Abu Lays Samarqandiy. Bo'stonul orifiyn  ( 272577 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 38 B


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:42:54

18-bob
"Sab'ul masoniy" tafsiri


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Said ibn Jubayr Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qildilar: "U zot Alloh taoloning:

"Darhaqiqat, Biz sizga yetti takrorlanuvchini va ulug' Qur'onni ato etdik" (Hijr, 87), degan so'zidagi yetti takrorlanuvchi haqida: "Ular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, An'om va A'rof", dedilar, ammo men yettinchisini unutdim. Albatta, bular masoniy, ya'ni, maqtalgan deb nomlandi, chunki Alloh taolo ularni maqtadi, Muhammadning (sollallohu alayhi vasallam) ummatlari uchun ularni saqlab qo'ydi". Tobe'inlar ham xuddi shunday deyishgan Ibn Abbosning (roziyallohu taolo anhumo) rivoyatidan boshqa rivoyatda aytiladiki: "Sab'ul masoniy (yetti takrorlashuvchi) Fotiha surasidir". Ibn Mas'ud sab'ul masoniyni Fotihatul kitob, deganlar. Abul Aliya ham Alloh taoloning: "Sab'an minal masaniy" so'zi haqida: "U Fotihatul kitob", deb aytganlar. U kishiga: "Ular yetti uzun suralar emasmi?" deyishganda, "Bu oyat nozil bo'lganda, uzun suralardan birortasi hali tushmagan edi", dedilar. Abu Hurayra (roziyallohu taolo anhu) aytadilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "U Fotihatul kitob", dedilar". Boshqa rivoyatda aytilishicha, bu bilan Qur'onning hammasini iroda qilganlar.

Aytadilarki, Fotihatul kitob sab'ul masoniy deb ataldi, chunki u yetti oyatdir va har namozda o'qilgani sababli maqtalgandir. Yana aytiladiki, uning  sab'ul masoniy deb nomlanishiga sabab ikki marta — bir marta Makkada va bir marta Madinada nozil bo'lganidir. Vallohu a'lam.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:43:14

19-bob
Makka va Madinada nozil bo'lgan suralar haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Abdurazzoq Ma'murdan, u Qatodadan rivoyat qiladi: "Madinada Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, An'om, Anfol, Tavba, Ra'd, Nahl, Haj, Nur, Ahzob, "Vallaziyna kafaru", Fath, Hujurot, Hadid, Mujodala, Hashr, Qitol, Mumtahana, Saf, Jum'a, Munofiqun, Tag'obin, Taloq, Tahrim, "Va lam yakunillaziyna kafaru", "Iza ja'a nasrulloh", "Qul huvallohu ahad" va ikki muavviza (ya'ni, Nos va Falaq) suralari nozil bo'lgan. Boshqalari Makkada ingan". Ba'zilar An'om surasining oltita oyati, Nahl surasining ba'zi oyatlari, "Bani Isroil"ning bir qismi, Qasos, Inson suralarining ba'zi oyatlari, Shuaro surasining oxiri va "Val adiyat" surasi Madinada nozil bo'lgan, deyishadi. Mujohid: "Fotihatul kitob"ni Madinada nozil bo'lgan deganlar. Ibn Abbos Makkada tushgan deb aytganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:43:26

20-bob
Baroat surasi haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Ulamolar Baroat (Tavba) surasining boshida "Bismillahir rohmanir rohim"ning  tushib qolishi haqida ixtilof qilishdi. Ba'zilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Qur'on nozil bo'lsa, uni kotiblariga yozdirar edilar. Baroat surasini yozdirganlarida kotib "Bismillahir rohmanir rohim"ni unutdi, natijada bu sura basmalasiz bo'lib qoldi", deyishadi.

