Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 190270 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 38 B


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:37:10

11-bob
Eshituvchining odobi haqida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Eshituvchi muzakkirga yuzlanib o'tirishi, uni to'g'ri qalb bilan tinglashi va boshqa biror narsa bilan shug'ullanmasligi lozim. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Kimki bir masalani yoki hadisni eshitsa, mana shunga amal qilsin, chunki u tirik va najot topuvchidir. Kimki bir hadisni eshitsa-yu, amal qilmasa, halok bo'ladi" dedilar. Eshituvchiga har bir hadisning orasida "rost aytdingiz" yoki "chiroyli gapirdingiz" deb turishi mustahab. Toki muzakkir hadis aytishga rag'batlansin.

Tinglayotgan kishi Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) ismlarini har eshitganida salovot aytadi. Shaytonning vasvasasini qalbidan chiqarib tashlashi, majlis vaqtida uxlamasligi lozim. Payg'ambardan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilingan hadisda aytiladi: "Kimki majlis vaqtida uxlasa, Allohning rahmatidan mahrum bo'libdi va shaytonga do'st tutinibdi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:37:25

12-bob
Ilmni talab qilishga qiziqtirish va fiqhni boshqa ilmlardan afzal ko'rish haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Inson ilm o'rganishi bilganiga qanoatlanib qolmasligi kerak. Chunki Alloh taolo deydi:

"Ayting: biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo'lurmi?!" (Zumar, 9).

Ilm ahli boshqa insonlarga nisbatan afzaldir. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Olim yoki ilm o'rganuvchi bo'lmagan kishida yaxshilik yo'qdir", deb aytganlar.

Abu Dardo (roziyallohu taolo anhu) aytadilar: "Nima bo'ldiki, olimlaringizni o'layotgan, johillaringizni ilm o'rganmayotgan holda ko'ryapman. Ulamolarning o'limi bilan ilm ko'tarilishidan oldin ta'lim olinglar. Chunki bir qavmning kichkinasi bo'lsangiz, shoyad boshqa qavmning kattasi bo'larsiz. Menga ilmsiz shayxdan xunukroq maxluq yo'qdir".

Sha'biy aytadilar: "Agar bir kishi Shomning bu chekkasidan Yamanning u chetigacha safar qilib, kelajak umrida foyda keltiradigan bir dona kalimani yod olsa, uning safari zoe' ketmadi deb o'ylayman".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:37:38

Endi bilgilki, ilm bir necha navdir, hammasi Alloh nazdida chiroyliroqdir, lekin fiqhga teng emasdir. Kishiga fiqhni o'rganish unga boshqa ilmni o'rganishdan muhimroq bo'lishi kerak, chunki fiqhni bilgan kishiga boshqa ilmlar osonlashadi. Fiqh dinning ustunidir. Abu Hurayra (roziyallohu taolo anhu) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Allohning bandalari orasida dinda faqih bo'lganidan  ko'ra afzali yo'q". Yana aytadilar: "Bitta faqih shayton uchun mingta johil obiddan yomonroqdir".

Abu Hurayra (roziyallohu taolo anhu) aytadilar: "Bir soat o'tirib fiqh o'rganishim Allohga bir kecha fiqhsiz ibodat qilishimdan yaxshiroqdir".

Ibn Abbos (roziyallohu taolo anhumo) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Alloh kimga yaxshilikni xohlasa, uni dinda faqih qilib qo'yadi", dedilar".

Umar ibn Xattob (roziyallohu taolo anhu): "Rahbar bo'lishlaringdan oldin fiqhni o'rganinglar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:37:52

Agar inson fiqhdan nasibasini to'la olsa, unda qosirlik qilmasligi hamda zuhd va hikmat ilmida, oxirat kalomida, solihlarning shamoillari haqida fikr qilishi lozim. Chunki inson fiqhni o'rgansa-yu, zuhd va hikmat ilmi haqida fikr qilmasa, qalbi qattiqlashadi. Qattiq qalb Alloh taolodan uzoqdir. Agar nujum bilan hikmat ilmini ta'lim olsa, qalbi qattiqlashadi, qattiq qalb esa Alloh taolodan uzoqdir. Agar nujum va hikmat ilmidan hisob-kitobni biladigan miqdorda o'rgansa, buning zarari yo'qdir. Agar qiblani bilish va hisob-kitobga yo'l topa oladigan miqdorcha o'rgansa, ortiqchalik qilmaydi. Alloh taolo:

"Va (u yo'llarga) belgilar (qilib qo'ydi. Kechalarda esa kishilar) yulduzlar bilan yo'l topurlar" (Nahl, 16), deb marhamat qiladi. Boshqa bir oyatda esa:

"U quruqlik va dengiz zulmatlarida yo'l topishingiz uchun sizlarga yulduzlarni yaratib qo'ygan zotdir. Biladigan qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik" (An'om, 97), deb aytadi.

