Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 190267 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 38 B


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:39:56

Abdulloh ibn Muborak aytadilar: "Ilmiga baxillik qilgan kishi uchta narsaning bittasi bilan balolanadi yoki o'lib ketadi: ilmi behuda ketadi yoki podsho bilan musibatlanadi yoki yod olgan ilmini esidan chiqaradi".

Ta'lim olguvchi ilmni hurmat qilishi kerak, kitobni erga qo'yishi, iflos qo'llar bilan ushlashi loyiq emas, balki tahorat bilan tutishi lozimdir. Ta'lim oluvchi yeyish, ichish, uxlashdan bo'lgan nasibasini tashlab ham yubormasligi, shuningdek, hashamatli hayotni orzu ham qilmasligi kerak. U insonlar bilan chiroyli muomala qilishi, ular bilan aralashishi, qo'shilishni kamaytirishi va o'ziga tegishli bo'lmagan narsalar bilan shug'ullanmasligi lozim. Maqolda aytiladiki: "Keraksiz narsalar bilan shug'ullangan kishidan kerakli narsalari ketadi".

Luqmoni Hakimga: "Ushbu martabangizga qanday etishdingiz?" deyilganda, "To'g'ri so'z, omonatni ado etish, o'zimga tegishli bo'lmagan narsalarni tark etish bilan etdim", dedi.

Ta'lim oluvchi bardavom dars qilishi, sheriklari bilan yoki yolg'iz o'zi masalalarni takrorlab turishi lozim. Yazid Raqoshiy Anas ibn Molikning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: "Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bizlarga bir hadisni aytib, uylariga kirib ketar edilar. Biz o'zaro takrorlardik, u xuddi qalbimizda ekilgandek bo'lardi". Bu hol Alloh taoloning:

"(Biz unga): "Ey Yahyo, Kitobni (ya'ni Tavrotni) mahkam ushla", (dedik) va unga go'daklik chog'idayoq hikmat-ma'rifat ato etdik" (Maryam, 12), degan so'zida ham zikr qilingandir. Ya'ni, darsni tirishqoqlik va davomiylik bilan olishga undalyapti. Bir masalda, darsingni mahkam tut, chunki dars ekin ekishdir, deb aytilgan edi. Abdulloh ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo): "Bu ilmga nima bilan etishdingiz?" deb so'rashganda, "So'rovchi til, aqlli qalb, malollanmaydigan yurak va mehnatkash qo'l bilan", deganlar. Ba'zi rivoyatlarda: "Qiyinchilikda ham, xursandchilikda ham sabr qiluvchi badan bilan", deganlari zikr qilinadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:40:03

Sha'biy: "Kimning yuzi yumshasa, ilmi yumshaydi", deydilar. Buzrurgmehrdan ushbu darajasiga qanday etgani so'ralganda, "Qarg'adek barvaqt turish bilan, itning suykalishidek suykalish bilan, mushukning tazarru'sidek tazarru' bilan, cho'chqaning ochko'zligidek ochko'zlik bilan va eshakning sabridek sabr qilish bilan", degan ekan.

Ta'lim oluvchi, agar u bilan bir inson o'rtasida nizo yoki xusumat paydo bo'lib qolsa, muloyimlik va insof bilan muomala qilishi lozim. U bilan johil kishining orasida farq bo'lishi kerak. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Muloyimlik qay bir narsaning ichiga kirsa, uni chiroyli qiladi. Nodonlik qay bir narsaning ichiga kirsa, uni obro'sizlantiradi", deganlar.

Ta'lim oluvchi ustozini ulug'lashi lozim. Ustozni hurmat qilish ilmga baraka beradi va, aksincha, mensimasa, ilmdan baraka ketadi.

Ta'lim oluvchi insonlar bilan yaxshi muomala qilishi lozim. Chunki insonlarning eng yaxshisi insonlar bilan yaxshi muomala qilgan, yomoni ishonch hosil qilmaydigan kishidir, deyiladi.

