Faqih (rahimahulloh) aytadilar: Agar bir jamoat bir qavmga kirsa va salomni tark qilsa, hammasi gunohkor bo'ladi, agar birortasi salom bersa, hammasi savob oladi, agar hammasi salom bersa, ana shu afzal. Agar ali olmasa, hammalari gunohkor bo'ladi, agar birortasi alik olsa, barchalaridan soqit bo'ladi, agar hammalari javob qaytarsa, ana shu afzaldir. Ba'zilar: "Hammalariga javob qaytarish vojib", deydi. Abu Yusuf: "Javob farz shuning uchun, alik olish ularning hammasiga vojib bo'ladi", deydilar. Ba'zilar: "Ulardan bittasi javob bersa, hammasidan soqit bo'ladi", deyishadi. Biz shu so'zni olamiz.
A'mash Zayd ibn Vahbdan rivoyat qiladilar: "Muoviya ibn Hurra Nabiydan (sollallohu alayhi vasallam) rivoyat qiladi: "Agar salom bersanglar, eshittirib aytinglar, agar alik olsanglar ham, eshittiringlar, o'tirsanglar omonat bilan o'tiringlar, ba'zingiz ba'zingizning so'zini hech ko'tarmasin", ya'ni, bo'hton, g'iybat qilmasin.
Kishi birovga salom bersa, ko'plik lafzi bilan salom bersin, shuningdek javobda ham, chunki salom berilgan kishi yolg'iz bo'lmaydi. ("assalomu alayka", desa, "senga salom bo'lsin", "assalomu alaykum", desa, "sizlarga salom bo'lsin", degani bo'ladi — Muh.)