zlaringiz qilmaydigan narsani (qilamiz deb) aytursizlar?!" (Sof, 2);

"U aytdi: "Ey qavmim, xabar beringiz-chi, agar men Parvardigorim tomonidan aniq hujjatga ega bo'lsam va U zot meni o'z tomonidan go'zal rizq bilan rizqlantirgan bo'lsa (shu halol rizqni haromga aralashtirishim kerakmi?!) Men sizlarga xilof qilib, sizlarni qaytarayotgan narsani (ya'ni, halol-haromga aralashtirishni) o'zim qilishni istamayman. Men faqat imkonim boricha isloh qilishni istayman, xolos. Va (bunga) yolg'iz Allohning yordami bilangina muvaffaq bo'lurman. O'ziga suyandim va O'ziga iltijo qilurman" (Hud, 88), oyatlaridir", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:35:54

Hadisda keladiki, Alloh taolo Iso alayhissalomga vahiy qilib aytdi: "Avval nafsingga nasihat qil. Agar shu nasihatni olsang, so'ng insonlarga nasihat qil. Agar unday bo'lmasa, Mendan hayo qil".

Va'z-nasihat qilishning zarari yo'q, deb aytgan kishilarning hujjati Alloh taoloning:

"Va (Qur'on bilan) pand-nasihat qiling! Zero, u pand-nasihatlar mo'minlarga naf' yetkazur" (Zoriyot, 55), degan so'zidir. Boshqa bir oyatdagi:

"Axir ulardan har bir guruhdan bir toifa odamlar (jang uchun) chiqmaydilarmi?! (Qolganlari esa Madinada) dinni o'rganib, (jangga ketgan) qavmlari ularning oldlariga qaytgan vaqtlarida, u qavmlar Allohning azobidan saqlanishlari uchun ularni ogohlantirgani (qolmaydilarmi)?!" (Tavba, 122) degan so'zi ham dalildir.

Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu): "Ey qissa aytuvchilar, qissa aytmangizlar, chunki insonlar faqih bo'ldilar", dedilar. Bu xabarda, agar qavm ilmsiz bo'lsa, qissa aytishning zarari yo'qligiga dalil bor.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:36:06

Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) insonlarga tik turib har payshanba oqshomida va'z-nasihat qilar edilar.

Ato Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilib aytadi: "Kim o'zi biladigan ilmni insonlardan berkitsa, qiyomat kunida olovdan bo'lgan yugan bilan yuganlanadi". Bu haqda Pay-g'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) hadislari bor.

Abu Hurayra: "Agar bir oyat bo'lmaganida, insonlar uchun majlis qilib o'tirmas edim", dedilar va Alloh taoloning:

"Biz nozil qilgan hujjatlar va hidoyatdan iborat narsalarni odamlarga Kitobda ravshan qilib berganimizdan keyin berkitgan kimsalarni, shubhasiz, Alloh la'natlagay va la'natlovchi zotlar (farishtalar va mo'minlar) ham la'natlagaylar" (Baqara, 159), degan so'zini o'qidilar.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu taolo anhumo) Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam): "Mendan bir oyat bo'lsa ham, etkazinglar va Bani Isroil haqida gapiringlar, chunki ular ichida ajoyib voqealar bordir. Bu qiyin ish emas. Kimki men haqimda qasddan yolg'on gapirsa, joyini do'zaxdan tayyorlasin", deb aytganlarini rivoyat qiladilar.

Hasan Basriy aytadilar: "Agar ulamolar bo'lmaganida, insonlarning hammasi hayvonlarga o'xshab ketardi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:36:22

10-bob
Muzakkir-eslatuvchining odobi haqida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Muzakkirda bo'lishi shart eng birinchi xislat solihlikdir, chunki solih bo'lmasa, aqlli kishilar undan qochib, faqat nodonlar ergashadi. Shundan keyin olam fasod bo'ladi. Solih bo'lmasa, so'zi qalblarga foyda bermaydi. Muzakkir yana taqvodor bo'lishi,  sahih bo'lmagan hadisni rivoyat qilmasligi kerak. Chunki Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu taolo anhu) Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan hadisda aytiladiki: "Kim bir hadisni rivoyat qilsa va uni yolg'on deb o'ylasa, u yolg'onchilarning bittasidir". Shuningdek, da'vatchi majlisni cho'zib yubormasligi lozim. Agar cho'zib yuborsa, insonlar malollanib qoladi va bu hol ilmning barakasini ketkazadi.