Va yana ta'lim oluvchida uchta xislat bo'lishi lozim, shunda olimning so'zidan foyda oladi: 1) nafsida tavoze'lik; 2) ilmga harislik; 3) olimlarni hurmat qilish. Shunda tavoze'ligi tufayli ilm foyda beradi, hirsi bilan ilmni (olimdan) chiqarib oladi va ustozni ulug'lash bilan ulamolarga bog'lanadi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:40:24

15-bob
Qozilikni qabul qilish va qabul qilmaslik to'g'risida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Qozilikni qabul qilish to'g'risida ham ulamolar orasida ixtilof bor. Ba'zilar qozilikni qabul qilish durust emas, deb aytishdi. Ba'zilar esa, o'zi talab qilmasdan turib qozilikka tayinlansa, agar u shu ishga salohiyatli bo'lsa, qabul qilsa, zarari yo'q, deyishdi. Bu ikkinchisi bizning sohiblarimiz so'zidir.

Uni qabul qilish durust emas, degan kishilar Oisha (roziyallohu anho) Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qilgan ushbu hadisni hujjat keltirishadi: "Qiyomat kunida odil qozi keltiriladi va ikki kishining orasida qozilik qilishni yomon ko'rib qoladigan darajada qattiq hisobga tashlanadi". Yana Abu Hurayra (roziyallohu anhu) Payg'ambarimizdan (sollallohu alayhi vasallam): "Kim qozilikka tayinlansa, go'yo pichoqsiz so'yilibdi", deb aytganlarini rivoyat qilganlar.

Shurayk Hasan Basriyning shunday deganlarini rivoyat qiladi: "Bani Isroildan bir kishi, agar qozilikka tayinlanishga so'ralsa, payg'ambarlikdan noumid bo'lar edi".

Abu Ayyub aytadilar: "Abu Quloba qozilikka chaqirilganida, Shomga qochib keldi. Uning kelishi Shom qozisi lavozimidan bo'shash vaqtiga to'g'ri keldi. Natijada yana qochdi va yashirinib yurib, Yamomaga keldi. Shundan keyin uni ko'rganimda: "Qozi dengizda suzayotgan kishiga o'xshar ekan, agar yaxshi suzolmasa, g'arq bo'lib ketadi", dedi u".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:40:34

Sufyon Savriy qozilikka chaqirilganlarida, Basraga qochib yashirindilar. Amirul mo'minin ortlaridan odam yubordi, lekin uni topisholmadi. U zot berkinib yurib vafot etib ketdilar.

Abu Hanifaga (rahmatullohi alayh) darra urishdi, hibs qilishdi, lekin qozilikni qabul qilmadilar.

Qozilikni qabul qilishning zarari yo'q, degan kishilarning hujjati Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadisdir. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: "Kim qozilikni xohlasa va yordamchi so'rasa, o'ziga qoldiriladi. Va kim qozilikka majburan tayinlansa, uni  to'g'irlab turadigan bir farishta tushadi".

Hasan Basriy aytadilar: "Bir kunlik adolatli hukmning ajri uyida etmish yil namoz o'qigan kishining ajridan afzalroqdir".

Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) Abdurrahmon ibn Sumraga: "Amirlikni so'rama, chunki agar o'zing so'rab olsang, unga vakil qilinasan, o'zingga so'ramasdan berilsa, yordam olasan", dedilar.

Abu Muso Ash'ariydan rivoyat qilinadi: "Ikki kishi Payg'ambarning (sollallohu alayhi vasallam) oldlariga kirishdi va: "Bizni ba'zi ishlaringizni bajarish uchun tayinlasangiz, bizda omonatdorlik va yaxshi xislatlar bor", deyishdi. Shunda Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Biz o'zi xohlagan va talab qilgan kishini ishlarimizga boshliq qilib tayinlamaymiz", dedilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:40:52

16-bob
Qozining odoblari to'g'risida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Qozi ikkala da'vogarni o'tqazishda, ularga qarashda va boshqa muomalalarda, asarlarda kelganidek, barobar bo'lishi kerak. Ummu Salama (roziyallohu taolo anho) rivoyat qiladilar: "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Agar sizlarning birortangiz qozilik bilan balolansa, ikki xusumatchining o'rtasida, majlisda, ishoratda va nazarda bir xil bo'lsin. Xusumatchilarning birini boshqasiga nisbatan ko'tarmasin. Qozi hukm qilayotganda xotirjam bo'lishi lozim", dedilar.