Boshqalar esa: "Baroat surasi musulmonlar bilan kofirlar o'rtasidagi ahdni bekor qilish uchun nozil bo'lgan. Shu sabab "Bismillahir rohmanir rohim", yozilmadi. Chunki basmalani yozishda kofirlarga omonlik bordir, ularga omonlik bo'lmaslik uchun u tark qilindi", degan fikrdalar. Mening nazdimda eng to'g'ri so'z Ibn Abbosdan (roziyallohu taolo anhumo) rivoyat qilingan ushbu rivoyat: "Usmon ibn Affondan (roziyallohu taolo anhumo) shu haqda so'radim. U: "Anfol surasi Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Madinaga kelishlaridan oldin nozil bo'lgan, Tavba esa Qur'onning oxirida nozil bo'ldi, qissalari bir-biriga o'xshash. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) bizga ularning bitta yoki alohida-alohida ekanligini tushuntirmaganlar natijada ishtiboh paydo bo'ldi. Bas, biz ularning orasini ajratdik va "Bismillahir rohmanir rohim"ni yozishni tark qildik", dedilar".

Alidan (roziyallohu taolo anhumo)  so'ralganda: "Bu qilich bilan (ya'ni, ahdni bekor qilish uchun) nozil bo'lgan", deganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:43:47

21-bob
Nabiyning (sallollohu alayhi vassallam) Qur'onni Ubay ibn Ka'bga o'qib berganlari haqida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Ubay ibn Ka'bga Qur'onni o'qib berganlari rivoyat qilingan. Ulamolarning ba'zilari Rasululloh insonlarga tavoze'ni o'rgatish uchun Qur'onni unga o'qib berdilar, birorta kishi ta'lim olish, o'qish bilan o'zidan pastroq kishilarga kibr qilmasligi uchun, deyishadi. Ba'zilar esa, balki Ubay ibn Ka'b Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) so'zlarini tez ilg'ab olgani uchun unga o'qib bergan edilar, deydi. Bas, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Qur'onni unga o'qib berish bilan Ubay ibn Ka'b so'zlarini olishini va uni o'zlaridan eshitganidek o'qib berishini, boshqalarga o'rgatishini xohladilar.

Anas ibn Molikdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Ubay ibn Ka'bga: "Alloh taolo senga Qur'onni o'qib berishimni buyurdi", dedilar. U: "Alloh mening nomimni aytdimi?" deb so'radi. Rasululloh: "Ha", dedilar. Shunda u yig'ladi".

Rivoyat qilinadiki: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) unga: "Lam yakunillaziyna kafaru"ni o'qidilar va: "Alloh senga "Lam yakunillaziyna kafaru"ni o'qib berishimni buyurdi", dedilar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:43:57

Ubayning (r.a.) yig'lashlari shunday ne'matga munosib ko'rilganlariga xursandchiliklaridan va o'zlarini kichkina tutganlaridandir. Ushbu ne'mat ikki vajhdan. Birinchisi: u zotning nomlari ochiq aytilib tayin qilinishi. Ikkinchisi: Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) u zotga o'qib berishlari. Bu ish buyuk daraja bo'lib, insonlardan birortasi u zotga sherik bo'lolmadi.

Yana aytishlaricha, Ubay ibn Ka'b bu ne'matning shukrini ado etolmay  qolishdan qo'rqib yig'laganlar.

Ubayga bu suraning o'qib berilishiga sabab, u qisqa bo'lsa-da, hamma usul, qoida va muhim narsalarni o'zida jamlangadir. O'shandagi holat qisqalikni taqozo qilardi.

Alloh taolo Rasulullohga bu surani Ubayga o'qib berishga buyurishidagi hikmat esa, Ubayga Qur'on lafzlarini, ohanglarini, to'xtash joylarini bildirishdir. Chunki Qur'on ohangi shariat tuzib qo'ygan uslubga binoandir. Ohangining har zarbida nafslar ta'siri bordir.