Umar ibn Xattob aytadilar: "Ilmi nujumdan qiblalaringni topadigan miqdorda o'rganinglar. Qarindoshlaring bilan aloqa qiladigan miqdorda nasab ilmidan ta'lim olinglar".

Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) yulduzlar haqida munozara  qilishdan qaytarganlari rivoyat etilgan.

Abdulloh ibn Abbos (r.a.) Maymun ibn Mihronga: "Nujum ilmiga ergashmanglar, chunki sehr va folbinlikka olib boradi", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:38:13

13-bob
Ilmda munozara qilish haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Ba'zi odamlar ilm haqida bahs-munozara qilishni yomon ko'rishdi. Alloh taoloning:

"Ular: "Bizlarning ilohlarimiz yaxshiroqmi yoki umi?!" (ya'ni, Isomi?!) dedilar. Ular (bu misolni) sizga faqat talashib-tortishish uchungina keltirdilar. Axir ular xusumatchi-urushqoq qavmdirlar!" (Zuxruf, 58);

"Biz bu Qur'onda odamlarga (pand-nasihat olishlari uchun) turli masallar bayon qildik. Darhaqiqat, inson juda ko'p janjal-bahs qilguvchidir" (Kahf, 54), degan so'zlarini hujjat qilishdi.

Oisha (roziyallohu anho) Payg'ambarimizning (sollallohu alayhi vasallam) shunday deganlarini rivoyat qiladilar: "Allohga insonlarning eng nafratlisi yomon xusumatda bo'ladigan kishidir".

Abu Umoma Boxiliy Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Har bir qavm hidoyatdan tortishuv sababidangina adashdi".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:38:52

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Shubhani tark qil, garchi haq bo'lsang ham". Bu hadis boshqa lafz bilan ham rivoyat qilingan: "Sizlarning birortangiz iymonning haqiqatini o'zi haq bo'lgan holatida shubhani tark qilmagunicha topolmaydi". Chunki shubha adovatga olib boradi. Musulmonlarning orasidagi adovat esa haromdir.

Ilm ahlining ommasi Alloh taoloning:

"Parvardigoringizning yo'li — diniga donolik-hikmat va chiroyli pand-nasihat bilan da'vat qiling! Ular bilan eng go'zal yo'lda mujodala-munozara qiling!" (Nahl, 125);

"Bas, ular (ya'ni, zamondosh ahli kitoblar bilan Ashobul Kahf) xususida faqat (o'zingizga nozil bo'lgan vahiy vositasida) ochiq mujodala-munozara qiling va (Ashobul Kahf) haqida ularning birontasidan fatvo so'ramang!" (Kahf, 22);

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:39:06

"Alloh podshohlik berganidan hovliqib Ibrohim bilan Parvardigori haqida talashgan kimsaning (Namrudning) holi-xabarining bilmadingizmi? Qaysiki Ibrohim: "Parvardigorim tiriltirib, o'ldiradigan zotdir", deganida u: "Men (ham) tiriltiraman va o'ldiraman", dedi. Ibrohim aytdi: "Albatta, Alloh quyoshni mashriqdan chiqaradi. Sen uni mag'ribdan chiqar-chi?" Shunda bu inkor qiluvchi dovdirab qoldi. Alloh zolim kimsalarni hidoyat qilmaydi" (Baqara 258), degan so'zlariga binoan, agar bahs bilan haqiqatni zohir etishni qasd qilsa, zarari yo'q, deb aytadi.

Talha ibn Ubaydulloh deydilar: "Ehromdagi kishi eydigan ovning go'shti haqida bahs qildik. Vaholanki, u ovni halol kishi1 so'ygan edi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) uxlayotgan edilar. Bizning ovozimiz ko'tarilib ketdi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) shovqindan uyg'onib: "Nima haqda bahslashyapsizlar?" dedilar. Biz masalani xabar berdik, u zot bizga uni eyishni buyurdilar". Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) ularning  bahslarini inqor qilmadilar, chunki munozarada haqni botildan ajratish bordir. Haq talabida fikr yuritish esa mubohdir.