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilr: "Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Qozi faqat nafsi, ko'zi to'q holida hukm qilsin", dedilar".

Abu Bakr (roziyallohu taolo anhu) Sijistonda qozi bo'lgan o'g'illariga: "G'azablangan holatingda ikki kishi o'rtasida hukm qilma, chunki men Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam): "Qozi g'azablangan holida ikki odam orasida hukm qilmasin", deganlarini eshitganman", deb xat yozganlar.

Hasan Basriy: "Alloh taolo hokimlarga uchta narsani buyurdi: havoyi nafsga ergashmaslikni, Alloh taolodan qo'rqishni va insonlardan qo'rqmaslikni, Alloh oyatlarini ozgina pulga sotmaslikni", dedilar. So'ng Alloh taoloning ushbu oyatlarini o'qidilar:

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:41:05

"Ey Dovud, darhaqiqat Biz seni erda xalifa qildik. Bas, sen (nafs) xohishiga ergashib ketma! Aks holda, u seni Allohning yo'lidan ozdirur. Albatta, Alloh yo'lidan ozadigan kimsalar uchun hisob-kitob kunini (ya'ni, Qiyomatni) unutib qo'yganlari sababli qattiq azob bordir" (Sod, 26);

"Albatta, Biz Tavrotni hidoyat va nurni o'z ichiga olgan holda nozil qilganmiz. Allohga bo'yinsunuvchi bo'lgan payg'ambarlar, ilohiy bilim egalari va donishmandlar o'zlariga Allohning kitobi omonat qo'yilgani sababli yahudiylarga u (ya'ni, Tavrot hukmlari) bilan hukm qiladilar. Ular bu kitob ustida guvohdirlar. Bas, (ey yahudiy ulamolar), odamlardan qo'rqmangiz, Mendan qo'rqingiz va Mening oyatlarimni qiymati oz narsalarga almashtirmangiz! Kimda-kim Alloh nozil qilgan din bilan hukm qilmas ekan, bas, ular kofirlardir" (Moida, 44);

"Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida hukm qilayotgan payt-larini (eslang). O'shanda unga qavmning qo'ylari bo'shalib kirib (uni payhon qilib yuborgan) edi. Biz ular (chiqargan) hukmga shohid edik" (Anbiyo, 78). So'ng: "Agar Alloh taolo bu ikkalasining (Dovud va Sulaymonning) ishini zikr etmaganida, qozilar halok bo'ladilar, deb o'ylagan bo'lardim. Lekin Alloh birini (Sulaymonni) ilmi sababli maqtadi va birini (Dovudni) ijtihodi sababli uzrli sanadi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:41:20

17-bob
Qur'onni o'rganish va o'rgatish to'g'risida


Faqih Abu Lays Samarqandiy (rahimahulloh) aytadilar: Qur'on o'qiy oladigan kishi ba'zi vaqtlarda o'qishni tashlab qo'yishi durust emas. Qancha ko'p o'qisa, afzaldir. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: "Insonlarning eng afzali echilib ko'chuvchidir", dedilar. "Echilib ko'chuvchi kim?" deb so'rashdi. "Bir boshlaganda tugatuvchi Qur'on sohibidir. Xuddi echganda ketib qoladigandek, boshlasa tugatadi. Qur'on o'qiy oladigan kishi bir yilda ikki marta uni xatm qilish lozim, agar ko'proq o'qishga qodir bo'lmasa", dedilar Nabiy.

Hasan ibn Ziyod Abu Hanifadan (rahimahulloh) rivoyat qiladi: "Bir yilda ikki marta Qur'onni xatm qilgan kishi uning haqqini ado etibdi, chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) vafot etgan yili Jabroilga (alayhissalom) uni ikki marta o'qib bergan edilar.

Anas ibn Molikdan (roziyallohu taolo anhu) rivoyat qilinadi. Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam): "Menga ummatimning ajr-savobi ko'rsatildi, hattoki inson masjiddan chiqarib tashlagan xasning savobi ham. Lekin men Qur'on o'qishdan ulug'roq yaxshilikni ko'rmadim. Menga ummatimning gunohlari ko'rsatildi, kishi yod olgandan so'ng esidan chiqargan oyat yoki suraning gunohidan kattaroq gunohni ko'rmadim", dedilar.