Abdulloh ibn Mas'ud (roziyallohu anhu) aytadilar: "Qalblarda faollik va yuzlanish, ularning kelishi va qaytib ketishi bor. Qavm sendan ilmni qabul qilish uchun yuzlanganida gapir".

Zuhriy rivoyat qiladilar: "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Qalblarga bir soat-bir soat dam beringlar", deb aytdilar".

Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: "Bani Isroildagi bir qozi qavmiga uzun-uzun mav'iza qilar edi. Bas, ularni malollantirib qo'ydi, natijada o'zi ham la'natlandi, ular ham la'natlandilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:36:39

Muzakkir (eslatuvchi, da'vatchi) muloyim, tavoze'li bo'lishi, mutakabbir, dag'al, qo'pol bo'lmasligi lozim. Chunki tavoze' va muloyimlik Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) axloqlaridir. Alloh taolo:

"(Ey Muhammad), Alloh tomonidan bo'lgan bir marhamat sababli ularga yumshoq so'zli bo'ldingiz. Agar qo'pol, qattiq dil bo'lganingizda edi, albatta, ular atrofingizdan tarqalib ketgan bo'lar edilar" (Oli Imron, 159), deb aytgan.

Agar u insonlarga namoz, ro'za, sadaqaning fazilatlaridan biror narsani xabar bermoqchi bo'lsa, avval o'zi aytayotganiga amal qilishi lozim. Toki quyidagi oyat ahlidan bo'lib qolmasin:

"Odamlarni yaxshilikka chorlab, o'zlaringizni unutasizlarmi? Holbuki, o'zlaringiz kitob tilovat qilasizlar. Aqlingizni yurgizmaysizlarmi?" (Baqara, 44).

Ibrohim Naxa'iy aytadilar: "Men uchta oyat sababli qissa aytishni yomon ko'rdim". Darhaqiqat, u oyatlarni yuqorida zikr qilib o'tdik. 

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:36:53

Muzakkir Qur'on tafsirlarini, xabar-hadislarni, fuqaholarning so'zlarini o'rgangan bo'lishi kerak. Ali ibn Abu Tolib insonlarga hikoya aytayotgan kishini ko'rib: "Nosix va mansuxni bilasanmi?" deb so'radilar. U: "Yo'q", dedi. Shunda Ali unga: "Halok bo'libsan va halok qilibsan", dedilar.

Muzakkir gapirayotganida bir kishiga emas, ommaga yuzlanishi lozim. Habib ibn Abu Sobit aytadilarki: "Gapirayotganda faqat bir kishiga yuzlanmasdan, butun jamoaga qarab gapirish sunnatdir".

Muzakkirning tama'gir bo'lishi aslo mumkin emas. Chunki tama' insonning obro'sini tushiradi, yuzining va ilmining qadrini ketkazadi. Ammo bir inson masala so'ramasdan oldin unga hadya bersa, uning hadyasini qabul qilishining ziyoni yo'q.

Muzakkirning majlisida xavf va rajo bo'lishi lozim. Majlisning hammasini butunlay xavf yoki faqat rajo qilmaydi. Chunki bundan qaytarilgandir. Agar muzakkir majlisni uzun qilishni xohlasa, unga majlisning orasida insonlarga yoqadigan va tabassum qilinadigan so'zlarni qo'shishi mustahab. Chunki bu ish eshitishga qiziqish va iqbolni ziyoda qiladi. Umar (roziyallohu anhu) haqlarida rivoyat qilinishicha, agar u kishi majlisga o'tirsalar, insonlarni oxiratga rag'batlantirar va dunyoga berilib ketishdan qaytarar edilar. Agar insonlarning dangasalik qilayotganini ko'rsalar, daraxt ekish, bino tiklash, devorlar qurish haqida gapirar edilar. Agar insonlarni g'ayratli, shijoatli holatda ko'rsalar, oxirat zikriga qaytarardilar.

Qayd etilgan