Bahs-munozarani inkor qilish to'g'risida vorid bo'lgan hadislarning ma'nosi shuki, nohaq bahs qilsa va bu bilan faxrlanishni, kekkayishni xohlasa, bahs makruhdir. Payg'ambardan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilinganidek: "Kimki ilmni uchta narsa uchun ta'lim olsa, u do'zaxdadir: ilm bilan olimlarga maqtanmoqchi bo'lsa; ahmoqlar bilan bahs qilmoqchi bo'lsa; odamlarning yuzini o'ziga qaratmoqchi bo'lsa".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:39:22

14-bob
Ta'lim oluvchining odobi to'g'risida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Ta'lim oluvchi muhtoj bo'ladigan narsaning eng birinchisi — olgan ilmi bilan foydalanishi va o'zidan o'rganayotgan kishiga foyda berishi uchun niyatini to'g'irlab olishdir. Agar  niyatini to'g'irlamoqchi bo'lsa, to'rtta narsani qasd qilishi lozim.

1. Ilm olish bilan johillikdan chiqishni niyat qilish. Chunki Alloh taolo:

"Ayting: "Biladigan zotlar bilan bilmaydigan kimsalar barobar bo'lurmi?!" (Zumar, 9), deb aytgan.

2. Ilmi bilan xalqqa foyda keltirishni niyat qilish. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Insonlarning eng yaxshisi insonlarga foydasi ko'proq tegadiganidir", deganlar.

3. Ta'lim olish bilan ilmni tiriltirishni niyat qilish. Chunki insonlar ta'lim olishni tashlab qo'ysa, Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Ilm ko'tarilishidan oldin ilmni o'rganinglar", deb aytganlaridek, ilm ketib qoladi. Ilmning ko'tarilishi ketib qolishidir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:39:33

4. Ta'lim olish bilan birga ilmga amal qilishni niyat etish, aksini emas. Chunki ilm amal uchun asbobdir va amalsiz asbobni talab qilish behuda ishdir, xuddi ilmsiz amal bekor bo'lganidek.

Aytadilarki, amalsiz ilm uvoldir, ilmsiz amal zalolatdir. Ta'lim oluvchi Alloh taoloning roziligini, oxirat hovlisini talab qilishi, dunyoni istamasligi lozim. Agar ilm bilan Alloh taoloning rizoligi va oxirat hovlisini talab qilsa, ikkalasiga ham barobar etadi, xuddi Alloh taolo:

"Kim (o'z amali bilan) oxirat ekinini (ya'ni savobini) istar ekan, Biz unga ekinini(ng hosilini) mo'l-ziyoda qilurmiz. Kim dunyo ekinini istar ekan, Biz unga o'shandan (dunyo matolaridan) berurmiz va uning uchun oxiratda biron nasiba bo'lmas!" (Shuaro, 20) deb aytganidek.

Zayd ibn Sobit Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Kimning niyati dunyo bo'lsa, Alloh taolo uning ishini ajratadi va faqirlikni ikki ko'zi oldiga qo'yib qo'yadi, dunyoda unga Alloh taolo taqdir qilgan narsadan boshqasi kelmaydi. Kimning niyati oxirat bo'lsa, Alloh taolo uning ishlarini jamlab qo'yadi, boyligini qalbida qiladi, dunyo unga jirkanchli va xor bo'lib keladi".

Agar kishi niyatini to'g'irlashga qodir bo'lmasa ham, ilmni tashlab qo'ymasin, shu afzal ish, chunki ta'lim olaversa, ilm uning niyatini to'g'irlab qo'yishi mumkin.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:39:42

Xabarlarda rivoyat qilinganki, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): "Kim ilmni Alloh taoloning rizosidan boshqa narsa uchun talab qilsa, ilm unda hosil bo'ladi va niyati Alloh taolo uchun va oxirat hovlisi uchun bo'lgungacha dunyodan o'tmaydi", deb aytganlar.

Mujohid: "Biz ilmni talab qildik, lekin, bizning niyatimiz kam edi. So'ng Alloh taolo bizga niyatni rizq qilib berdi", deb aytadilar.

Agar talaba ilm uchun safarga chiqishni xohlasa, ota-onasining ruxsati bilan chiqishi afzal bo'ladi. Ota-onasi ruxsat bermasa ham, chiqib ketaverishida ziyon yo'qdir, agar ular uning xizmatidan behojat bo'lsalar.

Ta'lim olguvchi birorta farzni tark qilishi yoki uni vaqtidan kechiktirishi durust emas. Ilm olish sababli birortaga ozor berishi ham loyiq bo'lmaydi. Agar shunday qilsa, ilmning barakasi ketadi. Ilm olguvchi ilmida baxillik qilishi durust emas. Undan kimdir kitobini yoki masalani tushunishga yordam berishini so'rasa yoki shunga o'xshash holatlarda ilmi tolib baxillik qilmasligi kerak. Chunki u ta'lim olish bilan kelajakda xalqqa foyda keltirishni qasd qilgandir. Shuning uchun bu holatda foyda berishdan tiyilishi unga munosib emas.

Qayd etilgan