Va yana aytiladiki, Qur'onni mohir, ulug' hofizlarga o'qib berish, shariat ilmlarini olishda tavoze'li bo'lish lozim, garchi nasabda, dinda, fazilatda, martabada, shuhratda va boshqa narsalarda o'zidan past bo'lsa ham. 

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:44:13

22-bob
She'r va she'r o'qish to'g'risida


Faqih Abu Lays (rahimahulloh) aytadilar: Odamlar she'r o'qish haqida gapirishdi. Ba'zilari uni yomon ko'rdi, boshqalari esa unga ruxsat berdi. Yomon ko'rganlar A'mash Abu Solihdan, u Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisni hujjat qilishadi. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Qorinlaringizning yiring va qon bilan to'lib-toshishi she'r bilan to'lishidan yaxshiroqdir", dedilar. Alloh taolo:

"Shoirlarga yo'ldan ozganlar ergashur" (Shuaro, 224), ya'ni, adashganlar, degan. Sha'biy: "Ular (oldingilar) she'r oldidan bismilloh deb yozishni yomon ko'rardi", deydilar.

Rivoyat qilinadiki, Masruq she'rdan bir baytni misol olayotib, birdan uni yirtib tashladilar. Unga: "Baytni tugatganingizda edi?" deyishganda, "Men nomai a'molimda biror bayt bo'lishini yomon ko'raman", dedilar.

Ibrohim ibn Yusuf Kasir ibn Hishomdan rivoyat qiladi: "Abdulkarimdan Alloh taoloning "Minannasi man yashtaro lahul hadisa", degan so'zi haqida so'rashganida: "Bu kuy va she'r", deb javob berdilar.

Ato aytadilar: "Iblis: "Ey Rabbim, meni Odam sababli jannatdan chiqarding, endi mening uyim qaerda?" dedi. Alloh taolo aytdi: "Hammom". Iblis: "Majlisim qaerda?" dedi. Alloh aytdi: "Bozor". "O'qiydigan narsam nima?" dedi. Alloh aytdi: "She'r". "Tuzog'im nima?" dedi. Alloh aytdi: "Ayollar". "So'zim nima?" dedi. Alloh aytdi: "G'iybat va yolg'on". "Kitobim nima?" dedi. Alloh aytdi: "Teriga yozish" (ya'ni, tatiurovka), dedi.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:44:24

She'rni muboh deganlarning hujjati esa Hishom ibn Urva otasidan rivoyat qilgan hadisdir: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Albatta she'rda hikmat bor", dedilar. Yana Hishom otasidan rivoyat qiladiki, otasi: "Ummul mo'minin Oishadan ko'ra she'rni, tibni, lug'atni, fiqhni biluvchiroq xotinni ko'rmadim", degan ekan. Sammok ibn Harb Jobir ibn Sumradan rivoyat qiladi: "Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) ashobi she'r o'qirdi". Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) ularning orasida tabassum qilib o'tirardilar".

Ikrima Ibn Abbosning (roziyallohu taolo anhumo): "Agar birortangiz Qur'ondan biror narsani o'qisa va tafsirini idrok qila olmasa, uni she'rdan izlasin, chunki she'r arab devonidir", deganlarini rivoyat qiladilar.

Abu Dardoga: "Sendan boshqa hamma ansorlar she'r aytadi", deyilganda, "Men ham she'r aytaman", deganlar va she'r o'qiganlar.

Kalbiy Abu Solihdan, u esa Ibn Abbosdan (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladiki: "Oishaga (roziyallohu taolo anho) Abu Hurayraning hadisi etganida: "Alloh Abu Hurayrani rahmat qilsin. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Sizlarning birortangiz qornini qusiq bilan to'ldirishi, hatto ko'rinib ketsa ham, she'r bilan to'ldirishidan yaxshiroq", dedilar. Bu bilan kishi (ya'ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam) hajv qilib, obro'sizlantirib yuboradigan she'rni iroda qildilar", deb javob berdilar".