Abu Abdurahmon Sulamiy Usmon ibn Affondan (roziyallohu anhu), u zot Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladilar: "Sizlarning eng yaxshingiz Qur'onni o'rganib, uni boshqalarga o'rgatganingizdir".  Abdurahmon: "Mana shu hadis meni shu joyga o'tqizdi", dedilar, ya'ni, insonlarga ta'lim berish uchun o'tirganlarini nazarda tutdilar. Zero, u kishi Hasan va Husaynning (roziyallohu anhumo) muallimi edilar".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:41:47

Zunnun Misriy aytadilar: "Men masjidga kirganimda:

"Ularning ustlarida yashil ipak va shoyi liboslar bo'lib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezangandirlar va Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharob-la sug'organdir" (Inson, 21), oyatini o'qiyotgan kishini ko'rdim, u oyatni takror-takror o'qir va og'zi bilan xuddi bir narsa ichayotganday tamshanar edi. Men unga: "Ey, sen bir narsani ichyapsanmi yoki o'qiyapsanmi?" dedim. U: "Battol, men ichganda topadigan lazzat va halovatni uni o'qishdan  topyapman", dedi".

Xabarlarda kelishicha, Isrofilning (alayhissolatu vassalom) yoqimli ovozi bordir. Agar u Qur'on o'qimoqchi bo'lsa, farishtalar uni tinglash uchun ibodatni to'xtatishadi.

Dovudning (sollallohu alayhi vasallam) chiroyli ovozlari bor edi. Agar Zaburni o'qisalar, suv muzlab, qushlar havoda, hayvonlar va vahshiylar erda to'xtab qotib qolar edi. Yirtqichlar chorva hayvonlariga aralashib ketardi. U zotdan o'sha xato zohir bo'lgandan so'ng, ovozlaridagi halovat olib qo'yildi. U zot: "Ey Rabbim, ovozimga nima qilding?" dedilar. Alloh azza va jalla vahiy qilib aytdiki: "Sen Bizga, Biz senga berdik va sen Bizga osiylik qilganingdan keyin e'tiborsiz tashlab qo'ydik, agar oldingidek erta turganingda, seni qabul qilardik".

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:42:12

Qiyomat kunida Isrofilga (alayhissalom) Qur'on o'qish amr qilinadi va Dovudga (sollallohu alayhi vasallam) ham o'qish buyuriladi. Hazrati Dovud: "Ey Rabbim, mening ovozim qani?" deydilar. Shunda: "Senga ovozing qaytarildi", deyiladi. U zotga ovozlari qaytarib beriladi, so'ng hujralardan hurlarning ovozi eshitiladi, u ovozlarni hech kim hech qachon eshitmagan. Alloh azza va jalla: "G'qimli ovozlarni eshitganmisizlar?" deb aytadi. Shunda hijob ko'tariladi va Alloh ularga: "Sizlarga salomlar bo'lsin", deydi. Bu Alloh taoloning:

"(Mo'minlar Allohga) ro'baro' bo'ladigan kunda ularga (Alloh tomonidan yo'llanadigan) salom tinchlik-omonlik tilash bo'lur. (Alloh) ular uchun ulug' mukofot (ya'ni, jannat) tayyorlab qo'ygandir" (Ahzob, 44), degan so'zidir.

Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Ilm o'rgatish uch sababga ko'ra bo'ladi. Birinchisi, Allohdan ajr umidida, haq olmasdan; ikkinchisi, ujra (maosh) hisobiga; uchinchisi, biron-bir shartsiz, bordiyu, hadya qilishsa, qabul etadi.  Alloh rizosi uchun ta'lim bergan muallimga ajr bor va uning amali Payg'ambarning (sollallohu alayhi vasallam) amallaridir. Agar haq evaziga ta'lim bersa, bu xususda ixtilof bor. Oldingilar: "Ta'lim uchun haq olish joiz emas, chunki Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Mendan bir oyat bo'lsa ham, etkazinglar", deganlar. Bas, u zotning ummatlariga ham o'zlariga vojib bo'lgani kabi etkazish vojib bo'ldi. Payg'ambarga (sollallohu alayhi vasallam) haq olish joiz bo'lmagani kabi, ummatlariga ham joiz emas", deyishdi. Keyingi ulamolardan Osim ibn Yusuf, Nosir ibn Yahyo, Abu Nasr ibn Salom va boshqalar joiz hisoblashdi. Ta'lim oluvchi uchun Qur'on yodlashga, o'qish va yozishni o'rganishga haqni shartlashib olishi afzaldir. Ustoz-shogird Qur'onning ta'limida haqni shartlashib olishlarida zarar yo'q deb bilaman, chunki musulmonlar shuni bir-birlaridan meros qilib olganlar va unga ehtiyojlari bor. Uchinchi sababga ko'ra, ustoz shartlashmasdan ta'lim bersa va unga hadya qilinsa, hadyani qabul etishiga barchalari ittifoq qilishgan. Chunki Payg'ambar (sollallohu alayhi vasallam) ham muallim bo'lganlar va hadyani qabul qilganlar. Abu Said Xudriy (roziyallohu taolo anhu) aytadilar: "Rasulullohning (sollallohu alayhi vasallam) ashoblari g'azotda yurganlarida bir arab mahallasidan kishi kelib: "Oralaringda dam soladigan odam bormi? Mahalla oqsoqolini chayon chaqib oldi", dedi. Bir kishi unga Fotiha surasini o'qib dam soldi, so'ng u tuzaldi. Shunda unga qo'ylaridan bir nechtasini hadya qildi. U olishdan bosh tortdi. Bu haqda Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) aytganida: "Nima bilan dam urding?" deb so'radilar. U: "Fotiha bilan", dedi. Shunda Rasululloh: "Fotiha surasi bilan dam urish kerakligini qaerdan bilding, qo'ylarni ol va menga ham ulush ajratinglar", dedilar. Ya'ni, haq olish mubohdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:42:21

Ba'zi olimlar Mushafga nuqta va belgi qo'yishni yomon ko'rishdi. Bu Abu Hanifaning (rahmatullohi alayh) so'zlaridir. Abdulloh ibn Mas'ud: "Qur'onni ortiqcha narsalardan xoli qilinglar va unda Alloh taoloning so'ziga qo'shib biron narsani yozmanglar, unga belgi qo'ymanglar va uni chiroyli ovoz bilan ziynatlanglar, uni arabiy qilib o'qinglar, chunki u arabchadir", deganlar. Lekin biz aytamizki, unga nuqta va unga belgi qo'ysa,  ziyoni yo'q, musulmonlar bu ishni meros qilib olganlar. Chunki unga muhtoj bo'lganlar, xossatan ajamlar. Nuqta, alomatlarni qo'yish kerak, chunki ular mutakallafdirlar.

Junub kishi va hayz ko'rgan ayol Qur'on o'qimaydi, mushafni ushlamaydi ham, faqat g'ilofli bo'lsa, ushlashi mumkin. Tahoratsiz kishi o'qisa bo'laveradi, lekin u ham mushafni faqat g'ilofi bilan ushlaydi.

"Uni faqat tahoratli – pok kishilargina ushlar" (Voqe'a, 79), degan muhkam oyat sababli Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Qur'onni faqat pok kishigina ushlaydi", deganlar.

Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu taolo anhu) rivoyat qiladilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) hojatxonadan chiqqanlaridan keyin Qur'on o'qirdilar".

Janozadan boshqa narsa kishini Qur'on o'qishda man qila olmaydi. Qur'on o'quvchining tahoratli bo'lishi mustahabdir. Junub va hayz ko'rgan ayol bir oyatdan kamrog'ini o'qishining ziyoni yo'q. Agar muallima ayol hayz ko'rsa, Qur'ondan ta'lim berishda bir oyatning yarmini talqin qilib, so'ng qolgan yarmini aytadi. Birdaniga bir oyatni to'laligicha o'rgatmaydi. Junub va hayzdagi ayolga masjidga kirishi joiz emas. Tahoratsiz kishi masjidga kirishining ziyoni yo'q. Junub va hayz ko'rgan ayol tasbeh, tahlil aytishi, duolar qilishi mumkin. Faqat Qur'on tilovati bilan mashg'ul bo'lishi joiz emas.

Qayd etilgan