Yana aytiladiki, she'rdan qaytarishdagi maqsad agar kishi she'r bilan mashg'ul bo'lsa, Qur'on o'qish va zikrdan to'sib qo'yadi. Ammo to'sib qo'ymasa, she'r o'qishning zarari yo'qdir.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:44:46

23-bob
Nabiyning (sollollohu alayhi vasallam) she'rlari haqida aytilgan rivoyatlar


Abu Lays Samarqandiy (rahmatullohi alayh) aytadilar: Ulamolar Rasulullohdan (sollallohu alayhi vasallam) she'r rivoyat qilish to'g'risida gapirishdi. Ba'zilari, u zotdan she'r sobit bo'lmaganini aytishdi va bunga Oishaning (roziyallohu taolo anho) ushbu rivoyatlarini hujjat qilib keltirishdi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) she'r aytarmidilar?" deb so'rashganda, Oisha onamiz aytdilarki: "U zot uchun so'zlarning eng yomoni she'r edi, lekin bir marta Ibn Hays ibn Turfaning baytini keltirib, oxiridagi misrani boshiga qo'ydilar. U shunday so'zlar edi: "Yaqinda senga kunlar johil emasligini zohir qiladi va senga zodi rohila olmagan kishi xabar keltiradi". Rasululloh buni "Xabarlardan zodi rohila olmagan kishi senga xabar keltiradi", deb o'qidilar. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu): "Ey Rasululloh, bunday emas-ku?" dedilar. Nabiy (sollallohu alayhi vasallam): "Men shoir emasman va shoirlik menga munosib ham emas", dedilar".

Buning tasdig'i Alloh taoloning kitobida bor:
 
"(Muhammadga) she'r o'rgatmadik va (shoirlik) uning uchun  eslatma va ochiq-ravshan Qur'ondir" (G'sin, 69).

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:45:02

Ba'zilar esa u kishiga (sollallohu alayhi vasallam) she'rni nisbat berish, xabarlarda kelganidek, joiz deyishdi. Ibn Tovus otasidan rivoyat qiladi: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Xandaq kunida:
"Hayot faqat oxiratda, ey Parvardigor,
Rahmat ayla ashobim, muhojiro hamda ansor", derdilar.

Ansorlar ham she'r bilan javob qilishardi:
"Biz kim Muhammadga bay'at berganmiz,
Vafodamiz toki tirik ekanmiz".

Abu Usmon Nahdiy Salmon Forsiyning (roziyallohu anhu): "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) Xandaqqa har kerka urganlarida:
"Alloh nomi ila, shu sabab paydo bo'ldik,
Boshqaga gar sajda qilsak, baxti qaro bo'ldik,
Qanday yaxshi Rabbdur, dinin nurbaho ko'rdik", deb aytardilar", deganlarini rivoyat qilganlar.

Qayd etilgan


Naqshbandiy  22 Fevral 2008, 07:45:12

Baro' ibn Ozib Nabiyning (sollallohu alayhi vasallam) shunday bayt aytganlarini rivoyat qiladilar:
Men nabiyman, yolg'oni yo'q,
Men Abdulmuttalib o'g'liman".

Jundub (roziyallohu anhu) aytadilar: "Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) yo'lda ketayotib to'satdan qoqilib ketdilar. Barmoqlariga tosh tegib qonadi. Shunda:
"Barmog'imni qonatding, xolos,
Alloh uchun azob tortish — soz!" dedilar.

Faqih (rahmatullohi alayh) aytadilar: Bu rivoyatlar sahihdir, lekin ehtimol, Rasululloh bu xabarlar bilan she'rni qasd qilmaganlar, balki bular she'rni qasd qilmasdan she'rga muvofiq chiqqan kalomdir. Chunki Rasulullohdan rivoyat qilingan bu baytlar rajaz bahridadir. Rajaz esa, she'r bo'la olmaydi, balki bular saj'ga o'xshash so'zlardir.

Qayd etilgan